Muhammadjon Xolbekov. Tarjima nazariyasi fan sifatida

O‘zbek tarjimachilik maktabi o‘zining uzoq yillik an’analari va tajribalariga ega. Xususan bu sohada keyingi yillarda amalga oshirilayotgan ishlar katta ko‘lam va miqyosni tashkil qilmoqda. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, turli oliy o‘quv yurtlari va adabiy nashrlarda bu mavzuda turli davra suhbatlari, bahs va munozaralar uyushtirilmoqda. Mazkur chiqishlarda o‘zbek tarjimachiligining yutuq va kamchiliklari va istiqbolda qilinishi kerak bo‘lgan ishlarga e’tibor qaratilmoqda.

Shu munosabat bilan e’lon qilinayotgan maqolalarda tarjima nazariyasi va amaliyoti muammolari, mamlakatimiz va xorijiy tarjima maktablari hamda bugungi jarayoni haqida so‘z boradi.

Tarjima haqida ilk nazariy fikr­lar dastlab qadim Rimda yuzaga kelgan edi. Yunon va lotin tillarini mukammal bilgan Aristotel, Sitseron va Goratsiy tarjima jarayonida so‘z ketidan quvish yaramaydi, ularning ma’no ifodalarini avval tarozida o‘lchab, keyin tarjima qilish ma’qul, degan fikrni bildirganlar. Keyinchalik Italiyada Bartolomeo va Manetti, Frantsiyada dyu Belle va Malerb, Ang­liyada Bekon va Drayden, Germaniyada Gyote va Gumboldt, Rossiyada Lomonosov va Sumarokov tarjima xususida o‘z nazariy tushunchalarini bildirib o‘tganlar.

Xullas, to XX asrga qadar “tarjima” so‘zi muayyan ma’no kasb etib, faqat tarixiy, falsafiy va adabiy asarlar o‘girmasiga nisbatan qo‘llanilib kelingan, og‘zaki tarjimonga nisbatan esa turkiyda “tilmoch”, slavyanlarda “tolmach”, nemis tilida “dolmetschen”, ingliz va frantsuz tillarida “interpret” atamalari ishlatilgan. Tarjima nazariyasi xususida aytilgan fikrlar ham shu yo‘sinda umumiy ma’noga ega bo‘lgan. Masalan, taniqli frantsuz tilshunosi Jorj Munenning ta’kidlashicha, F.de Sossyur (1857-1918) va O. Garri Yespersen (1860-1943) tadqiqotlarida tarjima nazariyasi haqmmmmida fikrlar yo‘q, hatto Sh. Balli (1865-1947) va ­J. V­­­a­n­driyes (1875-1960) asarlarida ham bu xususida mulohaza bildirilmaydi.

Tarjima nazariyasiga bag‘ishlangan ilk tadqiqotlar o‘tgan asrning yigirmanchi yillarida yuzaga kela boshladi. Bu davrda nashr qilingan F.R.Amos, J.P.Postget, O.M.Finkel, M.P.Alekseev kitoblarida, Sanjar Siddiqning “Adabiy tarjima san’ati” (1936 y.) risolasida ham tarjima nazariyasini fan sifatida e’tirof qiluvchi aniq fikrlar bildirilmagan edi. Tarjima nazariyasini fan sifatida ta’riflovchi va bunga da’vat etuvchi tadqiqotlar asrning elliginchi yillariga kelib e’lon qilina boshlandi. Aniqrog‘i, 1952 yil “Inostrannыe yazыki v shkole” jurnalida taniqli tarjimon I.Kashkinning “Ishonchsiz tamoyil va noaniq xulosalar” va taniqli tilshunos A.A.Reformatskiyning “Tarjimaning lingvistik masalalari” nomli maqolalarining chop qilinishi bu sohada bahs-munozaralarning boshlanishiga sabab bo‘ldi. Masalan, professor A.A.Reformatskiy o‘z maqolasida “tarjima amaliyoti barcha fanlar uchun xizmat qilsa-da, tarjima nazariyasi mustaqil fan bo‘la olmaydi. U tilshunoslikning bir bo‘limigina bo‘lishi mumkin”, degan da’vo bilan chiqadi. Tez orada olimning bu fikriga qarshi tarjimashunos A.V.Fedorov: “Tarjima nazariyasi fan sifatida e’tirof qilinishi zarur. Faqat u qurilishi jihatidan tilshunoslik yo‘nalishiga vobasta bo‘lmog‘i kerak” degan g‘oyani ilgari suradi. Bu yillarda O‘zbekistonda ham tarjima nazariyasi xususida dadil fikrlar aytila boshlandi. Asqad Muxtor, Jumaniyoz Sharipov, G‘aybulla Salomov, Ninel Vladimirovalarning tarjima nazariyasidan bahs yurituvchi risola va maqolalari nashr qilindi.

1953 yili Xalqaro tarjimonlar uyushmasi – FIT (Federation Internationale des Traducteurs) ning tashkil qilinishi tarjimon va tarjimashunoslar faoliyatining yanada ravnaq topishida muhim rol o‘ynadi. 1955 yildan uyushma organi “Babel” (“Bobil”) jurnali nashr etila boshlandi. Bu yillarda turli mamlakat olimlarining tarjima nazariyasi muammolariga bag‘ishlangan tadqiqotlari birin-ketin bosilib chiqdi. Ular orasida frantsuz Jorj Munenning “Go‘zal, ammo bevafo”, ingliz Teodor Savorining “Tarjima san’ati” kitoblari o‘sha davrda muhim ahamiyat kasb etdi. Ayniqsa, kanadalik tilshunoslar J.P.Vine va J.Darbelnening 1958 yilda nashr qilingan “Frantsuz va ingliz tillarining qiyosiy stilistikasi. Tarjima tadorigida” monografiyasida tarjima nazariyasi qiyosiy tilshunoslik yo‘sinida talqin qilinib, mualliflar uni sof tilshunoslik izmidagi fandir, degan tezisni ilgari surdilar. Ular o‘z fikrlarini taniqli tilshunos olim Sharl Balli ta’limotiga yaqinlashtirib, tarjima ham ikki tilga mansub sistemadir, u asliyat va tarjima tilining o‘zaro yaqinlashuvi jarayonida yuzaga keladi. Bu jarayonda asliyat tili o‘z holatini o‘zgartirmaydi, tarjima tili esa mavjud sharoitga qarab o‘zgaradi va asliyat tilining lisoniy holatlarini o‘zida ifoda etishga majbur bo‘ladi, degan to‘xtamga keladilar.

O‘tgan asrning oltmishinchi yillari boshida frantsuz olimi E.Karining “Tarjima nazariyasi sari” va amerikalik tilshunos Yu.Naydaning “Tarjima nazariyasi xususida” nomli mazmunan bir-birini to‘ldiruvchi tadqiqotlari bosilib chiqdi. E.Kari o‘z kitobida tarjima nazariyasini mustaqil fan tarzida e’tirof etish bilan birga umumiy “tarjima nazariyasini yaratmoq payti keldi”, degan fikrni bildirgan bo‘lsa, Yu.Nayda tarjima amaliyoti va nazariyasining vobasta ilmiy tamoyillarini ishlab chiqmoq lozimligini uqtirish bilan, tarjima nazariyasiga “dinamik ekvivalent” (so‘zlarning teng ma’noli muqobillari) tushunchasini olib kirdi.

Bu davrga kelib sobiq Ittifoqda ham tilshunos va adabiyotshunos olimlarning tarjima nazariyasi talqiniga bag‘ishlangan tadqiqotlari e’lon qilindi. Masalan, A.V.Fedorov “Tarjima nazariyasiga kirish” kitobini 1958 yil kayta nashr ettirarkan, unga “lingvistik ocherk” tagsarlavhasini ilova qilgan edi. Ko‘p o‘tmay ushbu nashr mazmuni va mundarijasi atrofida qizg‘in bahs-munozaralar boshlandi. Ittifoq olimlari o‘rtasida tarjima nazariyasiga ikki tomonlama: tilshunoslik va adabiyotshunoslik ilmi nuqtai nazaridan talqin qilish muammosi yuzaga keldi. 1959 yildan ittifoq Yozuvchilar uyushmasi tashabbusi bilan “Tarjima mahorati” almanaxi va 1963 yildan tilshunoslik ilmining markazlaridan biri sanalgan Moskva Davlat chet tillar pedagogika instituti olimlari sa’y-harakati bilan “Tarjimon daftarlari” ilmiy to‘plami nashr etila boshlandi. “Tarjima mahorati” almanaxida taniqli adabiyotshunoslarning tarjima – bu adabiy jarayon va badiiy ijod, tarjima nazariyasi esa adabiyotshunoslikka asoslangan fandir, deguvchi maqolalari muntazam chop qilinib kelingan bo‘lsa, “Tarjimon daftarlari” to‘plamida ko‘plab tilshunoslarning tarjima – bu matn bilan bog‘liq lingvistik jarayon, tarjima nazariyasi ham lisoniy tahlilga asoslangan fandir, deya e’tirof etguvchi tadqiqotlari bosilib kelindi.

O‘sha yillari O‘zbekistonda ham tarjima nazariyasi fan sifatida e’ti­rof etila boshland­i. Prof. A.A.Reformatskiy va A.V.Fedorovning tarjima nazariya­si xususida bildirgan fikrlari yo‘nalishida bahs yurituvchi o‘zbek olimlari N.V.Vladimirova (“Nekotorыe voprosы xudojestvennogo perevoda s russkogo na uzbekskiy yazыk”, 1957), J.Sharipov (“Nekotorыe prob­lemы poeticheskogo perevoda”, 1958), G‘.Salomov (“Maqol va idiomalar tarjimasi”, 1961) larning tadqiqotlari yuzaga keldi. 1961 yil professor G‘aybulla Salomov asos solgan “Tarjima san’ati” ilmiy to‘plamining birinchi kitobi bosilib chiqdi. Mualliflar o‘sha davr talabidan kelib chiqqan holda o‘z tadqiqotlarida tarjima nazariyasining ba’zi lingvistik va poetik xususiyatlarini yoritishga harakat qilgandilar.

Biroq, o‘tgan asrning oltmishinchi yillaridan boshlab sobiq Ittifoq va xorijiy olimlar davrasida tarjima nazariyasi tilshunoslik tadorigidagi fandir, deguvchilar soni ortib, ular ta’limoti yetakchi o‘ringa chiqib oldi. Masalan, 1964 yili rus tilshunoslari I.Revzin va V.Rozentsveygning “Umumiy va mashina tarjimasi asoslari” nomli monografiyasi e’lon qilindi. Monografiyada olimlar tarjima nazariyasi tilshunoslik yo‘nalishidagi fan bo‘lishi lozim, deguvchi ta’limotni yanada chuqurlashtirib, tarjimani strukturaviy tilshunoslik qolipida talqin qilmoq va shu tamoyilda tahlil etmoq darkor, degan fikrni targ‘ib qilishdi. Hatto ular A.V.Fedorov “Tarjima nazariyasiga kirish” kitobining 1958 yilgi nashri mazmuni va mundarijasiga tanqidiy yondashib, olimning tarjima nazariyasini yaratishda yakdil bir to‘xtamga kelolmaganligini, tarjima nazariyasining sof lingvistik fan ekanligini isbotlab berolmaganini tanqid qildilar. Shu bilan birga ular “mashina tarjimasi” ning nazariy muammolari xususida ham keng to‘xtalib, bu borada ham o‘zlarining lingvistik nazariyasini olg‘a surishdi.

O‘tgan asrning oltmishinchi yillarida N.Vladimirova, J.Sharipov, G‘.Salomov, Yu.Po‘latov, J.Bo‘ronov, A.S.Aznaurova, A.Abduazizov, Q.Musayev, G.G‘afurova, S.Salomova, N.Komilov singari tarjimashunos olimlar tomonidan yaratilgan ilmiy tadqiqotlar O‘zbekistonda ham tarjima nazariyasi borasida keng ko‘lamda izlanishlar olib borilganidan dalolatdir. Ular orasida tarjima nazariyasining lingvistik tamoyillarini yaratishda professor A.V.Fedorov izlanishlarini davom ettirgan professor G‘aybulla Salomovning xizmatlarini alohida ta’kidlab o‘tmoq o‘rinlidir. Olimning 1966 yil nashr qilingan “Til va tarjima” monografiyasi O‘zbekistonda tarjima nazariyasi fanining keyingi ravnaqiga katta hissa qo‘shdi. Qolaversa, bu tadqiqot respublikamizda tarjima nazariyasining lingvistik va umumfilologik asoslarini ishlab chiqqan ilk nazariy manba bo‘lib, u G.Gachechiladze (Gruziya), B.Tohirbekov (Ozarbayjon), L.Mkrtchyan (Armaniston), M.Avezov (Qozog‘iston), Ye.Etkind (Rossiya), V.Koptilov (Belorussiya) kabi nazariyachilarning tadqiqotlari qatorida alohida e’tirof qilindi. Darvoqe, olimning ushbu monografiyasida tarjimaning asosiy “qurilish materiali” bo‘lgan so‘z, uning fonetik libosi, semantik va uslub xususiyatlari hamda tarjima jarayonida sinonimlardan istifoda etish kabi muammolar mufassal tahlil qilingan edi. Shuningdek, bu yillarda yaratilgan L.Abdullayevaning “Rus tilidan o‘zbekchaga tarjimaning stilistik masalalari” (1964), Q.Musayevning “Ingliz tilidan o‘zbekchaga badiiy tarjimaning stilistik muammolari” (1967) A.M.Narziqulovning “Frantsuz frazeologiyasi va frantsuz-o‘zbek badiiy tarjimachiligi masalalari” (1969) kabi tadqiqotlari ham tarjima nazariyasining lingvistik muammolariga bag‘ishlangan edi.

Oltmishinchi yillar oxiri va yetmishinchi yillar boshida g‘arb tarjimashunosligida Jorj Munen (Frantsiya), Irjiy Leviy (Chexoslovakiya), S.Vlaxov va S.Florin (Bolgariya) kabi olimlar e’tiborga molik tadqiqotlar yaratdilar. Masalan, Jorj Munen o‘zining “tarjima – doimo til bilan bog‘liq hodisadir” mazmunidagi tezisini badiiy tarjima jarayoniga ham taalluqlidir, deyish bilan quyidagi fikrni ilgari suradi: “Har bir asar o‘z davrining ijtimoiy-madaniy hodisasi bo‘lib, u faqat o‘sha xalq tili orqali ifodalanadi, tilning ishtiroki va bevosita takomillashuvi evaziga yuzaga keladi. Shunday ekan, ushbu asarni ikkinchi bir tilga o‘girish ham faqat til vositasidagina amalga oshiriladi va lisoniy hodisaga aylanadi”. J.Munenning ushbu kontseptsiyasi va R.Yakobson (AQSh)ning “Tarjimaning lingvistik tamoyillari” maqolasida ilgari surilgan tarjimaning semiotik (belgilarga asoslangan) tushunchasi va tillararo lisoniy hodisa ekanligi g‘oyasiga asoslangan “Leyptsig maktabi” vakillari o‘tgan asrning yetmishinchi yillarida tarjimaning lingvistik nazariyasi bilan jiddiy shug‘ullandilar. Masalan, ular tilshunos Otto Kade (Germaniya) tarafidan iste’molga kiritilgan “translatsiya” atamasini “tarjima” so‘zi bilan almashtirish maqsadga muvofiqligini ma’qul topishdi. Sababi, “translatsiya” (lat. translatio – o‘tkazish, ko‘chirish, almashtirish) tushunchasi “tarjima” tushunchasiga nisbatan umumiyroq ma’noga ega bo‘lib, u “yozma tarjima” va “og‘zaki tarjima” tushunchalarini o‘z ichiga qamrab oladi. “Leyptsig maktabi” izdoshlaridan bo‘lgan nemis tilshunosi Katarina Rays o‘zining “Tarjima tanqidining chegarasi va imkoniyatlari” kitobida tilshunoslarning lingvistik nazariyasiga bir qadar aniqlik kiritib, “Otto Kade, Rudolf Yumpelt, Yudjin Nayda, Rolf Klyopfer va Ralf-Rayner Vitenoularning oxirgi o‘n besh yil ichida e’lon qilgan tadqiqotlari tarjimashunoslik ilmida muhim ahamiyat kasb etsa-da, biroq to hanuzga qadar tarjima amaliyotining barcha sohalarini o‘zida qamrab olgan mukammal tadqiqot yaratilmadi”, degan fikrni ilgari surdi. Masalan, O.Kade tadqiqotlarida pragmatik matnlar tarjimasi, R.Yumpelt ilmiy-texnikaviy matnlar tarjimasi, Yu.Nayda (AQSh) “Injil” tarjimasi, R.Klyopfer badiiy matnlar tarjimasi, R. R. Vitenou (Isroil) esa klassik matnlar tarjimasi misolida o‘z nazariy kontseptsiyalarini yaratishga muvaffaq bo‘ldilar.

Tilshunos Katarina Rays ta’rificha, tarjima amaliyotida asosiy holat matnning turli-tumanligiga bog‘liq bo‘lib, olima quyidagi matn turlarini keltirib o‘tadi: a) paragmatik matn; b) badiiy matn; v) og‘zaki matn. Birinchisida tarjimon aniqlik va muqarrarlikka, ikkinchisida obrazlilikka; uchinchisida esa suhbatdosh nutqining mazmuniga asosiy e’tiborni qaratmog‘i lozim bo‘ladi.

1968 yil professor A.V.Fedorov monografiyasining qayta ishlangan uchinchi nashri bosilib chiqdi. Olim o‘zining ko‘p yillik izlanishlarini umumlashtirarkan, tarjima nazariyasi lingvistik yo‘nalishdagi fan, degan yakuniy xulosaga keladi. Bu yillar mobaynida rus olimlaridan A.D.Shveytserning “Tarjima va tilshunoslik”, V. N.Komissarovning “Tarjima haqida so‘z”, L.S.Barxudarovning “Til va tarjima” nomli monografiyalari ham chop qilindi.

Shu tariqa o‘tgan asrning yetmishinchi yillari boshida sobiq Ittifoq oliy o‘quv yurtlarining roman-german tillari fakultetlari va chet tillar institutlarida tarjima nazariyasi va amaliyoti kursi joriy qilinib, ularda moskvalik olimlar tomonidan tuzilgan o‘quv dasturi asosida mashg‘ulotlar olib borila boshlandi. Moskva Davlat chet tillari pedagogika instituti esa tarjimaning lingvistik nazariyasi yo‘nalishdagi ilmiy tadqiqotlar markaziga aylandi. Bu yillar O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlarida ham tarjima nazariyasi va amaliyotidan mashg‘ulotlar yo‘lga qo‘yildi.

Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning filologiya va jurnalistika fakulteti huzurida tashkil etilgan Tarjima nazariyasi kafedrasi prof. G‘.Salomov rahbarligida bu ishga bosh-qosh bo‘ldi. Ayniqsa, olimning 1973 yilda nashr qilingan “Tarjima tarixi”, “Tarjima nazariyasiga kirish”, “Umumiy tarjima nazariyasi asoslari” o‘quv dasturlari respublikamiz oliy o‘quv yurtlarida tarjima nazariyasi kursini o‘qitishda asosiy dasturulamal bo‘lib xizmat qildi. Shundan so‘ng uning “Tarjima asoslari” (1976) va “Tarjima nazariyasiga kirish” (1978) darsliklari e’lon qilindi. Olim ularda tarjima – lisoniy, adabiy-estetik hodisa, so‘z san’ati, tarjimon esa ijodkordir, degan tezis asosida tarjima jarayonini keng miqyosda tadqiq qilib bergan edi.

Xullas, professor G‘aybulla Salomovning “Tarjima nazariyasiga kirish” darsligi oliy o‘quv yurtlarining filologiya fakultetlarida ta’lim olayotgan talabalar va tarjimashunoslik ilmi borasida nazariy tadqiqotlar yaratishga kirishgan ilmiy xodimlar uchun ham yo‘riqnomaga aylandi. Shuningdek, J.Bo‘ronov, E.Aznaurova, Q.Musayevlarning darslik va monografiyalari, A.Abduazizov, N.Komilov, M.Sulaymonov, R.Fayzullayeva, Ya.Egamova, I.Mirzayevlarning dissertatsiya va maqolalarida tarjimaning lingvistik nazariyasi xususidagi ba’zi fikrlar davom ettirildi.

Bu yillarda Yevropa tilshunoslari ham tarjima nazariyasining turli lingvistik tamoyillarini ishlab chiqishga harakat qildilar. Masalan, nemis olimlari R.Yumpelt, A.Lyudskanov va K.Rays tarjima nazariyasini “til haqidagi va tilshunoslikka tayanuvchi fan”, deb uqtirish bilan, badiiy asar tarjimasida asosan matnning janr xususiyati va “matn formasi” muhim o‘rin tutadi, degan to‘xtamga keldilar. Sababi, badiiy asar tarjimasida matndagi informatsion mazmun emas, balki undagi kontekstual (tagmazmun) ma’no ifodasini saqlab qolmoq zarurdir.

1980-yillarga kelib tarjima nazariyasining tilshunoslik yo‘nalishi tamoyillari yanada takomillashdi. Tarjimaning adabiyotshunoslik yo‘nalishiga mansub I.Kashkin va G.Gachechiladzening “realistik tarjima nazariyasi” o‘rnini D.Dyurishinning “tarjima xalqaro adabiy jarayon taraqqiyotida muhim o‘rin egallovchi adabiyotlararo kommunikativ vositadir” deguvchi nazariyasi egalladi. Lingvistik tarjima nazariyotchilari R.Klyopfer, R.R.Vitenou, I.Leviy qarashlarining davomchisi slovakiyalik olim A.Popovich tarjimaning kommunikativ asoslarini ishlab chiqdi. Biroq olim R.Klyopfer, I.Leviy va I.Kashkin, G. Gachechiladze fikrlariga qarshi o‘laroq, tilshunoslarni tarjimaning yakdil va aniq lingvistik talqinga asoslangan nazariyasini yaratishga da’vat etdi. Masalan, A.Popovich tarjima nazariyasining shakllangan lingvistik asoslari umumiy ma’no kasb etib, u badiiy tarjima qonuniyatlariga tamomila mos kelmasligini ta’kidlarkan, badiiy tarjima amaliyotini modellashtirishda faqat asar matniga, uning tahlili va talqiniga taalluqli lingvistik jihatlarnigina hisobga olmoq zarur, to‘liq lingvistik modellarni badiiy matn tarjimasiga majburan yuklamaslik kerak, degan xulosaga keladi.

Bu yillarda O‘zbekistonda professor G‘aybulla Salomov (ToshDU) va professor Jumaniyoz Sharipov (O‘zFA) rahbarligida shakllangan tarjimashunoslik maktabi olimlari tarjima nazariyasining umumfilologik muammolarini tadqiq qilish bilan mashg‘ul bo‘ldilar. Masalan, R.Fayzullayeva, M.Sulaymonov, I.Mirzayev kabi olimlar nemis, ingliz, frantsuz tillaridan o‘zbek tiliga tarjimaning lingvistik masalalari mavzusida tadqiqotlar yaratishgan bo‘lsalar, Sh.Ro‘ziyev, Ya.Egamova, D.G‘ulomova, Q.Jo‘rayev, M.Xolbekov, M.Baqoyeva, N.Otajonov, U.Sotimov, J.Yusupov, Yo.Hamroyev kabilar badiiy tarjimaning umumfilologik muammolarini tadqiq etgan nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qildilar. Ular izidan tarjimashunoslik ilmiga qadam qo‘ygan S.Xaitov, S.Olimov, Z.Isomiddinov, R.Abdullayeva, G‘.Xo‘jayev, Q.Tojiyev, B.Ermatov, S.Azimov va boshqalar jahon adabiyotidan o‘zbek tiliga o‘girilgan tarjima asarlarining badiiy jihatlarini o‘rgandilar. Ustoz G‘aybulla Salomov o‘zining tarjima nazariyasi borasidagi izlanishlari natijasi o‘laroq 1982 yil “Adabiy an’analar va badiiy tarjima muammolari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Tadqiqotda olim asosan tarjimada adekvatlikka erishish printsiplarini tahlil qilarkan, bu borada Shekspir asarlari tarjimasi misolida “tarjima-ta’sir-tarjima” tamoyilini keng ma’noda asoslab berdi (Karang. A.Abduazizov, M.Xolbekov. Atoqli tarjima nazariyotchisi// O‘zbekiston adabiyoti va san’ati, 2012,14 dekabr). Olimning bu ishi uning tarjima nazariyasi bobida yaratgan so‘nggi yirik tadqiqoti bo‘lib qoldi.

Taniqli tilshunos Yu.Nayda esa tarjima nazariyasiga to‘rt taraflama, ya’ni filologik, lingvistik, kommunikativ va sotsiosemantik yondashuv lozimligini taklif etadi. Filologik yondashuv zamirida badiiy matn, ya’ni uning strukturaviy va stilistik xususiyatlari mujassam bo‘lib, ularning yechimi lingvistik nazariyaga tayanadi. Lingvistik yondashuv zamirida esa ikki tilning leksik va sintaktik holatlariga e’tiborni qaratmoq lozim bo‘ladi. Bu holatda tillarning kommunikativ funktsiyasiga tayaniladi. Tarjimaga uchinchi yondashuv – sof kommunikativ jarayon hisoblanib, unda asosan ijtimoiy sharoit va kommunikatorlar orasidagi o‘zaro muloqot hisobga olinadi. To‘rtinchisi, tarjimaga nisbatan sotsiosemiotik yondashuv hisoblanib, unda tarjima qilinayotgan matn uchta asosiy faktorga: belgi, referent (matn) va interpretant (talqin qiluvchi)ga asoslanadi. Bu jarayonda asosan sinonimik belgilar (elementlar) hal etuvchi vazifani bajaradi.

Xulosa qilib aytganda, keyingi jarayonda har ikki olimning fikri g‘arb tilshunoslarining diqqat-e’tiborida bo‘ldi. Yuqoridagi barcha talqinlar sof lingvistik xarakterga ega bo‘lib, tarjima nazariyasini hozirgi zamon tilshunoslik fani qonuniyatlari bilan vobastaligi va kommunikativ aloqa vositasi funktsiyasini bajarishi isbotlandi. Va nihoyat FITning sobiq prezidenti, bolgariyalik tarjimashunos Anna Lilova asliyat va tarjimaning tipologik tahlilini lingvistik nazariya va tarixiy jarayon bilan bog‘lab olib borish zarurligini uqtirarkan, u yoki bu matnni o‘girishda tarjimon shu jihatlarni e’tiborga olmog‘i zarur, deya ta’kidlaydi. Olimaning ta’riflashicha, tarjimaning quyidagi uch turi: a) og‘zaki tarjima; b) yozma tarjima; v) mashina tarjimasi va uch asosiy janri: a) ijtimoiy-siyosiy adabiyotlar; b) badiiy adabiyot; v) ilmiy-texnikaviy matnlar tarjimasi mavjuddir. Anna Lilovaning asl nusxa matnining janr va shakl xususiyatlari tarjima mezonini belgilovchi asosiy omil hamdir, degan fikri to hozirga qadar o‘z qimmatini saqlab kelmoqda.

Bu davrda O‘zbekistonda ham tarjima nazariyasi va adabiy aloqalar yo‘nalishida bir qator ilmiy tadqiqotlar yaratildi. Masalan, Naj­middin Komilov (“Xorazm tarjima maktabi”, 1987), Qudrat Musayev (“Tarjimaning lingvostilistik muammolari”, 1988), Muhammadjon Xolbekov (“O‘zbek-frantsuz adabiy aloqalari: tarjima, tanqid va idrok tadorigida”, 1991), Q.Jo‘rayev (“She’riy tarjimalarni xalqaro adabiy va folklor kontekstida qiyosiy o‘rganish”, 1991) ning doktorlik tadqiqotlari yuzaga keldi. Shuningdek, tarjima muammolariga bag‘ishlangan o‘nlab nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilindi. Ammo o‘zbek tarjimashunoslari g‘arb olimlarining tarjima nazariyasi xususidagi bahs-munozaralarida ishtirok etolmadilar. Ta’bir joiz bo‘lsa, bu davrga kilib o‘zbek tarjimashunoslik ilmi bir qadar orqada qola boshladi.

1993 yil Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan tarjimon va tarjimashunoslarning xalqaro simpoziumida so‘zga chiqqan ingliz tilshunosi G.Turi tarjimaning janr xususiyatlariga to‘xtalarkan, har qanday vaziyatda “adabiy tarjima” atamasini qo‘llash ma’qulligini ta’kidlagan edi. Uning fikricha, tarjima “badiiy” va “nobadiiy” asar matnini o‘zga tilda qayta tiklashdan iborat bo‘lib, ularning har ikkalasi ham asliyatda adabiy til normalarini o‘zida mujassam etajagini unutmaslik kerak. Shunday ekan, ikkala til (asliyat va tarjima)ning adabiy normalaridan bab-barobar foydalanmoq va ularni hisobga olmoq talab etiladi. Demak, tarjima A.Lilova ta’biricha, adabiy til hosilasidir. Yoki, tilshunos R.R.Vitenou ta’biri bilan aytganda, vaqt o‘tishi bilan tarjima asari ham “vatan adabiyoti” xazinasidan o‘rin olib, asliyatda yaratilgan ilmiy va badiiy kitoblar (janr xususiyatidan qat’i nazar – M.X.) qatorida o‘quvchiga o‘z “germenevtik” ta’sirini o‘tkazishi mumkin.

Xulosa qilib aytganda, tarjima va tarjimashunoslik ilmi o‘tgan XX asrda keng taraqqiy etdi, umumfilologik fan tarzida e’tirof qilindi. Uzoq davom etgan bahs-munozaralardan keyi­n tarjima nazariyasining lingvistik tamoyillari peshqadamlikni qo‘lga olgan bo‘lsa-da, XXI asr bo‘sag‘asida nazariya birmuncha tanazzulga yuz tutib, amaliyotdan ortda qola boshladi. Bu fikrni bevosita o‘zbek tarjimashunosligi xususida ham aytish mumkin. Sababi, so‘nggi o‘n-o‘n besh yil ichida tarjima nazariyasi muammolariga bag‘ishlangan yirik ilmiy tadqiqotlar yaratilmadi hisob. Yosh olimlar tomonidan himoya qilinayotgan nomzodlik dissertatsiyalari jahon tarjimashunosligi ilmi andozalari darajasida emas. Bir so‘z bilan aytganda, mustaqillik yillari “tarjima amaliyoti bir qadar jonlandi-yu, tarjimaning nazariy asoslari, yo‘nalishlari, istiqbollarini o‘rganish, tadqiq etish birmuncha susaydi” (X.Do‘stmuham­mad)­. Quvonarli tomoni shundaki, oliy o‘quv yurtlarida tarjima nazariyasi va amaliyotini o‘qitish birmuncha jonlandi. I.G‘afurov, A.Abduazizov, Q.Musayev, O.Mo‘minov, N.Qambarov, Sh.Sirojiddinov kabi taniqli tarjimon va tarjimashunos olimlarimizning sa’y-harakati tufayli tarjima nazariyasi va amaliyotiga oid darslik hamda o‘quv qo‘llanmalari chop etildi. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, “Jahon adabiyoti”, “Sharq yulduzi”, “Zvezda Vostoka”, “O‘zbek tili va adabiyoti”, “Tafakkur”, “Filologiya masalalari” jurnallarida tarjima nazariyasi va amaliyotiga oid maqolalar, bahs-munozaralar bosilmoqda. Vaholanki, o‘tgan “XX asr – tarjima asri” (P.F. Kaye) tarzida tarixda muhrlangan bo‘lsa, XXI asrda tarjima jahon xalqlari va tsivilizatsiyasi o‘rtasidagi “kommunikativ vosita” (P.M. Toper) sifatida yanada ham muhim ahamiyat kasb etishi turgan gap. Bu fikr FITning so‘nggi yillarda London, Moskva, Melburn va Shanxay simpoziumlarida ham olimlar tarafidan takror-takror aytilib o‘tildi. Endilikda, “o‘zbek adabiyoti asta-sekinlik bilan jahon adabiyoti jarayonlari bilan tutashib borayotgan” (I.G‘afurov) ekan, tarjima amaliyoti va uning nazariy jihatlariga ham jiddiy e’tibor qaratmog‘imiz lozim bo‘ladi.

Muhammadjon Xolbekov,

filologiya fanlari doktori, professor

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 4-son