Karimboy Quramboyev. Alisher Navoiy va turkman adabiyoti

Alisher Navoiy turkman adabiyotida hurmat bilan tilga olinadigan ulug‘ siymolardan biri. Shoir asarlarining hozirgi Turkmanistonga kirib borganiga bir necha asr bo‘lgan.  Navoiyning esa  Marv shahrida bo‘lgani, u yerdagi “Xisraviya” madrasasi bevosita shoir tashabbusi bilan qurilgani borasida Xondamir “Makorim ul-axloq” kitobida ma’lumot beradi. Shoirning “Xazoyin ul-maoniy” devoni va “Majolis un-nafois” tazkirasida Marv, turkman shoirlari to‘g‘risida ba’zi ma’lumotlar uchraydi. Shoirning turkman qizlarini vasf etib, g‘azal bitgani ham ilmda isbotlangan. Navoiyning Iroq sultoni va shoir, turkman Yoqubbek bilan do‘stona munosabatlarini dalillaydigan ilmiy manbalarga ham egamiz. Jumladan, “Majolis un nafois”ning yettinchi majlisida Sulton Yoqubbek haqida bunday deyilgan: “Ya’qub Mirzo – Turkman salotinida aningdek pisandida zotlig‘ va hamida sifotlig‘ yigit oz bo‘lg‘ay”. Adib Oybek “Navoiy” romanida bu tarixiy faktga murojaat etib, Navoiy va Yoqubbek munosabatlari tasviriga maxsus sahifalar ajratganidan muxlislar xabardor deb o‘ylaymiz.

Alisher Navoiy merosi turkman shoirlari uchun o‘qish, o‘rganish, tajriba orttirib, mahoratini chiniqtirish maktabi vazifasini o‘tadi. XVI–XVII asrlardan boshlab shoir an’analariga ergashuvchilar, navoiyyona uslubda ijod qilishga intiluvchilar adabiyot maydoniga kirib keladi. Masalan, XVI asrning o‘rtalari va XVII asrning boshlarida yashab ijod etgan turkman olimi, shoir va rassom Avshar Sodiqiy “Majolis un-nafois” tazkirasi ta’sirida “Majme ul-havas” degan tazkira yaratgan. Tazkirada fors, arab va turkiy tilda ijod qilgan 332 shoir xaqida ma’lumot keltiriladi. Tazkira muqaddima, sakkiz bo‘lim va xotimadan iborat. U barcha xususiyatlari bilan “Majolis un-nafois”ni eslatadi. Sodiqiy tazkiraning muqaddimasida o‘zigacha tazkira yozgan ijodkorlarni tilga oladi. Navoiyga uch bayt g‘azal bag‘ishlab, ulug‘ shoirga ehtiromini bildiradi. “Majme ul-havas”ni bevosita “Majolis un-nafois” ta’sirida yozganini ham qayd etadi.

XVIII–XIX asrlar turkman adabiyotida Alisher Navoiy merosiga qiziqish, ijodining yetakchi g‘oyalarini yangi tarixiy sharoitga moslashtirib rivojlantirishga moyillik har qachongidan kuchayadi. Ozodiy va Andalib, Maxtumquli va Kamina, Mullanafas va Zeliliy, Shoxbandi va Seyidiy, Zinhoriy va G‘oyibiy, yana o‘nlab turkman shoirlari Sharq adabiyotining buyuk mutafakkirlari qatorida Alisher Navoiyni ham o‘zlariga ustoz sanagan. Shoir merosiga ijodiy yondashib, individual uslubda qalam tebratishgan. Davlatmamad Ozodiy shunday talant sohiblaridan biri. U Maxtumqulining otasi. O‘g‘lining iste’dodli shoir bo‘lib yetishishida alohida roli bor murabbiy – ustoz.

Ozodiy  XVIII asr turkman adabiyotida bir necha dostonlari, g‘azallari bilan tanildi. Ayniqsa, olti ming misradan iborat “Va’zi Ozodiy” dos­toni shoirga shuhrat keltirdi. U janri bo‘yicha falsafiy-didaktik doston. Asar Sharq mumtoz adabiyoti, xususan, Firdavsiy, Nizomiy, Sa’diy, Jomiy, Navoiy an’analari ruhida yozilgan. Dostonda Alisher Navoiyning dostonchilikdagi tarjibasi, xususan, “Hayrat ul-abror”ning ta’siri ko‘proq seziladi. Navoiy dostonidagi ilm va ilm ahli, adolatli va adolatsiz podsholar, saxiylik, kamtarinlik va mehnatsevarlik kabi g‘oyalarning hikoyat va rivoyatlar libosida, afsonaviy obrazlarda berilgani, Ozodiyning badiiy-estetik qarashlarini harakatga keltirgan. Mavzularni o‘z davri muammolariga moslashtirib yoritishda ma’naviy tayanch vazifasini bajargan.

XVIII asr turkman adabiyotida Alisher Navoiy an’analarini muvaffaqiyatli davom ettirgan shoirlardan yana biri Nurmuhammad Andalibdir. Uning turkman yozma adabiyotida ham dostonnavis, ham g‘azalnavis shoir sifatida alohida o‘rni bor. Shoirning “Layli va Majnun”, ”Yusuf va Zulayho”, ”Boboravshan”, ”Zaynilarab” dostonlari XVIII asr turkman adabiyotining yorqin sahifalaridir. Dostonlarni yaratishda Andalib Sharq adabiyotidagi dostonchilik tajribalaridan foydalangan. Masalan, “Layli va Majnun” yoki “Yusuf va Zulayho” dostonlarining mavzu, syujet qurilishi va obrazlar talqinida Sharq dostonchiligini eslatadigan badiiy komponentlar bor.

Ayniqsa, “Layli va Majnun” dostonidagi voqealar tizmasida, obraz yaratish printsiplarida, aruz vaznida bitilgan she’riy shakllarda Navoiy lirikasi, “Layli va Majnun” dostoni ta’sirini ko‘rish mumkin. Andalib Alisher Navoiy ijodiga ikki xil aspektda yondashgan: dostonchilik an’analarini davom ettirish; Navoiy she’riyati ta’sirida g‘azallar, naziralar, muxammaslar yozish. Ikki badiiy shaklda ham shoir ijodiy individualligini ko‘rsata oldi. Masalan, “Layli va Majnun”dostoni tashqi syujeti bo‘yicha Navoiy dostoniga qanchalik o‘xshamasin, ichki mazmuni, obraz yaratish tamoyillarida katta farq bor. Layli, Majnun, Navfal, Ibn Salom, Zayd obrazlari, garchi dostonda bir xil nom bilan yuritilsa-da, xarakter xususiyatlari ikki dostonda ikki g‘oyaga xizmat qiladi. Aytaylik, Navoiy dostonida Navfal sardor adolatli, nizoli ishlarni tinch yo‘l bilan hal qilishga urinadigan hukmdor. Boshqacha aytganda, bu obrazda Alisher Navoiyning ideali jamlangan. Andalib dostonida esa Nav­fal ikkiyuzlamachi, makkor, hiylagar, bosqinchi timsolida gavdalanadi. Navoiy dostonida Majnun olim, shoirsifat, sadoqatli, olijanob shaxs qiyofasida ko‘rinsa, Andalib talqinida u shunchaki ishq yo‘lida telba, haqiqiy majnundir. Bunday tafovut har bir obrazda mavjud.

Andalibning shoirlik salohiyati ham ibratli. Bu yo‘lda unga Sharq g‘azalchiligi poetikasi ruhi tayanch bo‘ldi. Asosan, shoir Alisher Navoiyga ergashishga intildi. Shoirning o‘ndan ortiq g‘azallariga naziralar yozib, muxammaslar bog‘lagani mana shu yaqinlikning in’ikosi. Navoiyning “Kelmadi”, ”O‘lturgusi”, ”O‘n sakkiz yoshindadur”, ”Ey, ko‘ngil”, ”Gulob aylab”,”Giriftorman, men yana” g‘azallariga Andalib bog‘lagan muxammaslar badiiy-estetik pafosi, fikr va tuyg‘ularining mushtarak­ligi, poetik ohangi jihatidan o‘quvchi qalbiga zavq bag‘ishlaydi. Mana, Andalibning muxammaslaridan bir band:

Andalib-a nala eylap, bigam et kөңluң oyin,
Jamы – saxbadыr deңiz, gөr, bayram et kөңluң өyin,
Etmesin asib xergiz maxkem et kөңluң өyin
Ey Novayы, bada birle xorram et kөңlun өyin
Ne uchun kim bada giren өe gaygu gelmedi.[1]

Andalibning “Ne balo xo‘b”, “Rashki parizod”, “Bo‘ldi Andalib”, “Tob ochdi”, “Jononiga yetsa” kabi g‘azallaridagi g‘oya talqini, ramziy obraz qo‘llashdagi Navoiyga ohangdoshlik muvaffaqiyatli chiqqan.

Maxtumquli turkman adabiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan, taraqqiyotning yangi davoniga olib chiqqan, jahon adabiyotida ham nufuzi yuqori donishmand shoirlardan biri. Uning shunday yuksak obro‘-e’tiborga ega bo‘lishida o‘z milliy adabiyoti chashmalari bilan birga, dunyo adabiyoti, eng avvalo, Sharq mumtoz adabiyotining hissasi ham salmoqli. Shoirning “Bo‘lsam”radifli she’rida Umar Hayyom, Firdavsiy, Nizomiy, Hofiz, Rumiy, Sa’diy, Navoiy kabi shoirlarning nomini tilga olgani salaflari ijodiga maftunlik ifodasidir. Jumladan, Maxtumquli she’r bandlaridan birida Navoiy haqida:

Damganыnda yөgen ussat Novayы,
“Char divan” ы, “Perxat – Shirin” zыbayы.
Gashlarыna barыp men mejnun bolsam[2], – 

deb yozadi. Va o‘zini “Ustoz Navoiy etagidan tutgan” shogird o‘rnida ko‘radi. Shoirning “Chor devon”, “Farhod va Shirin” asarlarini yuksak ijod namunasi tarzida e’tirof etadi. Navoiy ijodiga xuddi “Majnun Layliga oshiq bo‘lgandek, oshiq bo‘lishni” xohlaydi. Maxtumqulining boshqa she’rlarida ham Navoiy nomi, asarlari, yaratgan obrazlari uchraydi. Zero, Maxtumquli o‘z she’rlarida Navoiy nomi yoki biror asarini tilga olish bilan kifoyalanmagan. Shogirdlik mehrini ijodi orqali ham namoyish etgan. Masalan, shoirning “Ko‘ngil”, ”Qoshi yoy”, ”To‘g‘risi”, “Ey, do‘st”, “Kerakmas”, “Ayladi” g‘azallari poetikasi, ifoda usuli Navoiyga juda yaqin. Ayniqsa, uning aruzda  bitilgan “Ayt”, “Tut”, “Yaxshidir”, “O‘lmasdan burun” radifli g‘azallari, muxammaslari ham borki, ular bevosita Navoiyning shu radifdagi g‘azallari ta’siri samarasidir. Shoirning beshliklari orasida “Ayt” radifli muxammas bor. Birinchi bandi bunday boshlanadi:

Badы – saba, bu arzыmnы ol yovuz soltanga ayt,
Elmыdam zar әylegen, ol gөzleri xun – ganga ayt,
Shum pelekiң golundan gitgen janы – jananga ayt,
Ayra dushuban, gam chekan, garabagыt doganga ayt,
Dunyәdan armanlы bolgan ol paxыr pervanga ayt.[3]

Bu misralarni o‘qigan har bir kitobxon beixtiyor Alisher Navoiyning:

Ey sabo, holim borib sarvi xiromonimg‘a ayt,
Yig‘larimning shiddatin gulbargi xandonimg‘a ayt, –

bayti bilan boshlanadigan, ko‘pchilikka yod bo‘lib ketgan “Ayt” radifli g‘azalni eslaydi. Ikki she’rning ifoda usulida o‘xshashlik ko‘p. Vazni, qofiyasi radif, bo‘g‘in o‘lchovi bir xil. Biroq janri boshqa-boshqa. Maxtumquli she’ri muxammas namunasi bo‘lsa, Navoiy g‘oyani g‘azal shak­lida ochgan.

Ma’lumki, Maxtumquli lirikasida didaktik motivlar yetakchi. Aforizmlarga aylanib ketgan she’rlari bisyor. Shoir Sharq falsafasi, sharqona odob-axloqqa xos ta’lim-tarbiya yo‘nalishida ijod qilishda ham Sharq adabiyoti ilg‘or tajribalaridan saboq oldi. Chunonchi, Navoiyning ta’limiy mazmundagi hikmatli so‘zlari Maxtumquli uchun nasihat she’rlar bitishda badiiy shakl vazifasini o‘taganini misollar tasdiqlaydi. Navoiyning:

Odami ersang, demagil odami,
Onikim, yo‘q xalq g‘amidin g‘ami, –

degan mashhur baytini bilmaydigan yoki yod olmagan adabiyot muhibi yo‘q hisobi. Ulug‘ shoirning insonparvarlik g‘oyalari kuylangan bu shoh bayt Maxtumqulini ham ilhomlantirgan. Baytdagi buyuk g‘oya, ma’no qudrati va talqini, oddiy ifoda usuli turkman shoiri qalbida ijod zavqini uyg‘otgan. Va quyidagi turkum she’riy qatorlarni ijod etgan:

Adam bardыr, anы shalar chagыrdar,
Adam bar, zulm edip, garыp agыrdar,
Adam bar, per dushek yanыn agыrdar,
Adam bardыr, ak kiz dыzыna degmez[4].           

Yoki:

Adam bolup, adam gadrыn bilmeen,
Ondan yene otlap yөren mal yagshы,
Sөzlegende, sөz manыsыn bilmeen,
Ondan yene sөzlemeen lal yagshы.

Maxtumqulining axloqiy-ta’limiy she’rlarida ham mazmun-mo­hiyati, ifoda shakli bilan Navoiy baytini eslatadigan misralarga ko‘p duch keldik.

Maxtumquli ijodidan Navoiy g‘azallari poetikasiga hamohang, dos­tonlarining badiiy-estetik xususiyatlarini yodga soladigan, hayot va vokelikni buyuk so‘z zargariga xos uslub va usullarda yoritgan asarlar ancha-muncha bor. Biz ularning ayrimlarigagina to‘xtaldik. Vaholanki, mavzu kengroq, maxsus tadqiqotni taqozo etadi.

XIX asr turkman adabiyotida yana bir mashhur shoir bor. “Ishq mulkining sultoni” deb e’tirof etilgan bu shoir – Mullanafasdir. Mullanafas turkman adabiyotida lirik shoir sifatida ma’lum va mashhur. Bu davrda yashab ijod etgan boshqa biror turkman shoiri shu maqomga erishgani ma’lum emas. Mullanafas lirikaning eng go‘zal namunalarini yaratdi. Salaflari qatorida u ham Sharq adabiyotidan ijodni o‘rgandi, ustozlariga ergashib, an’analarini rivojlantirdi. Firdavsiy, Nizomiy, Navoiy, Fuzuliydek buyuk shoirlarning o‘lmas asarlari Mullanafas uchun ijod maktabi bo‘ldi. Turkman adabiyotining yorqin siymolaaridan biri darajasiga ko‘tarilishida ustozlar ma’naviy xazinasining ahamiyati katta bo‘ldi. Bu haqda shoir “Ko‘nglim” she’rida minnatdorchilik bilan yozadi:

Nыzamыy, Novayы, yene Firdavsi,
Yalanchы dunyәden өtermen asы,
Size kөp xыzmatlar goyandыr koңlum…[5]

Mullanafas mumtoz lirikaning bir necha janrlarida qalam tebratdi. Aruz vaznida g‘azal, muxammas, musaddas, nazira janrining betakror namunalarini ijod qildi. Sharq adabiyotida faol qo‘llanilgan poetik shakllar, lirik qahramon kechinmalarini ramzli tafakkur asosida yoritish tajribasi, badiiy so‘z qo‘llash san’ati, fikrni timsollarda jilolantirib berish unsurlari Mullanafas uchun badiiyat sirlarini egallashida asqotgani Sharqona uslubda yozilgan she’rlarida ko‘rinib turadi. U mumtoz she’riyat yo‘lida ijod qilishda Navoiyning poetik tajribasiga ergashdi. Shoirning “Ko‘rmadim”, “Beqaror etdi meni”,  “Ko‘zlaring”, “Dilbar”, “Qoldim bir choh ichinda”, “Yor senga”, “O‘rtanur”, “Rayhon erur”, ”Bir go‘zal” radifli g‘azal va muxammaslarining ifoda shaklidan tortib, mazmun talqiniyu badiiy tasvir vositalarigacha Navoiy g‘azallariga yaqinligi bizni shu xulosaga olib keladi. Har bir bayt yoki bandda, hatto har bir misrada  Navoiy  g‘azallariga uyg‘unlik, shakliy o‘xshashlik bor. Bu holat, ayniqsa, “Zuhra – Tohir” dostonida turli qirralari bilan o‘ziga xos badiiy talqin etilgani shoirning jiddiy yutug‘idir.

“Zuhra – Tohir” dostoni nafaqat turkman adabiyoti yoki Mullanafas ijodi, umuman, Sharq adabiyotida nufuzli o‘ringa ega go‘zal ishqiy-romantik dostonlar sirasiga kiradi. Dostonga sayyor syujet asos qilib olingan bo‘lsa-da, asar voqealari shoir yashagan davrga ancha yaqinlashtirilgan. Mullanafas va uning turmush o‘rtog‘i Bo‘stontoj doston qahramonlari sifatida ishtirok etishi, boshqa obrazlarga ham XIX asr hayoti ranglari berilgani, asarning realistik chiziqlarini kuchaytirgan. Doston syujetiga Sharq adabiyotidagi ishqiy-romantik dostonlarning an’analari ham singdirilgan. Jumladan, dostonning har tomonlama poetik mukammal, o‘qishli chiqishida, xususan, obrazlar psixologiyasini ochishda muhim vosita sanalmish turli she’riy shakllardan foydalanishda Navoiyning ba’zi g‘azallariga murojaat yaxshi natija bergan. Dunyoqarashi, o‘z estetik printsipidan kelib chiqib, vaziyatga, obrazlar holatiga mos g‘azallar, muxammaslar yaratdi. “Gul” radifli g‘azali Navoiy lirikasining go‘zal namunalaridan biri. Mana, ushbu g‘azalning matl’asi:

Orazingni bog‘ aro chun ko‘rdi, hayron bo‘ldi gul,
Bargsiz qoldi, nedinkim, bas parishon bo‘ldi gul…

G‘azal jami besh bayt. Qolgan baytlari ham shu xilda davom etadi. G‘azal lirik planda, ishqiy mavzuda. Shoir “gul”,”bulbul” poetik obrazlari orqali lirik qahramonning qalb ziddiyatidan so‘z ochadi. Mullanafas g‘azalning badiiy xususiyatlari doston voqealariga hamohangligini, qahramonning mavjud vaziyatdagi holatiga mos tushishini his qilgan. Va dostonning bir epizodida Navoiy g‘azali shaklidan foydalanib “gul” radifli olti baytlik g‘azal yozadi. G‘azalning ayrim baytlari bilan tanishing:

Gul bilen bilbil gelip, gul ichre seyran kыldы gul,
Gul tamashasыn gөrup, өz berkini gan kыldы gul.
Bagbanы men bu gun, bag ichre gөrdum bilbil,
Bilbiliң, surun, gөrup chәki giriban kыldы gul[6]

She’rlar bir xil janrda. Ikkalasi ham g‘azal. Vazni, qofiyasi, radifi, bo‘g‘in o‘lchovlari bir. “Gul”, “bulbul” ramzlari ikki g‘azalda ham bor. Mullanafas g‘azali alohida olib qaralganda, mustaqil she’rga ham o‘xshab ketadi. G‘azallarning ichki mazmuni jiddiy farqlanadi. Poetik obrazlar ham har xil vazifani bajaradi. Navoiy g‘azalidagi “gul”, ”bulbul” obrazlari Mullanafas dostonida konkret shaxslarga nisbat beriladi. Mullanafas talqinida “gul” – Zuhra, “bulbul” esa Tohir. Mullanafas she’rida Navoiy g‘azalida uchramaydigan uchinchi bir obraz bor. Bu – “bog‘bon” obrazi. Dostonda hikoya qilinishicha, Hasan bog‘bon tushki payt bog‘ oralab yurganida, Tohir bilan Zuhraning bir daraxt tagida yashirincha suhbatlashib o‘tirgani ustidan chiqib qoladi va ko‘rganlarini Zuhraning otasi Boboxonga yetkazadi. Mullanafas Hasan bog‘bon tilidan Zuhrani bog‘dagi gulga, Tohirni esa bulbulga qiyoslab “Gul” radifli g‘azalni keltiradi. G‘azal doston voqeasiga, obrazlar hatti-harakatiga shunday payvandlanadiki, alohidaligi mutlaqo sezilmaydi. Mullanafas bu usulni dostonning boshqa epizodlarida ham qo‘llagan. Shu bilan birga, shoir Navoiy lirikasidan doston ruhiga mos, obrazlar psixologiyasini ochish imkonini beradigan g‘azallarni tanlab, ularga yo nazira yozadi, yoki muxammas bog‘laydi.

XIX asr turkman adabiyotining Kamina, Seyidiy, Zeliliy, Zinhoriy, Tolibiy, Kotibiy singari shoirlari ham Alisher Navoiyni o‘zlariga ustoz deb bilgan. Kaminaning ishqiy she’rlarida, yumor va satirasida, Seyidiyning vatanparvarlik mavzusidagi g‘azal va she’rlarida, Zeliliyning axloqiy-ta’limiy xarakterdagi muxammas, g‘azal, musaddas va musammanlarida, Zinhoriyning Sharqona uslubda ijod etgan turli janrdagi nazm bo‘stonida Sharq mumtoz adabiyoti, jumladan, Alisher Navoiy she’riyatining ham ta’siri borligini faqat qayd etish bilan cheklanamiz.

Endi Alisher Navoiy asarlarining turkman tiliga tarjimalari haqida. Turkman o‘quvchilarini shoir ijodi bilan tanishtirishga o‘tgan asrning boshlarida kirishilgan. 1925 yilda Abdulhakim Gulmuhammedov tarjimasida shoirning “Muhokamat ul-lug‘atayn” asari kitob holida bosiladi. Bu – Navoiy ijodidan namunalarni hozirgi Turkmaniston hududiga olib kirishdagi birinchi qadam edi. 1941 yilda shoirning “Xazoyin ul-maoniy” devonidan saralab olingan turkum g‘azallari tarjimasi “Chor devon” degan nomda chop etildi. Kitobdagi g‘azallarni B.Kerboboyev, Yo.Nosirli, P.Nurberdiyev, B.Seytaqov, D.Og‘amammedov, K.Ishanov kabi ijodkorlar turkmanchalashtirgan. 1948 yilda turkman tilida Navoiyning navbatdagi  “Saylanan eserler”i o‘n ming nusxada nashr qilindi. To‘plamning oldingilardan farqi shundaki, kitobga Navoiy g‘azallaridan tashqari, ruboiy va tuyuqlari, shuningdek, “Farhod va Shirin” dostonidan parcha ham kiritilgan. Tarjimonlarning safi ham kengayadi. Tilga olingan tarjimonlar qatori Sh.Kekilov, H.Ismoilov, R.Aliyev, A.Alamishev, R.Seyidov kabi taniqli ijodkorlar bilan to‘ldirilgan. Har holda bu tarjima kitob Navoiy ijodining rang-barang qirralari to‘g‘risida turkman o‘quvchilariga qisman bo‘lsa-da, ma’lumot beradi.

1965 yilda taniqli turkman olimi va tarjimon R.Rejepov tomonidan “Farhod va Shirin” dostonining o‘n ming nusxada turkman tilida bosilib chiqqani adabiy hayotning muhim voqeasi sifatida e’tirof etildi. Kitobga tarjimon qalamiga mansub Alisher Navoiy ijodi, ayniqsa, “Farhod va Shirin” dostoniga doir katta ko‘lamli maqolaning so‘z boshi o‘rnida ilova qilingani tarjimaning ahamiyatini yanada oshirdi. Ilmiy aspektdagi bu ish R.Rejepovni nafaqat yirik tarjimon, balki Sharq mumtoz adabiyoti, xususan, Alisher Navoiy ijodi, “Farhod va Shirin” dostonining mohir tadqiqotchisi ekanini ham ko‘rsatdi.

Alisher Navoiyning nodir asarlarini turkman tiliga o‘girish ishlari Turkmanistonda hech qachon to‘xtagan emas. Hamisha mutarjimlar e’tiborida bo‘lib keldi. Qardosh adabiyotning mashxur adiblari ulug‘ shoir merosi bilan o‘z xalqini bahramand etishda ibrat namunalarini ko‘rsatishdi. Bu o‘rinda K.Gurbannepesov, N.Gullayev, T.Gurbanov, A.Mammedov, A.Ataboyevdek taniqli ijodkorlarning Navoiydan qilgan tarjimalarini mamnuniyat bilan tilga olamiz. Bu tarjimalar adabiy aloqalarimizning ham muhim halqasidir. Tarjimalar kelajakda tarjimashunoslik ilmining tadqiqot ob’ektiga aylansa, nur ustiga nur bo‘lardi.

       «Jahon adabiyoti» jurnali, 2019 yil, 2-son

_______________________

[1] Andalыp. Lirika. Ashgabat, 1976., 77-saxыpa.

[2] Magtыmgulы. Saylanan eserler. 2 tomluk. 1 t., Ashgabat, 1983., 67-saxыpa.

[3] Magtыmgulы. Saylanan eserler. 2 tomluk. 1-tom, Ashgabat, 1983., 101-saxыpa.

[4] Magtыmgulы. Saylanan eserler. 2 tomluk. 1-tom, Ashgabat, 1983., 210-saxыpa.

[5] Mollanepes. Lirika. Ashgabat, 1973., 117-saxыpa.

[6] Mollanepes. Zoxre-Taxыr. Ashgabat, 1959., 27-saxыpa.