Alisher Navoiy she’riyatida doimo shakl va mazmun mutanosibligi bir me’yorda bo‘lgan. Mumtoz she’riyatdagi bunday benihoya go‘zallik mukammallik, shakliy-ma’naviy muvozanat faqat Navoiy she’riyatiga xosdir. Zotan, mumtoz she’riyatda ma’no va shaklning mutanosibligi hamda tasvir va timsolning uyg‘unligi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu o‘rinda aytish joizki, tasavvuf she’riyatida “soqiy”, “mug‘bacha”, “mayparast”, “qadah” va “may” kabi poetik timsol, irfoniy ramzlar go‘yo tasavvufning tamal toshidek bo‘lib qolgan. Qolaversa, bunday poetik timsollar ko‘p marotaba tadqiqot manbai bo‘lgan. Darhaqiqat, ayrim adabiyotshunos olimlar aytganidek, “Biz istaymizmi, istamaymizmi, navoiyshunoslikda ma’lum bir yakranglik va turg‘unlik ko‘zga tashlanib turibdi. Buni bartaraf etish oson emas. Buning uchun birinchi navbatda, Navoiy she’riyatining ruhoniyati va tuyg‘ular olamiga qarashni tubdan o‘zgartirish lozim; yangicha tadqiq usul va yo‘llarini joriy etishga urinish kerak; Navoiy she’rlarida san’atkorlik bilan tasvirlangan ma’no va timsollarning zohiriy qatlamlari xususida bahs yuritish bilan chegaralanmasdan, ularning botiniy qatlamlarini ochish lozim” (Navoiyning ijod olami. Maqolalar to‘plami, 2001, 8). Shu ma’noda, Navoiy she’riyatida badiiy g‘oyani ifodalovchi ham ramziy, ham tasavvufiy ma’no tashuvchi she’riy obrazlar qatorida bodom timsolini ham sanab o‘tish mumkin. Bu ayniqsa, obrazli shakllarda o‘z ifodasini topgan. Zero, “she’rning ruhiy va g‘oyaviy qudrati obrazda markazlashtiriladi. So‘z sehri va ma’no qatlamlari ham obraz bag‘rida yashiringandir” Shunga ko‘ra, shoir she’riyatida qo‘llangan bodom – poetik obraz, irfoniy ramz hisoblanadi:
Qut bir bodomu yerim go‘shayi mehrob edi,
G‘orati din etti nogah bir baloliq ko‘zu qosh.
Baytda qo‘llangan “bodom”, “go‘shai mehrob” – poetik timsol, so‘fiyona ramz. Bodom – qanoatning zayli, poklik. Zotan, tasavvufning tub mohiyati ham sabr, qanoat, poklikdir. Go‘shai mehrob – xoli joy, mehrob burchagi, masjidda imom turadigan eng muqaddas joy. Shuningdek, “go‘shai mehrob” (yorning qayrilma qoshi) majoziy ma’noda oshiq ko‘ngilning maskani – pok ishq, ilohiy muhabbat.
Navoiy she’riyatida bodomning “po‘sti” va “mag‘zi” ma’no va shaklning mutanosibligi hamda tasvir va timsolning uyg‘unligini ifodalagan:
Kirdi iki jism bir kafang‘a,
Yo‘q, yo‘q, iki ruh bir badang‘a.
Bir na’sh ila ul iki dilorom,
Andoq edikim du dona bodom.
Baytlar ma’nosi: Har ikki xilqat bir kafanga joylandi, yo‘q-yo‘q, balki ikki jon bir badanga kirgan edi. U ikki diloromning bir tobutda yotishi, xuddi bir bodom po‘sti ichidagi qo‘shaloq mag‘izga o‘xshar edi. Ya’ni shoir bu ikki xilqat (Layli va Majnun nazarda tutilgan)ni bodom mag‘ziga, tobutni esa, shaklan bodomga mengzayotganligi yoki uning bodom shaklida ekanligini o‘z ramziy chizgilarida san’atkorona ifodalaganligi ham ma’lum bo‘ladi.
Ko‘zung fikri bila tan xilvatida notavon ko‘nglum,
Riyozat aynidindur kunda bir bodom ila qone’.
Baytda ishlatilgan “notavon ko‘ngul”, “riyozat ayni” va “bodom” – tasavvufiy ramzlarga ishora. Notavon ko‘ngul – notinch, betoqat; bechora ko‘ngil; doimo yor vasliga mushtoq bo‘lgan ko‘ngil. Riyozat ayni – riyozat nazari, ishq tufayli chekilgan riyozat. Bodom – qanoat timsoli. Bodom nafaqat Navoiyning nazmida, balki nasriy asarlarida ham juda ko‘p marotaba takror-takror riyozat, poklik, halollik, qanoat kabi irfoniy ramzlarda qo‘llangan: “Va ul (Shayx Alouddin Xorazmiy), bodom mag‘izlaridin manga berur erdi va men yer edim. Va ul yemadi, bir mag‘izdin o‘zga yo ikkidin o‘zga”. Shuningdek, Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” asarida bir qator abdol, shayxlarning komillik darajalari, riyozatlari bodom timsolida juda teran ifodalangan. Yuqorida qayd etilganidek, she’riy obrazda shoirning ruhiy va g‘oyaviy qudrati yanada o‘z aksini topgan bo‘ladi. Shu ma’noda yana bodom timsoli ishtirokidagi ayrim baytlarga murojaat etaylik:
Shayxu, bir bodomu qon yutmoqki, piri dayrning
Nuql ila maydin fano ahlig‘a ko‘p ehsoni bor.
Ushbu baytda ham “bodom” “piri dayr”, “nuql”, “fano ahli” – she’riy timsol. Navoiy ilgari surgan badiiy tafakkurni anglash uchun esa, bu timsollarning tub mohiyatiga e’tiborni qaratish kerak. Bodom – poklik timsoli. Piri dayr – mayxonachi; butxona boshlig‘i. Nuql – maydan so‘ng tanavvul qilinadigan gazak. Fano ahli – o‘zlikdan kechganlar, hayot ne’matlaridan voz kechganlar, yo‘qlikni ixtiyor qilganlar. Demak, baytda qo‘llanilgan bodom timsoli – sabr va nafsni tiyish orqali poklikka erishishdir.
Navoiy she’riyatida bodom faqat istiora, o‘xshatish kabi badiiy tasvir vositalarini ifodalashda ham qo‘llanilgan:
Ko‘z mahdi aro tutub ul orom,
Zarfu mazruf, mag‘zu bodom.
Baytning ma’nosi: Bodomning ichida mag‘iz saqlanganiday, bu bola ham ko‘z beshigida farog‘atda yashardi.
Gaheki ko‘rguzasen zahri chashm tong ermas,
Bo‘lur ul bodomning donasi berardi talx.
Ma’nosi: Goho kishiga bodomning mag‘zi achchiqlik qilganidek, sen (yor, mahbuba nazarda tutilgan) ham tong otmasdan yomon ko‘z bilan qaramoqdasan.
Sutikim, sog‘ibon og‘zig‘a doya,
Ki jismi andin olg‘ay quti moya.
Anga ichmak bo‘lub nokom yanglig‘,
Mavizu shirai bodom yanglig‘.
Baytlar ma’nosi: Doya uning jussasiga kuch-quvvatga to‘lsin deb og‘ziga sut sog‘ardi. U esa kasal odam bodom shirasini yoqtirmagani kabi sut ichishni istamas edi.
Darhaqiqat, Navoiy she’riyatida poetik ramzlar va so‘fiyona ma’nolar bilan bog‘liq tushunchalarni ifodalashda qo‘llanilgan bodom so‘zi shoir she’riyatining ruhiy-g‘oyaviy qudrati va g‘oyaviy-badiiy qimmatini oshirishda muhim o‘rin tutgan. Zero, shoir o‘z she’rlarida poetik obraz timsoli sifatida bodom so‘zini takror-takror qo‘llagan. Go‘yo shoir bir komil insonning o‘sib ulg‘ayganidan to so‘nggi manziliga kuzatib qo‘ygunga qadar bodom timsolidan san’atkorona foydalangan:
Chu qora bodom tobut uzra rasmidur qadim,
Ko‘z janozam sori solkim, sensizin bo‘ldum qatil.
Bodom timsoli XVII asr mumtoz she’riyatida ham maromiga yetkazilib qo‘llanilgan. Ayniqsa, bu hol forsigo‘y shoir Mirzo Bedil she’riyatida yaqqol namoyon bo‘ladi:
Dar chaman ham az gazandi chashmi bad emin mabosh,
Parda zanburest on jo didai bodomro.
Bayt tarjimasi: Ey inson, bu – chamanzorlardagi go‘zalliklarga ko‘p ham oshufta bo‘laverma, undan ko‘ra, hamisha bu chamanlar ortida pisib yotgan zararkunandalarning yomon ko‘zlaridan saqlanishga harakat qil! Zero, senga har vaqt bodom qog‘otlari ichidagi parda ortida yashirinib yotgan arilar nishidan ozor yetishi muqarrar. Ushbu forsiy bayt mazmunidan anglashiladiki, Mirzo Bedil ham bodom timsolida dunyoga insoniyatni basirat ko‘zi bilan qarashga chorlamoqda.
Shoir asarlarida bodom o‘z lug‘aviy ma’nosida sermoy va lazzatli yoki achchiq, inson salomatligi uchun koni foyda bo‘lgan tabiatning yana bir ne’mati sifatida ham ishlatilgan:
Bazm bu nav’ o‘ldi esa nuqli hadisin demakim,
Huncha bila nargisidin shakkaru bodom yetar.
Bodom so‘zi hozirgi o‘zbek adabiy tilida asosan, sermoy va lazzatli mag‘zi uchun ekiladigan daraxt; shu daraxtning mevasi (danagi) hamda go‘zal yorning qovog‘ini bodomga o‘xshatish kabi lug‘aviy, ko‘chma ma’nolarda ishlatiladi.
Navoiy she’riyatida bodom yuqorida qayd etilganlardan tashqari yana quyidagi ma’nolarda ham qo‘llangan:
1.Yor (mahbuba)ning bodom shaklidagi ko‘zi:
Ko‘zlaring bodomi hajridin bo‘lub jismim saqim,
Chiqti jonim, ey qora ko‘z, hajring berdi bim.
- Ko‘z kosasi:
Ravshan erur ko‘zki, tutar kom ila,
Go‘shai mehrob iki bodom ila.
- Bodom shaklida yasalgan muhr:
Ishq naqdi kisasining hifzig‘a bodoma muhr,
Gar tilar bo‘lsang munosibdur bu chok o‘lg‘an yurak.
- Inson tana a’zolaridan biri, ko‘z; Yusuf payg‘ambarning chiroyli ko‘zlari nazarda tutilgan:
Ko‘zi ollida, ey bodom, qilding ishva da’vosin,
Magar kipriklaridindur nishoni jismi afgoring.
Xullas, Alisher Navoiy she’riyatida bodom timsolining o‘rni, irfoniy ramzlari va so‘fiyona ma’nolarini talqin etish nafaqat shoir she’riyatining botiniy xususiyatlarini, balki shoir ijodiyotining diniy ruhi, uluhiyat asrori va rububiyat ilmi bilan chambarchas bog‘liqligini o‘rganishda ham yaqindan yordam beradi. Zotan, imom G‘azzoliy ham o‘zining “Ihyoi ulum id din” asarining “Tavakkul” bobida tavhidning to‘rt martabasi borligini pista misolida bunday izohlaydi: 1. Pistaning tashqi yashil po‘sti; 2. Bu po‘stning ostidagi qattiq po‘st; 3. Pistaning ichi; 4. Pistaning ichidagi yog‘. “Birinchisiga qishrul qishr (po‘stning po‘sti), ikkinchisiga qishr (po‘st), uchinchisiga lubb (mag‘zi), to‘rtinchisiga lubbul lubb (mag‘izning mag‘zi) deyiladi. Zohiriy olimlar nazdidagi tavhid yo po‘sti, yo po‘stning po‘stidir. Oriflar nazaridagi tavhid esa o‘z mag‘zi yoki mag‘zining mag‘zidir: Ulug‘ oriflar din ruhi, uluhiyat sirri va rububiyat ilmidan voqifdirlar”.
Manzar Abdulxayrov, filologiya fanlari nomzodi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 8-son