Muxtor Umarxon o‘g‘li Avezov XX asr qozoq milliy adabiyotini jahon miqyosiga ko‘targan katta iste’dod sohiblaridan biri edi. U adabiyot maydoniga 1917 yili, yigirma yoshida “Englik – Kebek” nomli dramatik asari bilan kirib keldi. So‘ng nasr va dramaturgiya janrlarida samarali ijod qilib, jahon adabiyoti ravnaqiga ulkan hissa qo‘shdi.
Adibning “Abay yo‘li” nomli monumental roman – epopeyasi, “O‘skan o‘rkan” romani, “Englik – Kebek”, “Oyman – Cho‘lpon”, “Qorako‘z”, “Kechki oqim!, “Chegarada” kabi dramalari hamda “Kim aybdor?”, “Qarash – Qarash voqealari”, “Izlar”, “Hind ocherklari”, “Panohsizlar kuni”, “Ko‘kyol” singari ocherk, hikoya va qissalari keng kitobxonlar tomonidan qizg‘in kutib olingan.
Xususan, uning “Abay yo‘li” roman-epopeyasi shu kunga qadar yuz ellikka yaqin tilga tarjima qilinib, nafaqat O‘rta Osiyo, balki, jahon adabiyoti tarixida ham muhim o‘rin egallaydi. Shuning uchun ham Muxtor Avezovni chet ellik adiblar ham hurmat bilan tilga oladilar. Bu o‘rinda Nozim Hikmat, Lui Aragon, Anna Zegers, Andre Stil kabi dunyo adabiyoti namoyandalarining Muxtor Avezov haqidagi fikrlarini tilga olib o‘tish joiz. Masalan, uning “Abay yo‘li” roman-epopeyasining frantsuz tiliga tarjima etilishi va tahrirlariga bosh – qosh bo‘lgan Lui Aragon adibga “Zamonamizning eng buk shoirlarining biri” – deya ta’rif bergan bo‘lsa, Andre Stil “Yumanite” gazetasida, Lui Aragon fikrini quvvatlab: “Muxtor Avezov romanini olsak, unda eng avval poeziyaning hidini sezasan”, – deydi.
Frantsuz tanqidchisi Berjeron esa “Avezovning ovozidek ovoz bilan, Avezov kuylagan buyuklik bilan, ajoyib muhabbat bilan kuylagan baxtli xalqning, ajabo, ne armoni bor ekan”, deya yozuvchi ijodiga yuksak baho beradi.
Shu narsani alohida ta’kidlab o‘tish lozimki, Muxtor Avezovning ijodi O‘rta Osiyo adabiyoti bilan chambarchas aloqadordir. Chunki u Osiyo adabiyotining eng katta bilimdoni bo‘lishi bilan bir qatorda Osiyo adiblarining samimiy do‘sti, sirdoshi, maslahatgo‘yi edi.
Mashhur adib va yirik jamoat arbobi Nikolay Tixonov: “U hamkasblarini tezda o‘ziga jalb etadigan dilkash inson, ayniqsa, O‘rta Osiyo adabiyoti masalasida katta bilimdon, buyuk olim edi… U butun hayotida ilm to‘pladi, shuning uchun ham uning tadqiqotlari o‘zbek, turkman, tojik adabiyotining hamma sirlarini ochib berar edi”, – degandi o‘zining “Zamonamizning buyuk insoni” nomli maqolasida.
Muxtor Avezov umrining so‘nggi daqiqalarigacha O‘rta Osiyo adabiyotini mukammal o‘rgandi. Oybek, G‘afur G‘ulom, Izzat Sulton, Vohid Zohidov, Asqad Muxtor, Berdi Kerboboyev, Mirzo Tursunzoda, Mirzo Ibrohimov, Sotim Ulug‘zoda, Aali To‘qomboyev, Tugelboy Sidiqbekov, Temirqul Umbetaliyev, Quvonchbek Malikov, Chingiz Aytmatov kabi buyuk adiblar bilan bo‘lgan samimiy do‘stligini tilga olish joiz. Qardosh o‘zbek, qirg‘iz, turkman, tojik diyorlarida bir necha bor bo‘lib, mazkur ellar turmush tarzi bilan yaqindan tanishdi.
Bu haqda turkman adibi Berdi Kerboboyev: “Insoniyat madaniy hayoti tarixi to‘ridan muhim o‘rin oladi” – desa, buyuk adib Chingiz Aytmatov: “Men o‘zim boshqa elga safar qilib, boshqa yurtning ostonasiga qadam ranjida qilsam, doimo hurmat qilib, o‘zim bilan olib yuradigan ikki xil durdonam bor. Biri – “Manas”, biri – Muxtor Avezov”, – deydi.
Muxtor Avezov 1897 yilning 28 sentyabrida, Qozog‘iston Respublikasining Sharqiy Qozog‘iston viloyatidagi Abay tumaniga qarashli Chingiztog‘ etagida joylashgan “Bo‘rili” qishlog‘ida dunyoga keladi.
Uning otasi – Umarxon ham, bobosi Avez ham eskicha, savodli kishilardan bo‘lib, uning o‘qishiga alohida ahamiyat berishadi. Adib 11 yoshida otasidan, 15 yoshida onasidan ayrilib, bobosi – Avezning tarbiyasida bo‘ladi.
Muxtor Avezov bolaligidan qozoq xalq og‘zaki ijodi, qardosh xalq ertak va afsonalarni, qozoq oqin-jirovlari tomonidan keng kuylangan shoirlarning asarlarini o‘rganadi. Ayniqsa, buyuk qozoq shoiri Abay Qo‘nonboyev asarlari uning ijodiy yuksaklishida katta o‘rin tutadi.
Yosh Muxtor Avezov bobosi Avez va akasi Qosimbek yordamida, dastavval ovuldagi boshlang‘ich rus-qozoq maktabida, so‘ngra Abay tumanidagi boshlang‘ich rus maktabida tahsil oladi. Undan so‘ng Semeydagi bilim yurtiga o‘qishga kirib, uni 1915 yili muvaffaqiyatli tamomlaydi. Keyinchalik Semipalatinskdagi o‘qituvchilar tayyorlaydigan seminariyaga kirdi.
Muxtor Avezov seminariyada o‘qib yurgan chog‘laridayoq sharq shoirlari asarlari bilan bir qatorda rus mumtoz yozuvchilari asarlari ta’sirida, dastlabki – “Englik – Kebek” nomli dramatik asarini yozadi.
Mazkur asarga, adib Yenglik bilan Kebek o‘rtasidagi samimiy sevgini asos qilib oladi. Unda ikki yoshning muhabbatiga qarshilik qilgan qora kuchlarning adolatsizligini ayovsiz fosh etadi.
U mazkur asarni, shu yilning o‘zidayoq Abayning sevgan yori Aygerim o‘tovida o‘zi sahnalashtiradi. Bu asar keyinchalik, 1922 yili Orenburg shahrida nashr etiladi va 1926 yili Qizilo‘rda shahrida sahnalashtiriladi.
U 1922 yili O‘rta Osiyo Davlat universitetining (hozirgi – O‘zbekiston Milliy universiteti) Sharq fakultetiga, erkin tinglovchi sifatida o‘qishga kiradi.
Ammo, oradan bir yil o‘tgach – 1923 yili, o‘qishini Leningrad universitetining tarix-filologiya fakultetiga ko‘chirib, u yerda akademiklar – V.V.Bartold, A.N.Samoylovich, V.Shcherbak, V.Vinogradovlarning ma’ruzalarini tinglaydi.
U 1928 yili shu universitetni muvaffaqiyatli tugatib, O‘rta Osiyo Davlat universitetiga aspiranturaga qabul qilinadi. Bu haqda uning umr yo‘ldoshi Valentina Nikolayevna Kuzmina “Ilk yillar” nomli esdaligida: “1928 yili ko‘klamda Muxtor Avezov Leningrad universitetini tamomladi. Biz avgustda Toshkentga yetib keldik. Unda Muxtor O‘rta Osiyo universiteting aspiranturasiga o‘qishga kirdi. Toshkentda biz O‘rmonchilik texnikumi hududida, Salor o‘zani bo‘yidagi ulkan yong‘oqzor bog‘da yashadik. Toshkentda Muxtor o‘zining ajoyib “Ko‘kserak” hikoyasini yozdi”, – deya eslaydi.
Muxtor Avezov 1928–1930 yillarda Toshkentdagi O‘rta Osiyo Davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) “Turkologiya” kafedrasining aspiranturasida o‘qib yurgan paytlarida, O‘rmonchilik texnikumi hamda Toshkentdagi qozoq-qirg‘iz pedagogika instituti talabalariga “Adabiyot tarixi”, “Qozoq xalq og‘zaki ijodi” fanlaridan ma’ruzalar o‘qiydi.
Avezov Toshkentdalik paytlarida Firdavsiy, Nizomiy, Alisher Navoiy, Bobur, Bedil, Xo‘ja Ahmad Yassaviy asarlarini qunt bilan o‘rganadi. Sadriddin Ayniy, Abdulla Qodiriylar bilan yaqindan aloqa bog‘laydi. Shuning uchun ham u: “Shonli o‘zbek nasrining ilk davrida Ayniy ijod qilardi. Yigirmanchi yillarga kelib Abdulla Qodiriy yetishib chiqdi. Men 1928 yildan boshlab uning asarlarini o‘zbek tilida o‘qiy boshladim”, – deydi.
Muxtor Avezov Toshkentda bo‘lgan paytlarida, o‘sha yillari Toshkentda qozoq tilida chiqadigan “Sholpon”, “Aq jol”, “Engbek”, “Janga o‘ris”, “Kedey aynasi”, “Saula” kabi gazeta va jurnallarda o‘z asarlarini chop ettiradi, ular muxlislar tomonidan qizg‘in kutib olinadi. “Sholpon” jurnalining hay’at a’zosi bo‘lib ishlaydi. Uning “Tungi ovul”, “Sivon qabrida”, “Kim aybdor”, “Ko‘kyol”, “Qarash – Qarash voqealari” kabi qissa va hikoyalari shu gazeta va jurnallarda chop etiladi.
M. Avezov “Kundoshlar” nomli dramatik asarini 1923 yili Toshkentda chop ettirgan bo‘lsa, 1924 yili professor Yu. Vagnerning “Erning yaratilishi haqidagi hikoyalar” nomli asarini qozoq tiliga tarjima qilib, uni ham Toshkentda nashr ettiradi.
Ma’lumki, adibning “Qarash – Qarash voqealari” nomli mashhur qissasi bilan “Abay” nomli dramatik asarining yozilishi tarixi ham, shuningdek, Abay Qo‘nonbayevning hayoti va ijodiy faoliyati haqidagi ilk ijodi ham, hatto qirg‘iz xalq eposi –“Manas” to‘g‘risidagi ilk izlanishlari ham uning Toshkentda yashagan davrlariga to‘g‘ri keladi. Umr yo‘ldoshi V. Kuzmina bergan ma’lumotga qaraganda, Muxtor Avezov 1927 yili Yettisuv o‘lkasiga Bishkek orqali o‘tadi va u yerda qirg‘iz oqin-jirovlari ijrosida “Manas” asaridan parchalar eshitib, asarning g‘oyaviy-badiiy xususiyatlarini o‘rganadi.
1936 yilda M. Avezov “Manas”ni oqin Sog‘imboy O‘razboyev og‘zidan yozib oladi. Keyinchalik, shu asar asosida nafaqat qozoq, balki qardosh o‘zbek, qirg‘iz, turkman va tojik xalqlari adabiyotini ham qunt va sabot bilan o‘rganadi.
Shuning natijasida u, qirg‘iz xalqining taxminan 500 ming misrali eposi bo‘lmish “Manas” bilan “Alpomish” dostoni haqida, “Tohir-Zuhra”, “Qo‘zi Ko‘rpesh-Bayan suluv”, “Qiz Jibek” dostonlari to‘g‘risida o‘z qarashlarini bildiradi.
O‘rta Osiyo xalqlarining ertak, afsona va maqollarini o‘zaro taqqoslab, Xo‘ja Nasriddin latifalari bilan Aldar Ko‘sa, Jiyrancha chechan haqidagi afsona va hikoyalarni qiyoslaydi.
Muxtor Avezov “Qozoq xalqining eposi va folklori”, “Qozoq adabiyotining tarixini yoritish masalasi to‘g‘risida” kabi ilmiy-nazariy ishlarida ham o‘zbek, qirg‘iz, turkman va tojik xalqlarining og‘zaki ijodiga alohida nazar tashlab, ularni qozoq xalq oqinlarining ijodi bilan o‘zaro solishtirgan holda fikr yuritadi, “O‘rta Osiyo xalqlari adabiyoti” nomli maxsus tadqiqotida esa Ro‘dakiy, Nizomiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Xoja Ahmad Yassaviy, Bedil, Bobur va boshqalar merosiga murojaat qiladi.
Avezov Qozog‘istonda ulug‘ shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning ijodiy merosini ilmiy ravishda o‘rganib, uni qozoq xalqi bilan tanishtirishda katta mehnat qiladi.
Adib o‘z tadqiqotlarida XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida yashab ijod etgan Abay Qo‘nonboyev va Oqan seri, Shaadi Jongirov, Mayli xo‘ja, Madali mulla, Kenja xo‘ja kabi shoirlar ijodiga Alisher Navoiy va Nizomiy Ganjaviy asarlarining ta’sirini o‘rgandi. U Abay ijodi haqida to‘xtalar ekan: “Shuni ham ko‘zda tutish lozimki, Abayning Sharqqa munosabati uning ijodining turli davrlarida turlicha edi. Agar u yoshlik yillarida o‘z ijodini ko‘proq taqliddan boshlagan bo‘lsa, ijodiy kamolotga yetgan davrlarida esa Navoiy va Nizomiyga murojaat qilishi endi taqlid xarakterida bo‘lmadi”,– deydi.
1941 yili Alisher Navoiy tavalludining 500 yilligi munosabati bilan mazkur tantanaga qozoq xalqi ham katta tayyorgarlik ko‘radi. Unda Muxtor Avezov faol qatnashib, shoirning bir qancha g‘azallari bilan lirik she’rlarini, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun” kabi dostonlaridan parchalarni Abdilda Tajiboyev, Qolijon Bekxojin, O‘teboy To‘rmonjonov, Sag‘ing‘ali Sayetov kabi shoirlar o‘z ona tillariga mahorat bilan o‘giradi.
M.Avezov shoirning bir jildlik “Tanlangan asarlari” to‘plamiga so‘zboshi yozadi.
Ma’lumki, 1957 yili 12 iyunda Toshkentda Sharqni o‘rganish Butunittifoq birinchi anjuman bo‘lib o‘tadi. Mazkur anjumanda Muxtor Avezov bilan birga mashhur tilshunos olim, professor Sarsen Omanjolov ham ishtirok etadi. Shunda Muxtor Avezov yig‘inda so‘zlagan nutqida sharq shoirlarining, shu jumladan, Firdavsiy, Nizomiy, Abdurahmon Jomiy, Hofiz, Sa’diy va Alisher Navoiyning asarlarini o‘zaro taqqoslagan holda o‘rganish muhimligini ta’kidlaydi.
Buyuk ijodkor 1958 yil Toshkentda bo‘lib o‘tgan Osiyo va Afrika yozuvchilarining konferentsiyasida ham faol ishtirok etadi.
Muxtor Avezov mazkur anjumanning xalqaro ahamiyatiga alohida to‘xtalar ekan, O‘rta Osiyo ijodkorlarining asarlarini o‘zaro taqqoslagan holda fikr yuritadi. Xususan, Oybek ijodi haqida bunday deydi: “Hozir uning (Oybekning – Q.S.) Navoiy haqidagi (sobiq) Ittifoq bo‘ylab keng tarqalgan romani, xorijdagi ko‘plab do‘stlarimiz orasida ham shuhrat qozonib, sevib o‘qiladigan kitob bo‘lib qoldi. Men Chexoslovakiyada bir tadbirda qatnashgan edim. U yerda juda ko‘p kitobxonlar o‘zbek xalqining o‘tmishi bilan tanishish maqsadida “Navoiy” romanini takror-takror o‘qib, muhokama qilishar ekan”.
1959 yili M. Avezov Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan qirg‘iz yozuvchilarining 3-s’ezdida, shu yili Moskvada bo‘lib o‘tgan o‘zbek adabiyoti va san’ati haftaligida ham faol ishtirok etadi.
Shunda o‘zbek yozuvchilarining asarlari to‘g‘risida ba’zi bir moskvalik tanqidchilar tirnoq ostidan kir qidirib, Sharof Rashidov, Hamid G‘ulom, Pirimqul Qodirov asarlari yuzasidan ayrim tanqidiy fikrlarni bildirishadi. Avezov bu fikrlarni keskin rad etadi. “Men Sharof Rashidovning “Bo‘rondan kuchli”sini va Pirimqul Qodirovning “Uch ildiz”ini o‘qib chiqdim. Har ikkala roman voqelikni badiiy idrok etish nuqtai nazardan tushunishga intilishi bilan adabiyotimiz vazifalarining asosiy yo‘lidan boradi va o‘zbek adabiyotining eng yaxshi yutuqlaridan hisoblanadi”, – degan fikrni o‘rtaga tashlaydi.
Sharof Rashidovning “Bo‘rondan kuchli” romani haqida to‘xtalib: “Bu asar zamonamiz bilan birga odim tashlaydi, shuning uchun yetti yillikning qaysi bir yilida bo‘lsa ham, Olimjon ishtirok etadigan uchinchi kitob paydo bo‘lishiga shubham yo‘q. Bu asarning eng muhim jihati shundaki, undagi qahramonlar katta hayotdan nafas oladigan va zamon bayrog‘ini ko‘targan kishilardir”, – deydi.
M. Avezov “Ba’zi millat yozuvchilarining romanlari haqida” degan tadqiqotida mashhur so‘z zargari Oybekning “Oltin vodiydan shabadalar”, qirg‘iz yozuvchisi Tugelboy Sidiqbekovning “Zamonamiz kishilari”, qozoq adibi G‘abidin Mustafinning “Millioner”, ajoyib tatar yozuvchisi Umer Bashirovning “Nomus” va rus ijodkori Semyon Babayevskiyning “Oltin yulduzli yigit” kabi yirik asarlarini bir-biri balan taqqoslab,ularning badiiy qimmatini ochib beradi.
Muxtor Avezov Oybek bilan juda ham yaqin do‘st, samimiy sirdosh edi. Shuning uchun ham Oybek Muxtor Avezov tavalludining 60 yilligi munosabati bilan, 1957 yili yozgan “Adabiyot to‘yi” nomli maqolasida: “Men Muxtor og‘ani yigitlik vaqtimdayoq tanidim. Do‘st bo‘ldim. Muxtor Avezov mohir dramaturg, ajoyib yozuvchi. Asl akademik, haqiqiy olimdir”,– deya iliq gaplarni aytgan edi.
Haqiqatan ham ikkala buyuk siymoning do‘stligi umrlarining so‘nggi daqiqalarigacha davom etdi. Bu esa, har ikkala xalqning istiqboliga, adabiy-madaniy aloqalarining rivojiga muhim xissa bo‘lib qo‘shildi. Masalan, 1946 yilning yozida qozoq shoiri Jambul Jabayev tavalludining 100 yilligi katta tantana bilan nishonlandi. Mazkur adabiyot bayramiga dunyoning turli mamlakatlaridan ko‘plab yozuvchi va olimlar xususan o‘zbek adiblari tashrif buyurdi.
“…Bizni tog‘ ustidagi ajoyib boqqa olib borishdi va har kimga alohida joy qilishdi. Do‘stlar, tanishlar jam edi bu to‘yda. Sergey Borodin, Berdi og‘a, Silva Kaputikyan, quying-chi, ko‘pchilik edik. Gurung gurungga ulanardi. O‘shanda hamma G‘afur aka va Sergey Petrovich aytgan latifalarga lol bo‘lib o‘tirishganda, Oybek bilan Muxtor og‘a xiyobonda so‘zlashib yurardi. Bir kuni tong otguncha qizg‘in suhbat bo‘ldi. Gruzin ham, ozarbayjon ham, tatar ham, rus ham topganini o‘rtaga tashlardi, bir so‘z bilan aytdigan bo‘lsam, bu sarxush kulgi kechasi edi. Lekin hammadan ko‘p gapirgan G‘afur aka bo‘ldi. Ul zot shunday latifalar aytdiki, butun davra qotib-qotib kular, unga sayin G‘afur aka latifalarni paydar-pay to‘qib tashlardi… Tong otgandagina choyga o‘tirdik. Hayron qolgulik hol. Bir vaqt o‘sha ulkan ziyofatxonaga yondosh uydan Oybek va Muxtor og‘a chiqib keldi. Go‘yo soy bilan quyosh baravar ufqdan ko‘tarilgandek!”,– deb yozadi mashhur shoir Mirtemir o‘zining “Muxtor og‘a ziyoratida” degan xotirasida.
Ma’lumki, 1957 yili Olmaotada o‘tkazilgan Muxtor Avezovning 60 yillik yubileyi tantanasiga Nozim Hikmat, Mixail Sholoxov, Berdi Kerboboyev, Mirzo Tursunzoda, Aali To‘qomboyev, Tugelboy Sidiqbekov, G‘afur G‘ulom, Oybek, Mirtemir, Mirmuhsin kabi yozuvchilar ishtirok etgan edi.
Mazkur marosimda Oybek, jonajon do‘sti Muxtor Avezovga bo‘lgan samimiy munosabatini o‘zining “Tabrik” nomli she’ri va “Adabiyot bayrami” nomli essesini “Qozoq adabiyoti” gazetasida chop ettiradi.
Muxtor Avezovning shogirdi Chingiz Aytmatov ham: “Muxtor Avezovni qirg‘izlar zo‘r quvonch bilan o‘z farzandimiz deb biladi. Avezovning asarlarini bizlar ikki tilda birday sevib o‘qiymiz”– deb qayd etadi.
Muxtor Avezov umrining so‘nggi yillarida Janubiy Qozog‘iston o‘lkasida, shu jumladan Chimkent, Jambul viloyatlarining turli tuman, ovul va kishloqlarida bo‘lib, odamlar hayoti bilan yaqindan tanishadi, dardlashadi.
Mana shu izlanishlarining samarasi o‘laroq M. Avezov o‘zining “O‘skan o‘rkan” romanini yozadi. Ammo roman tugallanmay qoladi.
Adib 1961 yilning 27 iyulida vafot etadi.
Ma’lumki, XX asrning 20-yillarida Muxtor Avezovning dramatik asarlari o‘zbek, qirg‘iz, turkman va qoraqalpoq o‘lkalarida ham keng namoyish etiladi. Masalan, 1928 yili adibning “Qorako‘z” nomli dramatik asari Toshkentda, “Kundoshlar”, “Og‘ir zamon” kabi dramalari, 20-yillarda Qoraqalpog‘istonda sahnalashtirilgan.
Adibning “Abay yo‘li” roman-epopeyasidan “Tatyananing sahrodagi she’ri” nomli parchasi Mirzakalon Ismoiliy tarjimasida,“Abay yo‘li”roman- epopeyasi Habiba Ziyoxonova tarjimasida, “Ko‘kyol” hikoyasi Sunnatilla Anorboyev tarjimasida nashr etildi.
Markaziy Osiyo xalqlari ijodkorlarining samimiy do‘sti, O‘rta Osiyo adabiyotining ulkan bilimdoni, mashhur adib Muxtor Avezov tavalludining 80, 90 va 100 yilliklari Ashxobod, Toshkent, Dushanbe, Bishkek shaharlarida katta tantanalar bilan o‘tkazildi. 1997 yili adibning 100 yilligi YuNESKO qarori asosida butun dunyo bo‘ylab keng nishonlandi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2017 yil, 9-son