Qaldibek Seydanov. Navoiy va Abay

Abay Qo‘nonboyevning Abay darajasiga ko‘tarilib, qozoq poeziyasining mash’ali, yorug‘ yulduziga aylanishida, ayniqsa, Sharq shoirlari, jumladan, Alisher Navoiy ijod durdonalarining ta’siri beqiyos bo‘lgan. Bu haqda Qozog‘iston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi, yozuvchi G‘abit Musrepov: “Qozoqning inqilobdan avvalgi adabiyotiga O‘rta Osiyo klassiklari asarlarining ta’siri katta bo‘lgan. O‘zbek xalqining donishmand shoiri Alisher Navoiyning asarlarini o‘qib, undan o‘rnak olmagan shoir kam. Klassik adabiyotimizning buyuk cho‘qqisi – Abay ham Navoiyni o‘ziga ustoz deb bilgan, iste’dodiga ta’zim qilgan”, deydi.

Sharq she’riyatidan ta’sirlangan holda she’rlar bitish faqat Abaydagina emas, balki XIX asarda yashab ijod etgan Shangerey, Shurtonboy, Oqon Seri, Shaadi to‘ra Jangirov, Bazor jirov, Qorasoqol Erimbet, Qulinchoq, Mali xo‘ja, Kenje xo‘ja kabi qozoq shoirlarida ham kuzatilgan. Biroq Abay Qo‘nonboyev ulardan ancha ilgari ketadi, Nizomiy, Navoiy, Fuzuliy, Bobur asarlarini chuqur o‘rganib, badiiy baquvvat asarlar, ajoyib dostonlar yaratadi. Shoirning 1858 yili, 14 yoshida yozgan “Fuzuliy, Shamsiy, Sayqaliy” nomli she’riy asari ilhom va ilmning dastlabki hosilasi edi.

Alisher Navoiy bilan Abay Qo‘nonboyev ikki davrda, ikki xil tarixiy-ijtimoiy sharoitda – biri O‘rta asr madaniyatining ravnaq topgan davri (XV asr)da temuriy shahzodalar saroyida umrguzaronlik qilgan bo‘lsa, ikkinchisi XIX asrning ikkinchi yarmida sahro xalqi orasida – yashagan esa-da, ularning hayoti va ijodiy faoliyatlarida, ahloqiy-didaktik qarashlarida bir-biriga yaqinlik, o‘xshashliklarni payqash qiyin emas. Alisher Navoiy muayyan ma’noda hukmdor (vazir va Astrobod hokimi) bo‘lgani singari Abay Qo‘nonboyev ham hukmdor (ovul bo‘lisi) edi. Shu bois har ikkisi ham umrining so‘nggi damlarigacha xalq man­faatini ko‘zlagan. Adolat, haqqoniylik, insoniy burch, ilm-ma’rifatni ulug‘lab, o‘z asarlarida mazkur tushuncha-tuyg‘ularga keng o‘rin berganlar. Jumladan, Alisher Navoiy davlat arbobi sifatida Astrobodni obod qilish, xalqning turmush darajasini yaxshilash borasida qator adolatli farmonlar chiqargan bo‘lsa, Abay Qo‘nonboyev 1885 yili Semipalatinsk o‘lkasida yashovchi qozoqlar uchun 60 moddadan iborat qonun loyihasini tuzib, xalq orasida joriy qiladi. Hatto Abay o‘z otasi Qo‘nonboyning olib borgan ayrim zo‘ravonlik ishlariga ham haqli e’tiroz bildiradi.

Ikki ulug‘ shoirning ijodiy tamoyillari ham o‘xshashdir. Alisher Navoiy she’riyat, san’at va ilm-fanga bepisand munosabatda bo‘lganlarni, ba’zi chalamulla ijodkorlarni yoqtirmaganidek, Abay ham o‘z davridagi qozoq shoirlarining bemaza bitiklarini tanqid ostiga oladi. Hazrat Navoiy zamondoshi Osafiyga qarata: “Demak, siz yozgan har yuz misra she’rning bahosi bir pul ekan-da”, deya kinoya qilgan bo‘lsa, A.Qo‘nonboyev she’riyat bo‘stonini xashakka to‘ldirgan qozoq oqinlari Cho‘rtonboy Qanoy o‘g‘li, Dulat Babatoyev va Buxor jirovga atab quyidagi misralarni bitadi:

Cho‘rtonboy, Dulat bilan Buxor jirov,
She’rlari boshdan-oyoq alg‘ov-dalg‘ov.
Mag‘zini chaqadigan odam bo‘lsa,
Har misrada kamchilik sezar darrov.

Har ikki shoir ham xalqqa halol xizmat qilish, insoniy fazilatlar, adolat, pok muhabbatni har qanday mansab-amaldan yuqori qo‘yadi. Navoiy:

Mansabdan mansabsizlikka burgin yuz,
Har mansabdan mansabsizlik durust, –

degan xulosaga kelsa, Abay: “Buyuk mansab baland qoyadir. Unga erinmay o‘rmalasa ilon ham chiqa olur”, – deydi. Hatto biri vazirlikdan, biri bo‘lislikdan voz kechishlari ham hayotdagi maslaklarining bir-biriga monand ekanini ko‘rsatadi.

Odamiy ersang demagil odami,
Onikim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami –

hamda “Otang farzandi bo‘lma, odam farzandi bo‘l” – o‘zbek va qozoq millatining shioriga aylanib ulgurgan ushbu misralarda komil inson g‘oyasi ikki insonparvar ijodkorni o‘ylantirgan abadiy mavzu ekanini anglaymiz.

Ular ijodidagi yana bir hamohanglik – mehnatni ulug‘lash, mehnat ahlini qadrlash asarlarida yaqqol ko‘zga tashlanadi. Masalan Navoiy:

Umrni zoye etma, mehnat qil,
Mehnatni saodatning kaliti bil, –

desa, Abay shunday yozadi: “Mehnat qilsang erinmay, qorning to‘yar tilanmay”.

Kezi kelganda aytish lozimki, ikkisining asarlarida badiiy obrazlarni tasvirlashdagina emas, balki tabiat hodisalarini ifodalashda ham mavjud o‘xshashliklar yaqqol ko‘zga tashlanadi. Masalan, Alisher Navoiy qish faslini tasvirlar ekan, shunday yozadi:

Sovurdi chup shajar bargini sarsar,
Su(v)ning siyobdini day qildi marmar,

Havo dog‘i bulutdin kiydi sinjob,
Bulut dog‘i havoga sochdi siymob,

Day ustodi nechunkim zargari Chin,
Zalol atfoli lavhin qildi siymin,

Bulutdin kim tomib har qatrai su(v),
Burudatdin yog‘ib olamga inju…[1]

Ya’ni shoir, “qattiq shamol daraxt barglarini sovurdi, qish simobdek harakatdagi suvni muzlatdi, havo bulutdan sinjob (hayvon tersidan tikilgan po‘stin) kiydi, bulut havoga qor (simob) sochdi. Qish ustozi, Chin zargari kumushdan taxt yasagandek, suv (muz)dan taxt yasadi. Bulutdan tomgan har tomchi suv, sovuqdan inju bo‘lib olamga yog‘ildi”, – desa, Abay Qo‘nonboyevning mashhur “Qish” she’ri shunday boshlanadi:

Oq libosli, gavdali, oq soqolli,
Ko‘zsiz soqov, tanimaydi tirik jonni.
Hamma yog‘i oq qirov, tusi sovuq,
Bosgan izi g‘archillab kelib qoldi.
Nafasi – izg‘irinli, ayozli qor,
Qari oshnang – qish kelib tashvish soldi[2].

(Tarjima bizniki – Q.S).

Abay Qo‘nonboyev o‘zining “Iskandar” dostonini yaratar ekan, u Alisher Navoiy qalamiga mansub “Saddi Iskandariy” hamda Nizomiyning “Iskandar” dostoniga, shuningdek, tarixiy va afsonaviy “Iskandar”ga ham ijodiy, shu bilan birga tanqidiy yondashganini ko‘ramiz. Abay boshqalarnikidan farqli o‘laroq Iskandarni el-yurtni talon-taroj etuvchi zolim shoh, bosqinchi sifatida gavdalantirib, o‘quvchilarni undan nafratlantiradi. Shu orqali adolatsizlik, shafqatsizlik va zulmni keskin qoralab, qattiq tanqid ostiga oladi. Alisher Navoiy yaratgan “Saddi Iskandariy” dostoni bilan Abay Qo‘nonboyevning “Iskandar” asari o‘rtasida syujetdagi tafovut, o‘ziga xos ifoda, individual uslub, o‘zgacha tasvir kitobxon nazaridan chetda qolmaydi. Abay Sharq xalqlari afsonalari asosida o‘z dostonini yaratar ekan, asarni qozoq xalqining turmushiga moslashtirib, qozoqcha variantini yaratadi. Ijodkor mahorati va iste’dodidan darak beruvchi bu doston qozoq xalqi orasida keng shuhrat qozongan.

Ta’kidlash joizki, Abay Qo‘nonboyevning ijodiy kamolotida ona yurtining xalq og‘zaki durdonalari, rus klassiklarining nodir asarlari bilan bir qatorda, Sharq adabiyotining javohirotlari ham ijobiy rol o‘ynagan. Akademik Muxtor Avezovning qayd etishicha, Abay Qo‘nonboyev o‘g‘li Oqilboyga hazrat Alisher Navoiyning “Sab’ai sayyor” dostoni syujeti asosida “Jarroq” nomli asar yozishni topshirgani, nabiralaridan birining ismini Bobur qo‘ygani shoirning o‘zbek xalqiga va uning buyuk farzandlariga bo‘lgan mehr-muhabbatining yorqin dalili desak, mubolag‘a bo‘lmas. Hatto Abay Qo‘nonboyev o‘zining “Qozoqning kelib chiqishi haqida birmuncha so‘z” nomli maqolasida Bobur shaxsiga batafsil to‘xtalib: “Bobur shohning onasi bilan tug‘ishgan ikki qarindoshi bo‘lgan. Kattasi Toshkentda xon bo‘lsa, kichigi qozoqlarga hukmronlik qilgan. Bular Chig‘atoy naslidan bo‘lgan Yunusxonning bolalari edi. O‘sha qozoqlarga hukmronlik qilganining nomi Ahmad edi”[3], – deydi va uning qozoqlar orasidan uch yuz askar to‘plab, qalmoqlar bilan kurashganini qayd etadi. Bu kurashda Ahmad xon qalmoqlarga qaqshatqich zarba berganidan uni qalmoq xoni: “Bu bir yonolg‘ish bo‘ldi”, – deyish o‘rniga: “Mana bu bir Alash bo‘ldi-ku”, – deb yuboradi. Shundan uning nomi “Alash” deb nomlanibdi”, – degan fikrni ilgari suradi hamda: “Boburnoma”da ana shunday yozilgan”, – deb, alohida uqtirib o‘tadi.

Bularning bari qozoq she’riyati namoyandasi, qozoq xalqining faxri Abay Qo‘nonboyevning Firdavsiy, Nizomiy, Navoiy, Bobur kabi buyuk allomalar asarlaridan doimo bahramand bo‘lib, ularni o‘ziga ustoz bilib, alohida hurmat ko‘rsatganidan dalolat. U o‘zining “Qozoqning kelib chiqishi haqida birmuncha so‘z” nomli maqolasida o‘zbek xalqi haqida alohida to‘xtalib: “…o‘zbeklar ekmagan ekin, ular olmagan hosil, savdogarlarining bormagan joyi yo‘q… Xullas, ularning qo‘lidan kelmagan ish yo‘q. Ruslardan farqli ular qozoqlarning tirigiga ham, o‘ligiga ham yaraydi, – deydi. – O‘ruslar kelgandan keyin ham o‘zbeklar ularning ilmi, urf-odatlarini bizdan ko‘ra oldinroq o‘rganib olishdi. Ziyrak­lik, mohirlik, epchillik, uddaburonlik ham shularda, sipolik, odob ham shularda”, – deb, qardosh va yondosh o‘zbek xalqiga yuksak baho beradi.

Buyuk mutafakkir shoir Abay Qo‘nonboyevning o‘z vatani hamda o‘zbek xalqiga tuygan muhabbati uning ota o‘g‘li emas, odam o‘g‘li, chinakam insonparvar, bag‘ri keng ijodkor ekanidan dalolatdir.

Rus tilidan Amir Fayzulla tarjimasi

 “Jahon adabiyoti, 2015 yil, 8-son

[1] Mallayev N. O‘zbek adabiyoti tarixi. –Toshkent: “O‘qituvchi”, 1976. 455-bet.

[2] Qұnanbayev A. Shыg‘armalarыnың yekі tomdыq tolыq jinag‘ы. –Almatы, QMKӘB, 1977. 95-bet.

[3] Ko‘rsatilgan asar. 158-bet.