Nosir Muhammad. Navoiy va shatranj

Alisher Navoiy serqirra iste’dod sohibi sifatida shatranj(shaxmat)ni ham mahorat bilan o‘ynagan, bu qadimiy o‘yinning nazariy jihatlaridan yaxshi xabardor bo‘lgan. Zamondoshlarining xotiralari, shoirning turli mavzudagi asarlarida keltirilgan shatranjga oid misollar, shatranj muhralari bilan bog‘liq timsollar ana shundan dalolat beradi.
Shuni ta’kidlash joizki, shatranjbozlik an’analari yurtimizda uzoq tarixga ega. Ayniqsa, Amir Temur davrida saroyda va yuksak doiralarda bu o‘yin keng urf bo‘lgan. Sohibqironning o‘zi shatranjni mahorat bilan o‘ynagan, uning bilimdonlarini saroyga taklif etgan. Bu haqda tarixchi Ibn Arabshoh shunday yozadi: “(Amir Temur) o‘z fikrini peshlash maqsadida muttasil shatranj o‘ynardi. Uning himmati kichik shatranj (o‘ynash)dan oliy bo‘lib, katta shatranj o‘ynardi. Bu shatranj taxtasining eni o‘n bir, bo‘yi o‘n (xona)dan iborat edi… (Amir Temur) Samarqandga faqih olimlardan mavlono Abdumalikni olib kelgan edi. U “Hidoya” sohibi(Burhoniddin Marg‘inoniy)ning avlodidan bo‘lib, mudarrislik qilar, shatranj va nard(o‘yinlari)dan ta’lim berar edi, she’r ham yozar edi… Shatranjchilardan yana Muhammad ibn Aqiyl al-Xaymi va Zayn al-Yazdiy va boshqalar bor edi. Shatranjchilarning allomasi – fiqhchi, hadisshunos olim Alouddin at-Tabriziy edi. U Zayn al-Yazdiyga ortiqcha bir piyoda, Ibn Aqiylga esa ortiqcha bir ot qo‘yar edi va ulardan g‘olib chiqardi. Sohibqiron Alouddinga: “Men jahondorlik bobida yagona bo‘lganim kabi sen ham shatranj olamida tengi yo‘qsan”, derdi… Uning o‘yin paytidagi sifatlaridan biri shu ediki, o‘yin vaqtida u hech o‘ylab o‘tirmas, raqibi uzoq fikrlab yurish qilganidan keyin shu zahoti yurib qo‘yardi. Bir vaqtning o‘zida u ikki raqib bilan g‘oyibona o‘ynar, taxtaga qaramasdan o‘z tomonida qanday donalar va raqiblari tomonida qanday donalar borligini bilardi. U Amir Temur bilan katta shatranjda o‘ynar edi”.
Mazkur an’analar Alisher Navoiy va temuriy hukmdor – Husayn Boyqaro davrida ham davom ettirildi. Xurosonda, ayniqsa, Hirotda san’at va madaniyatning ko‘pgina sohalari qatori bir qancha sport turlari, xususan, kurash va shatranj katta ravnaq topgan edi. “Majolis un-nafois” va “Boburnoma”da bu haqda ko‘plab guvohliklar bor. Masalan, Mir Murtoz degan shatranjboz aqlni peshlovchi bu o‘yinga shu darajada o‘ch ekanki, bir raqibi bilan o‘ynayotganida, ikkinchisi ketib qolmasin deb, uning etagidan tutib o‘tirar ekan. “… shatranjg‘a andog‘ mag‘lubdurkim, bir harif ilgiga tushsa, xalos bo‘la olmas. Bu jihatdin hariflar andin qocharlar”, deb ta’riflaydi Navoiy bu shaxsni.
Zahiriddin Muhammad Bobur Zunnun Arg‘un degan shaxs haqida ma’lumot beradi. Navoiyga zamondosh bo‘lgan bu shaxs ham shatranj ustalaridan bo‘lgan. “Shatranjga ko‘p mash’uf edi. El bir ilik ila o‘ynasa, ul ikki ilik bila o‘ynar edi. Har necha ko‘ngli tilar, o‘ynar edi”, deb yozadi buyuk bobomiz “Boburnoma”da.
Yana bir ashaddiy shatranjboz Kamoliddin Binoiy bo‘lgan. Iste’dodli shoir, tarjimon, musiqashunos sifatida tanilgan bu shaxs Navoiy homiyligida kamol topgan. Ayni paytda, Navoiyning shatranjdagi raqiblaridan biri bo‘lgan. “Majolis un-nafois”da Navoiy uni ta’riflar ekan, qobiliyatli, hozirjavob bo‘lish bilan birga, qaysar, bahs va tortishuvni yaxshi ko‘radigan, gap kelsa, otasini ham ayamaydigan shaxs ekanini ta’kidlaydi. Zamondoshlari shunday bir voqeani yozib qoldirganlar: Navoiy va Binoiy shatranj o‘ynayotgan ekan. Navoiy oyog‘ini yozish uchun uzatganida nogahon Binoiyning orqasiga tegib ketadi. Sho‘xligi tutgan Navoiy shunday deydi:
– Hirotda qayoqqa oyoq uzatsang, albatta bir shoirning ketiga tegadi-da!
– To‘g‘ri aytdingiz, hazrati oliylari, oyoqni yig‘ib olsangiz ham shunday bo‘ladi, – deydi hozirjavoblik bilan Binoiy.
Bu hikoyat Hirotdagi o‘sha davr adabiy muhiti va Navoiy davrasi haqida bizga yorqin tasavvur beradi.
Shoir asarlarida shatranj va uning muhralari bilan bog‘liq voqealar hamda timsollar anchagina uchraydi. “G‘aroyib us-sig‘ar”da shunday bayt mavjud:

Shah yonin farzin kibi kajlar maqom etmish, ne tong,
Rostravlar arsadin gar tutsalar ruxdek qiroq.

Ya’ni: shohning yonida farzin kabi egri yo‘lga yuruvchilar turarkan, Ruxdek to‘g‘ri yuruvchilar hamisha taxtaning chetida qolsa ajab emas.
Shatranj qoidasiga ko‘ra farzin shoh yonida (o‘sha davrda u faqat egri chiziq bo‘ylab yura olgan), faqat to‘g‘riga yura oladigan rux esa taxtaning eng chekkasiga joylashtiriladi. Muhralarning bunday joylashuvini hayotga qiyoslagan shoir egrilarni yuksaklikka ko‘targan va oqillarni, to‘g‘rilarni chetga surgan jamiyatni fosh etadi.
Yana ana shu devonda quyidagi qit’ani o‘qiymiz:

Bu yurushda iki ulog‘im bor,
Lek bormen sipohiliqda yayoq.

Iki shatranj otidek birisi
Ko‘tara olmay o‘z yeridan ayoq.

Chopsa shatranj xonasi xatidin,
Sekrimaklik alarg‘a behad shoq.

Biri rangi qarodurur, biri bo‘z,
Qaro yerdur dog‘iyu bo‘z tufroq.

Bu voqeaband qit’adan ko‘rinishicha, shoir yurishlardan birida shohga hamrohlik qilgan. Ammo unga berilgan biri bo‘z va biri qora ot ko‘ngildagidek bo‘lmagan. Navoiy badiha tarzida bu voqeani mutoyiba qilgan, otlarni shatranj muhralariga qiyoslagan. “Ikkita otim bo‘lsa ham, yayov askarman, chunki otlardan birisi shatranj otidek yerdan oyoq uzolmaydi, ikkalasi ham shatranj taxtasidan chetga chiqqanda sakrolmaydigan muhra – otlarga o‘xshaydi, biri qora yer-u, ikkinchisi bo‘z tuproq”, deydi mubolag‘a bilan shoir.
Navoiyning ko‘pgina asarlarida shatranj bilan bog‘liq parchalar, hikoyatlar, timsollar bor. “Saddi Iskandariy” dostonidagi bir parcha ko‘z o‘ngingizda o‘zingizga tanish manzarani yaratadi. Tasavvur qiling: kichik farzandingiz shaxmat muhralari bilan o‘ynayapti. U sizga taqlid qiladi. Lekin muhralarni to‘g‘ri terolmaydi. Piyodani shoh o‘rniga qo‘yadi, filni esa rux “ayvon”iga teradi. To‘g‘ri yurish va muhralarni olishni ham bilmaydi. Ammo ermak uchun turli sho‘xliklar qiladi. Mana, ana shu manzara:

Aningdekki, tifl istabon inbisot,
Chu shatranj o‘ynarg‘a yoysa bisot.

Ne o‘ynarini bilsa, ne termagin,
Ne olmog‘in bilsa, ne bermagin.

Olib qo‘ysa baydaqni shah yonida,
Yana pil qo‘ysa rux ayvonida…

“Lison ut-tayr” dostonida ham shatranjning falsafiy mohiyatini ochadigan ajoyib bir hikoyat bor. U shunday boshlanadi:

Ikki shatranj o‘ynog‘uchi ustod,
Arsai shatranjg‘a aylab kushod,

Ikki jonibdin bo‘lub oromgir,
Tuttilar o‘rtada shatranji kabir.

Har tarafdin bir shah o‘ldi oshkor,
Borcha oyinu sipohi shohvor…

Hikoyat davomida shoir shatranj o‘yinini haqiqiy jangga qiyoslaydi: ikki raqib shoh o‘zining sipohu piyodalarini hayot-mamot jangiga tashlaydi. Saflarda fil, jirafa, rux va ayiqlar bor. Ularning oldida esa piyodalar joy olgan. Bu urush ancha davom etadi. Jangning barcha tartib-qoidasiga rioya qilinadi. Biri o‘z sipohini qal’aga berkitsa, boshqasi uni buzishga intiladi. Bu yerda ham haqiqiy jangdagidek lashkar qismlari – “burong‘or”, “juvong‘or”, “g‘ul” va “hirovul” bor. Lashkarboshining o‘g‘li(piyoda) undan oldin jangga kiradi, urush maydonining chetiga yetgach, otasining o‘rinbosariga aylanadi (sipoh bo‘ladi). Ammo shu payt o‘yinchi o‘yinni to‘xtatishga qaror qiladi. Taxtaning bir chetini ko‘tarishi bilan jangu jadaldan asar ham qolmaydi. O‘yinchi muhralarni xaltaga solib, og‘zini boylaydi. Shoh quyiga, piyoda esa yuqoriga chiqib qoladi. Endi bu xaltani o‘yinchi istasa suvga, istasa o‘tga tashlay oladi.
Navoiy fikricha, shatranj hayotning timsoliy ko‘rinishidir. Bu yerdagi jangu jadallar, o‘zaro dushmanlik, tabaqalanish ham Xoliqning bir amri bilan barham topadi. Hayotdan ko‘z yumgandan keyin shoh ham, oddiy odam ham barobar. Shoir bundan xulosa chiqarishga, o‘tkinchi hayotda faqat ezgulik qilishga undaydi:

Chun xarita ichra bog‘landi bori,
Shah quyidur yo piyoda yuqori.

Ul ham istig‘nodin osoridurur,
Balki ondin bir namudoridurur.

Bas bu tamsile sari nazzora qil,
Asli istig‘noni yuz ming muncha bil.

Chun bu ma’ni sori bo‘ldung ruhshunos,
Barcha ishni aylagil mundin qiyos.

Yuqoridagi misollar shatranj Navoiy hayotida alohida o‘rin tutganini, u shoirning dam olish vaqtlarini maroqli o‘tkazish vositasigina bo‘lib qolmay, balki uning falsafiy mushohadalarini chuqurlashtirishga xizmat qilganidan ham dalolat beradi.

“Yoshlik” jurnali, 2016 yil, 1-son