Nafaqat Angliya, balki jahon tarixida shu kunga qadar Shekpirdek keng ko‘lamli dramaturg dunyoga kelmadi. Mana 450 yildirki, uning o‘lmas asarlari dunyo teatrlari sahnasidan tushmaydi.
Mashhur yapon rejissyori Akira Kurasava tomonidan suratga olingan “Qirol Lir”, “Makbet” filmlari sharqona betakror talqini bilan shekspirshunoslarni hayratga soldi. O‘zbek Milliy akademik drama teatrida Mannon Uyg‘ur tomonidan sahnalashtirilgan “Hamlet” spektakli (Hamlet – A.Hidoyatov) o‘tgan asrning o‘ttizinchi yillarida eng talabchan mutaxassislar tomonidan yuksak e’tirof etildi. Abror Hidoyatov ijrosidagi Otello angliyalik mutaxassislarning-da, olqishiga sazovor bo‘ldi. Hisob-kitoblarga qaraganda, Shekspir hali-hanuz yiliga taxminan yigirma million odamni ish bilan ta’minlar ekan.
Buyuk dramaturg haqida uning pesalaridan tashqari yana nimalarni bilamiz? Uning shaxsiy hayoti qay tarzda kechgan? Jamiyat taraqqiyotida katta rol o‘ynagan Shekspirning asarlari yuzaga kelishiga kim yoki qanday omillar sababchi bo‘lgan? Shekspirning o‘zbek kitobxonlariyu tomoshabinlariga ko‘p ham ma’lum bo‘lmagan ma’lumotlarni izlab, tegishli ilmiy asarlarga murojaat qildik. Shekspir va uning ijodi to‘g‘risida behisob asarlar yozilgan. Ammo “Shekspir fenomenining siri nimada?” degan savolga o‘zbek teatrshunosligi va adabiyotshunosligida aniq javob yo‘q.
1981 yilda G‘afur G‘ulom nomidagi adabiyot va san’at nashriyotida chop etilgan Uilyam Shekspirning tanlangan asarlari birinchi jildining dastlabki sahifasida akademik Vohid Zohidovning “Badiiy daho mujassami” nomli maqolasida quyidagi ma’lumotlar keltiriladi:
“Uilyam Shekspir 1564 yilda Angliyaning unchalik katta bo‘lmagan Stretford shahrida dunyoga keladi.Uning otasi shu shaharning yirik savdogarlaridan va ayni zamonda, ko‘zga ko‘ringan siyosiy arboblardan edi. Bir necha vaqt shu shaharning boshlig‘i bo‘lib ishlagan ham. Uilyam maktabni tamomlagach, Londonga kelib, teatrda dastyor bo‘lib xizmat qila boshlaydi. So‘ngra Angliya yaqinida tashkil etilgan, yangi “Globus” nomli xalq teatrida 1612 yilga qadar aktyorlik qiladi va repertuar adabiyot masalalari bilan shug‘ullanadi. Ko‘p o‘tmay o‘z pesalari bilan katta shuhrat qozonadi. Hayoti juda murakkab va qiyin sharoitlarda, yangilik bilan eskilik orasidagi keskin olishuvlar jarayonida o‘tadi”.
Shu kabi ma’lumotlarni boshqa manbalarda ham uchratish mumkin. Lekin bular Shekspir ijodi bilan chuqurroq tanishish niyatida bo‘lgan mutaxassis yoki oddiy o‘quvchida tug‘iladigan qator savollarga javob bo‘lolmaydi.
Shekspir 1564 yilning 26 aprelida cho‘qintiriladi. Bu haqda Stretforddagi muqaddas Troitsa ibodaxonasining mas’ul xodimi Jon Bretchgerld “Kirim daftari”da qayd qilgan. Xristian dini aqidalariga ko‘ra, farzand dunyoga kelgach, uch kun o‘tib cho‘qintirilgan. Shu an’anadan kelib chiqadigan bo‘lsak, Uilyam Shekspir 1564 yilning 23 aprel kuni dunyoga kelgan bo‘ladi.
Ota-onasi Jon Shekspir va Merilarning birinchi farzandi Joan ismli qiz bo‘lib, u 1558 yilning 15 sentyabrida dunyoga kelgan. Ularning ikkinchi qizi Margaret esa 1562 yil 2 dekabrda tug‘ilgan.
Ammo u oradan ko‘p o‘tmay qazo qiladi. Bu haqdagi ma’lumotlar ham o‘sha “Kirim daftari”da qayd qilingan.
Shekspir dunyoga kelgan Stretford shaharchasi Eyven daryosi yoqasida joylashgani bois uni “Eyven bo‘yidagi Stretford” deb atashgan. Buning ham kichik tarixi bo‘lib, o‘sha yerlik Klopton ismli savdogar Londonga qatnab, katta mablag‘ orttiradi. Umrining poyonida esa o‘z shahriga qaytib, Eyven daryosi ustiga o‘z mablag‘i hisobidan ko‘prik qurdiradi. Bu ko‘prik sayyohlar uchun London shahriga eltuvchi yo‘l bo‘lgan. Shu davrdan boshlab “Eyven bo‘yidagi Stretford” shahri deb yuritila boshlagan.
Stretfordga rasman shahar maqomi berilishida qirol Richard I ning xizmati katta bo‘lib, u shahar hududida haftaning payshanba kunlari katta bozor tashkil etish to‘g‘risida qaror chiqargan. Avvallari shaharni kesib o‘tadigan uchta ko‘chaning chorrahasida xoch o‘rnatilgan bo‘lib, u bozor o‘rnini bildirib turgan. Bu voqealar taxminan 1500 yilning boshlariga to‘g‘ri keladi. Keyinchalik Shekspir yashagan davrda xoch o‘rnida usti yopiq kattagina bozor bo‘lib, unda oziq-ovqat, kiyim-kechak qishloq xo‘jalik asbob-uskunalari va boshqa narsalar sotiladigan rastalar bo‘lgan.
Eduard IV davrida qirol shahodatnomasiga asosan, shahar mustaqil deb e’lon qilinib, alohida muhri, boshqaruvchi hokimi, uning to‘rtta boshqaruvchi hamda o‘n to‘rtta ijrochilardan iborat saylab qo‘yiladigan tashkiloti yuzaga keladi.
XV asrning o‘rtalariga kelib Angliyada to‘qimachilik sanoati rivojlana boradi. Chorvachilik asta-sekin dehqonchilik sohasini siqib chiqara boshlaydi. Natijada qishloqlarda dehqonchilik bilan shug‘ullangan yoshlar iqtisodiy tang ahvoldan qutilish uchun hunar o‘rganish maqsadida shaharlarga ko‘cha boshlaydi.
XV asrga kelib, shahar hududi kengayib, yangi binolar qad ko‘taradi. Markazdagi butxona yonboshida maktab ochiladi. Maktab bepul bo‘lib, unda asosan lotin tili grammatikasi va adabiyoti o‘rgatilgan. Shekspir ham shu maktabda tahsil olgan.
Stretford shahridan shimoliy-sharq tomon taxminan uch-uch yarim kilometr yurilsa, so‘lim Sniterfeld qishlog‘i ko‘zga tashlanadi.1529 yillarda Shekspirning buvasi Richard Shekspir shu qishloqqa kelib o‘rnashadi. Bu joyning birdan-bir ko‘rki bo‘lgan muqaddas Buyuk Jeyms ibodatxonasining ko‘kka bo‘y cho‘zgan baland qubbasi qishloqning ko‘rki bo‘lgan. Shekspirning buvasi Richard shu yerdagi qarovsiz dalalarni ijaraga olib, dehqonchilik va chorvachilik bilan shug‘ullangan.
Shekspirning bobosi o‘z qatlami orasida anchayin badavlat odam bo‘lib, u qazo qilgan 1561 yil 10 fevralda tuzilgan “Mol-mulkni baholash daftari”da marhumga tegishli mol-mulkning umumiy qiymati 38 funt, 17 shilling miqdorida baholangani qayd etilgan. Bu o‘sha davrdagi narx-navo bilan taqqoslanganda katta boylik hisoblangan. Taxminlarga qaraganda, Richard Shekspirning ikki o‘g‘li bo‘lgan. To‘ng‘ichi Genri Shekspir 1589 yilda qazo qilganligi Xempton-Lyusi ibodatxonasining “Kirim daftari”da qayd qilingan. Uning ikkinchi o‘g‘li Jon Shekspir, ya’ni, dramaturgning otasi o‘z yerini ijaraga bergan Robert Ardenning qizi Meriga uylangan.
U otasi va akasiga o‘xshab dehqonchilik qilishni istamagani sababli oilasi bilan 1550 yillarda Sniterfeld qishlog‘idan Stretford shahriga ko‘chib keladi va qo‘lqop tikish hunarini o‘rganadi.O‘sha davrda joriy etilgan tartibga binoan, hunar o‘rganishni istagan har bir o‘spirin ustaga shogird tushib, uning xizmatini qilib, ham hunar o‘rganishi kerak bo‘lgan. Bu sohada unga Tomas Dikson degan kishi ustozlik qilgan. Aftidan, bu hunar bilan yaxshi daromad topish mumkin bo‘lgan. Qo‘lqop tikish va uni kiyib yurish inglizlargagina xos bo‘lib, boshqa davlatlarda bunday hunar bilan shug‘ullanuvchilar bo‘lmagan.
Jon Shekspirning nomi 1552 yil 29 aprelda shahar tozaligini nazorat qiluvchi boshqarma tomonidan chiqarilgan jarima to‘lash to‘g‘risidagi sud qarori yozilgan qog‘ozda qayd etiladi. Unga ko‘ra, Jon xonadonidan chiqqan axlatni Xenli-strit ko‘chasiga to‘kib ketganligi uchun bir shilling jarima to‘lashga tortilgan.
Yuqoridagi jarima qog‘ozidan yana shu narsa ma’lum bo‘ladiki, Jon Shekspir Xenli-stritdagi uylarning birida yo ijarada yoki xususiy uyida istiqomat qilgan. Shuningdek, u 1556 yilda shaharlik Jorj Ternerdan shahardan tashqariga olib boradigan Grinxil-strit ko‘chasida joylashgan kattagina bog‘li hovlini sotib oladi. Keyinchalik bu ko‘chaning nomi o‘zgarib, “Mor-Taunos-end” deb yuritila boshlangan. Shu yilning o‘zida u yana Edvard Uesta degan kimsadan Xenli-stritda joylashgan kattagina ekin maydoniga ega mulkni ham sotib olgan.
Xuddi shu yili shaharda vabo tarqaladi va bir necha kun ichida 237 kishining yostig‘i quriydi. Ammo vabo Shekspir xonadonini chetlab o‘tgan. Avgust oyida Munitsipalitet (o‘zini-o‘zi boshqarish birlashmasi) kengashi a’zolari majlisni har ehtimolga qarshi tor xonada emas, ochiq havoda, chorrahadagi cherkov bog‘ida o‘tkazishadi. Mazkur yig‘ilishda hozir bo‘lganlar ro‘yxatida Jon Shekspirning ham familiyasi bor. Yig‘ilishda asosan, vabodan aziyat chekkan xonadonlarga yordam ko‘rsatish masalalari muhokama qilingan. Xayriyatki, 1566 yilning dekabr oyiga kelib, sovuq tushishi bilan vabo chekinadi. 1566 yil 13 oktyabrida Jonning ikkinchi o‘g‘li Gilbert Shekspir “Muqaddas Troitsa” ibodatxonasida cho‘qintiriladi. 1569 yilning 17 aprelida Jon Shekspirning Joana ismli qizi ham xuddi o‘sha ibodatxonada cho‘qintirilgani “Kirim daftari”da qayd qilingan. Jon kenja farzandi Edmundni 1580 yil 3 may kuni Troitsa ibodatxonasida cho‘qintirgan vaqtda uning yoshi bir joyga borib qolgan edi. Edmund balog‘at yoshiga yetgach, akasi Uilyamga ergashib Londonga keladi va aktyor sifatida sayyor teatrlarda ishlaydi. Ammo aynan qaysi teatrlarda ishlaganligi ma’lum emas. Unga otasi va akasiga o‘xshab uzoq umr ko‘rish nasib etmagan. Bor-yo‘g‘i 29 yil umr ko‘rgan bo‘lib, 1602 yilining 31 dekabr kuni Londondagi muqaddas Mariya Overi ibodatxonasi hududidagi qabristonga dafn etilgan.
Uilyam Shekspirning otasi davlatmand bo‘lganligi haqida arxiv hujjatlarida ma’lumotlar bor. Agar u shaharning oddiy fuqarosi bo‘lganida shahar boshqaruvi ishlariga aralashtirilmagan bo‘lardi. 1567 yilda Jon Shekspir shahar sudining beylifligiga (sud qarorlari chiqaruvchi hamda ijroni nazorat qiluchi oqsoqol) nomzodi ko‘rsatilgan uch kishi orasida uning ham nomi bo‘lgan. U 1568 yilning birinchi oktyabridan beyliflik vazifasini bajarishga kirishadi. Jon ikki haftada bir marta bo‘lib o‘tadigan sud yig‘ilishida raislik qilgan. Shahar fuqarolarining mol-mulkini musodara qilish, egasiz mol-mulkni nazorat qilish, bozordagi narx-navo ustidan muntazam nazoratni amalga oshirish beylif zimmasida bo‘lgan. Shuningdek, u bozor kunlari ikki yoki to‘rt nazoratchi qurshovida bozorni aylanib, hamma uchun maqbul narx-navoni belgilagan. Shahar oqsoqollari tomonidan chiqarilgan qonunlarni bajarishdan bo‘yin tovlagan fuqarolarni hibsga olish to‘g‘risida qaror chiqargan. Demak, beylif shaharda Qirollik nomidan ish ko‘ruvchi mansabdor shaxs bo‘lgan. Jon Shekspir o‘zining mavqei, shahar boshqaruvidagi xizmatlarini inobatga olgan holda o‘zi va avlodlari uchun “Dvoryanlik” unvoni – gerb berishlarini so‘rab, Qirollik palatasi a’zolariga bir necha bor murojaat qilgan. Ammo nima sababdandir uning iltimosi qondirilmagan. Shundan keyin jamoat va davlat ishlaridan o‘zini tortgan bo‘lishi mumkin.
Jon Shekspir 1601 yil 8 sentyabr kuni vafot etadi va “Muqaddas Troitsa” qabristoniga dafn qilinadi.
Shoirning o‘ziga keladigan bo‘lsak, u Qirollik qonunida belgilangan tartibda o‘qitilgan. 1552 yilda Qirolicha Mariya Tyudor tomonida joriy etilgan “Yo‘riqnoma”ning qirq birinchi bandida o‘rta maktablardagi ta’lim berish uslubi qat’iy belgilangan bo‘lib, Angliyada Xristian dinining protestantlik mazhabi taomili bo‘yicha ibodat qilish, bolalarni o‘qitish bilan mashg‘ul bo‘lgan shaxslar ilohiy bilimlarga nisbatan o‘quvchilarda hurmat va ehtirom tuyg‘usini uyg‘ota bilishlari hamda o‘quvchilarda diniy e’tiqodni mustahkamlashga erishmoqlari lozimligi ko‘rsatib o‘tilgan.
Shekspirning qaysi maktabda va qanday o‘qiganligi to‘g‘risida ma’lumotlar saqlanmagan. Oradan qariyb yuz yillar o‘tib, 1709 yilda shekcpirshunos Nikolas Rou quyidagi fikrni olg‘a suradi: Jon Shekspir o‘zining shoir o‘g‘lini mahalliy bepul maktabga o‘qishga bergan bo‘lib, bo‘lg‘usi shoir lotin tilini mukammal egallagan. Nikolas Rou tilga olgan “Eyven bo‘yidagi Stretford shahridagi yagona o‘quv dargohi “Qirollik maktabi” bo‘lib u, Shekspirlar oilasi yashagan Xenli-stritdan yarim chaqirim narida joylashgan.
Shekspir o‘qigan Stretforddagi yangi Qirollik grammatika maktabining boshqa hududlardagi shunday maktablar orasida uslubiy ta’lim tizimi, shart-sharoiti bilan nisbatan peshqadam hisoblangan. 1553 yildagi maktablar ro‘yxatida mazkur maktab o‘qituvchisi yiliga 20 funt hamda bepul yotoqxona bilan ta’minlangan. Boshqa maktab o‘qituvchilari esa yiliga atigi 10 funt maosh olishgan.Turli yillarda Shekspirga saboq bergan o‘qituvchilar Angliyadagi Oksford universitetini bitirgan yuqori malakali mutaxassislar bo‘lgan. 1566-1572 yillarda Oksford universitetining magistranti Tomas Jeniks ham shu maktabda dars bergan.
Angliya Qirollik maktabidagi joriy tartibga ko‘ra, darslar ertalab yettida boshlanib, soat o‘n birda qisqa nonushta uchun vaqt ajratilgan, so‘ng mashg‘ulotlar soat birga qadar davom etgan. Soat birda tushlik uchun bir soat tanaffus berilgan. Shundan so‘ng darslar soat besh-oltiga qadar uzluksiz cho‘zilgan.
Asosiy sinflardagi o‘qishning birinchi yilida asosan lotin tili va talaffuzini o‘rganishga e’tibor qaratilgan. O‘qitish uslubi hozirgi boshlang‘ich sinf darslariga o‘xshab ketadi. Ya’ni, o‘quvchi lotin tilidagi o‘ziga tanish so‘zlarni Uilyam Lilining kitobidan qidirib topishlari, so‘zning mazmun-mohiyatini tushuntirib berishlari kerak bo‘lgan. Bundan tashqari maktabda Leonxardus Kulmanusning “Bolalar uchun nasihatnoma” kitobidan ham foydalanilgan. Ikkinchi o‘quv yilida Erazm Rotterdamskiyning noyob fikrlar to‘plami – “Katona” kitobini o‘rganishga o‘tilgan. Shuningdek, Ezop qoldirgan noyob fikr durdonalari ham yod olingan.
Uchinchi o‘quv yilida esa Terentsiy, Plavtni o‘qib o‘rganishgan, yod olishgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, so‘zlarni osonroq o‘zlashtirish uchun nomlari zikr etilgan mualliflarning asarlaridan ayrim sahnalarni o‘quvchilar ijro etishgan. Shu tariqa Shekspir besh qismli komediya qanday yaratilishini o‘rganib borgan bo‘lsa ajab emas. Maktabning keyingi sinflarida Sitserondan notiqlik san’ati, topika (so‘zlarni ko‘chma ma’noda qo‘llash) o‘rganilgan. O‘zlashtirilgan bilimdan foydalangan holda turli maqsadlarda maktub yozishni, nutqni irod qilish mashq qilingan. Darsdan so‘ng nazm sirlari o‘rgatilgan.
Shu tariqa o‘quvchilar Ovidiy, Vergiliy, Goratsiylarga taqlidan lotin tilida she’r yozishni mashq qilgan. Shekspir ham she’r yozishni o‘quvchilik vaqtidayoq boshlagan. Ayniqsa, Ovidiyning “Metamarfoza” kitobi bir umrga Shekspirning eng suyukli kitobi bo‘lib qoladi.
Shekspirshunos T.U.Bolduni o‘zining Shekspir to‘g‘risidagi kitobida shunday izoh beradi:
“Shekspir o‘sha davrda Antik adabiyot yuzasidan grammatika maktabi bergan bilimni mukammal egallagani o‘z davridagi eng yuksak maqomdagi yozuvchidan kam emasligining isbotidir. Stretforddagi grammatika maktabi lozim bo‘lgan barcha ilmlarni o‘quvchilarga bera olgan”.
Aftidan, Uilyam, shahardagi “Qirollik maktabi”ni tamomlay olmagan. Inglizlarning oilaviy munosabatlariga ko‘ra balog‘at yoshiga yetgan har bir o‘spirin o‘z mustaqil hayotini yo‘lga qo‘yishi lozim. Bunday odatga hanuz amal qilib kelinadi. O‘n besh yoshga to‘lgan yigitcha, agar u dvoryan oilasiga mansub bo‘lsa, qirol saroyiga paj (Saroydagi past amallardan, dastyorlik, yugurdaklik vazifalarini bajaruvchi) sifatida ishga kirishi kerak bo‘lgan. Oddiy oila farzandlari esa biron-bir hunarni egallash uchun ustaga shogird tushgan. Jon Shekspirda dvoryanlik unvoni bo‘lgan-bo‘lmagani ma’lum emas. Shu bois, Shekspir o‘z otasining qo‘lqop tikish hunarini o‘rganishga kirishgani haqiqatga yaqinroq.
1582 yilning bahor oylarida Shekspir Stretforddan bir chaqirim narida joylashgan Shotern qishlog‘iga boradi. U yerda Enni ismli qizni uchratadi va unga ko‘ngil qo‘yadi. Ularning ikkinchi uchrashuvi taxminan avgust oylarida ro‘y berib, oshiq-ma’shuqlarning ehtiroslari natijasida Enni homilador bo‘ladi. Bu vaqtda Shekspir endigina o‘n sakkiz yoshda bo‘lib, (o‘sha davr qonunlariga ko‘ra balog‘at yoshi deb yigirma bir yosh belgilangan edi) Enni esa undan sakkiz yosh katta edi. Ennining tobora ko‘zga tashlana boshlagan qorni har ikkisini tashvishga solgan. U vaqtlarda hali “Nikoh guvohnomasi” joriy etilmagan. Shuning uchun 1582 yilning 27 noyabrida kelin tomonidan ikki kishi Falk Sendlis va Jon Richardson Stretforddan 21 chaqirim uzoqdagi Vuster shahrida joylashgan “Konsister sudi”dan “erta nikoh”ga ruxsat olish uchun yo‘lga tushadilar. Kuyovning hali balog‘at yoshiga yetmaganligi sabab “alohida ruxsat” so‘ralgan. Mazkur ruxsatnoma yoshlarni rasman turmush qurishlari mumkinligini tasdiqlovchi hujjat edi. Nikoh marosimida shoirning otasi Jon Shekspir ishtirok etmagan. Demak, bu nikohga Shekspir ota-onasining roziligini olmagan. Uilyam va Enni 1582 yilning 27 noyabrida nikohlangan bo‘lsa, oradan olti oy o‘tib ularning to‘ng‘ich qizi Syuzan dunyoga keladi.
Ular Stretforddagi Xenli-stritdagi ota xonadonida yashaydilar. 1585 yil 2 fevralda bu xonadonda egizaklar Gamnet bilan Judit Shekspirlar dunyoga keladi. Uilyamning gardaniga o‘zidan tashqari yana uch jonni boqish tashvishi tushadi. O‘sha davrdan qolgan uzuq-yuluq ma’lumotlarga ko‘ra, uni goh qassob yordamchisi, goh qo‘lqop tikuvchi usta, goh boy xonadonlarda yollanma o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. Lekin Stretfordda teatrga, adabiyotga aloqador biron yumush bilan shug‘ullanganligi to‘g‘risida aniq ma’lumot yo‘q. Ammo 1587 yilda “Qirolicha janobi oliyalari teatri” truppasi Stretfordda tomosha ko‘rsatganligi va bu tomoshada ishtirok etgan aktyorlarga 20 shilling, singan kursilar uchun 16 pens haq to‘langanligi shahar merining kirim-chiqim daftarida qayd qilingan. Yoshlar uchun sayyor truppalar tomonidan onda-sonda ko‘rsatib turiladigan tomoshalardan boshqa ko‘ngilochar joy bo‘lmagan. Shuning uchun ham bir spektakl shaharda besh-o‘n kunlab namoyish etilgan. Tabiiyki, Shekspir o‘z tengdoshlari bilan bunday tomoshalarni birontasini o‘tkazib yubormagan.
Shekspir ijodi bilan shug‘ullangan mutaxassislarning taxminlariga ko‘ra, Uilyam shu yili biron-bir sayyor truppaga ergashib, o‘z baxtini sinab ko‘rish uchun London shahriga ravona bo‘lgan. London o‘z davrda yer yuzidagi eng katta, eng mukammal shahar bo‘lgan. Shaharning barpo bo‘lishi yangi eraning 43 yili Rim imperatori Klavdiy Londinumning Britaniya davlatini bosib olishi bilan bog‘liq bo‘lib, avvaliga imperatorning nomi bilan “Londinum deb yuritilgan. Rimliklar shaharni tashlab ketganlaridan keyin ko‘p yillar u qarovsiz qolgan. Keyinchalik shahar atrofiga anglasaksonlar kelib o‘rnasha boshlaydi. Ular Londinumdan chetroqda yangi markaz qurishga kirishadilar va uning nomini “London”, ya’ni, “Savdogarlar shahri” deb ataydilar.
Shekspirning poytaxtga kelishi taxminan 1590 yillarga to‘g‘ri keladi.
Bu davrda Angliya Uyg‘onish davrining eng qaynoq pallasiga kirgan bo‘lib, sanoat, ishlab chiqarish, diniy va dunyoviy bilimlar bir-biri bilan keskin kurashga kirishgan tarixiy jarayon edi. Bir tomondan katolik mazhabining aqidaparastlik oqimi. Hur fikrlilik kushandasi “inkvizitsiya” o‘z mavqeidan ajralib qolishdan qo‘rqib jon-jahdi bilan o‘z g‘oyalarini himoya qilayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan insonparvarlik g‘oyalarini ilgari surayotgan yangi ko‘rinishdagi falsafiy oqim, insonni o‘z-o‘zini anglash orqali tabiat va jamiyatga ta’sir eta olish salohiyatiga ega ekanligini his qilishi, uning dunyoqarashi va e’tiqodiga ta’sir o‘tkazmasdan iloji yo‘q edi.
Shaharni qishloqdan ajratib turuvchi Temza daryosi shahar devorlarini aylanib o‘tib, shimol tomonga qarab oqqan. Shaharga kirib-chiquvchilar daryodan qayiqlar orqali o‘tishgan. Shekspirning darbadarligi, ish qidirib daydib yurganlari, teatr bilan bog‘liq hayoti ayni mana shu qirg‘oqda kechgan. Chunki barcha ko‘ngilochar maskanlar shahar tashqarisidagi keng maydonlarda joylashgan edi. Aslida birinchi xalq teatri shahar ichida 1551 yilda qurilgan bo‘lib, uning nomi “Er shari” deb atalgan. Keyinchalik bu teatr xalq tilida “Globus” deb atala boshlagan. Ammo teatr shahar ichida bo‘lishi, qora xalq, daydilar, to‘s-to‘palonlarga sabab bo‘lishi, shuningdek, olomon to‘plangan joyda kasallik tez tarqalishi mumkin, degan vaj bilan shahar tashqarisiga ko‘chirilgan.
Bu voqea 1576 yilda sodir bo‘lgan. Kasbi duradgor bo‘lgan Jeyms Berbedj teatr sohasida katta cho‘qqilarni zabt etgan buyuk aktyor bo‘lib, u o‘z loyihasi asosida teatr binosini qurgan. Bu teatr aktyorlari boshqa kasb bilan shug‘ullanmay, faqat tomosha ko‘rsatib, kun kechirgan. Shuning uchun ham ular professional teatr tarixida muhim rol o‘ynaydi. Bu haqda uning o‘g‘li Katbert Berbedj shunday bitiklarni qoldirgan: “Otam birinchi bo‘lib teatr binosini qurgan hamda yoshlik yillarida o‘zi rollar ijro etgan.U teatr qurish uchun katta foiz evaziga qarz ko‘targan. Teatrni ijaraga olingan yerda qurganligi uchun yer egasi bilan sud orqali doimiy tortishuvlar bo‘lib turgan. Keyinchalik bu tortishuv va talashlardan bezor bo‘lgan teatr aktyorlari boshqa joydan yer olib, “Globus” teatrini qurishadi”.
Teatr tomoshalari shahar ichida ham namoyish etilgan. Ammo maxsus binolarda emas, “Qo‘ng‘iroq”, “Buqa”, “Qizil arslon”, “To‘ng‘iz kalla” kabi mayxonalarda muntazam ravishda namoyish etilgan. “Globus” teatri ko‘chib o‘tgan shahar tashqarisida teatr tomoshalaridan tashqari, ayiq, it, xo‘roz urishtiriladigan jangoh bo‘lib, bayram kunlari bu yerlar ham tomoshabin bilan tirband bo‘lgan. Teatr tomoshalari, hayvonlar jangi kunduzlari tushdan keyin ko‘rsatilgan. Tomoshalar vaqtida odamlar har tomonga yurgan, ovqatlangan, shu yerning o‘zida savdo-sotiq bilan shug‘ullangan.
Shekspir Londonga qadam qo‘yganida uning yonida sariq chaqasi ham bo‘lmagan. Tayinli ishga joylashish uchun esa nufuzli biror amaldorning kafillik xati talab qilingan. Bu tamoyil hanuz Angliyada o‘z kuchini yo‘qotmagan. Shunday qilib, Shekspir uni hech kim tanimagan vaqtda tirikchilik o‘tkazish va shaharga o‘rnashish uchun har qanday qora ishdan qaytmagan.
Shekspirning Londondagi hayotining dastlabki yillari to‘g‘risida 1743 yilda publitsist Robert Sheyelsom tomonidan tuzilgan “Britaniya va irlandiyalik buyuk shoirlarining hayotiy lavhalari” kitobida Shekspir haqida to‘liqroq va nisbatan ishonarli ma’lumotlar keltirilgan: “Shekspir Londonga kelgan dastlabki kunlarida unda na pul, na tanish-bilishi bo‘lgan va yordam so‘rab kimga murojaat qilishni ham bilmagan. U davrlarda yasan-tusan izvoshlarda yurish odat tusiga kirmagani uchun shaharlik oliftalar tomoshalarga ot minib kelishgan. Shekspir ularga o‘z xizmatini taklif qilgan va to ot egalari tomosha ko‘rib chiqqunlariga qadar jonivorlarga qarab turgan. Tomosha tugagach, ot egalarini otga minishlariga ko‘maklashgan, evaziga choy-chaqa ishlagan. U so‘zamolligi, aql-farosati, bilimdonligi bilan boshqalardan ajralib turganki, bora-bora ko‘pchilik otlarini faqat unga ishonib topshirgan. Shu bois, shuncha otga qarab turishni bir o‘zi eplolmaganidan shu yerlik bolakaylarni ishga yollagan. “Qorovul”ning teatr sohasidagi bilimlari, yaxshi ijroni yomondan osongina ajrata olishi aktyorlar e’tiborini jalb qila boshlaydi. Uni ommaviy sahnalarda ishtirok etishga taklif etishadi. O‘rni kelganda suflyorlik ham kiladi. Bir so‘z bilan aytganda, Shekspirning bilimi, shoirtabiatligi, har qanday odam bilan tezgina til topishib keta olish qobiliyati uni eshik tagidan ichkariga yetaklab kiradi”.
Biz Shekspirning “Hamlet” asaridan sayyor aktyorlar Daniya qiroli saroyiga kelgani va o‘sha yerda Shahzodaning buyurtmasi asosida tomosha ko‘rsatganlarini bilamiz. Shekspirni ichkariga taklif etgan truppa a’zolari “Janobi oliyalari Qirolicha xizmatkorlari” deya yuritilgan. Buning ustiga 1583-1584 va 1587-1588 yillarning qish mavsumida bu truppa a’zolari Qirolicha saroyida o‘n yetti marta tomosha ko‘rsatgani va xizmatlari evaziga 10 funt sterlingdan mukofot puli olishganini e’tiborga olsak, bu aktyorlar juda ham bechorahol turmush kechirmagan ko‘rinadi. Chunki o‘sha davrda maktab o‘qituvchisining bir yillik daromadi 20 funt sterling bo‘lgani va u katta mablag‘ hisoblangani to‘g‘risida yuqorida aytib o‘tildi.
O‘sha davrda asosan ikkita teatr truppasi shuhrat qozongan bo‘lib, biri “Janobi oliyalari Qirolicha xizmatkorlari”, ikkinchisi Graf Sasseks xizmatkorlari” deb yuritilgan. Graf Sasseks truppasi uchun asosan Kristofer Marlo asarlar yozgan bo‘lsa, Qirolicha teatri uchun Robert Grin asarlari asqotgan. Ikkala shoir ham o‘z davrining eng mashhur shoiri bo‘lgan. Ayniqsa, Kristofer Marlo asarlarining qahramonlari, balandparvoz, dabdabali monologlari bilan tomoshabinlarni o‘ziga rom etgan bo‘lsa, Grin asarlaridagi voqealar tizimining o‘tkirligi, qahramonlarning jo‘shqin so‘zlari tomoshabinga kuchli ta’sir o‘tkaza olgan. Kristofer Marloning “Tamerlan” asari o‘sha davrda tomoshabinlar orasida juda mashhur bo‘lgan.
Shekspir nomi faqat XVII-XVIII asrlarga kelib mashhur bo‘lib ketadi. O‘zi yashagan davrda esa oddiy bir aktyor va pesa to‘quvchi shoir hisoblangan. Shuning uchun ham u haqda to‘liq ma’lumot bizgacha yetib kelmagan.
U vaqtlarda teatr aktyorlari o‘zlariga yoqqan asarlarni muallifdan sotib olishgan va u teatrning mulkiga aylangan. Pesalarni chop etish esa deyarli foyda keltirmagan. Faqat mamlakatda vabo tarqalib, teatrlar yopib qo‘yilgan kezlarda, aktyorlar pulsiz qolib, o‘z mulklari hisoblangan pesalarni noshirlarga sotishgan. Bunday vaqtlarda pesa mualliflarining nomi ko‘rsatilishiga ko‘p ham e’tibor berilmagan. Shekspirning nomi rasman 1593 yilda tilga olinadi.
Taqdir qudratini qarangki, bir shahardan chiqqan ikki shaxsning biri o‘zi anglamagan holda ikkinchisiga umrboqiylik baxsh etishda jonbozlik ko‘rsatgan. Gap Strertford shahrida Shekspirdan uch yil keyin tug‘ilgan Richard Fild haqida bormoqda. U Londonga kelib Blekfrayzerdagi bosmaxona egasi Jon Bensonga shogird tushadi. Uquvli shogird tez orada noshirlik sirlarini mukammal egallab oladi. Ana shu Richard Fild 1593 yilda noshirlar gildiyasida “Venera va Adonis” nomli kitobni ro‘yxatdan o‘tkazadi.
Shekspir bu poemani o‘sha davr an’analariga ko‘ra, saroy a’yonlaridan hisoblangan lord Sautgemptonga bag‘ishlaydi. Chunki “katta shahar”dan omad izlab kelgan boshqa shoir va aktyorlar kabi u ham o‘zi uchun “pushti panoh” – homiy topishi kerak edi. U Shekspirdan to‘qqiz yosh kichik bo‘lgan. Lordlar palatasining a’zosi, oliy nasabli yigitcha Sautgempton she’riyat va san’atga qiziqqan. Shu bois, o‘ziga homiy qidirgan Shekspir e’tiborini tortgan. Shekspir unga quyidagi so‘zlarni yozgan: “Marhamatli Oliyhimmat davlatpanoh! Ojizona satrlarimni sizga bag‘ishlash bilan Sizdek marhamatgo‘yning ko‘ngliga ozor yetkazib qo‘ymadimmikan, deb qo‘rqaman. Sayoz fikrlarim uchun Sizdek qudratli pushtipanohni tanlab ko‘nglingizga ozor yetkazgan bo‘lsamu Sizning malomatingizga giriftor bo‘lsam, o‘zim uchun buni yuksak mukofot sifatida qabul qilish bilan birgalikda qolgan umrimni Siz oliyjanobning nomini sharaflashga arzigulik asarlar yozishga bag‘ishlagum. Agar tasavvurim to‘ng‘ichi, xunuk va beso‘naqay chiqqan bo‘lsa, Sizning oliyjanob fatvolaringizga umidvorlik qilganim uchun qarshingizda ko‘nglim vayron, ijod mahsulimga yaxshi ishlov bera olmaganim boisidan yuzim shuvit. Bundan keyin minba’d bema’ni mahsulot yozmaslikka ont ichaman.
O‘zimning ilk farzandimni Sizning marhamatingizga havola qilar ekanman, Sizga huzur-halovat tilagan holda ko‘nglingizdagi barcha orzu-havaslar mustajo bo‘lishiga tilak bildirib marhamatingizdan umidvor itoatkor qulingiz Uilyam Shekspir”.
Shekspirning “Venera va Adonis” poemasi o‘zi hayotligida o‘n besh marta qayta nashr qilingan. Asar Londondagi “Blekfrayze” bosmaxonasida 1593 yilning 18 aprelida “Noshirlar shirkati”da ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Shekspirning hamyurti Richard Stenli uni to‘rt pensiga sotib olgan birinchi o‘quvchi sifatida kitob do‘konidagi “kirim-chiqim” daftarida qayd etilgan. Buni Stenli ham kundaligida qayd qilgan bo‘lib, ana shu kundalik Shekspirning XVIII asrgacha qorong‘u bo‘lib kelgan tarixiga oydinlik kiritishga asos bo‘lgan.
Shekspir ikkinchi dostoni “Lukretsiya”ni ham Sautgemptonga bag‘ishlagan. Kitobning muqaddimasida avvalgisiga qaraganda qisqa va kamtarinroq bag‘ishlov so‘zlari bo‘lib, “Itoatkor qulingiz Uilyam Shekspir”, deya imzo qo‘yilgan.
O‘sha davrda Shekspirdan tashqari teatr uchun pesalar yozgan yozuvchilar ko‘p edi. Ammo ulardan ikki kishigina Shekspir bilan ijodiy bahsga qodir bo‘lib, biri Kristofer Marlo, ikkinchisi Robert Grin edi. Agar Robert Grinning asarlarida tarixiy va afsoniy mavzular ustivor bo‘lib, voqea va hodisalarning o‘zgarishi, tashqi kuchlarning asar mazmuniga ta’siri katta bo‘lsa, Kristofer Marlo asarlarida shaxsning ichki ruhiy holatlaridan kelib chiqadigan ehtirosli holatlar, shaxs va jamiyat o‘rtasidagi muvozanatni buzilib, izdan chiqarishi fojialar mazmunini tashkil qilgan. Shekspir har ikki shoirning uslubidan o‘rinli foydalangan. Shaxs va jamiyat, insonlar bilan ma’budlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar uning asarlari mavzusini tashkil etadi.
Grinning Shekspirga nisbatan munosabatida raqobat bo‘lgan. 1592-1598 yillarda xalq teatrlarida eng ko‘p qo‘yilgan asarlar Robert Grin qalamiga mansub. Bular “Alfons – Aragon qiroli”, “Jeyms U”, “Angliya va London uchun ko‘zgu”, “Rohib Bekon va Bangi” kabi tarixiy, ishqiy-sarguzasht asarlar oddiy tomosha ishqibozlari uchun mo‘ljallangan. Shekspirning dramaturg sifatida maydonga chiqishi bilan bog‘liq ma’lumotlarni Robert Grin bitiklaridan topish mumkin. Xususan, Shekspir to‘g‘risida yozilgan mana bu achchiq va istehzoli iboralar Robert Gringa tegishlidir: “Ular (yozuvchilar) o‘rtasida “ola qarg‘a” (vыskochka vorona) ham bor. Uning ham pati biznikidan bo‘lib, “masxaraboz terisiga burkangan sheryurak, o‘zining oq she’rlari bilan sahnalarni titratmoqchi bo‘lyapti. U o‘zini ustaci farang hisoblab, sahnani larzaga keltiruvchi yagona shaxsman, deb o‘ylaydi”.
Noyob qobiliyat egalari uchun o‘z jamiyatida yashab, ijod qilish va uni boshqalarga manzur qila olish hamma davrda ham oson bo‘lmagan. Shekspir Gringa qarshi e’tiroz bildirib, maktub yoki raddiya yozmagan.
Uilyam ijodiy faoliyatini aktyorlikdan boshlab, asta-sekin o‘z truppasi uchun dramatik asarlar yoza boshlagan. Grin Shekspirni asarlarida haddan tashqari shafqatsizlikka urg‘u berganlikda ayblaydi.
Kristofer Marloga kelsak, u Shekspir to‘g‘risida muayyan fikr bildirgani to‘g‘risida aniq ma’lumot saqlanmagan. Uning tragediyalarida boshqalardan farqli o‘laroq, qahramonlarning ichki ruhiy kechinmalariga ko‘proq e’tibor qaratilgan. Agar Grin asarlarida voqealar berilgan shart-sharoit, vaziyatlarning tez-tez o‘zgarib turishi va qahramonlarning kulgili holatlari aks ettirilgan bo‘lsa, Marlo asarlarida qahramonlarning ruhiy holati, atrof-muhitga, mavjud vaziyatlarga nisbatan isyonkorona kechinmalari aks etadi. Qahramonlar bundan iztirobga tushadilar, balandparvoz, tantanavor so‘zlar bilan tomoshabinni larzaga solishga harakat qiladilar. Ayniqsa, uning Amir Temurga bag‘ishlangan (Bu asar o‘sha davrda Buyuk sohibqiron hayotini badiiy shaklda aks ettirgan ilk asar edi.) “Tamerlan” tragediyasi o‘sha davrda keng omma orasida juda mashhur bo‘lgan. Asar xalq teatridan tashqari universitet talablari, havaskor guruhlar tomonidan ham sahnalashtirilib, qovoqxonalarda, o‘quvchilar orasida muntazam ijro etilgan. Shekspir har ikki dramaturg asarlaridan pesa yozish sirlarini, dramatik vaziyatlarni keltirib chiqaruvchi omillarni, qahramonlarning ichki holatini monologlar orqali tomoshabinga yetkazish va uni ham hayratga, ham larzaga solish mahoratini o‘rgangan.
Shekspir ijodi bilan qiziqib qolgan londonlik Frensis Merez “Ilohiy arifmetika” kitobida quyidagilarni qayd etgan:
“Rimliklarda Plavt bilan Seneka komediya va tragediyada eng iqtidorli hisoblangan bo‘lsalar, inglizlarda Shekspir sahna asari –pesa yozish bo‘yicha har ikkisidan ustunlik qiladi. Komediya janrida uning “Veronalik ikki yigit”, “Besamar sevgi”, “Samarali sevgi mukofoti”, “Yoz tuni g‘aroyibotlari”, “Venetsiyalik savdogar” asarlari mashhur bo‘lsa, tragediya janrida “Richard II ”, “Richard III”, “Genri VI”, “Qirol Jon”, “Tit Andronik” hamda “Romeo va Juletta” asarlarini sanab o‘tish mumkin”.
Frensis Merez Shekspirni ko‘klarga ko‘tarib maqtar ekan, uni ingliz tilini boyitishdagi xizmatlarini bir necha o‘rinda ta’kidlab o‘tadi. Shuningdek, Shekspirning sonetlari adabiyot muxlislari o‘rtasida mashhurligi, yoshlar orasida qo‘lma-qo‘l bo‘lib o‘qilishini e’tirof etadi.
1594 yilning 26 dekabr kuni Grinvichdagi Qirolicha saroyida muqaddas Stiven hamda 28 dekabr “Norasidalar kuni”da Yelizaveta huzurida o‘ynalgan spektakllar uchun “Lord Kamerger xizmatkorlari” – aktyorlar Uilyam Shekspir, Uilyam Kempom va Richard Berbedjlarga xazinadan haq to‘langanganligi “kirim-chiqim” kitobida qayd qilingan. Mana shu qaydlar Shekspirni aktyor sifatida tomoshada qatnashganligi va u truppaning yetakchi aktyori bo‘lganligini tasdiqlovchi hujjat hisoblanadi. Demak, Shekspir “Lord Kamerger xizmatchilari” truppasida bir yo‘la uchta: aktyor, dramaturg, moliyaviy tashkilotchi vazifalarini bajargan.
Angliya qirolichasi Yelizaveta o‘tkir siyosiy arbob, davlat boshqaruvini odilona olib borishga harakat qilgan, antik adabiyotni yaxshi bilgani holda san’atning barcha turlariga xayrixohlik qilgan, o‘rni kelganda moddiy qo‘llab-quvvatlagan. Shekspir zamondoshlarining yozishicha, saroyda namoyish etilgan “Genrix VI” spektaklidagi Falstaf obrazi qirolichaga yoqib qolgan. Qirolicha muallifga (Shekspir) o‘n kun ichida Falstaf to‘g‘risida asar yozib, saroyda namoyish etishni topshirgan. Qirolicha buyurtmasi asosida yozilgan “Vindzorlik qiziqchilar” aytilgan fursat ichida yozilib, saroyda namoyish etilgan.
Angliyada tarixiy asarlarga qiziqish katta bo‘lgan. Ayniqsa, XI–XII asrlardagi inglizlar tarixiga bag‘ishlangan spektakllarga tomoshabinning qiziqishi katta bo‘lgan. 1519 yildan to 1603 yilga qadar tarixiy mavzularda 56 ta asar yozilgan bo‘lib, shulardan 36 tasi bizgacha yetib kelgan. Shekspirning “Richard II”, “Richard III”, “Genrix IV”, “Genrix V”, “Makbet” asarlarida yozuvchining chegarasiz badiiy to‘qimalaridan tashqari tarixiy jarayonlar, o‘tmish voqealari teatr san’ati talablaridan kelib chiqqan holda mohirona aks ettirilgan.
Shekspirning yozuvchilik salohiyati to‘g‘risida uning yaqin do‘stlari, teatrdagi hamkasblari Xeming va Kondalning quyidagicha so‘zlari mavjud: “Uning fikrlari qalamdan ortda qolmasdi. O‘ylaganlarini shu qadar osonlik bilan qog‘ozga tushirardiki, shoirning yozganlaridan bironta nuqson yoki tuzatilgan so‘zlarni topib bo‘lmasdi”.
Shekspir tabiat in’om etgan buyuk qobiliyat egasi edi. Unda antik adabiyot, Angliya tarixiga oid bilimlar yetarli edi. Shekspir dramaturgiya sohasida yuksak cho‘qqilarga ko‘tarilgan, shuningdek, o‘sha davrda har bir yozuvchi uchun sinov maktabi bo‘lgan sonet janrida betakror natijaga erishgan shoir sifatida mashhurdir. Dastlab u o‘z imkoniyatlarini sinab ko‘rgan “Tit Andronik” asari Robert Grin tomonidan yozilgan. Asarda Rim imperatori Tit Andronikning fojiaviy hayoti aks ettirilgan edi. Pesadagi qonli to‘qnashuvlar, o‘lim sahnalari, hayvoniy vaxshiyliklar haddan ziyod ko‘p bo‘lib, ular tarixiy haqiqatga asoslangan edi. Shekspir bu asarni o‘zi yollangan teatr sahnasida ko‘rgach, unda asar voqealarini, boshqacharoq talqin etish mumkin, degan fikr tug‘iladi va uni qayta ishlashga kirishadi. Biroq bu asar “Globus” teatri repertuaridan mustahkam o‘rin egallay olmaydi. Lekin Shekspir umidsizlikka tushmay, yana tarixiy asarlar yaratishga qaror qiladi. Angliya tarixiga murojaat qilib, asosiy manbani Rafael Xolinshedning “Angliya, Shotlandiya, Irlandiya tarixi yilnomasi”dan oladi.
Shekspir o‘zidagi shoirlik salohiyatini sahna asarlari yozishga qaratadi. Uning badiiyati va tasavvuri yuksak darajada rivojlanganligi sahnabop shoh asarlar yaratishga keng imkon bergan.
Shekspir asarlarining chop etilish borasida manbalarda ko‘rsatilishicha, uning “Tit Andronik” pesa-kitobini noshir Jon Danter 1594 yilning 6 fevralida noshirlar gildiyasida ro‘yxatdan o‘tkazgan. Tomas Millington esa uni o‘zining kitob do‘konida sota boshlagan. Shu yilning 4 martida “Genrix VI” hamda “Qiyiq qizning quyilishi”, “Romeo va Juletta” asarlari bosilib chiqadi. Bu pesalarning birinchi nashri bo‘lib, unda muallifning ism-familiyasi uchramaydi. Ammo 1599 yilda pesalar ikkinchi bora nashr etiladi. Kitobda izoh keltirilgan bo‘lib, unda qayd etilishicha, pesalar qayta tuzatilib, o‘zgartirishlar kiritilgan. Bu asarlar “Romeo va Juletta”, “Richard II”, “Richard III”, shuningdek, “Genrix IV” va “Besamar muhabbat” asarlarining muallifi sifatida U.Shekspir nomi qayd etilgan. Shekspirning qolgan pesalari uning qadrdon do‘stlari Xeming va Kondel harakati bilan 1623 yil 8 noyabrda noshirlar gildiyasida ro‘yxatga olingan “Janob Shekspirning komediya, xronika va tragediyalari” nomli kitobi chop etilib, unda “Bo‘ron”, “O‘n ikkinchi kecha”, “Yuliy Sezar”, “Makbet”, “Qirol Jon”, “Perikl”, “Yoz tuni g‘aroyibotlari”, “Qirol Lir”, “Otello”, “Hamlet” asarlari jamlangan.
Shekspirga zamondosh Jeymsning qayd etishicha, “Shekspir o‘z davrining teatr xodimlari ichida boshqa teatr xodimlari hamda shoirlarga ibrat bo‘larlik darajada halol va sidqidildan xizmat qilgan. Tarixda Molerdan boshqa hech bir aktyor yoki yozuvchi bunday ishlar bilan shug‘ullanmagan.”
Lekin qadimiy pesalarni to‘plovchi Jeyms Raytning yozishicha, “Shekspir shoir sifatida aktyorlikdan bir necha pog‘ona yuqori turgan.”
Shekspirning dramaturg, aktyor sifatidagi xizmatlari hamda teatr spektakllaridan oladigan daromadi yiliga o‘rtacha 200 funt atrofida bo‘lganligini Edmund Chembers hisoblab chiqqan. O‘sha davrga nisbatan bu juda katta daromad sanalgan.
“Lord Kamerger truppasi” “Globus” teatrida spektakllar o‘ynay boshlashi bilan bu truppaning ishi yurishib ketgan. Daromadi ham shunga yarasha bo‘lgan. Shekspir har yili o‘rtacha ikkitadan asar yozgan. 1598-1601 yillar oralig‘ida “Genrix V”, “Behuda shov-shuv”, “Yuliy Sezar”, “Bunisiga nima deysiz”, “O‘n ikkinchi kecha”, “Hamlet” asarlari yozilgan. Shuningdek, bu truppa a’zolari 1598 yildan to 1602 yildagi Rojdestvo bayramlarida ikki martadan saroyda spektakllar ko‘rsatishgan.
1595 yillarda Shekspir London shahrida ijarada yashagan. Soliq yig‘uvchilar ro‘yxatida Shekspirning ham nomi ko‘rsatilgan bo‘lib, umumiy mol-mulki 5 funt miqdorida bo‘lganligi sababli 5 shilling soliq to‘lashi kerakligi ko‘rsatib o‘tilgan. 1597 yildagi parlament qaroriga ko‘ra, Shekspir 13 shilling 4 pens miqdorida soliq to‘lashi kerak bo‘lgan. Shundan ma’lum bo‘ladiki, Shekspir shahar ichida istiqomat qila boshlagan.
Shekspir Londonda yashagan vaqtida o‘zi tug‘ilib o‘sgan Stretford bilan aloqasi bo‘lganmi, degan tabiiy savol tug‘iladi. Shekspir hayotini atroflicha o‘rgangan Obri o‘zining “Shekspir haqida qisqacha ma’lumot” kitobida yozishicha, u har yili bir marta o‘z yurtiga borib turgan. Bundan tashqari, uning o‘g‘li Gamnet 1596 yil 11 avgust kuni to‘qqiz yoshida vafot etgani to‘g‘risida va uning dafn etilgani haqida cherkovning “Kirim” kitobida qayd qilingan. Gamnet vafot etgach, Shekspir avlodining davomchisi bo‘lmish erkak zoti qolmagan.
Shekspir Stretfordda o‘z oilasi uchun sotib olgan ko‘rkam va dabdabali imorat Chepel-strit bilan Chepl-leyn ko‘chalari kesishgan joyda bo‘lib, bu koshona “Nyu-Pleys” deb atalgan. Bu haqda shaharning savdo-sotiq bilan bog‘liq soliqlar qayd qilinadigan daftarda yozilgan.
1603 yil Angliya tarixida alohida iz qoldirgan voqea sodir bo‘ladi. Qariyb ellik yil Angliyaga hukmronlik qilgan “Oltin davr” hukmdori Yelizaveta o‘z umrining so‘nggi kunlarini kechirayotgan paytda “Lord Kamerger xizmatkorlari” shu yilning 2 fevral kuni Yelizavetaning xohishiga ko‘ra saroyda spektakl namoyish etadilar. Ko‘rsatilgan spektaklning nomi hech yerda qayd etilmagan. Ammo u Angliya tarixiga oid asar bo‘lib, spektakldan so‘ng qirolicha o‘zini yomon his qila boshlagan. Saroy tabiblarining urinishlari zoye ketadi. Qirolicha o‘ringa yotsa, qaytib tura olmasligidan qo‘rqib, kechalari o‘tirib chiqadigan bo‘ladi.
Angliya davlatini qoloq feodal mamlakatdan o‘sha davr uchun eng rivojlangan qudratli davlatga aylantira olgan Yelizaveta 1603 yilning 24 mart kuni abadiy uyquga ketadi.
Uning o‘limi oldidan qilgan vasiyatiga ko‘ra, Shotlandiya Qiroli Jeyms VI Angliya qiroli sifatida Jeyms I bo‘lib taxtga o‘tiradi. Shunday qilib, Angliya tarixida Tyudorlar sulolasi hukmronligi tugab, Styuartlar sulolasi hukmronligi boshlanadi. 1604 yilning 26 dekabr kuni Shekspir o‘z truppasi bilan yangi Qirolning ko‘nglini xushnud qilish uchun shahardagi Uaytxol saroyining bayram marosimlari o‘tkaziladigan zalida “Achchiqni achchiq kesadi” (“Mera za meru”) spektaklini namoyish etishadi. Bu spektakl orqali Shekspir truppasi alohida imtiyozga ega bo‘ladi. Shu kundan boshlab bu truppa a’zolari “Qirol aktyorlari” deb yuritila boshlaydi. Bu yangi nom aktyorlarga berilgan Qirolning yozma patenti – o‘z kasbi bilan erkin shug‘ullanishga ruxsat beradigan maxsus hujjat bilan tasdiqlangan. Hujjatda quyidagilar ilova qilingan: “Bizning xizmatchilarimiz bo‘lmish Laurens Fletcher, Uilyam Shekspir, Richard Berbedj, Ogastin Filipps, Genri Kondel, Ulyam Slay, Robert Armin, Richard Kauli va ularning sheriklari o‘z san’atlari bilan erkin shug‘ullanishlari, mahoratlarini ishga solib, komediya, tragediya, tarixiy asarlar, interlyudiyalar, moralite, dramalar va boshqa ko‘ngilochar tomoshalarni fuqarolarimizning, shuningdek, o‘zimizning xordiq chiqarish vaqtimizda namoyish etishlari mumkin. Yuqorida nomlari zikr etilgan xizmatchilarimiz o‘z mahoratlarini xoh bizning huzurimizda, xoh o‘zlarining “Globus” deb atalmish o‘yingohlarida, qirolikka qarashli shaharlarda barcha hokimlar, sudyalarga nisbatan avvallari bo‘lgani kabi hurmat va ehtirom ila bizning sharofatimizdan xayrixohlik ko‘rsatsinlar”.
Mazkur hujjat truppa a’zolariga keng imtiyozlar berishi bilan birga keng omma oldidagi nufuzini oshiradi. “Globus” teatrining shuhrati kundan-kunga orta boradi. Shekspir truppasi 1604 yildan to shoirning o‘limiga qadar Qirol Jeyms uchun 187 marta spektakl namoyish qiladi. Saroydagi marosimlarni ro‘yxatga olib boruvchi Edmund Tilning ro‘yxatida qayd qilinishicha, 1604 yilning 1 noyabridan to 1605 yilning 31 oktyabriga qadar o‘n bitta spektakl o‘ynalgan. Uning yettitasi Shekspir qalamiga mansub bo‘lgan. Ko‘rsatilgan spektakllar orasida ”Hamlet”, “Qirol Lir”, “Makbet”, “Antoniy va Kleopatra” kabi asarlar bo‘lgan.
Shekspirning qisqacha tarjimai holini yozib qoldirgan Obri Shekspirning shaxsi to‘g‘risida: “U kelishgan, chiroyli, suhbatlashganda odamning ko‘nglini topib gapiradigan, hozirjavob, o‘tkir zehn egasi edi. Uning ko‘ngli ochiq, xatti-harakati, yurish-turishida takabburlik emas, aksincha, muloyimlik va kamtarinlik barq urib turardi. Londonda ham Stretfordda ham juda ko‘p yuqori tabaqaga mansub oliyjanob insonlar bilan do‘st tutingan”, deb yozadi. Hatto unga raqib bo‘lgan kasbdoshlaridan Ben Jonson ham Shekspir to‘g‘risida biron-bir nojo‘ya gap ayta olmagan: “Men bu odamni chindan ham yaxshi ko‘rar edim. Shuning uchun ham uning xotirasini yodda saqlayman, hatto uning xotirasi qarshisida tiz cho‘kishga ham tayyorman. U tabiatdan pokiza inson edi. Ochiq ko‘ngil va biron–bir kimsa oldida tili qisiq emasdi. Uning tasavvuri juda boy va har tomonlama keng bo‘lib, nafislik ila ifodalay olar, go‘zal ifoda vositalari to‘xtovsiz quyilib kelaverar edi.
1608 yilda “Sheriklik boshqaruv” a’zolari Richard Berbedj va Uilyam Shekspirlar Londondagi muqaddas Pavel cherkovining sharqiy-g‘arbida joylashgan Blekfrayzer teatr binosini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ladi. Bu teatr London shahrining ichida joylashgan bo‘lib, ilgari tashlandiq bir monastir bo‘lgan. Binoning usti yopiq, unda teatr xo‘jaligi uchun zarur ashyolar, dekoratsiya, butaforiya, kiyinish xonalari, orkestr o‘tiradigan joy uchun yetarli alohida maydonlar mavjud bo‘lgan. Binoning shiftida shamdonlar bo‘lib, sahnani yoritishga xizmat qilgan. Bu binoga taxminan 700 tomoshabin siqqan. Tomoshabinlar uchun boloxonada, parterda yetarlicha o‘rindiqlar o‘rnatilgan, ichkariga kirish taxminan 6 pens atrofida bo‘lgan. Albatta Blekafrayz teatri “Globus” teatriga nisbatan kichik bo‘lgan. Chunki “Globus” teatrida spektakllar kunduzlari, ochiq osmon ostida o‘ynalgan bo‘lsa, endilikda yopiq binodagi spektakllar kechqurun ham o‘ynalib, tomosha muhiti boshqacha bo‘lgan. Shekspir keyingi pesalarini ayni mana shu binoda qo‘yishni nazarda tutib yozgan ko‘rinadi. Shekspir zamondoshlaridan Saymon Forman shu teatrda “Qish ertagi”, “Makbet” spektakllarini ko‘rganligini o‘z kundaligida yozib qoldirgan.
1609 yilda noshirlar Richard Bonion va Genri Uoll “Troil va Kressida” asarini chop ettirib, noshirlar gildiyasi ro‘yxatidan o‘tkazgan hamda kitobning muqovasiga “Pesa Uilyam Shekspir tomonidan yozilgan” degan jumlani kiritgan.
1613 yilning mart oyida Shekspir Blekfrayz teatri binosiga yondosh bo‘lgan qo‘rg‘onning bir qismi bo‘lgan uyni sotib oladi. Ammo Shekspir bu uyda yashagan-yashamaganligi noma’lum bo‘lsa-da, u ko‘chmas mulk sifatida Shekspirga tegishli bo‘lgani aniq. Xuddi shu 1613 yilning 29 iyun kuni sahnada “Genri VIII” spektakli namoyishi vaqtida “Globus” teatri binosi yonib ketadi. Voqea shohidlarining qoldirgan so‘zlariga ko‘ra, spektakldagi Qirol sharafiga zambarakdan o‘q uzib, uni qutlash sahnasida otilgan o‘q teatrning poxol tomiga tushgan va yog‘ochdan qurilgan bino bir zumda kuyib kul bo‘lgan. Teatr bir yilda qayta qurilgan. “Globus” teatrining mustahkam g‘ishtlar bilan qayta tiklangan binosida 1614 yil 30 iyun kuni “Genrix VII” spektakli o‘ynalgan. “Globus” teatrining yangi binosini tiklashda Qirol ham homiylik qilgan.
1612 yilda Shekspirning ukasi Gilbert Shekspir vafot etadi. Oradan bir yil o‘tib, ikkinchi ukasi Richard Shekspir ham dunyodan ko‘z yumadi. Jon Shekspir avlodidan faqat Uilyam Shekspir va uning singlisi Joangina tirik qoladi. Ma’lumotlarga qaraganda, u 1613 yildan boshlab, vaqtini ko‘proq ota makoni Stretford shahrida o‘tkazgan. Shu yildan boshlab, uning aktyorlik faoliyati to‘g‘risida hech qanday ma’lumot uchramaydi. 1613-1616 yillar oralig‘ida “Bo‘ron” asari yozilgan va “Globus” teatrida ijro etilgan. Asar ko‘p ham muvaffaqiyat qozonmagan shekilli, spektakl to‘g‘risida ham ma’lumotlar saqlanmagan.
1616 yilga kelib, Shekspirning sog‘lig‘iga putur yetadi. Bu dunyo bilan vidolashish fursati yaqinlashganini sezgan shoir vasiyatnoma yozib qoldiradi va quyidagi so‘zlarni bitadi:
“Xudo nomi bilan, omin! Men, Uilyam Shekspir, Xudoga hamdu sano aytgan holda aqli xushim joyida chog‘ida azaliy udumga muvofiq, o‘z jonimni Yaratganning qo‘liga topshiraman va ishonamanki, Ollohning o‘g‘li, mening xaloskorim Isus Xristos marhamati ila abadiy hayotga dahldor bo‘laman, tanamni esa o‘zi yaralgan yerga topshiraman”.
Uning vasiyatiga ko‘ra, qizi Juditga 150 funt, katta kumush jom, Joan Xartga 20 funt, uning uchta o‘g‘liga 5 funt, Stretforddagi kambag‘allarga 10 funt, Londondagi do‘stlari Jon Xeming, Richard Berbedj, Genri Kondellarning har biriga “Xotira uzugi” xarid qilish uchun 26 shilling, 8 pensdan hadya qilinishi ko‘rsatilgan.
Shekspir 1616 yilning o‘zi tug‘ilgan 23 aprel kuni vafot etadi. Shoir Troitsa cherkovining shimoliy tomoniga ko‘miladi. Cherkov ichidagi yerning cheklanganligi bois, vaqt o‘tib qabrlar qayta kavlanib, u yerdagi suyaklar boshqa joyga olinadi va o‘rniga boshqa mayitlar dafn etilgan. Buni bilgan Shekspir o‘z suyaklari bezovta qilinishini oldini olib, qabr toshi uchun she’r ham yozib qo‘ygan. Shoir dafn etilgach, o‘sha she’r qabr toshiga o‘yib yozib qo‘yiladi:
Xudo haqqi kavlama, do‘stim
Bu yer bag‘rida yotadi hokim.
Qabrga tegmagan topg‘usi kamol,
Unga qo‘l tekkizgan topadi zavol!
Shoir niyat qilganidek qabr toshi va uning ustidagi yozuv hamon o‘z o‘rnida saqlanib turibdi. 1653 yilda shoirning yaqinlari tashabbusi bilan, uning qabr ustiga o‘z davrining mashhur haykaltaroshi Gerart Yansen tomonidan ishlangan Shekspirning haykali o‘rnatilgan.
1623 yilda, ya’ni, shoir o‘limidan olti yil o‘tib, do‘stlari Xeming va Kondel uning 16 ta pesasini birinchi marta yaxlit to‘plam holida nashr ettirishadi. Kitobda Shekspirning Martin Droysxut tomonidan ishlangan rasmi ham chop qilingan bo‘lib, bu rasm Shekspirning bizgacha yetib kelgan suratlarining andozasi hisoblanadi.
Shekspirning bevasi Enni erining haykalini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan, ammo pesalar to‘plamini ko‘rish unga nasib etmagan. U 1623 yili 6 avgust kuni vafot etgan. Bu haqda Troitsa cherkovining “Kirim” kitobida 1623 yil 8 avgust sanasida qayd etilgan. Shekspirning qizi Judit 77 yil umr ko‘rib, 1662 yil 9 fevral kuni qazo qiladi. Uning vafoti bilan Shekspirlar avlodi shajarasi tugagan. Lekin Shekspirning Nyu-Pleysdagi uyi yonida buyuk shoir o‘z qo‘li bilan o‘tqazgan tut daraxti hamon yashnab turibdi. Shekspirning uy-muzeyini ziyorat qilgani keluvchi sayyohlarning bu ko‘hna tutni ko‘rmoqqa ishtiyoqlari baland.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 12-son