Nurboy Jabborov. Erkin A’zamning ijod tutumi

Adabiyotni, ta’bir joiz bo‘lsa, odil sudlovga qiyoslash mumkin. Tabiiyki, odil sudlov deganda adolatni faqat shior qilib olgan-u boshqa bir ido­raning yoki qo‘li uzun mansabdorning yetovida hukm qiladigan emas, Haq va haqiqatni ustun biladigan, chinakam adolatga tayanadigan tizim nazarda tutilyapti. Binobarin, odil sudlov jinoyat va qabohat ustidan qonuniy hukm chiqarsa, adabiyot jaholat va yolg‘on ustidan badiiy-falsafiy hukm o‘qiydi. Odil sudlov bir yoki bir guruh jinoyatchilar qilmishini taftish va tahlil qilib, munosib jazo tayinlasa, adabiyot nafs-u havo quliga aylangan alohida kimsalargina emas, hirs-u havas botqog‘iga botgan nobop jamiyat ustidan ham badiiy-falsafiy hukm qilish imkoniga ega. Odil sudlov asosan ash­yoviy dalillar, guvohlar ko‘rsatmalari bilan ish ko‘rsa, adabiyot insonning botin olamidagi qabohatni, ruhiyati­dagi soxtalik va shuuridagi yolg‘onni ham haqiqat tarozisiga torta biladi. Zamonamizning mashhur adiblaridan O‘zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A’zam ijodiyoti: roman va qissalari, hikoya va badiiy publitsistikasi adabiyotning ana shu yuksak mezonlariga har jihatdan muvofiq keladi. Adib asarlari tadqiqi yuzasidan ayrim dissertatsiyalar himoya qilinayotgani-yu tahliliy maqolalar chop etilayotganini e’tirof etgan holda, ta’kidlash kerakki, adabiyotshunoslik Erkin A’zam ijodi oldida qarzdor. Jumladan, yozuvchi asarlaridagi obrazlar tizimi, qahramonlar ruhiyati, ularning botin olamidagi to‘fon-u taloto‘plar, tafakkuridagi evrilishu ziddiyatlar, ichki va tashqi dunyosi aro muno­sabatlar kabi masalalar hanuz tadqiqotchilarini kutayotir. Adibning ijod tutumi (kontseptsiyasi) adabiyotshunoslikda hanuz munosib bahosini olgan emas. Badiiy mahorati sirlari, asarla­rining til va uslub xususiyatlari, yo‘l-yo‘lakay bildirilgan ayrim fikr-u qarashlarni istisno qilganda, chuqur tahlil etilmagan. Ushbu maqola “Shoirning to‘yi” qissasi misolida adibning ijod tutumini o‘rganish yo‘lidagi dastlabki urinishdir. Teran tadqiqotlarni talab etadigan ushbu ilmiy muammoni kichik bir maqola doirasida to‘laqonli hal etish imkonsiz ekani ayon.
Har qanday tahlil savollar qo‘yilishidan boshlanishi ma’lum. Bizda ham shunday savollar ko‘p: Erkin A’zam ijod tutumining bosh xususiyati yoki asosiy mezonini belgilash mumkinmi? Mumkin bo‘lsa, nimani yoki nimalarni ko‘rsatmoq zarur? Bu mezonlar adib asarlarida qanday ijodiy natijalar bergan? Bizningcha, Erkin A’zam ijod tutumining bosh xususiyati – HAQIQAT­dir. Yozuvchi­ning deyarli barcha asarlari mohiyatan ushbu mezonga tayanadi. Lekin buning nozik bir jihati bor: zamonamizning aksar yozuvchi yoki shoirlari hayot haqiqatini yoritish maqsadini qo‘yar ekan, asar voqelikning (jamiyatdagi ezgu va xayrli ishlarning yoxud jaholat va qabohatning, odamzodga xos fazilatlaru olijanob xusu­siyatlarning yoki nuqsonu illatlarning) shunchaki bayoni: tasdig‘i yoki inkorigina bo‘lib qoladi. Badiiyat boy beriladi. Ba’zan taniqli adib­larning asarlarida ham ifoda uslubi shunchalik g‘aliz va to‘mtoq, tili shu qadar g‘arib va nochor bo‘ladiki, oxirigacha o‘qish uchun tog‘dek bardosh talab etiladi. O‘rinsiz ishlatilgan, mayishib-qayishib ketgan so‘zlarning ingrog‘ini eshitib, chiday olmaysiz. Qo‘lingizga qalam olib, tahrir qilishga tushib ketasiz. Lekin bundan nima foyda: kitob allaqachon nashr etilgan, muayyan adadda tarqalib ham bo‘lgan. Ijod tutumining asosiy mezoni – hayot haqiqatini badiiy haqiqatga aylantirish ekan, ushbu badiiy-falsafiy, ijodiy-ruhiy jarayon natijasi qanday bo‘lishi oxir-oqibatda yozuvchining mahoratiga bog‘liq.
Erkin A’zam so‘zni chuqur his etadi, fasohat bilan qo‘llaydi. Oz so‘zga ko‘p ma’no yuklay biladi. So‘zga ohorli badiiyat libosini kiydirib, betakror ziynat bera oladi. Uning ijod namunalarida ifoda uslubi shu qadar ravon, tasvir shunchalik jonli, obrazlar shu yanglig‘ tiniqki, asar qahramonlari bilan birga nafas olasiz, birgalikda yashay boshlaysiz; dard-u sitamni ham, quvonchu shodlikni ham ular bilan baham ko‘rasiz. Yozuvchi asarlarida matn shu qadar pishiq-puxta tuziladiki, biror so‘zning o‘rnini boshqasi bilan almashtirib bo‘lmaydi. Natijada yozuvchi hayot haqiqatini o‘quvchiga peshonasini artib, yarqiratib, go‘zal badiiy shaklda havola etadi.
Ijodkorning tutumi o‘laroq haqiqat badiiy asarni nurlantirib turadi, so‘zning ta’sir kuchini oshiradi. O‘quv­chi qalbu shuuriga yorug‘lik bag‘ishlaydi. Uni qalban va ruhan asar syujetining ichiga olib kiradi. Qahramonlar ruhiyatini teranroq his etishi uchun imkon yaratadi. Hazrat Alisher Navoiy­ning mana bu so‘zlari badiiy ijodda haq so‘zning nechog‘lik zarurat ekani haqidadir:

Nukta suv yanglig‘ eritur toshni,
Topsa haqiqat o‘tidin choshni.
Bo‘lsa haqiqat guharidin yiroq,
Rishta so‘zin so‘zlamagan yaxshiroq.

Erkin A’zam asarlari, hazrat Navoiy ta’biri bilan aytganda, aynan haqiqat o‘tidan choshni – bahra olgani bilan alohida ajralib turadi. Yozuvchi sifatida bu oliy tuyg‘uning oldida uning tili qisiq emas. Adib qalamiga mansub “Shoirning to‘yi” qissasi buning yorqin isbotidir. Nobop jamiyat, odamzodni tubanga qulatuvchi hirsu havas, nafs-u havo, zulmu sitam singari illatlar ustidan badiiy-falsafiy hukm chiqarilgani, ayniqsa, bu asarning qimmatini oshirgan. Qissa unda tasvirlangan qahramonlar ruhiyatining teran tahlili, har bir badiiy detal, obraz va tasvir­ning kuchli hayotiy va badiiy mantiq asosida dalillangani, ifoda uslubining o‘ziga xosligi va mukammalligi bilan nafaqat o‘zbek badiiy nasrida, hatto jahon poetik tafakkurida o‘ziga xos o‘ringa ega deyilsa, mubolag‘a bo‘lmas.
Ijodkor tutumini ifodalashda badiiy tilning o‘rni alohida. Haqiqat va adolat oldida yuzi qora Oqsoqol shoir obrazi o‘zi so‘zlagan nutq va zaldan tashlangan luqmalar orqali ishonarli tasvirlangani Erkin A’zamning badiiy til imkoniyatlaridan nechog‘liq mahorat bilan foydalana bilishi isbotidir. Jumladan, “Otashqalb o‘zidan zo‘r shoirligi uchun Oqsoqol uni hasaddan qamatib yuborgan, degan gap yuradi, ayting-chi, shu to‘g‘rimi?” – degan luqmaga bildirilgan munosabatda bu obrazning chirkin qi­­yofasi yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Yozuvchi ortiqcha tafsilotga berilmaydi. Ko‘psizlikdan saqlanadi. Oqsoqol shoir­ning tarix oldidagi xiyonatini oz so‘z vositasida o‘quvchi ko‘z o‘ngida badiiy suvratlantiradi: “Oqsoqol batamom dovdirab qoldi. U hammasini kutgan, lekin bu qadar shafqatsiz hujumga tayyor emas edi. Qo‘lida titrayotgan ko‘zoynakni minbar peshtaxtasiga qo‘yib, ovoz kelgan tarafga tikildi”. Oqsoqol­ning tuban qiyofasini mushohada etmoq uchun ana shu tasvirning o‘zi kifoya qilgan.
Portret va xarakter – ijodkor tutumini namoyon etuvchi muhim badiiy unsurlardir. “Shoirning to‘yi” qissasidagi Mafkuraxonim portreti va xarakteri bunga dalil bo‘la oladi. Uning portreti “o‘zi xushbichim, oqbadan, lekin yupqa lablari har qanaqa odamni chimdishga shaygina ayol” tarzida chizilgan. Ona tilida hatto bir betlik matn­­ni ham ming azobda qiynalib o‘qiydigan Mafkuraxonimning xarakteri ham portretiga mos: “Qirq besh yoshlar chamasidagi bu xotin so‘zga nihoyatda chechan, birpasda dunyoni ag‘dar-to‘ntar qilgudek faol tashkilotchi, oqni qora, qorani oq deb isbotlamoqqa ayniqsa mohir edi. U tagi oqsuyak xo‘jalar avlodidan bo‘lib, markscha-lenincha ta’limotga azbaroyi mehri zo‘rligidan nasl-nasabini inkor etgan…”. Yozuvchi uning mansab pil­lapoyalaridan ko‘tarilishida ana shu sifatlari tirgovuch bo‘lganiga ishora qiladi. Maishiy buzuq Mafkura­xonimning o‘zi boshqarayotgan soha rahbari bilmasligi mumkin bo‘lmagan haqiqatlardan ham bexabarligi tasvirlangan lavhalarda yozuvchining asar voqealari uchun asos bo‘lgan davr siyosatiga achchiq istehzosi aks etgan. Adabiyot tarixida yorqin iz qoldirgan, betakror iste’dodi va vatanparvarligi evaziga Oqsoqolga o‘xshaganlarning chaquvi bois “Xalq dushmani”ga aylanib, surgun qilinib, juvonmarg ketgan Otashqalb shoir yubileyiga “…shuncha odamni sarg‘aytira-sarg‘aytira tashrif buyurgan bu xonim… dam olish xonasida uzunchoq billurdan tamanno etib suv ho‘plarkanlar, “Qani, domlaning o‘zi keldilarmi?” degan so‘zi bilan saviyasi naqadar past ekanini ko‘rsatib qo‘yadi. Qissadagi har bir so‘z, har bir badiiy detal shu taxlit yozuvchining ijod tutumini suvratlantirishga xizmat qilgan.
Oqsoqol shoir xarakteri tasviri ham yozuvchining katta badiiy-falsafiy xulosalar qilishiga asos beradi. U aslida Alvasti, “ochiq yotgan qozon” ekani keyinchalik ayon bo‘lgan Moviyko‘zni deb do‘stiga xiyonat qiladi. Yozuvchining talqiniga ko‘ra, Oqsoqol: “… shu yo‘l bilan undan (Otashqalbdan – N.J.) o‘ch olmoq bo‘ldi, ham she’riyat musobaqasidagi ojizligini g‘ayirlik bilan niqoblamoqchi bo‘ldi. Shu tariqa xiyonat ko‘chasiga kirildi, hayot-mamot xiyonati. Bu ko‘chaga bir marotaba kirgan odam qaytib chiqmog‘i dushvor, ixtiyorida birgina imkon qoladi – ana shu ko‘cha bo‘ylab ichkarilash, ichkarilash, vassalom!” Umr bir joyga borganda Oqsoqol xatosini anglab yetadi. Lekin endi kech edi: do‘st boy berilgan, iymon lat yegan, she’riyat zamon xizmatiga solingan edi.
Oqsoqol – umumlashma obraz. Adib aksar qalamkashlar xarakteridagi noqis jihatlarni – hirs-u havas, man­sab-martaba ilinjida odamiylik fazilatlarini boy berish, nafs-u havo deb tubanlikka qulash xususiyatlarini ana shu obrazda jamlagan.
“Shoirning to‘yi”dagi boshqa obrazlar ham Erkin A’zamning ijodkor sifatidagi tutumini aks ettirishga xizmat qilgan. Hukmron mafkura qurboniga aylangan Otashqalb, zamon nog‘orasining o‘yinchisi Ajoyib domla, haqiqatparast Yosh shoir obrazlari asar badiiyatini ta’minlashda va muallif ijodiy niyatining badiiy suvratlanishida alohida o‘rin tutadi. Asardagi nisbatan ikkinchi darajali hisoblangan Tepakal, aslida Alvasti bo‘lgan Moviyko‘z dilbar, Jiyanbeka obrazlari, ular­ning bir-birini takrorlamaydigan xarakterlari tasviri, yozuvchining nafs-u havoga boy berilgan umr, yolg‘onning qurboniga aylangan haqiqat haqidagi falsafiy umumlashmalarini asoslashga xizmat qilgan.
Erkin A’zamning birgina qissasi tahlili asosidagi bu fikrlar “Shovqin” romani, boshqa qissa va hikoyalari tadqiqi misolida mantiqiy davom ettirilmog‘i, chuqur ilmiy kuzatuvlar bilan boyi­tilmog‘i, yozuvchi ijodiga doir salmoqli ilmiy umumlashmalar chiqarilishiga zamin bo‘lmog‘i zarur. Zero, adabiyotning asosi bo‘lgan obraz va poetik tafakkur, portret va xarakter, ijodiy uslub va badiiy til – barchasi ijodkor tutumini ifodalaydi. Bir haqiqat­­ni e’tirof etmoq zarur: aslida, mustahkam tutumga ega ijodkorlar ko‘p emas. Qo‘liga qalam tutganlarning hammasida ham bu fazilatni topish mahol. Aslida, olam va odam hayoti uchun to‘rt unsur – suv, havo, tuproq va olov qanchalik kerak bo‘lsa, adabiyotning ravnaqi uchun ijodkor tutumi shunchalik muhim. Erkin A’zam asarlari mutolaasi ijodkorlarning bugungi va kelajakdagi avlodlari uchun ham bu borada mezon bo‘la olishi jihatidan ahamiyatlidir.

«Yoshlik» jurnali, 2020 yil, 7-8-son