Birinchi turtki. Qachonlardir xorij filmini ko‘rgandim – adashmasam, nemislarniki – voqealari “Ur to‘qmoq”ning ayni o‘zginasi. Faqat ochil dasturxon o‘rniga “to‘kin stol”, buyam o‘rinli, o‘zlaridan kelib chiqishgan-da. O‘xshash adabiy hodisalar folklorshunoslikni doim qiziqtirib kelgan, ularni izohlashiga qarab bir necha ilmiy maktablar shakllangan. Migratsiya maktabi, sayyor syujetlar nazariyasi xalqlarning asriy aloqalari asnosida matalu masallar ko‘chib yurishini uqtiradi. Mifologiya maktabi vakillari ibtidoiy odamlarning borliq haqidagi tasavvurlari keyinchalik adabiy sathga ko‘chib o‘tgani, umumiy mifologiyaga ega ellar og‘zaki ijodida o‘xshashlik tabiiyligi xususida so‘zlaydi. Tarixiy maktab olimlari folklor asarlari qadimda yuz bergan voqealarning insoniyat xotirasidagi aks sadosi deya tushuntiradi. Antropologiya maktabi esa etnik qarindosh bo‘lmagan, o‘tmishda iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy aloqalarga kirishmagan xalqlarda parallel madaniy hodisalar uchrashiga e’tibor qaratib, buni tarixiy taraqqiyotning bir xil bosqichida butun bashariyatda ruhiy va ma’naviy yaqinlik kuzatilishi bilan bog‘laydi. Ilmiy maktablar ilgari surgan farazlarning barchasida jon bor va ular bir-birini to‘ldiradi.
Ikkinchi turtki. Yaqinda Janubiy Amerika adabiyotining yirik namoyandasi Xorxe Luis Borxesning “Turkiston ertaklari” degan essesini o‘qib qoldim. Tarjimon Sharifjon Ahmedovning yozishicha, “Turkiston ertaklari” (“Cuentos del Turquestan”) asari 1926 yili Buenos-Ayresdagi “La Prensa” gazetasida e’lon qilingan. Ulug‘ Kitobdor ajib adabiy zanjir haqida so‘zlaydi: sirli-sehrli ertaklar Buyuk Turon dashtu dalalari, tog‘u toshlari, shaharu kentlarini makon tutgan ellar tomonidan asrlar bo‘yi yaratilgan; rus etnografi Nikolay Ostroumovning (1846–1930) ilmiy izlanishlari natijasida 1906 yili “Skazki sartov v russkom izlojenii” kitobi chop etilgan; ushbu to‘plam nemis-chex folklorshunosi Gustav Yungbauer (1886–1942) sa’y-harakati bilan nemis tiliga o‘girilib, 1923 yili Yena shahrida “Märchen aus Turkestan und Tibet” (“Turkiston va Tibet ertaklari”) nomi bilan nashr qilingan; “bir necha etnojo‘g‘rofiy sargardonliklarni boshidan kechirgan ushbu kitob (ehtimol, Buenos-Ayresdagi yagona kitob), mana, oxir oqibat” argentina yozuvchisining qo‘liga kelib tushadi va u ko‘ngliga Sharq shamollarini keltirgan, xayolini yetti iqlimga yeldirgan ertaklar to‘g‘risida esse yozadi. Ushbu badiani asriy asotirlar tili – o‘zbek tiliga o‘girgan Sharifjon Ahmedov ham o‘sha adabiy zanjirga yana bir halqa bo‘lib qo‘shiladi.
Uchinchi turtki. Filologiya fanlari doktori Mamatqul Jo‘rayev necha yillar ilgari “Hurriyat” gazetasiga bergan intervyusida o‘zbek ertaklari katalogi tuzilayotgani haqida xabar bergandi. Shundan buyon oromim yo‘qolib, tadqiqot natijalarini kutardim. Shoshmang, hali ungacha zahmatkash olimlarning qancha oromsiz kunlari, bedor tunlari… to‘g‘risida so‘zlashimiz kerak.
Asosiy voqea. Germaniyalik folklorshunos olima Gabriele Keller xalqaro anjuman bahonai sabab yigirma yil avval Samarqandga kelganida bundan keyingi hayoti shu yurt bilan bog‘lanib qolishini xayoliga keltirganmi-yo‘qmi, o‘ziga va O‘ziga ayon. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti professori Xurram Rahimov asli nemis tili mutaxassisi bo‘lib, tarjimalar jarayonida folklorshunoslikka bog‘lanib bordi. O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti bo‘lim mudiri Mamatqul Jo‘rayevning ilmiy-tashkiliy tajribasi ham ushbu olimlar jamoasiga juda zarur edi. Shunday qilib, o‘n yillik (1997–2017) ilmiy hamkorlik natijasida ikki jildli “Typenkatalog Usbekischer Zaubermärchen” (“O‘zbek xalq sehrli ertaklar katalogi”) yuzaga keldi.
E’tirof etish joiz, folklor asarlari katalogini tuzish oson ko‘chadigan ish emas. Avvalo, hozirga qadar nashr etilgan ertak kitoblardagi materiallarni ko‘rib chiqish lozim. Mualliflar shu bilan cheklanmay, Samarqand tarix va etnografiya muzeyi va Nizomiy nomidagi TDPU bilan hamkorlikda Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlarida uch bora (1998, 1999, 2008) dala tadqiqotlari o‘tkazishdi, ertaklar bevosita ijrochilar – nuroniy bobolar, farishtali momolar og‘zidan magnit tasmasiga yozib olindi. Izlanishlar natijasida bir necha to‘plamlar nashr etildi: “Märchen aus Samarkand” (“Samarqand ertaklari”. Frayburg, 2004), “Zaubermärchen aus Südusbekistan” (“Janubiy O‘zbekiston sehrli ertaklari”. Toshkent, 2016), “Usbekische Zaubermärchen” (“O‘zbek sehrli ertaklari”. Toshkent, 2017). Bular, albatta, katalog tuzishga yaxshigina tayyorgarlik ko‘rilganidan darak beradi.
– “O‘zbek xalq sehrli ertaklar katalogi”dagi materiallarning salmoqli qismini O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutining Folklor arxivida saqlanayotgan ertaklar tashkil etadi, – deydi professor Mamatqul Jo‘rayev. – Ikki jildli kitobda mingdan ortiq o‘zbek xalq sehrli ertaklarining matniy tahlili, tarjimasi, ilmiy tadqiqi va tipizatsiyasi amalga oshirilgan; 145 syujet tiplari aniqlanib, o‘zbek hamda jahon ertakshunosligi manbalari asosida ilmiy sharhlar bilan tasdiqlandi. Tadqiqotlar natijasida Yevropa xalqlari folkloridagi ayrim ertaklar syujetining ildizlari Markaziy Osiyo folkloriga, ajdodlarimizning qadimiy ertakchilik an’analariga borib taqalishi ma’lum bo‘ldi. Mazkur yirik ilmiy asar hozirgi zamon jahon folkloristikasining eng yangi nazariy kontseptsiyalari va terminologiyasi asosida shu paytgacha maxsus o‘rganilmagan va epik syujetlarning xalqaro kataloglariga kiritilmagan o‘zbek xalq sehrli ertaklarini yaxlit badiiy tizim sifatida tahlil qilgani, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasida shu yo‘nalishda amalga oshirilgan ilk tadqiqot ekani bilan ham alohida ahamiyatga egadir. Bu ilmiy tipologik katalog sehrli ertaklarning milliy o‘ziga xosligi va badiiy xususiyatlarini jahon miqyosida keng targ‘ib etish orqali o‘zbek xalqi poetik tafakkurining g‘oyat yuksakligini namoyish qiladi.
Folklorshunos va tarjimonlarimiz oldida yana bir katta dovon turibdi. “O‘zbek xalq sehrli ertaklar katalogi” ona tilimizga mahorat bilan o‘girilib, kitob holida nashr etilsa, xazina kalitlari egasiga qaytarilgandek savobli ishga qo‘l urilgan bo‘lur edi.
«Yoshlik» jurnali, 2018 yil, 2-son