Dilmurod Quronov. Cho‘lponning tug‘ilgan yili

1987 yilda – Cho‘lpon asarlarini egalariga qaytarishga oz-moz imkon paydo bo‘lgan bir vaqtda, bu yo‘ldagi ilk ehtiyotkor qadamni “Yoshlik” jurnali qo‘ydi. Jurnalning 10-sonida Cho‘lpon she’rlaridan saylangan o‘n bittasi chop qilinib, “Adabiy meros” ruknidagi jami ikki sahifali jajjigina saylanmaga ustoz Ozod Sharafiddinovning muhofaza – “straxovka” maqsadiga qaratilgan bir sahifali maqolasi ilova qilindi. Maqolaning aynan shu maqsadda yozilgani uning xulosasida yaqqol ko‘rinadi: “Cho‘lponday shoirning sovet tomoniga o‘tishi, yangi voqelikni ulug‘lab faol ijod qilishi – sotsializmning bag‘rikengligidan, adabiyot uchun benihoya keng imkoniyatlar yaratib berganidan, kommunizm g‘oyalarining muzaffar hayotbaxsh kuchidan dalolat beradi”[1]. Bularni yodga olish, hozirda quloqqa erish eshitiladigan ko‘chirmani keltirishdan murod: avvalo, hali sho‘ro tuzumi va mafkurasi kuchli bir sharoitda Cho‘lpon va u kabilar ijodiy merosining qaytarilishi oson, silliqqina kechmaganini; ikkinchidan, u vaqtlar nafaqat o‘quvchi omma, hatto mutaxassislarga ham, Ozod Sharafiddinov aytmoqchi, “Cho‘lponing nomi yaxshi tanish bo‘lsa ham, uning o‘zi, ijodi tong yulduziday olis va sirli ko‘rinadi”[2]gan bo‘lib qolganini eslatish. Holbuki, taqvimda 1987 yil – Cho‘lponni yaqindan tanigan-bilganlarning ko‘plari hali hayotda, taqdiriga uzoqroq umr ko‘rish yozilgan shoirning tengdoshlari esa endigina to‘qson bilan to‘qnashgan payt edi. Yarim asr “qatag‘on” tamg‘asi ostida bo‘lgani, kattayu kichikka “millatchi burjua shoiri” deb tanitilgani, asarlarining aksari maxsus joylarda saqlangani, hayoti va ijodini o‘rganish “istiqbolsiz”ligi vajhidan tadqiqotchilar e’tiboridan chetda qolgani, xullas, shu kabilar Cho‘lponni “olis va sirli” etib keldi. Xuddi shu omillar, ustoz topib aytganidek, “Cho‘lpon haqida mulohazalarda haqiqatdan ko‘ra rivoyatga o‘xshab ketadigan mubolag‘alar ko‘p”ligi, hayoti va faoliyatiga oid ma’lumotlarning chalkash bo‘lishiga olib keldi. Jumladan, shoirning tug‘ilgan yili masalasida.

Ozod Sharafiddinov mazkur maqolasida “Cho‘lpon 1883 yil Andijonda savdogar oilasida tug‘ilgan”[3] degan ma’lumot beradi. Keyingi – 1988 yilda “Kecha va kunduz”ning “Sharq yulduzi”dagi qayta nashriga yozilgan kirish so‘zida esa Ozod Sharafiddinov boshqacha ma’lumot beradi: “Uning ijodi Oktyabr revolyutsiyasidan oldin – 1913 yilda boshlangan edi. U birinchi asarlarini e’lon qilganida 20 yoshga to‘lgan, yosh bo‘lsa-da ancha mukammal bilimga ega bo‘lgan bir yigit edi”[4]. Hisoblab ko‘rilsa, bundan endi 1893 yil kelib chiqadi. Oradan uch yil o‘tib, 1991 yilda chop etilgan Cho‘lponning “Yana oldim sozimni” to‘plamiga yozgan so‘zboshida olim “So‘nggi yillarda paydo bo‘lgan maqolalarda Cho‘lponning tug‘ilgan yili 1883, 1893, 1896, 1897, 1898 yillar deb har xil ko‘rsatiladi”[5] deb yozadi. So‘ng shoirning singlisi Foiqa Sulaymon qizi akasining tug‘ilgan yili sifatida 1898 yilni ko‘rsatganini “ancha ishonarli” deb baholagani holda, “hozircha men Cho‘lponning tavallud yilini 1897 yil deb belgilash tarafdoriman, chunki bu sana 1934 yilda, ya’ni Cho‘lpon hayotlik vaqtida nashr etilgan Katta Sovet Qomusining 61-jildida (684-sahifada) keltirilgan”[6] deb yozadi. Olimni bu xulosaga olib kelgan asoslar puxta: 1) Qomus maqolasini rus adibi V. Yan yozgan, u Cho‘lpon bilan do‘stona aloqada bo‘lib, ijodiy hamkorlik ham qilgan; 2) u “Qomusning buyurtmasi bilan Cho‘lpon haqidagi maqolasini shoirning o‘zidan tasdiqlatib olgan”[7].

Nashr ma’lumotlarida “Yana oldim sozimni” to‘plamining bosmaxonaga 1990 yilning 28 fevralida berilgan deb qayd etilgani, bungacha qo‘lyozma ma’lum vaqt nashriyotda bo‘lganini e’tiborga olsak, Ozod Sharafiddinov so‘zboshini 1989 yil oxirlarida yozgani haqiqatga yaqinroq. Xuddi shu yili nashr qilingan “Bahorni sog‘indim” to‘plami esa bosmaxonaga 1988 yil 9 avgustda berilgan, ya’ni nashrga tayyorlash ishlari, jumladan, I. Haqqulning to‘plamga so‘z boshi yozishi (sho‘ro tsenzurasining har turli to‘siqlari hisobga olinmaganda ham) taxminan 1988 yil boshlariga to‘g‘ri keladi. Mazkur so‘zboshida Cho‘lponning tug‘ilgan yili 1893 yil[8] deb qayd etilgan. Bosmaxonaga 1990 yil 5 iyulida berilgan “Fidoyilar” to‘plamidan joy olgan E. Karimov maqolasida Cho‘lpon 1897[9] yilda tug‘ilgan deb yozilgan.

Nashr bilan bog‘liq sanalar tahlilidan ayon bo‘lyaptiki, Cho‘lponning tug‘ilgan yili sifatida 1897 yilni ko‘rsatish 1989 yil oxirlari – 1990 yilga kelib boshlandi, bunga qadar esa ko‘proq 1893 yil ko‘rsatilgan. Bu hol, taxminimizcha, ikkita sabab bilan izohlanishi mumkin: 1) shu vaqtga qadar yuqorida eslatilgan Qomusdagi ma’lumot mutaxassislar e’tiboridan chetda qolib kelgan; 2) bu vaqtga kelib, nihoyat, mutaxassislardan bir nechalariga bungacha “maxfiy” tamg‘asi ostida saqlab kelingan arxiv materiallari bilan tanishishga ruxsat berila boshlangan.

Cho‘lponning tug‘ilgan yili qachondan boshlab va nima asosda 1893 yil deb ko‘rsa­tila boshlangani haqida aniq ma’lumotga ega emasmiz. Hozircha faqat bu holning adabiyotlarda 60-yillardan boshlab kuzatila boshlanganini ayta olamiz, xolos. Har holda, Cho‘lponning tug‘ilgan yili “Katta sovet entsiklopediyasi”ning 29-jildi (1978), “O‘zbek sovet entsiklopediyasi”ning 12-jildi (1979)da, “Qisqacha adabiyot entsiklopediyasi”ning 8-jildi (1975), M. Zokirov tayyorlagan “Tirik satrlar” (1967) to‘plami, Begali Qosimovning “Izlay-izlay topganim” (1983) monografiyasi kabi ko‘plab manbalarda 1893 yil deb ko‘rsatilgan. Ushbu ma’lumotning ma’lum darajada “rasmiy” nashr sanaluvchi barcha entsiklopediyalardan o‘rin olgani uning maqomini, ya’ni “rasmiy ma’lumot” ekanini, tegishli idoralar ma’qullagan, ehtimol, taqdim etgan ma’lumot deb tushunishga izn beradi. Shoirning vafot sanasi mazkur nashrlarning deyarli barchasida 1939 yil deb ko‘rsatilganki, bu ham ma’lumotning “rasmiy”ligi haqidagi fikrlarimizni quvvatlaydi.

Xullas, mamlakatda shaxsga sig‘inish oqibatlarini tugatish – reabilitatsiya jarayonlari boshlangan, jumladan, Cho‘lpon fuqaro sifatida (ijodkor sifatida emas) oqlangan vaqtdan boshlab uning hayoti va ijodiy faoliyati 1893–1939 yillarda kechgan, degan ma’lumot beshak qabul qilindi. Natijada oradan yigirma yillar o‘tib, oshkoralik yillari – shoirni to‘la oqlash yo‘lida ilk qadamlar qo‘yilganida ham, to Cho‘lpon hayoti va ijodini hujjatli asosda o‘rganish boshlanguniga qadar, tabiiy tarzda shu ma’lumot to‘g‘ri deb hisoblandi.

1988 yil 17 iyunda Andijon viloyatining o‘sha paytdagi bosh nashri – “Kommunist” gazetasida Cho‘lponning jiyani – singlisi Foiqa Sulaymon qizining o‘g‘illari O‘ktam Mirzaxo‘jayevning “Shoir xonadoni bisotidan” nomli maqolasi e’lon qilindi. Unda muallif onasining “Cho‘lpon 1898 yilda tug‘ilgan, uning yili sak – it bo‘lgan… Andijon zilzilasi paytida (1902) … tog‘ang to‘rt yashar bola ekan” degan gaplarini keltiradi. Ta’kidlash joiz, maqolada Cho‘lponning tavallud sanasi masalasi alohida urg‘ulangan. Maqola matnidan tashqaridagi holat (kontekst)dan ham xabardor bo‘lganim bois kamina urg‘uni boshqalarga qaraganda yaqqolroq his qilamanki, hozir o‘sha holatni qisqacha tavsiflab o‘tish zarurati bor.

Maqola muallifi – rahmatli ustozimiz, iqtisod fanlari nomzodi, dotsent O‘ktamjon Mirzaxo‘jayev bizga siyosiy iqtisod fanidan dars bergan vaqtlaridan oramizda yaxshi munosabat shakllangan, buning ustiga Cho‘lpon ijodi bo‘yicha ilmiy izlanish boshlaganim uchun munosabatlarimiz yanada tig‘izlashgan edi. Domlamiz, bir tomoni, davr sharoitidan kelib chiqib Cho‘lponga aloqadorligini ko‘p-da oshkor qilmay (to‘g‘risi, yashirib) yashashga majbur bo‘lgan, buning ustiga ko‘p vaqt obkom (viloyat partiya qo‘mitasi)ning tashviqot bo‘limini boshqargan odam, siyosiy jihatdan g‘oyat hushyor edilar. Aytish kerak, o‘sha vaqtlari domlaning hushyorligi gohi gohi g‘ashimizni keltirgani ham bor, biroq hozirda ko‘p yillar mafkura xizmatida bo‘lgan va bu boradagi bizga qorong‘i ko‘p “nozik” jihatlardan boxabar kishining bunday fe’l-atvori aslo bejiz emasligiga aqlimiz yetib qolgan. Xullas, domlamiz ham, chamasi, V. Yan yozgan entsiklopediya maqolasidan bexabar, hatto shoirning yaqinlarida ham biron-bir hujjat bo‘lmagan bir sharoitda Cho‘lpon 1893 yilda yo Ozod Sharafiddinov ko‘rsatganidek 1883 yilda emas, 1898 yilda tug‘ilgan degan qarashni ommalashtirish, ilmda “propiskadan o‘tkazish”ga astoydil kirishgan edilar. Sababi, domla 1917 yilda 19-20 yoshda bo‘lgan yigitchaning Oktyabr inqilobini “qabul qilolmagani” bilan 23-24 yoshli odamning “qabul qilmagani” orasida yeru osmoncha farq borligini juda yaxshi bilar edi. Unutmangki, hali 1987–1988 yillarda edik: Cho‘lpon “istiqlolni uyg‘otgan shoir” sifatida emas, “qiyinchilik bilan bo‘lsa-da Inqilobning mohiyatini to‘g‘ri anglay olgan va sho‘ro mavqeiga o‘tgan” ijodkor sifatida safga qaytayotgan edi. Zero, yana uch yildan so‘ng istiqlolga erishamiz degan o‘y birovning xayol-xotiriga kelmagan, istiqlol hanuz ho‘-o‘ yiroqlardagi miltiragan orzu edi u paytlar. Aytmoqchimanki, domlamiz mavjud sharoitda to‘g‘ri yo‘l tutgan: tog‘asining har jihatdan oqlanishini, bu ish yigirma yillar avval bo‘lganidek aro yo‘lda qolmasligini, ya’ni “grajdan sifatida oqlanib, ijodkor sifatida oqlanmadi” qabilidagi holat bo‘lmasligini juda-juda istagan va shunga muvofiq harakat qilgan.

Xullas, ish o‘ngdan kelib, domla ko‘targan muammo bir yilga borib-bormayoq hal bo‘ldi: hujjatlar topilib, ilmiy muomalaga kiritildi, Cho‘lponning tug‘ilgan yili 1897 yil deya e’tirof etildi. Shoirning yaqinlarini ham bu sana qanoatlantirdi, har holda, hech bir e’tiroz bo‘lmadi. Ko‘p o‘tmay, 1997 yilda hukumat qarori bilan Cho‘lponning 100 yilligi, 2007 yilda esa 110 yilligi nishonlandi, darslik va qo‘llanmalar, umuman, barcha nashrlarda shu sana qayd etiladigan bo‘ldi.

Cho‘lponning yana bir jiyani – Foiqa ayaning ikkinchi o‘g‘illari Xotam hoji Mirzaxo‘jayev shoir nomini abadiylashtirish, ijodiy merosini tiklash va ommalashtirish borasida qilinayotgan ishlardan qanoatlanmay o‘tdi. Rahmatli shu bois ham Cho‘lpon jamg‘armasi boshqaruvini qo‘lga olib, holatni o‘nglashga imkon qadar harakat qildi. Jumladan, 2012 yilda Cho‘lpon asarlarining 4 jildligini chop ettirish harakatini boshladiki, buning o‘zi alohida tarix. Asosiy masalaga qaytsak, 2016 yil oxirlaridan boshlab umri oyoqlab qolganini ich-ichidan sezib, jamg‘arma faoliyatini o‘zi orzulagandek yo‘lga qo‘yish armonga do‘nayotganini sezib turgan X. Mirzaxo‘jayev fikri-yodini, “kelasi yil Cho‘lponning 120 yillik to‘yini chiroyli o‘tkazsam-u, so‘ng yorug‘ yuz bilan katta safarga chiqsam”, degan o‘y egallab olgandi. Biroq shoirning tavallud sanasi “rasmiy manbalarda, chunonchi, O‘zbekiston Milliy entsiklopediyasida 1898 yil deb belgilangani” ro‘kach qilinib, 2017 yilda ushbu tadbir nishonlanmay qoldi, hoji buva armonda ketdi…

Xullas, O‘zbekiston Milliy entsiklopediyasi uchun Cho‘lpon haqidagi maqola ustoz Naim Karimov tomonidan yozilgan va unda shoirning tavallud sanasi 1898 yil deb ko‘rsatilgan. Avvalo aytish kerakki, Naim Karimov ham ilgari Cho‘lpon 1897 yilda tug‘ilganini qayd etgan edi. Xususan, olim 1991 yilda chop qilingan “Cho‘lpon” nomli risolasida Cho‘lponning singlisi Foiqa aya hamda zamondoshi shoir Ulfat aytgan ma’lumotdan xabardor bo‘lgani holda ham “Cho‘lpon V. Yan bilan qilgan suhbatida ham, NKVD qamoqxonasida maxsus anketalarni to‘ldirganida ham o‘zining 1897 yilda tug‘ilganini tasdiqlaydiki, bu so‘nggi sana bevosita Cho‘lpon tomonidan aytilganligi va yozib qoldirilganligi tufayli biz uchun mo‘tabar ma’lumot bo‘lib qoladi”[10] [6.8] deb ta’kidlagan. Xo‘sh, unda nega oradan ma’lum vaqt o‘tib ustozning fikri o‘zgarib qoldi? Yo yangi ma’lumotlar qo‘lga kiritilganmi? “Vodiynoma” jurnalining 2018 yil 1-sonida e’lon qilingan “Cho‘lpon qachon tug‘ilgan?” nomli maqolaga qaraganda, yaqin yillarda topilgan yangi ma’lumot yo‘qday. Xo‘sh, unday bo‘lsa, olim Cho‘lponning tavallud sanasini o‘zgartirganida qanday asoslarga tayanadi? Shu asoslarni aniqlab, ularning har biriga navbati bilan alohida to‘xtalib o‘tamiz.

Birinchisi. “Cho‘lpon” ma’rifiy romanining ilk fasli “Zilzila” deb nomlagani, gapning 1902 yil Andijon zilzilasi tasviridan boshlangani bejiz emas: muallifning shoir tug‘ilgan sana masalasidagi qarashi o‘zgargan. Ya’ni, agar 1991 yilda Foiqa ayaning xotirasi shunchaki ma’lumot uchun qabul qilibgina qo‘yilgan bo‘lsa, endi asos qilib olinmoqda. Holbuki, ma’lumot o‘zgargani, ya’ni unga yangi tafsilot qo‘shilgani yo‘q, unga munosabat o‘zgardi, xolos. Bunday o‘zgarishga sababini esa Naim Karimov quyidagicha izohlaydi: “pasport olish rasm bo‘lgan 20-yillar oxiri 30-yillarning boshlarida kishilarning nafaqat tug‘ilgan sanasi, hatto ism-sharifini yozishda ham qo‘pol xatoliklarga yo‘l qo‘yilgan. Shuning uchun ham keksalar, pasportdagi ma’lumotdan ko‘ra, muchalga ko‘proq ishonch bildirishgan”[11]. Bizningcha, bu yerda gap ko‘proq ilgarilari tavallud sanasining aniqligiga hozirgidek katta ahamiyat berilmaganida. Kattalar bolani tug‘uruqxonalarda dunyoga keltirish qat’iy qoidaga aylanib, tug‘uruqxonadan berilgan ma’lumotnoma asosidagina tug‘ilganlik haqida guvohnoma berish yo‘lga qo‘yilmagunicha deyarli hamma tavallud sanalari taxminlab (muchali asosida, biron voqeaga bog‘lab, bo‘y-bastiga qarab…) yozilganini aytishadi. Albatta, bu gaplar keng ommaga taalluqli, ziyolilar bundan istisno qilinishi lozim. Xususan, o‘qimishli, buning ustiga ruscha tahsil ham olgan Cho‘lpon tug‘ilgan sanasini imkon qadar aniq bilishga harakat qilmagan bo‘lishi, bizningcha, mumkin emas. Darvoqe, 1926 yilda chop qilingan ishchi dehqon kalendarida bir sahifaning yarmi Cho‘lponga ajratilib, surati bilan qisqacha biografik ma’lumot berilgan. Unda, jumladan: “Cho‘lponning oti Abdulhamid, otasi Sulaymonqul. Cho‘lpon 1897 yil Andijon shahrida tug‘ilg‘an”, – deyiladi. Ayon bo‘lyaptiki, Cho‘lponning nafaqat 1936 yilda berilgan pasportida, balki undan o‘n yil ilgarigi manbada ham tavallud sanasi 1897 yil ko‘rsatilgan. Demak, Cho‘lpon tavallud sanasini shu deb bilgan yo shuni qabul qilgan. Shunaqa ekan, oradan shuncha vaqt o‘tgandan keyin ham “singlisi bunday degan edi”ni asos qilgan holda uni o‘zgartirishga zarurat bormikan? Bizningcha, yo‘q, Cho‘lponning o‘zi tasdiqlagan sana ilmda ham e’tiborli sanalishi kerak.

Foiqa ayaning xotirasida ikkita tayanch nuqta bor: 1) akasi zilzila vaqtida to‘rt yoshda edi; 2) akasining muchali it (sak) bo‘lgan. Bularni u onasining gaplariga tayanib aytadi. Ma’lumki, elimizda tavallud vaqtini yozma qayd etish odati bo‘lgan emas, buni muchal yoki biron-bir ahamiyatli voqea-hodisaga bog‘lab aniqlash odat qilingan. Har ikki holda ham sana taqriban aniqlangan, bir yil-yarim yil oldinga yo ortga surilishi odatiy hol bo‘lgan. Bu haqda H. Mirzaxo‘jayev ham O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi nomiga yozgan xatida to‘xtalgan: “marhuma onamiz akasining muchali “sak”ligini aytgan bo‘lsa ham, ilgarilari yil hisobidagi farqlar sabab muchal masalasida keksalar ko‘pincha adashganlari, kishi muchalini yo bitta oldinga, yo bitta ortga surib yuborganlari (ya’ni it muchalida tug‘ilganni tovuq, tovuq muchalida tug‘ilganni it deb – D. Q.), shu masalada ko‘p bahs-munozaralar kelib chiqqaniga guvoh bo‘lganmiz”. Shunga o‘xshash, masalan, “zilzila vaqtida to‘rt yoshda edi” degani ham bolaning yoshini taqriban aniqlashdir, ya’ni bunda ham bir yil-yarim yil farq e’tiborga olinmaydi. Shulardan kelib chiqilsa, Foiqa aya bergan ma’lumot Cho‘lpon “to‘g‘riligini o‘z imzosi bilan tasdiqlagan” (Naim Karimov) faktni – sanani inkor qilish uchun, bizningcha, yetarli asos bo‘lolmaydi.

Ikkinchisi – ustoz Foiqa aya bergan “ma’lumotning ishonarli va ayni haqiqat ekanligini Cho‘lponning muchaldoshi andijonlik shoir Ulfat (Imodiddin Qosimov) ham tasdiqlagan” deb aytadi. Ulfat domladan “Bayoni hol” nomli she’riy avtobiografiya qolgan bo‘lib, undagi aniq va ishonchli ma’lumot budir: 

Ne deb, so‘rasangizkim, tug‘ilgan yiling,
To‘qqiz yuz bila bir ming olti, biling.

Imodiddin otim, Qosim o‘g‘liman,
Menga Andijondir sharaflik vatan.

O‘z-o‘zidan ayonki, Ulfat domla 1906 yilda tug‘ilgan bo‘lsa, Cho‘lponga muchaldosh bo‘lishi mumkin emas. Unda muchaldoshlik haqidagi gap qaydan kelib qoldi? Fikrimizcha, buni quyidagicha izohlash mumkin: Ulfat domla 1989 yilda vafot etganlar, u vaqtlarda esa, yuqorida ko‘rganimizdek, Cho‘lponning tavallud sanasi, asosan, 1893 va ba’zan 1894 yil deb ko‘rsatib kelingan. Ya’ni bu holda hamshahar shoirlar oralarida bir muchal farq qilgan holda muchaldosh bo‘lishlari mumkin bo‘ladi. Faqat bu holda ularning muchali “sak” – it emas, “asp” – ot bo‘lur edi. Ko‘rinib turibdiki, Ulfat domla Foiqa aya bergan ma’lumotni tasdiqlayotgani yo‘q, aksincha, butkul boshqa ma’lumotni aytib, ya’ni uni inkor qilib turibdi.

Uchinchisi – “Sadoi Turkiston” gazetasi tahririyati 1914 yil 18 aprel sonida e’lon qilingan “Turkistonli qardoshlarimizga” she’riga ilova qilgan ma’lumot. Unda she’r muallifining 15 yoshda ekanligi qayd etilgan. Holbuki, xuddi shu yili mazkur gazetada Cho‘lponning yana “Qurboni jaholat” va “Do‘xtur Muhammadiyor” hikoyalari, “Adabiyot nadir” nomli maqolasi; “Sadoi Farg‘ona” gazetasida “Vatanimiz Turkistonda ziroat va dehqonchilik”, “Vatanimiz Turkistonda temir yo‘llar” kabi maqolalari e’lon qilingan; “Oyna”, “Sho‘ro” jurnallari, “Tarjumon” va “Vaqt” gazetalarida qator chiqishlar qilgan. Xullas, shu yilning o‘zida anchagina salmoqli ishlar qilinganki, ular hajmi jihatidan ham, mazmun-mohiyatiga ko‘ra ham 15 yoshli o‘smirning ishi emas. Ulardagi shakllangan ijtimoiy-g‘oyaviy qarash, tahliliy nigoh, mustaqil pozitsiya kattaroq yoshga xosdir. Shu bilan birga, tahririyat tomonidan berilgan ma’lumot ham taxmin maqomida, xolos. Chunki, birinchidan, Cho‘lpon she’r qo‘lyozmasini tahririyatga qanday yetkazgani: pochta orqalimi yo Toshkent safariga otlangan kishi orqalimi – ma’lum emas. Ikkinchidan, she’rga ilova qilib muallifning o‘zi haqida ma’lumot yuborgan-yubormagani ham qorong‘i. O‘ylab ko‘rilsa, yubormagani haqiqatga yaqinroq. Zero, agar aksincha bo‘lsa edi, xat ruhi – xuddi avvalroq Ismoilbeyni maftun etgan maktub kabi – tahririyat xodimlarini maftun etgan va natijada u ham e’lon qilingan yoki, jillaqursa, xatdagi gaplar eslatilgan bo‘lishi kerak edi. Sababi, bu Cho‘lponning tahririyatga birinchi maktubi, unda mukotib o‘zini taqdim etishi, ya’ni o‘zining g‘oyibona tanigan maslakdoshlariga qalbi va o‘yidagini ochib ko‘rsatishi, demakki, maktubning tahririyatni o‘ziga rom etishi tabiiy bo‘lur edi. Balki, yoshlar – Abdulhamid va M. Sanjarbekka berilgan ta’rifni xuddi ularni yaqindan tanigan odam yozgandek ko‘rinar, biroq unday emas, bunday ta’rifga Cho‘lpon yuborgan she’r matnining o‘zi ham yetarli asos beradi. Xullas, aytish mumkinki, she’r qo‘lyozmasining kishidan berib yuborilgan bo‘lishi ehtimoli haqiqatga yaqinroq, chunki agar pochtadan yuborilganida ilova maktubning bo‘lishi zaruratga aylanar edi. Endi ilova maktub bo‘lmagan degan fikrda to‘xtasak-da, yana xayolga erk bersak: she’rni omonat keltirgan kishiga “bu shoir o‘zi kim, yoshi nechada…” qabilida savol berishgan bo‘lsa, u ham “ha, bir tolibi ilm bola, o‘n besh yoshlarda bo‘lsa kerak” qabilida javob bergan bo‘lishi ham ehtimol. To‘g‘ri, kaminani “xayolga erk berishda” ayblash mumkindir, lekin bunday bo‘lmaganini isbotlashning iloji yo‘q ekan, bu xayol ham bir ehtimol sifatida yashashga haqli. Boz ustiga, modomiki tahririyat ma’lumoti hujjatli asosga ega emas ekan, u ham maqomda shunday ehtimollardan biri, xolos. Shunday ekan, u hujjatli ma’lumot (1897 yil sanasi – hujjatli)ni inkor qilish uchun asos bo‘lolmaydi.

To‘rtinchisi – “Sadoi Turkiston” gazetasining 1914 yil “24 sentyabr sonida andijonlik “16 yoshli talaba”ning Ismoil Gasprinskiy vafoti munosabati bilan yozgan she’ri bosilgan. So‘nggi baytdagi “Hamidiy” taxallusi she’rning Abdulhamid Cho‘lponga mansub ekanligidan dalolat beradi. Va bu fakt uning 1898 yilda tug‘ilganligini ko‘rsatadi”[12]. Avvalo, so‘nggi baytdagi “Hamidiy” taxallusi she’rning Cho‘lpon qalamiga mansubligiga dalil bo‘lolmaydi, chunki o‘sha vaqtlar Andijonda undan boshqa ham Hamid, Abdulhamid, Hamidullo otlig‘lar ko‘p bo‘lgani, ulardan birontasining she’r mashq qilganiyu “Hamidiy” taxallusini xush ko‘rgan bo‘lishi mumkinligi ehtimolini istisno etib bo‘lmaydi. Shuningdek, she’r yozib yurgan talaba ismiga bog‘lamasa ham boshqa vaj bilan, boringki, xushjarang tuyulganidan ayni taxallusni tanlagan bo‘lsa ne ajab?! Xullas, nima bo‘lganda ham she’riga “16 yoshli talaba” deb imzo qo‘ygan Hamidiyning Cho‘lpon ekanligiga ishonish qiyin. Axir ilk hikoyalarini “Abdulhamid Sulaymoniy” deb imzolagan, keyincha – 1914 yil aprel oyi oxirlaridan boshlaboq yozganlariga “Cho‘lpon” deb imzo qo‘yishni boshlagan bo‘lsa – nega endi sentyabr oyiga borib birgina she’rida “Hamidiy” taxallusini keltirishi kerak? Boz ustiga, Cho‘lponning bundan keyin yozgan she’rlarida ham ushbu taxallus umuman uchramaydi. Shulardan kelib chiqib, Hamidiy taxallusini qo‘llagan shoir butunlay boshqa odam bo‘lishi ham mumkin degan to‘xtamga kelamiz. Misol uchun olsak, o‘sha davr matbuotida andijonlik Shamsiddin Muhammadrasulzoda ismli bir shoir qatnashib turgan. Jumladan, uning “Farg‘ona sahifasi” nomli “har kun chiqadurg‘on siyosiy, adabiy, xalq foidasi yo‘liga yuradirg‘on g‘azita”ning 1917 yil 15 aprel sonida e’lon qilingan she’ri: 

Hamidiydur ilma qadam qo‘yon odam,
Chirmov kabi bir bo‘lishga chirmashaylik.

misralari bilan yakunlanadi. To‘g‘ri, hozircha shoirning to‘rttagina she’ri qo‘limizda, shulardan bittasida “Hamidiy” taxallusi ishlatilgan, xolos. Faqat shunisi borki, she’rlarning hammasi ma’rifatchilik ruhida, ilm-ma’rifatga da’vat mazmunida bo‘lish bilan birga, bir necha o‘rnida muallif talaba ekaniga ishoratlar bor. Ya’ni ma’rifatparvar inson[13] sifatida uning ma’rifatchilik harakati rahnamosi Ismoil G‘asiprali vafoti munosabati bilan marsiya yozgan bo‘lish ehtimoli yo‘q emas. Xullas, aytganlarimiz o‘sha marsiyani Shamsiddin Muhammadrasulzoda yozgan degan xulosa chiqarish uchun kamlik qilishi mumkin, biroq Hamidiy – Cho‘lpon emas deya ta’kidlash uchun, fikrimizcha, yetarli ko‘rinadi.

Beshinchisi – xotiralar. Avvalo, xotira – o‘z nomi bilan xotira-da, kundalik emas. Ya’ni ilgari bo‘lib o‘tgan voqealarni eslashda xronologik aniqlik ham, tafsilotlar haqqoniyligi ham yuz foiz bo‘lmaydi, bo‘lishi mumkin ham emas. Zero, o‘tmish voqealarini yoritishga sub’ektiv omil aralashadi: xotiranavis o‘tmishni nafaqat eslaydi, uni qayta idrok qiladi, baholaydi, ma’lum darajada qayta yaratadi ham – xotirada sub’ektiv omil salmoqli keladi. Yana bir jihati, xotira ob’ektidan uzoqlashilgan sari sub’ektivlik ham mos ravishda ortib boraveradi. Xullas, xotirani beshak haqiqat, ishonchli dalil, fakt o‘laroq qabul qilganda biroz hushyorroq bo‘lingani ma’qul.

Naim Karimov “Cho‘lponni yaxshi bilgan zamondoshlaridan biri” atoqli ma’rifatchi Mo‘minjon Muhammadjonov xotiralariga ham tayanadi. M.Muhammajdonov “Turmush urinishlari” nomli roman-xotirasida Cho‘lpon bilan ilk bor 1916 yilning kuzida ko‘rishganini eslaydi-da, o‘shanda: “U o‘n yetti-o‘n sakkiz yoshlar chamasidagi, oq cho‘tir, barvastadan kelgan bir yigitcha ekan”[14], – deb yozadi. Avvalo, ustozning shu gapga asoslanib chiqargan “Bu ma’lumot ham “Cho‘lpon 1898 yilda tavallud topgan”, degan fikrni anglatadi”[15] tarzidagi xulosasi u qadar ishonarli emas. Negaki, xotiranavis “o‘n yetti-o‘n sakkiz yoshlar chamasidagi” deyapti, bu esa “haqiqatda necha yoshda ekanini bilmayman-u, ko‘rinishidan o‘n yetti-o‘n sakkiz yoshlarda” deganidir. Ya’ni gap borayotgan odam haqiqatda o‘n olti yoshda ham, o‘n to‘qqiz yoshda ham bo‘lishi mumkin, zero, kishi yoshini ko‘rinishiga qarab tusmollaganda bir yil-yarim yil orttirib yo kamitib aytish odatiy hol. Yana bir muhim nuqta shuki, Cho‘lpon haqidagi xotira asarning 1926 yildagi birinchi nashrida umuman yo‘q[16], u 1964 va 1969 yillardagi nashrlarga kiritilgan. Agar ushbu o‘rinlar matnga 1964 yilgi nashrni tayyorlash jarayonida kiritilgan desak, u holda xotiranavis Cho‘lpon bilan ilk uchrashuvini eslaganida tabarruk yoshda bo‘lib chiqadi. Xullas, mazkur sabablarga ko‘ra ushbu xotirani Cho‘lponning tavallud sanasini belgilash uchun asos qilib olish, fikrimizcha, ilmiy jihatdan unchalik to‘g‘ri bo‘lmaydi.

* * *

Ustoz Naim Karimov “Vodiynoma”dagi maqolasini “shoir tug‘ilgan sanani 1897 yil emas, balki 1898 yil deb belgilasak, Cho‘lpon uchun eng aziz va muqaddas narsa – Adolat hazratlari kechikib bo‘lsa-da tantana qilgan bo‘ladi” degan so‘zlar bilan yakunlaydi. Yuqoridagi mulohazalardan kelib chiqqan holda biz bunga zarurat yo‘q, aksincha, tavallud sanasini o‘zgartirish ilmiy jihatdan to‘g‘ri bo‘lmaydi, demak, adolatga ham rost kelmaydi deb hisoblaymiz. Cho‘lpon o‘zi qabul qilgan va u hayotlik vaqtidagi hujjatlarda aks etgan 1897 yil tavallud sanasi sifatida e’tirof etilishi kerak. Zero, hozirda buni taftish etishga hech bir ilmiy zarurat ham, bu sanani asosli inkor qila oladigan dalillar ham mavjud emas. Shunday ekan, bu ma’lumot hali to‘la ommalashib ketmasidan, ya’ni barcha axborot, ilmiy va ta’limiy manbalarga ko‘chib ulgurmasidan turib masalaga nuqta qo‘yish zarur. Shunday qilinsa, kelgusidagi chalkashliklar, o‘rinsiz bahslarning oldi olingan bo‘ladi.

«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 10-son

________________

[1] Sharafiddinov O. Ijod yo‘li // Yoshlik. – 1987. –№ 10. – B.49

[2] Sharafiddinov O. Ijod yo‘li // Yoshlik. – 1987. –№ 10. – B.49

[3] Sharafiddinov O. Ijod yo‘li // Yoshlik. – 1987. – № 10. – B.49

[4] Sharafiddinov O. Cho‘lponning ijodiy yo‘li to‘g‘risida // Sharq yulduzi. – 1988. – № 2 – B.58-63

[5] Sharafiddinov O. “Kulgan boshqalardir, yig‘lagan menman…” // Cho‘lpon. Yana oldim sozimni. – T.: Adabiyot va san’at, 1991. – B.5-18

[6] Sharafiddinov O. “Kulgan boshqalardir, yig‘lagan menman…” // Cho‘lpon. Yana oldim sozimni. – T.: Adabiyot va san’at, 1991. – B.5-18

[7] Sharafiddinov O. “Kulgan boshqalardir, yig‘lagan menman…” // Cho‘lpon. Yana oldim sozimni. – T.: Adabiyot va san’at, 1991. – B.5-18

[8] Haqqulov I. Qalb yolqini – so‘nmas yolqin // Cho‘lpon. Bahorni sog‘indim. – T.: Yulduzcha, 1989. – B.3-10

[9] Karimov E. Olisdagi yorqin yulduz. // Fidoyilar. – T.: Fan, 1990. – B.17-23

[10] Karimov N. Cho‘lpon.- T.: Fan, 1991.

[11]  Karimov N. Cho‘lpon. Ma’rifiy roman. – T.: Sharq, 2003

[12] Karimov N. Cho‘lpon. Ma’rifiy roman. – T.: Sharq, 2003

[13] Shamsiddin Rasulzoda (Muhammadrasulzoda) chindan-da ma’rifatparvar, adabiyot va san’atga mehri baland, ijodkor inson bo‘lgani 20-yillarda bir-ikkita pesalarining Andijon teatrida muvaffaqiyatli sahnalashtirilgani, she’rlari bilan matbuotda muntazam qatnashib turganidan ma’lum bo‘ladi. Afsuski, uning hayoti va faoliyati hozircha jiddiy o‘rganilgan emas.

[14] Muhammadjonov M. Turmush urinishlari. – T.: Davlat badiiy adabiyot nashriyoti, 1964

[15] Karimov N. Cho‘lpon. Ma’rifiy roman. – T.: Sharq, 2003

[16] Mo‘minjon Muhammadjonov Toshqin. Turmush urunishlari. – T.: Mumtoz so‘z, 2015