Ulug‘ ozarboyjon shoiri Fuzuliy o‘z devonining debochasida Alisher Navoiyni “Manzuri shahanshohi Xuroson” deb ulug‘laydi. Fuzuliyning bu bahosi bejiz emas. Navoiy o‘z davrida ham, keyin ham, bizning zamonamizda ham shohlarga maqbul bo‘lgan shoir, mutafakkir, ilohiy ilhom olgan davlat arbobidir. U adolat yo‘lidagi kurashda hayotini, o‘z mol-mulkini sarf qildi; davlat arbobi bo‘libgina qolmay, mamlakatning taraqqiyot jarayoniga ham faol ta’sir ko‘rsatdi. Navoiy qariyb o‘ttiz yildan ortiq turli davlat ishlarida turdi. Sulton Husaynning eng yaqin maslahatchisi sifatida davlatning ichki va tashqi siyosatini belgilashda faol ishtirok etdi. Qisqasi, uning butun hayoti Xurosonning XV asr ikkinchi yarmidagi ijtimoiy-siyosiy hamda madaniy hayoti bilan chambarchas bog‘liqdir. Shu tufayli bo‘lsa kerak, Navoiy barcha asarlarida, jumladan, “Nasoyim ul-muhabbat”da insonlarni hayot, adolat, haqiqat, mehnat, aql va baxtning qadrini bilishga chaqiradi.
“Nasoyim ul-muhabbat”da 770 nafar shayx hayotidan lavhalar berilgan. Shayxlar bilan bog‘liq lavhalarda 79 o‘rinda hukmdorlar haqida ham realistik ta’riflar mavjudki, bu ta’riflarda Navoiy adolat, haqiqat, raiyat haqqini bilish, haqiqatni anglash ehtiyojini yoritgan.
Asarda Amir Temur uch o‘rinda, Shohrux Mirzo ikki o‘rinda, Husayn Boyqaro 29 o‘rinda, Shamsiddin Iltutmish uch o‘rinda, Xorazmshoh Alovuddin Muhammad ikki o‘rinda, Amir Sabuktegin ikki o‘rinda, Hind podshosi Sulton Muhammad Xalaj ikki o‘rinda, Chingizxon bir o‘rinda, yana Sheroz, Hind, Xuroson, Movarounnahr, Rum, Iroq, Misr, Ozarboyjon, Turkiston shohlari ta’rifi keltirilgan. Asardagi shohlar faqat tarixda o‘tgan hukmdorlardir.
Asarda zikr etilgan shohlarga Navoiy shayxlar tilidan “Vaqfiya”da ta’kidlangan “Sulton Xudoning yerdagi elchisidir”, “Tangri ularga adolat va ehsonni buyurgandir”, “Bir soatlik adolat ikki dunyodagi harakatga teng”, degan barhayot nizom va dasturlarini yuklagan.
Tilga olingan shohlar bilan shayxlar munosabati haqidagi voqealarning bo‘lib o‘tgan vaqti aniq ko‘rsatilmagan. Shunga qaramay, adib tarixiy ishora sifatida ularning zamoni, ijtimoiy-siyosiy muhiti to‘g‘risida xabar beradi.
Endi fikrimiz isboti sifatida ba’zi lavhalarni keltirib o‘tsak. Amir Temurga doir ishonchli manbalarda aytilishicha, jumladan, “Nasoyim ul-muhabbat”da ham, Sohibqiron qaysi yurtga, manzilga kirishdan avval, o‘sha joyning qabristoni, shayxu avliyolarning mozorlarini aniqlab, oyoqosti qildirmagan. Fath etilgandan so‘ng hurmati va e’tiqodi ramzi sifatida qaytadan muhtasham maqbaralar qurdirgan, vaqflar ajratganki, bunday xayrli ishlarga misollar ko‘p. Bu ulug‘ an’anani Yurtboshimiz davom ettirdi. “Nasoyim ul-muhabbat”da zikr qilingan va hozirda bizning yurtimizda manzilu makon topgan aziz-avliyolar, ulamolarning mozorlari obod etildiki, bu jonajon yurtimizga fayzu barokat bag‘ishlab turibdi.
Shayxlardan Bobo Sungu, Xoja Boyazid, Bobo Xokiy to‘g‘risidagi ma’lumotlarda Amir Temur faoliyatiga aloqador voqealar ifodasi uchraydi. Har uchala lavhada Sohibqironning turli jihatlari samimiyat bilan tilga olingan. Mardlikda, oddiylikda, zakiylikda, Olloh inoyatini qadrlab har ishni o‘z o‘rniga qo‘yishda, ehtiyotkorlikda anbiyo va avliyo ruhidan madadu himmat tilagani tasvirlanadi.
Amir Temur podshohlik ishida aqlu farosat, shijoat, bahodirlik kabi xislatlarni qadrlagan. Tadbir, aql, ra’yni shijoatdan yaxshi deb bilgan Sohibqironning olamgirligini Navoiy Shayx Bobo Sungu ziyoratida ko‘rsatadi: “Bobo Sungu q.s. zamon majzublaridin ermish. Andxud qasabasida bo‘lur ermish. Sohibi botin kishi ermish. Ramzlarin bilganlar natija topar ermish. Temurbek Xuroson mulki azimatig‘a yuruganda Andxudqa yetganda mashhurdurki, Bobo xidmatig‘a borg‘andur. O‘lturg‘ondin so‘ngra Bobo ilayida bir sufrada yaxna et erkandur. Qo‘yning yaxna to‘shin olib, Temurbek sari otibdur. Temurbek g‘oyati aqlu zakosidin debdurki, Xurosonni yer yuzining ko‘ksi debdurlar. Ani Bobo bizga havola qildi, deb bashorat bila yurub, Xuroson mulkini olibdur…”.
Navoiyning bu ma’lumoti xuddi Sharafiddin Ali Yazdiynikidek haqqoniyligi, xolisligi bilan ko‘zga tashlanadi.
Tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiy “Zafarnoma”da xuddi shu qiziqarli voqeani Eron viloyatig‘a cherik tortib borilg‘on tovuq yili — 1381 yil fasli bahorida sodir bo‘lgan, deb sharhlaydi: “Hazrat Sohibqiron avji azimat va davlat bilan suvdin o‘tub, Andxudqa yetti. Va g‘oyat sidq va ixlosdin Bobo Sangukim, avliyolardin erdi, tavofg‘a bordi. Va Bobo Sangu, jazaba va holatikim, anda bor erdi, bir qo‘yning to‘shini Hazrat qoshig‘a tashladi. Ul Hazrat shu kun tutub, to‘shni olib dedikim, “Xurosonkim, yer yuzining to‘shi turur, bizga Tangri bergusi turur”. Va o‘shandoq bo‘ldi va andin saodat va iqbol bila yurudi”.
Har ikkala lavhada ham shayxning ramziy savoliga, ramziy nazariga, ramziy quvvatiga Amir Temurning sidq va ixlos hamda aql-zakovat bilan javob bergani bayon etiladi.
Navoiy Bobo Xokiy bilan bog‘liq o‘rinda Rum va Shom yurishida shayx siymosini ham, Amir Temur siymosini ham ko‘z oldimizda chekinmas, yengilmas, zabardast jangchi sifatida gavdalantiradi. Bu epizodning yana bir e’tiborli jihati shuki, Shayx Bobo Xokiy 110 yoshida Husayn Boyqaro bilan ham Gitu tog‘idagi jangda ishtirok etib, zamon podshosi uning quvvatlashi bilan mulkni olishi, yog‘iyni daf’ qilishi ham voqeaning tadrijiy bayoni sifatida keltirilgan.
Navoiy Xoja Boyazid haqidagi syujetda shayxning ma’naviy olamiga ramziy savolni — issiq holvani istab Amir Temur beradi, dasturxonga issiq holva tortib — ramziy javobni shayx beradi. Shayxning zakiyligini tan olgan Sohibqiron unga murid bo‘lib, langar yasab vaqf mulki ajratilib, o‘sha yerda istiqomat qilib turganlarni ham in’omu ehson bilan siylagani aytiladi. Demak, o‘z davrida shohlar, xususan, Amir Temur shayxlarning xolis maslahatlariga quloq solganlar. Shayxlar shohlarga tinchlik, osudalikka erishishda, musulmonlarning muhim ishlariga kafil bo‘lishda ma’naviy ko‘mak bergan; millat birligining asoslari buzilishiga qarshi turgan, deya olamiz.
Tasavvuf shayxlari deganda, ko‘pchilik nazarida, faqat din va tariqat ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan siymolar gavdalanadi. Holbuki, ular hukmdorlarga siyosat, ma’rifat, davlat boshqaruvida ham imkon qadar ko‘maklashganlar. Shuning uchun Amir Temur, Husayn Boyqaro, Bobur kabi hukmdorlar xalq orasida katta obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan tariqat pirlariga ehtirom ko‘rsatishgan. Bu esa, nainki xalq, balki davlat manfaatiga ham yaqindan yordam bergan. Amir Temur o‘zining “Tuzuklar”ida mana bunday e’tirof so‘zlarini yozib qoldirgani tasodifiy emas: “Sayidlar, ulamo, shayxlar va fozillarni o‘zimga yaqinlashtirdim. Ular mening saroyimga doim kelib-ketib, majlislarimni bezab turdilar. Diniy, huquqiy, aqliy masalalarni o‘rtaga tashlab, qimmatli fikrlar bildirishardi. Halol va haromga oid masalalarni men ulardan o‘rgandim”.
Alisher Navoiy mutafakkir shoir, davlat arbobi, yetuk siyosatchi, huquqshunos sifatida ham “Hayrat ul-abror”da, “Saddi Iskandariy”da, “Majolis un-nafois”da, “Munshaot”da Amir Temurning adolat, vafo, adabiyot va san’at, ba’zi xayrli va hayratli ishlariga ishoralar berib o‘tadiki, buni alohida mavzu sifatida yoritish maqsadga muvofiqdir.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 6-sonidan olindi.