Hamisha afsonaviy bo‘lib kelgan Sharq tafakkuri, jumladan badiiy adabiyoti Yevropa xalqlarini maftun etib kelgani sir emas. Sharq adabiyoti daholarining yuksak adabiy-ilmiy merosi G‘arb olimlarini g‘aroyib tadqiqot materiallari bilan ta’minlab turgani, shoir va yozuvchilarni esa go‘zal badiiy g‘oyalari bilan ilhomlantirib kelgani ham ayni haqiqatdir. Ulug‘ mutaffakir, yirik mutasavvif shoir Fariduddin Abduhomid Muhammad Ibn Abu Bakr Ibrohim Attorning nomi va ma’naviy merosi ham yevropaliklarda katta qiziqish uyg‘otgan. Attorning hayoti, ijodi va qarashlarini tahlil hamda tadqiq etish yo‘lida Yevropada ko‘plab ilmiy izlanishlar amalga oshirildi. Ular orasida Attor ijodini birinchilardan bo‘lib o‘rgangan va jiddiy shug‘ullangan olmon olimi Helmut Ritter (1892-1971 ) faoliyati alohida o‘rin tutadi. U Fariduddin Attorning “Ilohiynoma” asari qo‘lyozma nusxalarini katta zahmatlar bilan yig‘di hamda tadqiqotchilar uchun o‘ziga xos yo‘l va keng imkoniyatlar ochib berdi. Jumladan, olim asar qo‘lyozmalari orasida eng mo‘tabar besh nusxasini aniqlab berdi, ulardagi xatoliklar va nuqsonlarni tashih etib asarning ilmiy-tanqidiy matnini tayyorlash ustida e’tirofga loyiq tadqiqot olib bordi.
“Ilohiynoma”ning Istanbuldagi Sulton Muhammad Fotih kutubxonasida 3674 raqami ostida saqlanuvchi qulyozma “F” harfi bilan belgilab olinadi. U hijriy 729 yili yozib Muhammad Ibn Muhammad Al-Kamol tomonidan nasx xatida ko‘chirilgan. Qo‘lyozma betlari noto‘g‘ri tartibda raqamlangan. 195 raqamidan 2 marta foydalanilgan. Har bir beti 16 misrani o‘z ichiga oladi. Unchalik chiroyli bo‘lmagan Sharqiy nasxda yozilgan. 131- va 139-betlari almashtirilgani uchun biroz sifati yomonlashgan.
Asarning Londondagi India office qo‘lyozmalar xazinasida saqlanayotgan 2684 raqamli nusxasi “I” harfi bilan belgilab olinadi. Bu nusxa majmua tarkibida bo‘lib, Muhammad Hoji Ibn Bobo Hoji tomonidan 807 hijriy yilda ko‘chirilgan kitobning 196-b va 278-a varaqlarini ishg‘ol qilgan. Uch ustunli. Misralar tashqi tomondan ramkaga olingan. U ham Sharqiy nasx xatida yozilgan bo‘lib, ba’zi harflarning istifodasida farqlar bor. Xususan, p harfi forscha “pe” orqali, ch harfi esa forscha “jim” orqali ifodalanilishini, shuningdek, “dol” harfining nuqtasiz shaklidan foydalanilishi Ritter tomonidan ta’kidlanadi.
British muzeum kutubxonasida saqlanayotgan 27261 raqamli nusxa “B” harfi bilan belgilanadi. Qo‘lyozma Temuriy Jaloliddin Iskandar Ibn Umar Shayxning kutubxonasi uchun 813 hijriy yilda ko‘chirilgan. Bu qo‘lyozma ham majmua tarkibida bo‘lib, nusxaning 3-b – 112-a betlarida keltirilgan. Ritter Nizomiyning “Haft paykar” dostoni tanqidiy matnini ham ana shu nusxa asosida tayyorlagan edi. U ham kichik latif nasx xatida o‘sha davrning an’analariga mos did bilan ko‘chirilgan. Unda “dol” harfi unlilardan so‘ng nuqtali kelishi aniqlangan. Uning muqovalari noto‘g‘ri tartibda biriktirilgan. Masalan, 98-betdagi jumlalar 108-betda davom ettirilgan. Qo‘lyozmani yozgan kotib o‘zining yozganlariga ko‘p marta qaytadan e’tibor qaratgan. Dostonning butun bir qismini ikki martta qayta ko‘chirgan, ammo u tezda o‘zining xatosini sezgan. Misralar hamma tomondan ramkaga olingan. Yozuvi kichkina chiroyli nasxda yozilgan.
Ayo Sofiya kutubxonasida 4792 raqami ostida saqlanuvchi nusxa hijriy 816 yili Sherozda Asad Ibn Muhammad Al-Kotib tomonidan ko‘chirilgan. U “A”harfi bilan belgilanadi. Nafis majmua tarkibidan o‘rin olgan. “Ilohiynoma” 209-a – 555-a sahifalarda ko‘chirilgan. Unda ham “dol” harfining unlilardan so‘ng nuqtali kelishi ko‘rsatib o‘tilgan. Bu qo‘lyozma Temuriy Iskandar kutubxonasiga tegishli bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin. Chunki ikkala qo‘lyozma yozuvlari bir biriga o‘xshash. Bu qo‘lyozmada ham p harfi forscha “pe” orqali “ch” harfi forscha “jim” orqali ifodalangan. Ikkala qo‘lyozma misralari o‘xshash bo‘lsa-da, u bu qo‘lyozma ramkaga olinmagan.
Istanbuldagi Sulton Muhammad Fotih kutubxonasida 3673 raqam bilan saqlanuvchi yana bir nusxasi “M” harfi bilan belgilanadi. U 227 varaq nastaliq xatida hijriy 863 yilda ko‘chirildi. “Ilohiynoma”ning ilmiy-tanqidiy matni 1940 yili Istanbulda nashr etildi. Nashr olmoncha va forscha kattagina so‘zboshi va boshqa ilmiy ko‘rsatkichlar bilan ta’minlangan. Olim Helmut Ritter “G‘” 3674 sonli qo‘lyozma haqida mulohaza yuritib, quyidagilarni bildirib o‘tgan: qo‘lyozmaning 1 – 21-betlari nisbatan yangiroq ko‘chirma. Asarning kirish qismi Abu Bakrning maqtovi bilan boshlanadi, buni asarning oxirida ham kuzatish mumkin. Bu qo‘lyozma kirish qismi ancha kengroq, “V” Britaniyada saqlanayotgan qo‘lyozmada esa kirish qismi ancha qisqa. Shuningdek, izohlar o‘rin olgan. Helmut Ritter qo‘lyozmalarning har bir sahifasidagi farqlarni bir-biri bilan solishtirib chiqdi. U “Ilohiynoma” asari mazmuni olmon o‘quvchilariga tushunarli bo‘lishi uchun uning titul varag‘iga “Xalifaning olti o‘g‘li bilan suhbati” deb yozib qo‘yadi.
“Ilohiynoma” shoirning tasavvufiy qarashlarini sharhlashga bag‘ishlangan asar. Helmut Ritter asar ustida fikr yuritib, Attor she’riyatning barcha sirlarini yaxshi biladigan san’atkor ustoz, uning asarlaridagi kichik hajmli rivoyatlarga tasavvufga xos ma’no va mazmunlarni juda katta mahorat bilan singdira olganini ta’kidlaydi.
Ritter o‘z ilmiy faoliyatida ingliz olimi Rinald Nikolsonning tajribalariga tayanganini ta’kidlaydi. Rinald Nikolson ham sharq adabiyoti bilan juda qiziqib qolgan olimlardan. Ayniqsa, u amalga oshirgan ishlar orasida Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy” asari tarjimasi va sharhi alohida o‘rin tutadi. Olim umrining katta qismini “Masnaviy” asari ilmiy-tanqidiy matnini yaratishga sarflagan. Nikolson Rumiy vafotidan so‘ng “Masnaviy”ning uzoq yillar davomida ko‘chirilgan va muzeylarda saqlanayotgan qo‘lyozma nusxalarini solishtirib, bu asarning ilmiy-tanqidiy matnini yaratdi. Shuningdek, u Attorning “Tazkirat ul-avliyo” asari ustida amalga oshirgan tekstologik ishlarini ham nashr ettirgan edi. Helmut Ritter Nikolsonning bu ilmiy-tanqidiy matnlar ustida ulkan sa’y-harakatlar olib borganini, o‘ziga xos matnshunoslik namunalarini joriy qilganini va ulardan o‘zi ham foydalanganini alohida ta’kidlaydi.
Albatta, Shayx Attor tasavvuf ilmi tarixida shubhasiz katta o‘rin tutgan va uning keng yoyilishiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk siymolardan biridir. Uning serqirra va boy ijodi ilohiy ma’rifat g‘oyalarning nodir xazinasi bo‘lib xizmat qiladi. Olmon sharqshunos olimi Helmut Ritterning izlanishlari, haqiqatan, tahsinga sazovordir. Bu izlanishlar ko‘plab olimlarni ham qiziqtirib qo‘ydi. Attorning ma’naviy merosini buyuk bir ummon sifatida baholab, unga chuqur sho‘ng‘ish juda ko‘p qimmatli javohirotlarni topish mumkinligini Retterga izdosh olimlar isbot qildilar. Ular Attor asarlaridagi sabr-toqat orqali haqqa, haqiqatga yetish g‘oyasi bilan bog‘liq ko‘pgina falsafiy mulohazalar va ibratli hikoyatlarni ham tadqiq etganlar. Bir necha Yevropa olimlari sharq mutafakkirlari asarlarining o‘quvchilar qo‘liga yetib borishida qilgan xizmatlari tahsinga loyiq. Helmut Ritterning mazkur tadqiqoti ham katta fundamental ish sifatida matnshunoslik va manbashunoslik ilmiga ulkan hissa qo‘shdi, desak xato qilmaymiz. Bu ishni o‘rganish o‘zbek matnshunosligiga ham maktab vazifasini o‘taydi.
«Yoshlik» jurnali, 2018 yil, 4-son