Mavlono Otoyi o‘zbek klassik shoirlarining mo‘tabar va mashhurlaridandir. U XIV asr oxiri va XV asrda yashab ijod qildi. Bu davrda o‘zbek adabiy tili hali shakllanib ulgurmagan edi. Alisher Navoiyning ko‘rsatishicha, bu paytda Mavlono Ahmadiy, Mavlono Muhammad Sakkokiy, Mavlono Muqimiy, Mavlono Yusuf Amiriy, Mavlono Sayid Ahmad Xo‘jandiy, Mavlono Lutfulloh Lutfiy, Mavlono Gadoiy, Mavlono Yaqiniylar bilan bir qatorda o‘zbek tilida ajoyib va xo‘b ma’noli ijod qilgan Mavlono Otoyi bo‘ladi.
Bizningcha, shoir Otoyining haqiqiy nomi Husayn bo‘lib, keyinchalik Husayn Shayx deb atalgan bo‘lsa kerak. Filologiya fanlari doktori, marhum E. R. Rustamov tuzgan, 1958 yilda O‘zSSR Davlat adabiyot nashriyoti tomonidan chop etilgan Otoyining «Tanlangan asarlari»da «Mengo» radifli g‘azali bor. Shu g‘azalning oxiridagi ikki misra quyidagicha:
Men Otoyimen Husayniy husn ichinda sen Hasan,
Karbalodur ravzai bog‘i jinon sizsiz mengo.
Biz «Men Otoyimen Husayniy…» degan so‘zlarni shoirning taxallusi va o‘z nomi degan qarorga keldik. Bu mulohazamizni tarixiy ma’lumotlar ham tasdiqlamoqda.
Alisher Navoiy «Nasoimul muhabbat» asarida Husayn Shayx haqida shunday yozadi:
«Husayn Shayx — Ismoil ota farzandlaridandir. Mustahsan (go‘zal) muomilaliq kishi emish. Xalq aning atvorig‘a (xulqiga, fe’liga) firifta (giriftor) bo‘libturlar. Dunyo asbobi sori mayl qilmaydur (dunyo boyliklariga e’tibor qilmaydur) va bovujudi faqir o‘zini ul nav g‘aniy (kambag‘al bo‘lishiga qaramasdan o‘zini shunday boy) ko‘rguzur ermishki, xalq rioyat (ehson) yo‘lin topmaslar ermish. Olamdin o‘tgan zamonda manquldurkim (rivoyatkim, naqlkim), eldin g‘oyib (yo‘qolgan, yo‘q) bo‘lgandir. (Hozir bo‘lg‘ach (qaytib kelgach) boshi ustida bir qush qo‘ng‘on (qabr ustida bo‘lsa kerak) ermishki, hech kim ul nav 3 nusxa naqshu rang qush ko‘rmagandur. Elni ko‘rgach uchubtur». (Alisher Navoiy, 15-tom, 156-bet).
Mavlono Otoyi haqida Alisher Navoiy «Majolisun-nafois»ning ikkinchi majlisida shunday yozadi:
«Mavlono Atoyi (Otoyi bo‘lishi kerak, A. Navoiyning 12-tomini nashrga tayyorlovchi Otoyi so‘zini xato o‘qib, Atoyi yozgan bo‘lishi mumkin. — M. A.) Balxda bo‘lur erdi. Ismoil ota farzandlaridandir, darveshvash va xushxulq, munbasit (ochiq ko‘ngilli, nuroniy) kishi erdi. Turkigo‘y erdi. O‘z zamonida she’ri atrok (turklar, turk qabilalari, qadimgi o‘zbeklar) orasida shuhrat tutdi. Bu matla’ aningdur:
Ul sanamkim suv qirog‘inda paridek o‘lturur,
G‘oyati nozuklugidin suv bilan yutsa bo‘lur.
Qofiyasida ayibg‘inasi bor. Ammo Mavlono ko‘p turkona aytur erdi. Qofiya ehtiyojiga muayyad (bog‘lashga mohir) emas erdi. Qabri Balx navohisidadur». (Alisher Navoiy. 12-tom, 62— 63-betlar).
Zahiriddin Muhammad Bobur «Boburnoma» asarining Husayn Boyqaro davrida yashagan shaxslar, shoirlar va olimlarga bagishlangan bo‘limida Mavlono Shayx Husaynni «Hukamiyot va aqliyot va kalom ilmini xo‘b bilur edi. Oz alfozda (oz gapda) ko‘p so‘z topib, diqkat bila guftugu qilmoq (gapu so‘z qilmoq) oning ixtirosidur», deb ta’riflab, Sulton Abusaid Mirzoning zamonida juda katta hurmatga ega bo‘lib, uning har ishida u bilan maslahatchi va ulfat bo‘lganligini va Mirzo Husayn Boyqaro davrida negadir unga yoqmay qolib, qandaydir bir «ihonatlar» (tuhmatlar)ga yo‘liqtirilib xor kilinganligini yozgan.
Demak, Mavlono Otoyining nomi Husayn Shayx ekanligini aniqladik, desak bo‘ladi.
Endi shoir yashagan davrni, juda aniq bo‘lmasa-da, har holda bir oz yoritishga harakat qilamiz.
Akademik G‘afur G‘ulom 1959 yil 21 yanvarda «O‘zbekiston madaniyati» gazetasida «Atoyi emas, Otoyi» maqolasida quyidagilarni yozgan:
«Shoir Otoyining tarjimai holidan shu narsa aniqki, shoirning ota-bobolari nasab jihatidan bir-ikki bo‘g‘in orqali Ahmad Yassaviyga borib tutashadi. Shoirning otasi Ismoil ota, amakisi Ibrohim otalarning mozori Toshkentning shimolidadir. Bu mozorlar hali ham bor. Revolyutsiyagacha katta ziyoratgoh bo‘lgan yerlar, Shoir Otoyi shimoliy Turkistonning (Chimkent, Sayram, Turkiston, Iyqon, O‘tror) qaysi bir yeridadir tug‘ilib, keyin ma’rifat qidirib qadim poytaxtimiz Hirotga (Hiriyga) borib, shu yerda turgun bo‘lib qolgan bo‘lsa kerak. U Shohruh va Ulug‘beklar davrida yashagan, ijod qilgan».
Alisher Navoiy, G‘iyosiddin Muhammad Xondamir, Davlatshoh Samarqandiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Otoulloh Husayniy va 1950 yilda Moskvada bosilgan «Antologiya uzbekskoy poezii» kitobining 107-betida berilgan ma’lumotlar bo‘yicha shoir Mavlono Husayn, Shayx Otoyi Shohrux Mirzo, Ruknuddin Mirzo Alouddavla, Jo‘gi Mirzo, Mirzo Ulug‘bek, Abdulatif Mirzo, Abusaid Mirzo va Sulton Husayn Boyqaro davrlarida yashab ijod qilganligi aniqlandi.
Atoulloh Husayniyning «Badoyi’u-s-sanoyi’» (kitob 1981 yilda G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida bosilgan) asarida Shayx Husayn vafotiga doir quyidagi tarix yozilgan:
«Ustod-i afzal-i jahon shayx Husayn
Dar raftan-i dor-i xuld kard iste’jol.
Ta’rix-i vafot meshudam «nom tamom»,
Raftiy kas va in agar sadu panjoh sol».
Kitobda qit’aning tarjimasi berilgan: «Jahon fozillarining ustodi Shayx Husayn abadiylik yurtiga ketishga shoshildi. Vafoti tarixi butun nomi bo‘lar edi, agar bundan yuz ellik yil o‘tsa edi».
Tarix: butun nom — Shayx Husayn 1083 bo‘ladi, bundan 150 ketsa, hijriy 883-yil hosil bo‘ladi. Bu — melodiy 1478 yilga to‘g‘ri keladi.
Shunday qilib, Mavlono Otoyining nomi Husayn Shayx Otoyi bo‘lib, Ismoil ota o‘g‘li ekanligi va vafoti Sulton Husayn Mirzo Boyqaro hukm yurgizgan davrga to‘g‘ri kelishi aniqlanadi.
Savol tug‘iladi: nima sababdan Mavlono Husayn Shayx Sulton Husayn Boyqaro tomonidan haqorat qilinib, qoralandi. Shu sababdanki, Bobur o‘z asari «Boburnoma»da guvohlik berganidek, Sulton Husayn Boyqaro Xuroson taxtini egallagach, aysh-ishratga beriladi, sakkizta xotinga uylanadi, shularning ikkitasi Husayn Boyqaro bilan taxt talashib, yengilib halok bo‘lgan Abusaidxonning Poyanda Sulton begim va Shahrubonu begim degan qizlari edi. Bu ham yetmagandek, Sulton Husayn ilgari Abusaidxon haramida bo‘lgan «g‘unchachi» («kanizak») Xadichabegimga ham uylanib olgan edi.
Bizning aniqlashimizcha, Husayn Shayx Sulton Abusaidxondan keyin bir oz vaqt Sulton Husayn Boyqaro saroyida Shayxul islom (din nazorati boshlig‘i) vazifasida ishlaydi. Ana shu davrda podshoh Husayn Boyqaroni poklikka, tartib-intizomga chaqirgan bo‘lsa, albatta, bunday tergashlar podshohga yoqmagan bo‘lishi mumkin. Shu sababdan u Husayn Shayx Otoyini nohaq haqoratlab, biror tuhmat uyushtirib, uni saroydan badarg‘a qilgan bo‘lishi mumkin.
Demak, shoir Mavlono Husayn Shayx Sulton Husayn Boyqaro davlati tomonidan siyosiy ta’qibga uchragan. Shunday bo‘lgach, u umrining oxirgi kunlarida haqiqatan ham xor-zor bo‘lib, Balx shahrida vafot etganligiga shubha qolmaydi.
Bu holni shoir Husayn Shayx Otoyining o‘zi ham she’rlarida tasdiqlagan:
Chun siflalar nasibi bo‘libtur Hirotu to‘n chun
Kel, xirqa kiy Otoyi, ravon bo‘l Hirottin.
Yana:
Eshikingdakim, shahanshohlarga anda bor-yo‘q,
Bu Otoyidek gadoyi bevatandin kim desun?
Endi sevimli shoirimiz Husayn Shayxning otasi, akasi va boshqa yaqin avlodlari haqida so‘z yuritamiz.
Alisher Navoiy «Nasoimul-muhabbat» asarida shoir Mavlono Husayn Shayx Otoyining otasi Ismoil ota haqida quyidagicha yozadi:
«Ismoil ota — Xoja Ahmad Yassaviyning Ibrohim ota otlig inisining o‘g‘lidur va Xojaning muridi va nazar qilg‘onidur va anga murid va ashob (suhbatdosh) bo‘libtur. Va karomat va maqomat va xavoriqi odat benihoyat va yoshi yuzga yaqin va avlodi o‘n yetti yo o‘n sakkiz bor edi va olamdin o‘tarda avlodi orasidan Ishoq otani o‘z qoim maqomi (o‘rinbosari) qilib olamdin o‘tubtur».
Mavlono Otoyining otasi Ismoil ota haqida tarixiy ma’lumotlardan birida quyidagicha xabar beriladi:
Kamoluddin Husayn ibn Ali Voiz al-Koshifiy — hirotlik mashhur va’zxon va ilohiyot olimi, Abdurahmon Jomiyning qaynisi (hijriy 818—848, melodiy 1440—1450 yillarda tug‘ilgan va vafoti hijriy 910 yil, melodiy 1504 yil) o‘zining «Rashohati aynul-hayot» asarida Ismoil otaning Xuziyonda (Toshkent bilan Sayram o‘rtasidagi qadimgi bir viloyat) tug‘ilgani va Ahmad Yassaviyning tasavvuf oqimini davom ettiruvchilaridan bo‘lganini aytadi.
Shoir Otoyining akasi Ishoq ota haqida Alisher Navoiy «Nasoimul-muhabbat» asarida yozgan:
«Ishoq ota chun otasig‘a xalaf va xalifa va qoimmaqom erdi. Murid va ashobqa peshvoliq qilib, otasi zikr va avrodiga qiyom ko‘rguzubtur va o‘z zamonasida muqtado ermish».
Bizningcha, Qozog‘istonning Chimkent oblastiga qarashli Lenin rayonidagi hozirgi Turbat qishlog‘i XV asrda nomi «Xuziyon» deb atalib, u viloyat (oblast) bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Chunki «Turbat» qishlog‘i haqiqatan ham Sayram bilan Toshkent shaharlari oralig‘ida pastu baland qir, uning yonbag‘irlariga joylashgan tabiati mayin va go‘zal qishloq.
Otoyining otasi Ismoil ota qabri Turbat mozori boshlanishida — katta maqbara ichida. Uning nomi va yashagan davri temir taxtaga o‘yib yozilgan. Ismoil ota maqbarasi pishiq g‘ishtdan aylana shaklida tomi gumbaz qilib qurilgan.
Shoir Otoyining, rafiqasining, akasi Ishoq otaning qabrlari ham Turbat qishlog‘ining «Qizil dehqon» uchastkasidagi mozorda joylashgan. Maqbara eshigidan ichkariga kirish oldida somon suvoqli bir qabr bor. Bu qabr — kamtarin shoirimiz Otoyining qabri. Shimol tarafdagi dahmada shoirning akasi Ishoq ota, g‘arbdagi dahmada — qabrda shoir Otoyining rafiqasi yotibdi.
Biz Alisher Navoiyning shoir Mavlono Otoyining qabri Balxda, degan so‘zlarini rad etmagan holda, uning jasadini so‘ngroq o‘zi tug‘ilib o‘sgan ota va ona yurti Turbat (eski nomi «Xuziyon») qishlog‘iga qarindoshlari olib kelib, ularga atalgan maqbara ichiga ko‘mishgan bo‘lishi ham mumkin, degan taxmindamiz.
Bizningcha, Husayn Shayx vaqtincha Balx shahriga dafn etilib turgan. O‘sha davrlarda Sulton Husayn Boyqaro davlati qaram hamma viloyatlarga Shayxulis lom bo‘lgan Ubaydullo hoja Ahror ham Ahmad Yassaviy avlodlaridan bo‘lib, shoir Otoyiga qarindosh edi. Shu sabab ham Mavlono Husayn Shayx vafot etgach, oradan bir oz vaqt o‘tgach, uning jasadi Balx shahridan Turbat qishlog‘iga — shoirning akasi Ishoq ota dafn etilgan maqbaraga olib kelinishida katta rol o‘ynagan bo‘lishi mumkin.
Bizning bu mulohazalarimiz kelajakda sinchkov sharqshunoslarimiz tomonidan o‘rganilib aniqlanadigan jumboqlardan biri bo‘lishi kerak.
O‘zbek xalqining buyuk allomasi va genial shoiri Alisher Navoiyning ustozi va eng yaqin do‘sti Abdurahmon Jomiyni tojik xalqi o‘zlarining ardoqli farzandi va mashhur shoiri, olimi deb shu kunlargacha faxrlanib keladilar. Ba’zi olimlarning ma’lumotlariga ko‘ra, Abdurahmon Jomiyning kelib chiqishi, nasl nasabi o‘zbek xalqining sevimli shoiri Husayn Shayx Otoyi va uning ota-bobolari nasliga borib ulanar ekan. Mana buning isboti:
Leninobod shahridagi Tojikiston SSR S. M. Kirov nomidagi Davlat pedagogika institutining katta o‘qituvchisi, filologiya fanlari doktori, professor Ergashali Shodiyev 1971 yilda «O‘zbek tili va adabiyoti» jurnalining 2-soniga yozgan «Hoziq kulliyoti» ilmiy maqolasida shunday yozgan:
«Hoziq kulliyoti» asosan to‘rt bo‘limdan iborat bo‘lib, qo‘lyozmaning dastlabki ikki bo‘limida Hoziqning shu kunga qadar fanimizga ma’lum bo‘lmagan ikki risolasi mavjud.
Birinchi risola avtor tomonidan nomlanmagan bo‘lib, unda Hoziq o‘zining eng qadimiy avlodlaridan boshlab to bobosi Shayxullohi Xiraviygacha sanab o‘tadi. Shunisi xarakterliki, Hoziq sanagan avlodlari qatorida Xo‘ja Ahmad Yassaviy, Sa’dudin Koshg‘ariy, Abdurahmon Jomiy, Xo‘ja Ahror kabilarning nomlari ham tilga olinadi».
Endi biz qo‘limizdagi mavjud ma’lumotlarga tayanib, Husayn Shayx Otoyi avlodlaridan ba’zilarining nomlari bilan tanishtirib o‘tamiz:
1. Iftixor.
2. Mahmud.
3. Shayx Ibrohim (Sayramda shayxlik qilib o‘tgan. Ma’lumki, Toshkent oblast, Kalinin rayonidagi Kalinin qishloq Sovetida Oxunboboyev nomli kolxoz territoriyasida Ibrohim ota nomida qishloq va shu qishloqda Ibrohim ota qabri bor).
4. Qorasoch momo (Shayx Ibrohimning onasi.)
5. Latif ota (Qorasoch momoning akasi, qabri Sayramda).
6. Mustafoqul (Qorasoch momoning ukasi, qabri Sayramda).
7. Ahmad Yassaviy Shayx Ibrohim o‘g‘li (vafoti 1166 yil. Mavlono Xisomiddin Sig‘noqiyning risolasida aytilishicha, Ahmad Yassaviy 130 yil umr ko‘rgan ekan. Ahmad Yassaviy qabri Turkistonning Yassi degan joyida).
8. Jamolxonim (Ahmad Yassaviyning qizi. Uning qabri otasi qabri joylashgan maqbara yaqinida 1896 yilga qadar saqlanib turgan).
9. Gavhar-Xushtari (Ahmad Yassaviy kizi, uning nomiga nisbat berilgan qabr hozir ham bor).
10. Ahmad Yassaviy o‘g‘illaridan birining qabri Toshkentda — hozirgi Gospital bozori atrofida bo‘lgan.
11. Hakim ota — Sulaymon Boqirg‘oniy (Xorazmda yashab, 1192 yilda vafot etgan. U she’riy yo‘l bilan «Oxir zamon» va «Boqirg‘oniy» degan ikki diniy kitob yozgan).
12. Qusam Shayx —Ul turk mashoyixidindur. Xo‘ja Ahmad Yassaviy xonadonidindur. (Alisher Navoiy. «Nasoimul-nafois»da).
13. Xalil ota.
14. Qo‘rqut ota (12 bobli «Qo‘rqut ota kitobi» degan nasihatnoma doston yozgan. «Yoshlik» jurnalining 1988 yil 5-6-7-sonlarida e’lon qilindi).
15. Zangi ota (vafoti 1258 yil). Uning nomida Kalinin rayonida «Zangiota» qishlog‘i bor. Shu qishloqdagi qabristonda Zangi ota qabri joylashgan maqbara ham bor.
16. Anbar ona Bug‘roqxon qizi (Zangi otaning rafiqasi. Qabri Zangi ota maqbarasining yonidagi alohida maqbara ichida).
17. Ibrohim ota (Ahmad Yassaviy inisi).
18. Ismoil ota Ibrohim ota o‘g‘li (qabri Qozog‘istonning Turbat qishlog‘idagi mozorda, maqbara ichida).
19. Ishoq ota Ismoil ota o‘g‘li (qabri Turbatning «Qizil dehqon» uchastkasidagi mozorda, maqbara ichida).
20. Shoir Husayn Shayx Otoyi Ismoil ota o‘g‘li (qabri Turbatning «Qizil dehqon» uchastkasidagi mozorda — maqbara ichida. Vafoti 1478 yil).
21. Mansur ota.
22. Xoja Bahouddin (Ismoil otaga nabira).
23. Xoja Boyazid.
24. Xoja Xalil ota.
25. Mavlono Sa’diddin Muhammad Koshgariy (vafoti 1456 yil. Alisher Navoiyning ustozlaridan biri).
26. Xoja Ubaydulloh Ahror (1399 — 1489 yillar). «Volidiya» («Ona») degan doston yozgan.
27. Abdurahmon Jomiy Ahmad Jomiy o‘g‘li (1414—1493 yillar).
28. Mavlono Muhammad Jomiy Ahmad Jomiy o‘g‘li (Abdurahmon Jomiyning inisi).
29. Amir Burhoniddin Otoulloh Otoyi (vafoti 1497 yil). («Javohirul asmo» degan asar yozgan va madrasalarda talabalarga dars bergan).
30. Amir Burhoniddin Otoulloh Mahmud Husayniy Otoyi (taxminan 1430 — 1440 — 1513 yil). Abdurahmon Jomiy bilan Alisher Navoiyning sevimli shogirdi bo‘lgan. Uch ilmiy asar yozgan: «Risolai qofiya» («Qofiya haqida risola»). «Badoyi’u-s-sanoyi’» (G‘iyosiddin Muhammad Xondamirning aytishicha, «Risolai dar sanoye’ va badoye she’riy». Kitob o‘zbekchaga Alibek Rustamov tomonidan tarjima qilinib, 1981 yilda Toshkentda bosilib chiqqan: «Takmilu-s-sino’a» («Mukammal she’r fani»).
31. Amir Jamoliddin Otoulloh Fazlulloh Asiliy o‘g‘li al-Husayniy Otoyi — vafoti 1520 yil. Abdurahmon Jomiy bilan Alisher Navoiyning ardoqli shogirdi bo‘lgan, «Ravzat ul-ahbob fi siyar an-nabiy val-ashob» («Payg‘ambarlar va sahobalar hayotida jannat bog‘i») degan ikki jildli asar yozgan.
32. Kamoluddin Husayn Voiz Ali al-Koshifiy o‘g‘li (tug‘ilgan yili taxminan 1440-50 yillar orasi, vafoti — 1504 —1505 yillar. Otasi Ali Eronning Koshon nomli shaharidan bo‘lgani uchun al-Koshifiy deb atalgan. Abdurahmon Jomiy Kamoluddin Husayn Voizning tug‘ishgan opasiga uylangan edi. Shuning uchun unga ustozlik qilgan. (U qomusiy bilimdon va usta notiq bo‘lganligi uchun «Voiz» («Notiq») taxallusini olgan. Kamoluddin Husayn Voiz 1470 yildan boshlab Alisher Navoiy bilan do‘stlashib, unga atab «Mavohibi oliya» («Oliy tuhfalar») asarini yozgan. O‘zbek va fors-tojik tillarida ikkita she’r va g‘azallar devonini tuzgan. 8 ta ilmiy kitob muallifi).
33. Faxriddin Ali Safiy Kamoluddin Husayn Voiz al-Koshifiy o‘g‘li (vafoti 1533 yil. U «Latoif ut tavoif» («Turli toifalar latifalari») degan asar yozgan).
34. Sulaymon Xoja.
35. Abdulvahhob Xoja Orif — shoir (Orif — taxallusi, 80 yoshda vafot etgan).
36. Shayx Ali Xoja Shavqiy Abdulvahhob Xoja Orif o‘g‘li — shoir (63 yoshda vafot etgan).
37. Bobojon Xoja — Vajdiy va Jiddiy taxalluslari bilan she’rlar yozgan Abdulvahhob Xoja Orif o‘g‘li.
38. Ibodullo Sayid Poshsho Xoja (Poshshoxoja va Xoja taxalluslari bilan ijod qilgan, Abdulvahhob Xoja Orif o‘g‘li (1478 —1566-68 yillar). «Gulzor», «Miftoh uladl» va «Maksad ul-atvor» degan ta’lim-tarbiyaga oid asarlar muallifi.
39. Xoja Bahouddin Hasan Xoja Nisoriy Ibodullo Sayid Poshsho Xoja o‘g‘li (1515 — 1595 yillar. «Muzakkir ul-ahbob» degan asar yozgan).
40. Abdusalom.
41. Boboxoja.
42. Shayximxoja.
43. Junaydullo Hoziq Hakim (1843 iilda) Amir Nasrullo tomonidan qatl etilgan. «Yusuf va Zulayho» dostonini yozgan, tarjima ishlari bilan mashg‘ul bo‘lgan, she’r va gazallar yozgan.
44. Muhammad Azim Nodim — shoir (Hoziqning jiyani).
Yuqorida nomlari zikr etil gan kishilarning hammasi o‘z davrining mashhur kishilari va davlat arboblari bo‘lganlar. Adabiyotshunos va sharqshunos olimlarimiz madaniyatimiz tarixiga oid ma’lumotlarni yana to‘ldirib boradilar, degan umiddamiz.
«Guliston» jurnali, 1989 yil, 1-son