Naim Karimov. E’zoz va jazo (1990)

1943 yilning kuzida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga taniqli o‘zbek shoiri Madamin Davronning Kursk ostonalaridagi qaqshatqich janglarda halok bo‘lgani to‘g‘risida xabar yetib keldi. M. Davron Usmon Nosir, Amin Umariy, Temur Fattoh, Ibrohim Naziriy singari qo‘qonlik shoirlar bilan birga ulg‘ayib, birga ijod maydoniga kirib kelgan edi. U 1912 yilda Qo‘qonda taniqli ma’rifatparvar Ibrohim Davron oilasida tug‘ilib, 1924—1928 yillarda Farg‘onadagi ta’lim-tarbiya texnikumini tugatganidan so‘ng, 1931—1933 yillarda Samarqanddagi Akmal Ikromov nomli Pedagogika akademiyasida tahsil ko‘radi va, nihoyat, O‘zbekiston Til va adabiyot ilmiy-tadqiqot institutining ikki yillik aspiranturasini tugatadi. Madamin Davron 1934 yilda Toshkentga ko‘chib kelib, «Guliston» oynomasi idorasida dastlab adabiy xodim, keyinchalik esa mas’ul kotib lavozimlarida ishladi. 1940 yildan boshlab jumhuriyat Yozuvchilar uyushmasining tarjima sho‘basida maslahatchi vazifasini ado etdi. 1926 yildan boshlab shoir, tarjimon va adabiy tanqidchi sifatida ijod qila boshladi. 30-yillarning odog‘iga kelib, el og‘ziga tushdi, asarlarida shira paydo bo‘ldi. Uning shoir sifatidagi iste’dodi she’riyat muxlislarida katta umid tug‘diradi.

Shoirga 1942 yil martida armiyaga chaqirilishi munosabati bilan berilgan quyidagi tavsifnoma qam ana shu umidning asosli ekanligidan darak beradi.

TAVSIFNOMA

O‘zbekiston Sovet Yozuvchilari uyushmasining a’zosi Madamin Davron yozuvchilar tashkilotining asosiy xodimlaridan biridir. Uning oltita to‘plamida, ro‘znoma va jaridalarda rus va o‘zbek tillarida chop etilgan she’rlari O‘zbekiston kitobxonlari ommasi o‘rtasida mashhurdir.

O‘r. Davronning tarjima sohasidagi ishlari ham katta ahamiyatga ega. U M. Gorkiy, Lermontov, Shota Rustaveli singari jahon, rus klassik va sovet adiblarining ko‘pgina asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

Yozuvchi Davron urush davrida sovet yozuvchisiga mansub bo‘lgan barcha yaxshi fazilatlarni namoyish etdi. U qizil askarlarning qator ommabop qo‘shiqlarini yaratdi (ular O‘zdavnashr tomonidan o‘zbek va rus tillarida nashr etilgan), fashistlarga qarshi qaratilgan she’rlar to‘plamini chiqardi, fashistlarga qarshi targ‘ibot ko‘rgazmalarini — «O‘zTAG oynasi» plakatlarini tashkil etishda ko‘zga ko‘rinarli ishlar qildi.

Yozuvchi Davronning mudofaa mavzuidagi ijodiy ishlari katta siyosiy ahamiyatga ega ekanligini qisobga olib, O‘zSYoU uni qayta attestatsiyaga tavsiya etadi va undan RKKA (Qizil Armiyaning rayon komissariatlari) qismlarida bevosita adabiy ixtisosi bo‘yicha foydalanish lozim, deb hisoblaydi.

O‘zbekiston Sovet Yozuvchilari uyushmasining mas’ul kotibi Hamid OLIMJON.

Mana shu tavsifnomaning orqa tomoniga rus tilida yana quyidagi so‘zlar yozilgan: «RKKA safiga chaqirilgan o‘r. Davron o‘zining ijodiy ishlarini davom ettirdi. U qayerda bo‘lmasin, vatanparvarlik ruhida she’rlar yozib, O‘zbekistonga yuborib turdi va ular o‘zbek hamda rus tillarida e’lon qilindi. O‘r. Davronning RKKA safida turib yaratgan asarlari xalqni Vatanimizga bostirib kirgan nemis varvarlarini uzil-kesil tor-mor etishga siyosiy safarbar qilishga yordam berdi va yordam bermoqda».

Bu so‘zlarning kim tomonidan yozilgani qayd etilmagan. Lekin unda aytilgan fikr haqiqatdan uzoq emas. Davron qaysi frontda bo‘lmasin, vatanparvarlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan she’rlar yozib, Yozuvchilar uyushmasi, ro‘znoma tahririyati, taniqli shoir va yozuvchilarga yo‘llab turgan qamda ular jumhuriyat matbuotida bosilgan.

Ana shunday vatanparvar shoirning qahramonlarcha halok bo‘lgani to‘g‘risidagi xabar yozuvchilar qalbini larzaga soldi. O‘zbekiston Yezuvchilar uyushmasi hay’atining 1943 yil 24 noyabrda Hamid Olimjon raisligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida M. Davronning qalamkash do‘stlari marhum jangchi shoir to‘g‘risida so‘zlab, uning xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha qator tadbirlarni belgilashdi. Ana shunday tadbirlardan biri 26—27 noyabrda «frontda, Vatan uchun janglarda halok bo‘lgan» shoir xotirasiga bag‘ishlangan kecha o‘tkazish bo‘lib, uni tashkil etish Abdulla Qahhor, Temur Fattoh va V. A. Vilxoviy zimmasiga yuklatildi. Jumhuriyat matbuoti uchun M. Davronga bag‘ishlangan maqolani yozish esa Shayxzodaga topshirildi. Shoir adabiy merosini o‘rganib, uning she’rlar kitobini nashr uchun tayyorlab berish vazifasi Temur Fattoh chekiga tushdi. Bundan tashqari, Yozuvchilar uyushmasi jumhuriyat Xalq Vazirlari Kengashiga murojaat etib, M. Davron oilasi a’zolari (qizi, o‘g‘li va singlisi)ga shaxsiy nafaqa belgilashni so‘radi; ularni oziq-ovqat mahsulotlari, poyafzal va kiyimbosh bilan ta’minlash masalasi ham o‘rtaga qo‘yildi. Hatto Toshkent ko‘chalaridan birini Madamin Davron nomi bilan atash haqidagi taklif bilan jumhuriyat Oliy Kengashiga murojaat qilindi.

M. Davron xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha belgilangan bu tadbirlarning aksari tez orada amalga oshdi. Bir qancha oylar mobaynida M. Davron frontda qahramonlarcha halok bo‘lgan shoir sifatida hurmat qozonib keldi.

Ammo orada xiyla vaqt o‘tgach, turli mish-mishlar tarqadi. M. Davronning tirik ekanligi, hatto nemislar qo‘lida xizmat qilayotgani to‘g‘risida gaplar oraladi.

1943 yilda ro‘y bergan voqeani M. Davronning o‘zi bunday hikoya qilgan:

«1943 yilda Kursk yoyida bo‘lgan janglarda kontuziyaga uchrab, asir tushdim. Bir yildan ziyodroq vaqt mobaynida Belorussiya, Polsha va Germaniyada asirlikda bo‘ldim. Saksoniyadagi kontsentratsion lagerda turganimda og‘ir xastalikka giriftor bo‘ldim. Lagerga kelgan vrachlardan biri men bilan suhbatlashib, Matyoqub Abdullayevning Germaniyada jarida nashr etayotgani, shuningdek Berlinda Turkiston qo‘mitasi deb atalgan tashkilot mavjudligi va bu tashkilotda men tanigan bir necha kishi xizmat qilayotganini aytdi. Men jaridada ishlashga rozilik berdim. Orada bir necha kun o‘tgach, nemis armiyasining ofitseri kelib, meni Berlinga olib ketdi. Men jaridaga adabiy xodim bo‘lib ishga o‘tdim va Turkiston qo‘mitasi tashkilotiga a’zo bo‘lib kirdim.

Jaridaga ishga kirganim va Turkiston qo‘mitasi tashkilotiga a’zo bo‘lganimning boisi shunda ediki, men urushdan keyin o‘z xalqimning baxt-saodati yo‘lida ishlashda davom etish uchun ijodiy kuchimni saqlab qolmoqchi va harbiy sanoatga aloqador front orqasidagi ishlardan o‘zimni olib qochmoqchi edim.

Men jaridaga hech narsa yozmadim va hech narsani e’lon qilmadim. Ammo men bir necha ishqiy she’r va obzor maqolalar yozishga majbur bo‘ldim va bu narsalar nemis ro‘znomalarida bosilib chiqdi. Men o‘zimning jaridada olib borgan ishimni va nemis ro‘znomalarida e’lon qilgan asarlarimni, shuningdek Berlinga borishimni nafaqat xato, balki jinoyat deb hisoblayman.

Berlin sovet qo‘shinlari tomonidan ishg‘ol etilgach, men 1945 yilning iyun oyida Sovet Ittifoqiga bosh egib keldim va yetti yilga kesildim. SSSR Oliy Kengashining 1955 yil 17 sentyabrda qabul qilgan farmoniga ko‘ra, ozod etildim va barcha huquqlarim tiklandi».

Shunday qilib, Madamin Davron frontda qahramonlarcha halok bo‘lmagan, aksincha, dushmanga asir tushib, Turkiston qo‘mitasida xizmat qilgan edi. U ana shu aybi uchun yetti yil qamoq muddatini o‘tagach, yana uch yil mobaynida Krasnoyarsk o‘lkasidagi o‘rmon sanoatiga qarashli korxonada ishladi. Bu korxonada ishlaganlar uch yillik mehnat stajiga ega bo‘lganlarida yillik daromadning 10 foizi, besh yillik staj egalari esa yillik daromadning 20 foizi miqdorida mukofot olganlar. Shu tarzda korxona ishchilarining oyligi 40 foizga qadar oshib borgan. Ammo M. Davron korxonada talab etilgan tezkorlikka ega bo‘lmagani uchun bunday imtiyozli joyda ishlay olmas edi. Shuning uchun u o‘zining keyingi hayotini adabiyot bilan, badiiy ijod bilan bog‘lashga urinib, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga ariza bilan murojaat etishga majbur bo‘ldi. U 1955 yil 23 sentyabrda uyushma nomiga yo‘llagan rus tilidagi arizasida bunday deb yozdi:

«Men harbiy xizmatga safarbar etilgunim (1942 yil marti)ga qadar sizlarda ishlaganim uchun meni O‘zSES yoxud Adabiy jamg‘arma qoshidagi biror ishga tiklashingizni iltimos qilaman. SSSR Oliy Kengashining 17.IX.55 y. farmoniga muvofiq men Ulug‘ Vatan urushi frontidan qaytgan qisoblanaman.

Ish joyiga kelishim uchun yo‘l harajatlari bilan yordam berishingizni so‘rayman».

M. Davron mazkur arizadan tashqari, uyushma hay’atiga murojaatnoma ham yo‘llab, dahshatli qamoqxona hayoti mahsuli «shiru shakar» uslubidagi bunday so‘zlarni aytgan:

«Agar sizlar meni basharti adabiy ijodga yaroqsiz topgan taqdiringizda ham, luchshe mne bыt okololiteraturnыm tipom, chem primazыvatsya k drugim professiyam.

Ya doljen ostatok svoyey jizni projit prokarmlivayas okolo literaturы. Na xudoy konets ya gojus v zavxozы v dome otdыxa «Injiqobod», doljnost kotoraya v odno vremya nikto ne xotel vzyat na sebya, daje iz-za etogo zakrыli dom otdыxa.

SSSR Oliy Sovetining 17.IX.55 yilda e’lon etilgan farmoni asosida men O‘zbekiston Yozuvchilar soyuzi idorasida 1942 yil martiga qadar ishlab turgan o‘rnimni talab etishga haqlidirman. Lekin bunday masala Toshkentga yetib borganimda hal bo‘lajak.

Hozircha siz meni soyuzning zavxozimi, qorovuli yoki pechlarga o‘t qalovchisi sifatida ishga qabul etishingizni iltimos etaman. Qonun bo‘yicha uzoq yerdan ishga qabul etilgan odamning oilasini ish joyiga keltirish uchun poyezd kira va yo‘l xarji to‘lanadi…»

M. Davronning ana shunday mazmundagi ariza va murojaatnomasiga rad javobi berilgan. Ammo ko‘p o‘tmay, uning o‘zi Toshkentga qaytib kelib, Yozuvchilar uyushmasining a’zoligiga tiklashlarini so‘rab, yana ariza berdi. Jumhuriyat Yozuvchilar uyushmasi hay’atining 1956 yil 27 fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida M. Davronning shaxsiy ishi va arizasi keng muhokama qilindi. Muhokamada so‘zga chiqqan yozuvchilar sobiq hamkasblariga turli savollar berib, uning uyushmaga azo bo‘lib tiklanishi masalasiga o‘z munosabatlarini izhor etdilar.

Mana, yig‘ilishning rus tilidagi qaydnomasidan ko‘chirmalar:

«A. Qahhor. Nemislar bilan hamkorlik qilganmisiz?

Davron. Turkiston qo‘mitasi tomonidan nashr etilgan nemis jaridasida hamkorlik qilganman. Ro‘znomalarga ishqiy she’rlar va obzor maqolalar yozib berganman.

A. Qahhor. Niqoblanish maqsadidami?

Davron. Men shunday qilishga majbur edim.

A. Qahhor. Siz asirlikdan o‘z yurtingizdagi qarindosh-urug‘laringizga xat yozib turganmisiz?

Davron. Yo‘q, yozmaganman, ilojim yo‘q edi.

A. Qahhor. Bir eslab ko‘ring, balki yozgandirsiz? Sizning xatingiz maktab daftarining varaqlariga yozilgan edi. Men uni hammaga ko‘rsatganman. Uch oydan ortiq vaqt davomida o‘sha xatingizni olib kelgan Vatan xoinini qidirdik, ammo topa olmadik. Yana siz vijdoningizning tozaligi haqida so‘zlab o‘tiribsiz.

I. Sultonov. Musa Jalil degan shoirni bilasizmi? Ana o‘shanday kishilardan yozuvchi chiqadi, sizga o‘xshaganlardan emas!

Sheverdin. Siz nemislardan maosh olganmisiz yo qalam haqi? Qayerda yashagansiz? Soqchining nazari ostidami yo yo‘qmi? Chiqargan varaqalaringizning xarakteri qanday edi?

Davron. Men oylik olganman — oyiga 300 marka. Xususiy xonadonda yashaganman va Berlinda erkin yurganman. Turkiston qo‘mitasi sovet qo‘shinlariga qarshi kurashga chorlovchi millatchilik ruhidagi va tuhmatdan iborat varaqalar chiqarar, ular asirlar o‘rtasida tarqatilar edi.

M. Muhamedov. Siz peshqadam o‘zbek yozuvchilari to‘g‘risida nemis ro‘znomalarida nimalarni yozgansiz?

(Davron javob bermadi).

G‘. G‘ulom. Nemis tilini bilasizmi? Siz axir Geyneni asl nusxadan tarjima qilgansiz?

(Davron javob bermadi.)

Mirmuhsin. O‘zingizni xoin deb hisoblaysizmi?

Davron. Ha, hisoblayman.

A. Rahmat. Shaxsan siz arab va lotin yozuvlarida chiqarilgan sovetlarga qarshi varaqalarni yozganmisiz?

(Davron javob bermadi.)

M. Boboyev. Sizni lagerdan Berlinga qanday yuborishgan, soqchi bilanmi, yo?..

Davron. Meni nemis ofitseri olib borgan.

M. Hakimov. Qanday holatda kontuziya bo‘lgansiz? Siz qatnashgan ro‘znomaning muharriri kim edi?

Davron. Meni 1943 yilning 8 iyunida yerto‘ladan olib chiqishgan. Ro‘znomaning muharriri Abdulla To‘laganov edi».

Shunday mazmundagi savol-javoblardan so‘ng yozuvchilar Davronning shaxsiy ishi bo‘yicha so‘zga chiqishgan:

«M. Hakimov. Davron o‘z arizasida kontuziya orqasida asirlikka tushganman, deb yozgan. Men uni soppa-sog‘ holda asir tushgan, deb aytishni xohlardim. U Turkiston qo‘mitasiga o‘z ixtiyori bilan ishga kirgan. Modomiki, u xususiy xonadonda yashagan va Berlinda erkin harakat qilgan ekan, bizning tomonga qaytib o‘tishi mumkin edi. Meni uning «vijdonim toza» degan so‘zlari g‘azablantirmoqda. Davron singari kimsalar tufayli bizning qanchadan-qancha ajoyib odamlarimiz halok bo‘lib ketdi.

Turkiston qo‘mitasi chiqargan varaqalar va nemis ro‘znomalari bizning frontdagi ishimizga juda katta talafot keltirgan. U bo‘lsa, bu ro‘znomalarda ishqiy she’rlar bilangina ishtirok etgan emas…

G‘. G‘ulom. Musa Jalil mardligi va sovet kishisining pok yuragiga ega bo‘lgani uchun unga vafotidan keyin Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni berildi. U chekkan azob-uqubatlariga qaramay, so‘nggi kunlariga qadar o‘z Vataniga sodiq bo‘lib qolgan. Men taklif etaman: bundan keyin Davron tashkilotimiz bo‘sag‘asini xatlab o‘tmasin. U hozirning o‘zidayoq bu xonani bo‘shatib qo‘ysin. Bizning oramizda unga joy yo‘q!

Uyg‘un. Siz, Davron, ablah edingiz va ablah bo‘lib qolgansiz… Davronning sovet xalqining yuziga qarashga hech bir ma’naviy huquqi yo‘q. U ilgari ham iste’dodsiz, razil bir odam edi…

M. Boboyev. Men Musa Jalil asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qildim. Kitob hozir bosmadan chiqdi. U sofdil inson edi. U bizning tuzumimiz, bizning Vatanimizni sevardi. U o‘z jonini saqlab nemislarga adabiy ishi bilan xizmat qilish o‘rniga ishchi batalonlarida ishlashi lozim edi… Bu sharmandali jinoyat. U bizga yolg‘on gapiryapti. Uning so‘zlariga ishonish mumkin emas.

Mirmuhsin. Davron nima uchundir bizni laqillatmoqchi. Avfga ko‘ra, ozodlikka chiqqan kishilar yashab ishlashlari mumkin. Sovet hukumati ularga nisbatan insonparvarlik qilgan… Ammo biz sizni o‘rtoq deb aytolmaymiz. Sizning yo‘lingiz — Vatan xoinining yo‘li. Sizning biror satringiz ham matbuotda bosilmasligi kerak. Sizga o‘xshagan kishilarga bizning safimizda o‘rin yo‘q.

M. Muhamedov. Vatanimiz uning hayotini saqlab qolgani uchun u o‘zini baxtiyor deb bilishi lozim. Unga o‘xshagan kishilarning yashashga haqlari yo‘q…»

Yozuvchilar uyushmasining hay’ati shu kuni M. Davronning arizasini bir og‘izdan rad etib, uning uyushmaga a’zo qilib tiklanishiga qarshi ovoz bergan. Davron keyinchalik ham O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining rahbariyatiga murojaat etib, a’zolik huquqini tiklab berishlarini bir necha bor so‘radi. She’rlar kitobini nashr etish uchun sa’y-harakat qildi. Ammo uning manglayidagi “xoinlik” tamg‘asi bu har ikki ishning ro‘yobga chiqishiga xalal berib turdi.

Ikkinchi jahon urushining boshlanganiga bukun yarim asrdan oshdi. Urushda vayron bo‘lgan shahar va qishloqlar allaqachon tiklangan. Qanchadan-qancha harbiy jinoyatchilar vaqt o‘tishi sababli avf etilgan. Shuning uchun ham bugun Madamin Davron singari zamona zayli bilan urushning o‘zga sohilda qolgan qurbonlariga, ularning har ikki sohildagi faoliyatlariga yangicha tafakkur qonunlari asosida yondoshish lozim bo‘ladi. Agar ularning o‘z xalqlari madaniyatining manfaati yo‘lida chekkan zahmatlari taroz bosgudek bo‘lsa, hamyurtlarimizni balki ular ijodi bilan tanishtirish vaqti yetib kelgandir. Axir, rus birodarlarimiz ham allaqachonoq shu yo‘ldan og‘may-tolmay bormoqda.

Insonparvarlik va olijanoblik biz yashayotgan xilqatning yagona qonuni bo‘lishi lozim.

To‘g‘ri, shunday gunohlar bo‘ladiki, ular hamisha afsus va nadomat bilan, la’nat so‘zlari bilan tilga olinadi. Bu — xalqiga, vataniga nisbatan qilingan jinoyatdir. Xalq va vatan oldidagi jinoyat esa faqat urush maydonlarida emas, tinchlik va omonlik yillarida, Orol bo‘ylari va Chernobildek baxti qaro joylarda ham sodir bo‘lishi mumkin. Buni avlodlar yodda tutishi lozim.

“Fan va turmush” jurnali, 1990 yil, 10-son