Qudrat Do‘stmuhammad. “Og‘zingga qarab gapir!”

Tilimizda so‘zlar noo‘rin, noto‘g‘ri ishlatiladigan holatlar ko‘p uchraydi. Faqat jonli muloqotda emas, balki rasmiy yozishmalarda, hujjatlarda ham shunday bo‘lib turadi. Bunday holatlarni tuzatish va yangi, shunday holatlar hayotimizga kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun har bir ongli inson o‘z tiliga ehtiyot bo‘lishi, so‘zlarni o‘z o‘rnida, bilib-bilib ishlatishi, ayniqsa, avomning tiliga ergashmasligi lozim!

Avomning tili haqida ikkita misol: ba’zi dehqonlar “jo‘xori (makkajo‘xori) ekdim”, deyish o‘rniga “makka ekdim” deyishadi. Buni o‘zlari tushunishadi, albatta, lekin yoshlar tushunmaydi, gap jo‘xori haqida ketayotganini bilsa ham, “makka” so‘zining ishlatilish sababini tushunishmaydi.

Bizning bolalik yillarimiz qishloqda o‘tgan, kolxozda jo‘xori ham ekilardi. Hosil yig‘ilgan pallada jo‘xori so‘talarini po‘stbarg(po‘choq)lardan tozalashni yaxshi ko‘rardik, chunki ba’zi so‘talarda siyohrang donlar jilvalanib turardi. Ana shunday jo‘xorini – Makkajo‘xori, derdik. Bu, qanchalik to‘g‘ri bo‘lgan, mutaxassislarga havola.

Og‘zimizdan chiqayotgan so‘zga e’tibor qilib gapiraylik-da! Xalqimizda “Og‘zingga qarab gapir!” degan tanbeh bor. Qolaversa, Makkai Mukarramaning hurmatini joyiga qo‘yishni ham o‘ylash kerak!

Ikkinchi misol. Toshkentdagi Qoraqamich massivining oxirida qo‘shni bir massiv bor, mashhur rassom O‘rol Tansiqboyev nomi bilan atalgan. Ruslar tili kelishmaganidanmi yo boshqa sababdanmi, har holda “Taksinbayev” deyishadi. Hech kim to‘g‘ri talaffuz qilishni talab qilmaydi ham, o‘rgatmaydi ham! Bu kamlik qilgandek, o‘zlari ham “Taqsinboyev” deyishadi!

Mana sizga, transkriptsiyaning yozilmagan “qonun-qoidalari”dan bittasi!

Endi, rasmiy davralarda so‘zlar noto‘g‘ri va noo‘rin ishtilishiga misollar keltiramiz.

1. “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” deb atalgan davlat mukofoti bor. Shu atamada “yoshlar” so‘zi ortiqcha ishlatilgani sababli ma’no buzilgan: “xizmat ko‘rsatgan” jumlasi murabbiyga emas, yoshlarga tegishli bo‘lib qolgan. Shuning uchun “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan murabbiy” deyish to‘g‘riroq bo‘ladi. “Yoshlar” so‘zi kerak emas, chunki murabbiy – yoshlar uchun-da, qariyalar uchun emas-ku!

2. Yuridik hujjatlarda “Muqaddam sudlangan (sudlanmagan)” jumlasi ko‘p ishlatiladi. Buning o‘rniga “Ilgari sudlangan (sudlanmagan)” jumlasini ishlatgan ma’qul. “Muqaddam” ham “ilgari” degan ma’noga ega, lekin hissiyotli, balandparvoz, ko‘tarinki kayfiyatli holatlar uchun ishlatiladi, masalan, she’rlarda. Sud jarayoni esa hissiyotli yoki balandparvoz ish emas-ku!

3. Radio va televideniyeda beriladigan e’lonlarda “uch-u to‘rt (yoki to‘rt-u olti) hajmdagi rasm” degan jumla ishlatilib turadi. Ya’ni hujjat topshiradigan odam o‘zining, eni 3 (yoki 4) santimetr, balandligi 4 (yoki 6) santimetr fotosuratini taqdim qilishi kerak. Aytilgan jumladagi “hajm” so‘zi noto‘g‘ri ishlatilgan, chunki u uch o‘lcham: eni, balandligi va uzunligiga ega, fotosurat esa ikki o‘lchamli. Shuning uchun “hajmdagi rasm” jumlasi o‘rniga “o‘lchamli fotosurat” deyilsa, to‘g‘riroq bo‘ladi.

4. Rus tilida “bыtovoye obslujivaniye” degan atama bor, o‘zbechada “maishiy hizmat” deyiladi va ko‘p vaqtlardan beri hujjatlarda shunday yozib kelinadi. “Bыtovoye” so‘zi “uy-ro‘zg‘orga oid” degani, lekin aslo “maishat” emas! “Maishat” salbiy ma’noga ega, salbiy bo‘lganda ham juda xunuk! Shu sabablarga ko‘ra, “maishiy xizmat” atamasi o‘rniga “uy-ro‘zg‘or (yoki ro‘zg‘or) xizmati” deyish kerak.

5. Rus tilida ZAGS degan qisqartma atama bor, “Zapis aktov grajdanskogo sostoyaniya” so‘zlarining bosh harflaridan tuzilgan. Davlat tilini hayotga joriy qilaman, degan “bilimdonlar” bu atamani “Fuqarolar holati dalolatnomasini yozish”, qisqacha aytganda, FHDYo deb xunukdan xunuk, kulgili tarjima qilishibdi va shu yozuv hamma yoqda rasmiy kuchga kirgan. Tarjima qilganlar muhim bir narsani hisobga olishmagan: o‘zbek tilida so‘zlarning bosh harflarini birlashtirib, yangi so‘z yasash odati yo‘q, bunday odat tilimiz uchun yot, unaqa so‘zni hech kim ishlatmaydi ham, tushunmaydi ham! Shunga qaramay, ba’zi davlat idoralaridagi rasmiy hujjatlarda 10-15ta bosh harf qatorasiga yozib tashlanganiga guvoh bo‘lish mumkin. Masalan, Davlat soliq inspektsiyasining bir rasmiy hujjatida “SvaBMTTXOTXMBXK” deb yozilgan. Shu hujjat qo‘liga tekkan soliqto‘lovchi keltirilgan qisqartmani o‘qiy oladimi? Uni, o‘sha hujjatga har kuni necha martalab imzo qo‘yadigan amaldor ham sharillatib aytib berishi gumon.

Tilimizda qisqartirish amali yo‘q emas, bor, faqat harf emas, bo‘g‘in olinadi. Masalan, “olib kel” deyish o‘rniga “obkel”deyiladi.

Modomiki, rus tilidagi ZAGS so‘zining o‘zbekchasini, shunga o‘xshatib qisqartirish zarur bo‘lsa, FHD deb yozish kifoya qiladi, ya’ni “fuqarolar holati dalolatnomasi”. “Yozish”ga kelsak, uni tushirib qoldirsak ham bo‘ladi, chunki aytsak-aytmasak yoziladi-da!

6. Rus tilidagi “skidka” so‘zini “chegirma” deb tarjima qilish odat bo‘lib kelayapti va hujjatlarda ham ishlatilayapti. Chegirma – chegirib qolish, ushlab qolish, urib qolish degan ma’nolarga ega. Qadimda, odamlar savdo ishlarida “siylov” so‘zini ishlatishgan, bozor iqtisodiyotiga o‘tilayotgan dastlabki yillarda eshitilib turardi, lekin unutilib ketdi. Mana shu so‘z “skidka”ning asl ma’nosini beradi, hatto undan ortiqroq ma’noga ega, ya’ni harid qilayotgan odamning hurmatini ifodalaydi.

7. Rus tilida “mestami” so‘zi bor, obi-havo ma’lumotlarini e’lon qilishda ko‘p ishlatiladi. Bizning radio va televideniye xodimlarimiz “joylarda” deb tarjima qilishadi-da, ruscha “mestami dojdi” degan jumlani “joylarda yomg‘ir yog‘ishi kutiladi” deyishadi. Axir, “joylarda” degan so‘zning o‘zidan hech narsani tushunib bo‘lmaydi-ku! Shuning uchun “qaysi joylarda?” degan savol tug‘iladi. “Mestami” so‘zining eng to‘g‘ri tarjimasi – “ba’zi joylar”, tamom-vassalom!

Yuqorida keltirilgan misollarga o‘xshash holatlar kundalik hayotimizda ko‘plab topiladi. Har kuni, har bir sohada qanchadan-qancha beo‘xshov atamalar rasmiy maqom olayapti! Bunaqada yana o‘n yillardan keyin o‘zbek tili qanday ahvolga tusharkin?!

Kundalik turmushimizda bo‘layotgan voqea-hodisalarga razm solsak, biz hamma narsani rus tilidan tarjima qilib yashayotganga o‘xshaymiz. To‘g‘ri tarjima qilsak, mayli-ya, lekin buni o‘xshatolmagan paytlarda, o‘zimizning fikrimiz, dunyoqarashimiz, aytar so‘zimiz yo‘qmi?!

Qudrat Do‘stmuhammad