Jeyms Avgustin Alouzis Joys 1882 yili Irlandiyaning Dublin shahrida tavallud topgan. XX asr G‘arb adabiyotining yirik vakili, dunyo adabiyotida eng ko‘p shov-shuvga, eng ko‘p bahsu munozaraga sabab bo‘lgan adib. U jahon adabiyotining betakror namunasi bo‘lmish «Uliss» romani muallifi.
Pochta xizmatchisi Jon Joys bilan Meri Marri kelajakda «XX asrning eng ulug‘ yozuvchisi» degan maqomga erishadigan farzandlari tug‘ilmasdan burun ishi yurishmay qashshoqlik botqog‘iga botib bo‘lishgandi. Jeyms dunyoga kelganda oila tirikchilik umidida o‘z davrining yirik megapolisi bo‘lgan Dublinning u chetidan bu chetiga xuddi darbadarlar kabi ko‘chib yurishar, qayerda otaga ish taklif etilsa, o‘ylab o‘tirmay qabul qilishga, har qanday qora ishlarni kun o‘tkazish uchun bajarishga majbur edi. Beqo‘nimlik Jeymsning o‘qishiga yomon ta’sir qilsa-da, iste’dodli va tirishqoq bola fanlarni tezda o‘zlashtirib oldi. Ayniqsa, uning adabiyotga qiziqishi va salohiyati ayricha edi. Ertaklar va qadim yunon miflari ta’sirida o‘sayotgan Joysga ona shahri o‘sha asotirlardagi dunyoning odamzod taqdiri hal qilinadigan sirli maskanidek tuyulardi. Yashash uchun oilaning Dublin bo‘ylab sang‘ib yurishlari keyinchalik yozuvchiga aylangan Jeymsga insoniyatning bir paytlar ona zaminda hayot-mamot uchun ulug‘ ko‘chishlarini eslatuvchi timsol – Blumning uyiga qaytish sahnalarini yaratishiga turtki bergan bo‘lsa ajab emas. Adib asarlarida Dublin yer yuziga, shahar aholisi bani bashar timsoliga, yoshlikning qashshoqlik va sargardonlikka mahkum hayoti esa Odisseyning uyga qaytish uchun boshidan kechirgan sarguzashtlarini ramzlashtirgan Blumning uyga qaytish vaqtidagi ongosti tasvirlariga aylandi. Umuman olganda, yosh Joysning qashshoqlik, sargardonlikda kechgan bolalik taassurotlari keyinchalik butun boshli uchta romaniga yetarli xomashyo bera oldi va Dublin barcha asarlarda ko‘hna charxi dunning timsoli sifatida bo‘y ko‘rsatdi. Joys adabiy faoliyat bilan shug‘ullana boshlagach bolaligida qo‘rqinchli va vahimali tuyulgan ona shahrini butun insoniyatning botiniy tarixini aks ettirish mumkin bo‘lgan makonga aylantirishni maqsad qildi.
Avval Dublindagi iyezuit, keyin o‘smirlar kollejida, 1897 – 1902 yillarda universitetda ta’lim oldi. 1900 yili Ibsenning pesasiga bag‘ishlangan dastlabki essesi bosilib chiqdi. Shundan so‘ng Joysning haqiqiy adabiy faoliyati boshlandi. 1914 yilgacha esse, kichik novella, she’rlari bilan tilga tusha boshladi. Bu asarlarda yozuvchining uslubidagi ilk o‘ziga xosliklar, ongosti oqimini aks ettirish, bayondan qochib, qahramon psixologiyasini ichki monolog bilan ochishga urinish ko‘zga tashlanadi. Joysning haqiqiy yozuvchi sifatidagi qiyofasi va uslubi dastlabki romani – «Musavvirning yoshlikdagi shamoyili» asarida yuz ko‘rsatdi. Romanda Joys qahramon ruhiy kechinmalarini tasvirlashning xilma-xil usullarini sinab ko‘rdi. Bu asar keyingi ulug‘ asar – «Uliss» romani uchun bosh repetitsiya edi. Hatto bosh qahramoni Stiven Dedal ham «Uliss»ning asosiy qahramonlaridan biriga aylandi.
1922 yil fevral oyida «Uliss» romani Frantsiyada bosilib chiqdi. Asar hali nashr etilmasdanoq ta’qibga duchor qilingandi. U jurnal variantidayoq taqiqlangan asarlar sirasiga kiritildi, kitob chop etilgach, uning 500 nusxasi AQSh, 400 nusxasi Angliya bojxonasi tomonidan yoqib yuborildi. Asar dunyoni ikkiga – o‘ziga tarafdorlar va qarshilar lageriga bo‘lib tashladi.
O‘sha payti bu asar olamga, odamga munosabatni, mavjud qarashlar va tushunchalarni, hatto dunyoning o‘zini ham o‘zgartirib yuborishini, jahon adabiyotida esa inqilobiy o‘zgarish yasashini hech kim xayoliga keltirmasdi.
Joys XX asrning oddiy meshchani ham xuddi Odissey kabi asarga qahramon bo‘la olishini, o‘zida insoniyatning barcha nuqsonu fazilatlarini, mag‘lubiyatiyu yutuqlarini mujassam eta olishini isbotladi. Blum zamonaviy Odisseydir. Uning uyga qaytish istagida boshdan kechirganlarining ma’naviy sabog‘i Odisseyning Troyadan qaytishdagi qahramonlik sabog‘idan hech kam emas. Faqat Blumning qahramonligida istehzo ufurib turadi. Yozuvchi Blumning xatti-harakatlari orqali insoniyatga achchiq kinoya qiladi. Blumning bor-yo‘q qahramonligi uyga qaytish uchun shahar ko‘chalarida, qahvaxona, mayxonalarda, ko‘ngilochar joylarda sanqib yurishida, hech kimga kerak bo‘lmagan bahsu munozaralarga berilishda ko‘rinadi. Odissey uyga qaytish uchun qanchalik sarguzashtlarni boshdan kechirgan bo‘lsa, Blum ham shunchalik sarguzashtlarni, faqat XX asrning tafakkur va yashash tarziga, qahramonlik tushunchasiga xos sarguzashtlarni boshdan kechiradi.
«Uliss» – ko‘lami jihatidan «Zavol topgan vaqt izidan» epopeyasidan keyingi, ammo kengligi, tahlil va talqin chuqurligi, badiiy stixiyasi, uslubning rang-barangligi, voqelikning qamrovi jihatidan, janrning beadad imkoniyatlarini ochganligi bilan dunyo adabiyotida yagona, boshqa analogi yo‘q, inson ongu shuurini xuddi mikroskop orqali ko‘rayotgandek eng yashirin qatlamlarigacha tasvirlab, aks ettirib bera olgan o‘ziga xos asar. Garchi psixoanalitik uslubni Prust «Zavol topgan vaqt izidan» asarida asoslab, shakllantirib bergan bo‘lsa-da, «Uliss» «ichki monolog»ni eng yuqori maqomga olib chiqqani, adabiyot tarixida mavjud bo‘lgan barcha uslublar bilan uyg‘unlashtirib, sintezlashtira olgani, voqeani tasvirlashda eng katta to‘siq bo‘ladigan olmosh-shaxslarning mohiyatini yo‘qotib yuborganligi, bir romanda barcha badiiy janrni uyg‘unlashtira bilgani bilan adabiyotning favqulodda hodisasi sifatida e’tirof etilishi kerak.
1904 yil 16 iyun ertalab soat sakkizdan to kechasi ikki-ikki yarimgacha bo‘lgan muddatning 800 betlik tafsilotidan iborat roman Blum, uning xotini Molli va Stiven Dedalning bir kunlik hayoti tasviriga qurilgan. Bu bir kun dunyo san’atida «Blum kuni» nomi bilan tarixga kirdi. Yozuvchi ana shu bir kunlik voqea timsolida jami insoniyat o‘tmishini, voqea sodir bo‘lgan makon – Dublin manzaralarida esa ona zamin qiyofasini ramzlashtirmoqchi, asarda insoniyatning yaralgandan buyon jami ma’naviy tarixini bir kunlik psixologik tasvirlarda qamrab olmoqchi bo‘ldi. Boshqacha aytganda, Joys asarda xronologik vaqtni 1904 yil 16 iyunda to‘xtatib qo‘ydi, zamon tushunchasining chegarasini buzdi va uni asar oxirigacha, toki o‘z badiiy g‘oyalari hamda maqsadini amalga oshirmaguncha o‘ziga bo‘ysundirib turdi. Vaqt yozuvchining foydasiga xizmat qila boshladi.
Joysshunoslar bu sanani insoniyatning eng og‘ir kuni deb atashadi.
«Nega aynan 1904 yil 16 iyun tanlangan?» degan savol haligacha barcha tadqiqotchilarni qiziqtirib keladi. Ammo bironta tuzuk-quruq javob topilmagan. Faqat shu narsa aniqki, Joys 1904 yil 16 iyun kuni bo‘lajak rafiqasi Nora bilan tanishadi va shu kuni birgalikda Irlandiyani tashlab ketishga qaror qilishadi. Ehtimol, Joys vatanini tashlab ketishga qaror qilgan kunni hayotining eng mash’um kuni deb bilgandir? Aynan shu qarori tufayli ona shahrini dunyoning adabiy mushohadalar markaziga aylantirgandir? Bu shunchaki faraz. Haqiqiy sabab hech kimga ma’lum emas.
Roman Gomerning «Odissey» dostoni bilan tuzilishi va syujet yo‘nalishiga ko‘ra o‘xshash. Aslida, Joys bu asarida XX asrning o‘ziga xos «Odisseya»sini – mifini yaratishni maqsad qilgan va asar ichidagi voqealar antik mifning syujeti yo‘nalishiga to‘liq bo‘ysundirilgandi. Uchta qism, 18 bobdan iborat asarning har bir voqeasiga qadim «Odissey» dostonining qaysidir bobi asos qilib olinadi. Blum – Odissey, Stiven – Telemax, Molli Blum – Penelopa va hokazo tarzda antik doston boblariga qoliplashtirildi. Shu sababli asar to‘la ma’noda mif-roman deb ataladi. Joys XX asr G‘arb ma’naviy dunyosini tadqiq qilish uchun ataylab ana shu qadim qolipni tanlaydi. Bunda ikkita urg‘u bor: antik odamning orzu, umidi va yashash tarzi, hayotdan maqsadi Joys zamondoshlari hayot tarzi, ma’naviy dunyosi va orzulari bilan solishtiriladi. Asarni o‘qiganingiz sayin bunga guvoh bo‘la borasiz va Gomer qahramonlari nimani ulug‘lab yashagan, bugungi dunyo odamlari nimani ulug‘layapti, nimaga e’tiqod qilyapti, insoniyat o‘tgan ming yilliklarda nimani topdi, nimani boy berdi, muhabbat, e’tiqod, sadoqat, vatanparvarlik qanday tushunilyapti, umuman, miflar davridan buyon insonning ongu shuuri o‘sdimi, miflar davrida odamzodni qiynagan muammolar XX asrda hal bo‘ldimi kabi savollarning barchasiga deyarli to‘liq javob olasiz.
Yozuvchi nigohi hayotning ikir-chikirlarigacha, hatto odam tovush chiqarib aytishga uyaladigan kechinmalargacha qamrab oladi. Joysning usuli ana shunga imkon beradi. Bu usulda «sen», «men», «u» o‘rtasida ifoda qilish, bayon chegarasi buzilib ketadi, go‘yo asarda qaysi shaxs hikoya qilayotganini, qaysi shaxs roviy, qaysi shaxs qahramon, anglab olish ancha mushkul. Nabokov mazkur asarni qalb yo hissiyot bilan emas, miya bilan o‘qish kerak deb aytganda haq edi. Asar kutilmagan badiiy uslublar, priyomlar va timsollarga, g‘oya va hikmatlarga, tashbehu istilohlarga shunchalik boyki, jahon adabiyoti tajribasida boshqa bunday romanni topib bo‘lmaydi. Blum haqida hikoya qilayotib birdan «men»ga, keyin «sen», «u» shaxsiga osongina o‘tib ketiladi, sizni asar jozibasi va shuuri qamrab oladi. Asta-sekin asar ichiga kirganingiz sayin mif bilan voqelik, hayot bilan xayol, roviy bilan qahramon orasidagi chegara yo‘qoladi. Adibning inson tuyg‘ulari va mayllarini xuddi ko‘zgudagidek aniq aks ettirish usuli baribir o‘quvchini hayratga soladi. Bu usul birinchi marta Joysning ushbu romanida o‘zini to‘la oqladi. Ilgari nasrchilikda voqea shaxsning faqat bittasi tilidan yoki nuqtai nazaridan hikoya qilinardi. Bu asarda bir qahramonning o‘zida uchta shaxs ifodasi yonma-yon ketaveradi. Mazkur usul shunchaki zo‘raki tarzda singdirilmagan. Asarni o‘qiyotganingizda bu notabiiy tuyulmaydi. Bu ifoda usuli G‘arb adabiyotidagi «ongosti kechinmalari»ni keng va chuqur aks ettirish imkonini beradi. Joysda tushunarsiz, ma’nosi yo‘q jumlalar juda ko‘p. Gazetadagi xabar kabi rasmiy va quruq tildagi lavhalar ham tez-tez uchraydi. Ba’zida she’rga o‘xshash sajlar kelib qoladi, ba’zida tinish belgilariga bo‘ysunmagan gaplar tuziladi. Bularning hammasi ma’lum maqsad bilan asarga kiritilgan. Bu inson hayotining bizga ma’lum bo‘lmagan ichki dunyosi ifodalaridir. Joys asarda o‘zi ifodalayotgan qahramonlarning ichki dunyosi shunday tushunarsiz hissiyotlar qorishig‘idan iborat, mazkur kechinmalarning ko‘pini o‘sha kishining o‘zi ham bilmaydi, nimaligini sezmaydi, ammo bu kechinmalar – ongosti oqimi insonni tahlil qilish uchun eng muhim mayllar bo‘lib qolaveradi deb ta’kidlaydi. Aslida ham shunday. Asarda vaqt, zamon, davr o‘z mohiyatini yo‘qotadi. Voqea insoniyatning o‘tmishida ham, hozirida ham, kelajagida ham sodir bo‘ladigandek tuyuladi. Buyuk Odisseyning Troya jangidan uyga qaytishi bilan Blumning fohishaxonadan uyga qaytishi sarguzashtida insoniyatga achchiq istehzo ufurib turadi. «Tarix takrorlanaveradi, faqat ismlar o‘zgaradi», – deydi yozuvchining nomidan asar bosh qahramoni Leo Blum.
Bu asar o‘z boshidan ko‘pgina mojarolarni kechirdi. Asar hali to‘liq bosilib chiqmasdan sudga tortildi. Butun Yevropada asardan hayratlangan maqolalar bilan birga uni yer bilan bitta qilgan, hatto san’at va adabiyotga xiyonat sifatida talqin etilgan maqolalar bosildi. Asar demokratik tamoyillari bilan maqtanadigan AQShda 1933 yilgacha taqiqlandi va sudga tortildi. Sud xulosasidan so‘nggina chop etila boshlandi. O‘z ona yurti Irlandiyada esa 30-yillar oxirigacha qora ro‘yxatga tushib, nashr etish taqiqlandi.
Jeyms Joys ushbu romani bilan minglab tadqiqotchilarni o‘ziga jalb qildi, unga o‘xshab yozmoqchi bo‘lgan minglab taqlidchilarning iste’dodlarini behuda sovurishlariga sababchi bo‘ldi.
Tadqiqotchilar Joys bu asarida 30 mingdan oshiq so‘zni ishlatganini aniqlashgan. Shulardan teng yarmi faqat bir marta ishlatilgan, xolos.
«Uliss»dan qattiq mutaassir bo‘lgan Bernard Shou: «Bu asar bugungi insoniyat tsivilizatsiyasining bor qiyofasini aks ettirgan ayanchli hujjat, ammo haqiqiy hujjat», – degandi.
Asarning fazilatlari bilan birga uning adabiyotga yot ekani haqidagi tadqiqotlar ham talaygina.
Richard Oldington «Uliss»ni: «Bu asar insoniyatga tuhmat!» – deya baholadi.
Garchi dunyo adabiyotining realistik oqimiga mansub ko‘plab adiblar asarni qoralagan bo‘lsa-da, 1999 yili Angliyada o‘tkazilgan «Yuz yillikning eng zo‘r 100 romani» so‘rovnomasida «Uliss» birinchi o‘rinni oldi. So‘rovnoma 2009 yili yana o‘tkazildi, birinchi o‘rin tag‘in «Uliss»ga nasib etdi.
«Uliss» san’at va didga bir achchiq kinoya, aql bovar qilmas adabiy jasorat, takrorlanmas adabiy eksperimentdir. «Bu uslubni Joysdan keyin taraqqiy ettirib bo‘lmaydi», – deydi Arnold Bennett.
Bekket Joys asarlarini «o‘qish» emas, «tomosha qilish va eshitish kerak» deganda haq edi. «Uliss»ni shunchaki o‘quvchi sifatida o‘qib bo‘lmaydi. Bu asar shu asarning bir ishtirokchisi, uning hammualliflaridan biri sifatida o‘qilsa, yozuvchi maqsadini, asarning ko‘lami va qamrovini, ulug‘vorligini his etish mumkin.
«Uliss» romanining «Odessey» bilan kompozitsion tuzilishi va voqealar rivojining bir xilligida ikkita urg‘u bor: birinchi urg‘u antik odamning niyati, maqsadi, orzu-umidi bilan XX asr kishisining orzu-umidini, qalbini va hayotini qiyoslash. Asarni o‘qigan sayin ko‘z oldingizda meshchanlarcha yashashga o‘rgangan, yuksak maqsaddan mosuvo olomon paydo bo‘ladi. Blumlar, Stivenlar XX asr kishilari! Ularda yuksak maqsadning o‘zi yo‘q, kurash va qahramonlikdan asar ham yo‘q. Ular qurt kabi o‘rmalab umr kechiruvchi bir to‘da hasharotlardir. Qadim qahramon Odisseydagi muhabbat, ezgulik uchun kurashish so‘nib bo‘lgan. Endi bular aql va jinsiy shahvatning bir guruh qurbonlariga aylangan. Shu sababli romandagi murakkab til, tushunarsiz jumlalar, bemaqsad ishlatilgan boblar juda ko‘p. Bu odamlar na qalb, na axloq, na ezgulik qoidalariga bo‘ysunadilar. Joys qahramonlarini shafqatsiz fosh etib, ongining eng chuquriga joylashgan hissiyot va kechinmalarni, tuyg‘u va mayllarni ko‘rsatib beradi. O‘zining ifoda usuli va favqulodda qamrovining yangiligi bilan asar an’anaviy roman janrining uslubiy eskirganini, bu janr an’anaviy tarzda inson botinini to‘la qamrab olishga qodir emasligini, har bir asar yangi bir ifoda vositasi topishi, asarning ma’lum bir voqeaga – syujetga asoslanishi ham janrning imkoniyatlarini toraytirib qo‘yganini isbotlashga urindi. Asar insonning ichki dunyosi uning tashqi faoliyatidan va tashqi voqelikdan juda kattaligini, bu botin dunyosida insonni tadqiq qilish uchun adabiyotga ulkan imkoniyatlar eshigi ochiqligini ko‘rsatdi. Romanni tom ma’noda yangi roman, tom ma’noda adabiy dunyoni g‘alayonga solgan roman, XX asrning noyob adabiy hodisasi deb atashga haqlimiz.
Har bir yozuvchi voqelikni va qahramon dunyosini tabiiy usulda chuqur aks ettirishni istaydi. Joys usuli ana shunga keng imkoniyat beradi. Bu asardan yozuvchilar, bo‘lajak yozuvchilar ijodiy usullarini shakllantirish uchun o‘rganadigan narsalar ko‘p. Joys tili, xususan, tarjimada ham bu yaxshi aks etgan, shoirona, stixiyali til. Garchi unda atayin qilingan cho‘zilgan, g‘alizlashgan, ma’nosini yo‘qotgan, ming‘ir-ming‘irga yoki shunchaki biron tovushning aks sadosiga o‘xshash jumlalar juda ko‘p bo‘lsa-da, adib asarda chinakam poeziyaning kuch-qudratini to‘lib-toshib, jo‘shqin bir ehtiros bilan namoyish qilolgan. Asardan, ba’zi adiblarimiz aytganidek, hayotning qora tomonini aks ettirishnimas, balki adib usul imkoniyatlarini va ichki kechinmalarni aks ettirish usulini, so‘z ishlatish va voqelikka yondashuv, qahramonlar dunyosiga kirib borish, uning ichki dunyosini tadqiq qilish, asarga mifologik qoliplar yasash, mifologik talqinlarni singdirish kabi ko‘plab adabiy yutuqlarini o‘rganish mumkin.
Asarda Dublin shahri Folkner Yoknopatiyasi kabi xayoliy emas, o‘z qiyofasida namoyon bo‘ladi. Joys qahramonlarini shaharning real xaritasiga, mavjud nomlarga asoslanib harakatlantirgan va unda bironta ko‘cha yoki xiyobon chetda qolmagan. Joysning o‘zi bu haqda: «Agar falokat yuz berib, Dublin vayron bo‘lib ketsa, uni mening asarimga qarab qayta tiklash mumkin», – degandi.
Joysning bu asari G‘arb olamini larzaga soldi. Joysgacha hech kim inson botinini bunchalik fosh qilgan emas, u haqda bunchalik chuqur va ayanchli xulosa chiqargan emas. Shu sababli G.Uelles: «Joys adabiyotni xayolparastlikdan bir turtib uyg‘otdi va hayotning shafqatsiz haqiqatiga duchor qildi, bu asar adabiyotning boshi berk ko‘chasi», – deb atadi.
Virjiniya Vulf esa: «Bu asar adabiyotning eng oxirgi chegarasidir, endi uni davom ettirib bo‘lmaydi», – dedi.
«Uliss» bu – yozma akademiya. Uni izohlari, sharhlari, timsollari bilan o‘qib chiqqan odam butun boshli institutda ta’lim olganday bo‘ladi. Undagi ramzlarni sharhlash uchun haligacha ko‘plab ilmiy tekshirish institutlari tadqiqot olib borishadi.
«Uliss» bu – yozuvli teatr, unda insonning bor qiyofasi, hissiyotlari, mayllari, istaklari, ko‘ngli, nafsi, tubanlik va ezguligi, fazilat, nuqsonlari, kechinma va junbishi – barchasi ochiq sahnadagiday namoyon bo‘ladi.
«Uliss» romanidan so‘ng Joys ancha yillar deyarli arziydigan asar e’lon qilmadi. 1939 yili uchinchi va oxirgi romani – «Finnegan ma’rakasi» asari bosilib chiqdi. Bu roman yozuvchining 15 yillik mehnati mahsuli edi. «Uliss» qanchalik murakkab bo‘lmasin, unda syujet liniyasi, mantiq chizig‘i bor. «Finnegan ma’rakasi» esa mutlaqo mantiqdan xoli, adabiyot va tilni boshi berk ko‘chaga olib kirib qo‘ygan o‘ta murakkab asardir. Shu sababli nashr etilganidan buyon 74 yil o‘tgan bo‘lsa-da, Joysning bu romani faqat tadqiqotchilar va yozuvchilarnigina o‘ziga jalb qilib keladi. Bu asarning ommaviy o‘quvchilar o‘rtasida hech qanday e’tibori ham, ahamiyati ham yo‘q. Asar mazmuni, strukturasi, tili, uslubi, ifoda vositasi, mazmun-mantig‘iga ko‘ra adabiyot qaysi pog‘onagacha rivojlana olishi, adabiyotning hissiyot va ko‘ngildan uzilgan, faqat aqlga bo‘ysungan namunasi qanday bo‘lishi, ayni paytda, qay shaklda tanazzulga yuz tutishi mumkinligini o‘zida namoyon qilib turgani bilan ham qimmatlidir.
«Uliss» bir kunlik voqea tafsilotiga qurilgan bo‘lsa, bu asar bir kechalik, to‘g‘rirog‘i, uxlab yotgan odamning azal va abad, ibtido va intiho oralig‘ida hush va behush kezib yurgan ongosti kechinmalariga, tushlariga, xulyo olamiga qurilgan, yozuvchining o‘zi o‘ylab topgan yasama til va stilistika asosida yaratilgani uchun ham dunyo adabiyotidagi eng murakkab asarlardan biridir. Garchi o‘ta murakkab hamda oddiy o‘quvchilar uchun eshigi yopiq bo‘lsa-da, u dunyo adabiyotida o‘ziga xos yangi adabiy til yaratishga urinilgan yagona asarligi bilan ham madaniy hodisa sifatida o‘z o‘rniga ega.
Jeyms Joys o‘zini bitta mamlakatga emas, butun insoniyatga daxldor shaxs deb hisoblardi. Hali tug‘ilmasdan otasi va onasi orqali peshonasiga bitilgan sargardonlik adibni bir umr tark etmadi. Go‘yo taqdir unga olam aro bir umr sargardon bo‘lib yurishni ravo ko‘rganday edi. Bolaligini hisoblamaganda ham 20 yoshdan so‘ng yashash joyini 200 marta o‘zgartirdi. Parijda, Londonda, Rimda, Syurixda, yana qancha shaharlarda yashadi, ammo bolalik xayollarini shakllantirgan Dublin haqida yozdi.
Dunyoni larzaga solgan «Uliss» bosilib chiqqach ham Joysning moliyaviy hayoti o‘nglanmadi. O‘z davrining eng mashhur yozuvchisi bo‘lgach ham topganlari kasalmand qizining va o‘zining muolajasidan ortmasdi. U umrining oxirigacha moddiy tomondan siqilib yashadi. Asarlariga to‘lanayotgan haq unchalik baland emasdi. U yashash va oilaviy ta’minotini ushlab turish uchun Syurixda turli mavzuda ma’ruzalar qilishga majbur edi.
Qiziq fakt: oradan 70 yil o‘tgach, ya’ni 2009 yili Londonda romanning ilk nashriga muallif dastxati tushirilgan bir nusxasi 442 ming dollarga sotildi. O‘z davrida Joysning barcha asarlari uchun shu pulning o‘ndan birini berishganda, adib hayoti boshqacharoq kechishi mumkin edi.
Jeyms Joys 1941 yili vatanidan uzoqda, keyingi 20 yillik umri o‘tgan Syurixda, oshqozon yarasidan qon ketishi oqibatida vafot etdi.
Uni hayvonot bog‘i yonidagi kamtargina qabristonga yanayam kamtarona marosim bilan ko‘mishdi. Bir umr erining nima uchun va kim uchun asar yozishini tushunmagan rafiqasi Nora Barnakl beixtiyor shunday degandi: «U hayvonlar ichida sherlarni yaxshi ko‘rardi. Mana endi qabrida ham sherlar o‘kirigini eshitib yotadi».
Oradan vaqt o‘tib erining qabrini ziyorat qilish uchun kelayotganlarni hamda asarlaridan uzluksiz oqib kelayotgan qalam haqini ko‘rib, butun dunyo matbuotining XX asrning ulug‘ adibi vafot etgani haqidagi shov-shuvlariga guvoh bo‘lib, nihoyat, Joys bilan tanishgan, bir umr bog‘lanib qolgan va keyinchalik «Uliss» romanidagi voqealar sodir bo‘lgan, san’at tarixiga «Blum kuni» deb muhrlangan kundan, ya’ni 1904 yil 16 iyundan buyon kechgan 37 yil mobaynida o‘zi bilmagan holda daho bir inson bilan birga yashab o‘tganini tan oldi.
Tomas Sternz Eliot (Nobel mukofoti sohibi) shunday degan: «Jeyms Joysni, xususan, «Uliss» asarini tanqid qilish, asar uslubi, g‘oyasi bilan kelishmaslik, unga e’tirozlar bildirish yoxud, umuman, adabiy qimmatini tan olmaslik, asarni adabiyotga yot, begona deb hisoblash, ashaddiy tanqidiy fikrlar bildirish mumkin, bunga hammaninig haqqi bor, ammo o‘zini yozuvchi, ijodkor deb hisoblagan va o‘zini hurmat qilgan har bir odam bu asarni o‘qimasdan turib adabiy jarayon va XX asr adabiyoti haqida fikr aytishga haqli emas».
Modern adabiyotining bosh kitobi bo‘lmish «Uliss» dunyo yuzini ko‘rgandan 86 yildan keyin, ya’ni 2008 yili «Jahon adabiyoti» jurnalining 4 – 9-sonlarida, 2012 yili esa kitob holida «Ulisning sarguzashtlari» nomi bilan chop etildi. Ko‘lami va salmog‘i jihatidan XX asrning eng yirik va eng shov-shuvli asari hisoblangan, butun G‘arb madaniyatini larzaga keltirgan «Uliss» dunyoning qaysi tiliga tarjima qilinmasin, o‘ziga xos milliy hodisa sifatida e’tirof etiladigan asarlar sirasiga kiradi. Bu asar tarjimasi har qanday tilni sinovdan o‘tkazadi, uning qudratini ko‘rsatadi, imkoniyatlarini kengaytiradi. Asar tarjimasi uchun taniqli tarjimon Ibrohim G‘afurovning jasoratiga alohida tasanno aytish kerak. Chunki «Uliss» har kim ham tarjima qiladigan yoki tarjima qilishga jazm etadigan asar emas. Bu asarni mashhur Virjiniya Vulf «roman-entsiklopediya» degan bo‘lsa, boshqa bir tadqiqotchi undagi mavzular va sharhlar qamrovini butun boshli ilmiy tekshirish institutiga tenglashtirgandi. Asar izohlarining o‘zi tarjimondan adabiyot, tarix, musiqa, san’at haqida chuqur bilimni talab qilardi. Boshqa adiblar va tarjimonlarning bu asar tarjimasiga qo‘l urgani haqida har xil gaplar yurardi. Ammo o‘sha paytdayoq bu ishni faqat I.G‘afurov eplashi haqidagi e’tiroflar o‘zini oqladi. Shuning uchun asar tarjimasi bilan o‘zbek adabiyotini qutlash kerak. Bugun mazkur tarjimaning xususiyatlari haqida gapirmoqchi emasman. Hali bu haqda ko‘p va xo‘p gapiriladi. Yigirma yil oldin asarni ruschadan hijjalab o‘qigan avlod vakili sifatida uni o‘z tilida o‘qiyotgan avlodga havas qildim. Avvalo, Ibrohim aka asarning uslubini va tilini bilganini, Joysning stixiyasini to‘g‘ri anglaganini, asarning mohiyatini tushunganini alohida ta’kidlash kerak. «Uliss» hamma ham o‘qiyveradigan, hamma ham hafsala qilaveradigan asar emas. O‘qilishi, hazm qilinishi juda og‘ir. Shu sababli o‘z adabiyotimizda ham, boshqa adabiyotlarda ham unga yetarlicha toshlar otilgan, mag‘zavaga belangan. Ammo baribir hali-hanuz bu asar so‘nggi yuz yillikning eng yaxshi va eng zabardast romani sifatida e’tirof etib kelinyapti.
Shu sababli Ibrohim G‘afurov adabiyotimizda sezilayotgan mudroqlikni ushbu va boshqa asarlar tarjimalari bilan boyitishga urinayotgani tahsinga sazovordir.
Nazar Eshonqul