Hamidjon Ikromov, Baxtiyor Yaqubov. Xarakterlar musavviri

Abduqahhor Ibrohimov keng qamrovli va murakkab janr bo‘lmish dramaturgiyada samarali faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Uning turli janrlarda yozilgan pesalarini bir umumiylik, ya’ni qahramonlar xarakterining yorqinligi va o‘ziga xosligi birlashtirib turadi. Ijtimoiy mavqei va nufuzidan qat’i nazar, kim bo‘lmasin – hamma uchun halollik, to‘g‘rilik bir xilda me’yor bo‘lishi zarurligi haqidagi g‘oya dramaturg pesalari negizini tashkil etadi.

O‘tgan asrning 70-yillarida yozuvchilikda birmuncha nom chiqarib ulgurgan Abduqahhor Ibrohimov “Birinchi bo‘sa” pesasi bilan dramaturgiyaga kirib keldi. Ma’naviy barkamollikka chorlovchi zamonaviy mavzudagi ushbu asarda yoshlar hayoti tasvirlangan. Pesada bir-birlari bilan do‘st bo‘lgan Shokir, Rohat, Qosim, Feruzalar hayotining ikki davri aks etadi: maktabni bitirish arafasida qalblarida muhabbat endigina kurtak yozayotgan va hayot suronlari bilan ilk darg‘a yuzma-yuz kelgan pallalari.

Asarning bosh g‘oyasi shuki, inson sevgisiz yashay olmaydi. U har doim muhabbatga tashna, intiq. Biroq inson chinni piyoladek nozik va pokiza ko‘ngilni faqat ishonchli, mard qo‘llarga bermog‘i kerak. Axir, birinchi bo‘sa kim uchundir ko‘ngilxushlik bo‘lsa, kim uchundir ko‘ngilning bitmas iztirobiga aylanishi mumkin. Lirik drama janridagi ushbu pesada ba’zi bir yoshlar orasida hayotga yengil qarash kayfiyati va uning salbiy oqibatlari ta’sirchan ochib berilgan. Shokirning ko‘ngilxushlik uchun Rohatdan olgan bo‘sasi va yolg‘on sevgi va’dalari qizning butun hayotini ostin-ustun qilib yuboradi.

Dramaturg mahorati yoshlar kechinmalarini haqqoniy ochib berishga erishganida ko‘rinadi. Zero, yoshlik bu — qon qaynab jo‘shgan, orzularga limmo-lim davr. Bu faslda juda kamdan-kam inson o‘z qilmishlari oqibatini o‘ylab ish ko‘radi. Yoshlikda hissiyot ustun kelib qilingan xatti-harakatlar keyinchalik qanchadan-qancha nadomatlarga sabab bo‘ladi. Pesaning barcha davrlar uchun dolzarbligini ta’minlagan fazilat inson o‘z qilmishlari oqibatini o‘ylashga mas’ulligi, aks holda butun umr pushaymon qilib yashashiga mahkumligi haqidagi umrboqiy g‘oyadadir.

A.Ibrohimovning “Zo‘ldir” satirik komediyasi — ijtimoiy qimmatga ega asar. Dramaturg asar qahramoni Vorisov misolida jamiyatda biror ishni durustroq eplamasdan, turli mansablarda “sayr” etib yuruvchi kishilar qiyofasini tasvirlagan. Komediyada ko‘tarilgan muammo kishilik jamiyatining har bir bosqichida mavjud va, taassufki, hech ham yo‘qolmaydigan illatdir. Xuddi shu jihat pesaning komik janrda tug‘ilishiga sabab bo‘lgan. Asarda salbiy holatlarni fosh qiluvchi kulgi vositasida illatlarni tuzatishga da’vat yangrab turadi.

Vorisov mutaxassisligidan qat’i nazar, har qanday tashkilotga rahbarlik qilib ketaveradi. Tabiiyki, ko‘pincha risoladagidek ish yuritishning uddasidan chiqmaydi. Ammo, shunga qaramay, uning mansab pillapoyalaridan ko‘tarilishi va almashib turishi sira tinmaydi. Xo‘sh, bunga sabab nima, degan og‘riqli savol tug‘iladi. Gap shundaki, Vorisov kabi noprofessional, saviyasiz, ma’naviyatsiz odamlar kimlargadir asqotadi. Zero, vorisovlar “yuqori”da o‘tirgan o‘zi kabilarga yoqish hadisini olgan, bundaylar bir mehribonlik, xayrixohlik niqobida tepadagilar ko‘nglini mudom ovlab turadi-da…

Bularning evaziga, Vorisov chigal ahvolga tushib qolganida valine’matlar uni “qo‘llab” yuboradi. Bu to‘raning mansab kursilari shu qadar tez almashinib turadiki, uni izlab kelgan o‘g‘li yillab topa olmay yuradi. Birga yashaydigan yosh xotini ham uni izlagani-izlagan. Albatta, dramaturg bu holatni biroz bo‘rttirib tasvirlaydi. Lekin qahramonning ma’naviy qiyofasini ochib berishda bunday uslubni qo‘llash o‘zini oqlaydi.

Muallif Vorisov misolida jamiyatdagi ko‘plab norasoliklarga “oyna tutadi”. Tipik satirik komediyalarda bo‘lganidek, “Zo‘ldir”­da ijobiy qahramon ko‘rinmaydi. Vorisov atrofidagi boshqa salbiy personajlar ham jamiyatdagi “qusur”lar umumlashmasi sifatida gavdalanadi. Muallifning mahorati — pesadagi obrazlarning barchasi garchi o‘zini jamiyatdagi boobro‘, yirik shaxslar qilib ko‘rsatsa-da, aslida, umrini ko‘zbo‘yamachilik, firib va aldov bilan o‘tkazib yurgan nokaslar ekanini yorqin tasvirlab bera olganidadir.

“Zo‘ldir” pesasiga, mavzu va ko‘lam jihatidan, “Puch” tragikomediyasi yaqin turadi. Ushbu pesaning janri tragikomediya deb belgilangan bo‘lsa-da, mohiyatan u psixologik drama unsurlarini o‘zida namoyon etgan. Buni qaysidir ma’noda Anton Chexovning “Chayka” pesasiga qiyoslash mumkin. Komediya deb belgilangan “Chayka” o‘tkir psixologik vaziyatlari, tagma’noli kinoyalari bilan murakkab xususiyat aks etsa, ulfatchilikka yig‘ilgan do‘stlarning nekrolog bahona faraziy o‘lim sahnasidagi tilaklari ham asta-sekin ularning xarakterini ochib boradi. Turli sohalarda katta lavozimlarda xizmat qilayotgan do‘stlarning qadrdon, hojatbaror To‘lagan haqida uning valine’matiga qarab fikr-mulohazalar bildirishi orqali jamiyatdagi ikkiyuzlamachilik, oshna-og‘aynigarchilik, korruptsiya illatlari beayov fosh qilinadi. To‘laganga o‘zini qiyomatli do‘st ko‘rsatib yurganlar, aslida, uning suyangan tog‘i Kelgan O‘tarovichning soyasiga salom berishayotgani, suyanch tog‘i qulagach esa To‘laganni badnom qilishga o‘tib olishgani pesa kulminatsiyasini tashkil etadi.

A.Ibrohimovning so‘nggi yillarda yaratilgan pesalarida ijtimoiy muammolarning tub ildizlari insonning o‘zi bilan, uning shaxsiy xususiyatlari bilan bog‘liq holda talqin etilishi kuzatilmoqda. Birgina “Tusmol yoxud senga bir gap aytaman” pesasida bugungi jamiyatning ko‘plab muammolari ildizi insonlarning bir-birini tushunmasligi, tushunishni istamasligi, insonning ruhiy yolg‘izligida ekani ko‘rsatib berilgan.

Pesa bosh qahramoni Ergashning dilini qandaydir g‘am ezadi. U shu dardini kim bilandir bo‘lishishga, unga chora topishga intiladi. Shu maqsadda yaqinlari, qarindoshlari oldiga birma-bir borib, dil yormoqchi bo‘ladi. Biroq uni hech kim eshitmaydi, eshitishni xohlamaydi. Uni eshitish uchun shaylanadilar-u, bir necha soniyaga ham sabrlari yetmay, o‘z dardlarini doston qila boshlaydilar. Hatto dardini aytolmay, hafsalasi pir bo‘lgan Ergash chiqib ketsa-da, ayrim “dardkashlar” havolarga so‘zlayveradi. Ergash esa hech qayerdan o‘ziga dardkash, hech kimdan o‘ziga yupanch topolmay, bu olamdan o‘tadi. U aytmoqchi bo‘lgan gap mavhumligicha qoladi. Butun asar kulgiga yo‘g‘rilgan, biroq uning zamirida ko‘zyosh yotibdi.

Ergashning oilasi, qarindoshlaridan ko‘pchiligi turli mas’ul lavozimlarda ishlaydi. Demak, asosiy faoliyati insonlar hayoti, ularning taqdiri bilan bog‘liq. Bu kishilar minbardan turib buyuk g‘oyalar haqida va’z o‘qiydi-yu, ammo o‘zlari insonni tinglashni, uning dardiga sherik bo‘lishni bilmaydi, xohlamaydi. Muallifning bunday befarqlikdan qiynalishi, odamlar shular haqida o‘ylashini xohlashi yaqqol aks etib turibdi. Pesa qahramonlari sirtdan hech qanday kami yo‘q, baxtli ko‘rinsa-da, biroq, aslida, ruhan notinch kishilardir.

A.Ibrohimov muammoni ochib berish uchun asosiy qurol sifatida bekorga kulgini tanlamaydi. O‘zini “oliy zot”lar deb bilgan bu toifa bachki muammolarni hal qilish jazavasida shunchalar jiddiyki, hatto bu nosog‘ intilishlari bilan naqadar kulgili ko‘rinishini ham payqamaydi. Ularning bunday kulgili ko‘rinishi, tashqaridan qaralganda, ham zavqli, ham azoblidir. Zero, sahnadagi mazkur personajlar xatti-harakati tomoshabinga ham oyna tutgandek bo‘ladi. Axir, bu o‘tkinchi hayotda odamlar nimalar uchun talashadilar? Oddiy manfaatlar uchun emasmi? Tomoshabin sahnada namoyish etilayotgan insoniy muammolarni ko‘rib kuladi, ammo ongining bir burjida o‘z hayotini ham o‘zgartirishi lozimligi haqida tahlillar kechadi. Tahlilki, bu teatrdan olingan saboqdir, tahlilki, bu komediyaning katarsisidir.

Dramaturg pesalarida jahonga mashhur absurd teatri xususiyatlari ko‘zga tashlanadi. Ya’ni bema’nilikdan ma’ni izlash, hech narsa haqida ko‘p fikrlarni aytish shu teatr­dagi o‘ziga xoslikdir. Ayni sababga ko‘ra, A.Ibrohimov pesalarida xarakterlar yorqin, xilma-xil, o‘ta hayotiydir. Ular o‘z hayotiyligi bilan tomoshabinni yanada o‘yga toldiradi, yanada iztirobga soladi. Zero, dramaturg sizu biz yashab turgan jamiyatdagi achchiq ma’nisizliklardan bahs ochadi. Alamlisi, bu bema’niliklarni o‘zini ma’nili sanovchi kishilar amalga oshiradi. Bunday illatlar kulgi usuli bilan ochib berilganki, shu bois ularning tarbiyaviy xususiyati yuqori. A.Ibrohimovning barcha pesalari “Arra”, “Mayli, mayli”, “Meni aytdi demang”, “Olqish”, “Sochqi”, “Bir o‘likka – bir tirik”, “Tovushsiz qarsaklar”, “Shaytonning yo‘li yoxud Soxta nikoh” haqida ham ana shunday deyish mumkin.

Muborak 80 yoshni qarshi olayotgan dramaturgning eng katta yutug‘i, u qaysi janr va qaysi mavzuda ijod qilmasin, barchasining zamirida nafaqat hozirgi davr, balki barcha zamonlar uchun dolzarb muammolar yotadi. Ular tomoshabinga qanchalik maroqli bo‘lsa, sahnalashtiruvchi rejissyorga ham shu qadar zavqlidir. Zero, har bir rejissyor ulardan yangicha badiiy talqinga imkon beruvchi ko‘pdan-ko‘p jihatlarni topa oladi.

 Hamidjon IkromovO‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, san’atshunoslik fanlari nomzodi, professor,

Baxtiyor Yaqubov, teatrshunos

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2018 yil, 48-son