Dilmurod Quronov. Bir ijodiy bahs xususida

O‘tgan asrning oxirlarida nasrimizning yangi avlodi G‘arb, Lotin Amerikasi va Uzoq Sharq nasriga favqulodda kuchli qiziqish bilan qaray boshladi. Bu XX asr boshlaridan shakllana boshlagan va beqiyos shiddat-la rivojlangan milliy badiiy proza an’analarini inkor qilish, yangi yo‘l izlash natijasi edi. Jamiyat hayotidagi keskin burilish davriga to‘g‘ri kelgani uchun ham inkor ruhi g‘oyat kuchli edi. Sir emas, o‘sha sharoitda biz – o‘zidan avvalgilar suyub o‘qigan asarlarni “zamona kemasidan uloqtirgan” yangi avlod o‘quvchilariga G‘arb, Lotin Amerikasi va Uzoq Sharq adabiyotining namunalari asl san’at namunalari bo‘lib ko‘rindi. Go‘yo ular – ijtimoiylik, g‘oyaviylik, mafkuraviylik kabi “adabiyotga mutlaqo yot” narsalardan tamom forig‘, sof badiiyatning tajassumi. Haqiqatda esa bu – g‘irt yanglish tasavvur edi, zero, ulardagi obrazlar ham o‘zlari yaratilgan ijtimoiy makon va zamon bilan chambarchas bog‘liq[1]. Faqat o‘sha makon va zamondan uzilganimiz uchun ham bu asarlar mo‘jiza ko‘rindi – ko‘plab yosh iste’dodlar ularning ifoda usuliga ergashdi. Tabiiyki, katta avlod buni qabul qila olmadi, yoshlarni “taqlidchilik”da, “ko‘chirmachilik”da aybladi, yozganlarining “milliylikka xilofligi”yu “mafkuraviy xavfi”dan ogohlantirib bong urdi. Holbuki, bu jarayon shunchaki yoshlarning G‘arbga havaslangani natijasida emas, balki milliy adabiyotda yangilanish ehtiyoji yetilgani tufayli harakatga kelgan edi. Ikkinchi tomoni, xorij adiblariga har qancha ergashmasin, milliy zaminda yetishgan va milliy tilda milliy turmushni aks ettirayotgan ijodkor hech qachon oddiy nusxakash bo‘lib qolmaydi – sanalgan omillar bunga yo‘l bermaydi. Chinakam iste’dod uchun ta’sir bir turtki – o‘zga madaniyat vakili bo‘lmish adib badiiy kashfini o‘z millati xizmatiga safarbar etish, u bilan ijodiy bahsga kirishishga da’vatdir. Endigi muddaomiz mazkur qarashni Xurshid Do‘stmuhammad misolida asoslashdan iboratdir.

* * *

Xurshid Do‘stmuhammad “Jimjitxonaga yo‘l” hikoyasini “Tafakkur”da e’lon qilarkan, uni mana bu mo‘jazgina taqdim bilan ta’minlaydi: “Ko‘p yillar bo‘ldi, italiyalik mashhur adib Dino Butstsatining “Etti qavat” degan hikoyasi ta’sirida yuraman. Nihoyat, ushbu favqulodda o‘ziga xos hikoyani bir qadar erkin tarjima qilib, unga “nazira” o‘laroq hikoya bitdim. Tajriba qanday samara berganini baholash o‘quvchiga havola..”. Ta’kidlash zarur bo‘lgan nuqta shuki, hikoya 2001 yilda yozilgan va shu yiliyoq “Tafakkur”ning 3-sonida bosilgan – tandirdan uziboq das­turxonga tortilgan. Oradan 4 yil o‘tib, adibning “Beozor qushning qarg‘ishi” nomli hikoyalar to‘plamiga kiritilganida ham mazkur taqdim saqlanib qolgan, faqat uning birinchi jumlasi o‘zgargan: “Italiyalik mashhur adib Dino Butstsatining “Etti qavat” hikoyasini o‘qidimu ancha vaqtgacha uning ta’sirida yurdim”. Ko‘ryapmizki, bunda fe’lning zamon shakli o‘zgargan, sirasini aytsak, shunday qilingani to‘g‘ri ham: to‘rt yil keyin kiritilgan o‘zgartirish “taqdim”ni aynan hikoya yozilgan vaqt emas, aniqlashtirilmagan vaqtga (ya’ni barcha zamonlarga) taalluqli etadi. Shu bilan birga, shakldagi o‘zgarish jumla mazmunida ham jiddiy (biz uchun g‘oyat muhim) o‘zgarish yasaganini ham ta’kidlash kerak. Agar birinchi holda Dino Butstsati hikoyasini “ko‘p yillar” avval o‘qigan muallif hamon uning “ta’sirida yurgani” anglashilsa, ikkinchisi adib ruhiyatidagi mazkur jarayon kechib o‘tib bo‘lganini ko‘rsatadi. Ma’lum bo‘lyaptiki, adib ruhiyatida yillar davomida kechgan jarayon “nazira” hikoyaning yozilishi bilan yakun topmoqda. Boshqacha aytsak, biz aytayotgan jarayon aslida nazira hikoyaning yaralish jarayonidan boshqa emas. Zero, asarning yaratilishi bilan tugagan jarayon o‘sha asar muallif ongida embrion holida bino bo‘lgan pallada – ijodiy niyat paydo bo‘lganida harakatga kelgan. Ijodiy niyatning tug‘ilishi esa bu o‘rinda madaniyatlar­aro dialog – muloqot natijasidir.

M.Baxtin “katta dialog” haqida so‘z yuritarkan, uning “katta vaqt” qo‘ynida kechishi, replikalari esa alohida asarlardan iborat bo‘lishini nazarda tutadi: “Asar – nutqiy muloqot zanjiridagi halqa; xuddi dialog replikasi kabi, u ham boshqa asarlar – replikalar bilan bog‘liq..”.[2] Olimning uqdirishicha, dialog replikasi o‘laroq adabiy asar o‘zga (lar)ning u yoki bu tarzdagi javobi, ya’ni javob reaktsiyasini ko‘zda tutadi. O‘z-o‘zidan ayonki, nutqiy muloqot zanjirining halqalari – adabiy asarlar vositasida madaniyatlararo muloqot ham kechadi. Shu bois ham Baxtin asarlarida “katta dialog” tushunchasi talqini bir asar doirasida kechuvchi hodisadan global ko‘lamdagi universal hodisa tomon muttasil kengayib boradi[3]. Bularni eslashdan murod – “Jimjitxonaga yo‘l” hikoyasining yaratilish jarayonini, uni harakatga keltirgan mexanizmlarni tasavvur qilib ko‘rish. Xullas, o‘z vaqtida, Dino Butstsati hikoyalarining ruscha tarjimalari o‘zbek adabiy jarayoni vaqtiga aylanishi bilan, tabiiyki, ular (har biri)ga javoban u yoki bu tarzdagi reaktsiya ham yuzaga keladi. Mazkur reaktsiya, bizningcha, ikki turli ko‘rinishda namoyon bo‘ladi. Ularning birinchisini ko‘proq o‘quvchi individualligi – tug‘ma qiziquvchanlik, hayrat va zavqqa tashnalik, notanish xorijiy narsa bilan bog‘liq kuzatuv kabilar bilan, ikkinchisini esa o‘quvchi mansub madaniy kontekst (o‘xshashlik, zidlik, begonalik kabi) belgilaydi. Ya’ni mazkur omillar behad hayratlanish, hafsalaning pir bo‘lishi, alqash yo befarq qolish, qo‘shilish yo bahslashish, qabul qilish yo rad etish kabi javob reaktsiyalarini hosil qiladi. Jumladan, X.Do‘stmuhammadning “ko‘p yillar” Dino Butstsati hikoyasi ta’sirida yurgani zamirida ham ayni omillarning biri yotadiki, hozir shuni aniqlab olish zarurati bor.

Aytib o‘tish joiz, avvalo, bu o‘rinda bitta omilni qat’iy belgilash mahol, ikkinchidan, o‘sha omilning ta’sirini mutlaqlashtirish ham to‘g‘ri bo‘lmas – boshqalarining ham ozmi-ko‘p ta’sir etganlik ehtimolini istisno qilib bo‘lmaydi. Shunga qaramay, nazira hikoyaning mazmun-mohiyatidan kelib chiqib asosiy omilni tasavvur qilsa bo‘ladi. Fikrimizcha, bu o‘rinda madaniy kontekst bilan bog‘liq yuzaga kelgan bahslashish tarzidagi javob reaktsiyasi yetakchilik qiladi. Ayni chog‘da, hikoyaning syujet-kompozitsion qurilishi, adib o‘zi ko‘zlagan mazmun ifodasi uchun yaratgan badiiy model, san’atkorning mahorati zavq va hayrat uyg‘otgani ham shubhasiz. Biroq, yaxshi ma’lumki, zavqu hayratning umri qisqa – vaqt o‘tishi bilan har ne mo‘jizaga ko‘nikiladi. Demak, “ko‘p yillar” hikoya ta’sirida yurishning asosida “bahslashish” tarzidagi javob reaktsiyasi yotadi, ya’ni yozuvchi ongida shu yillar davomida italyan adibi bilan mental bahs kechadi.

Mazkur bahs X.Do‘stmuhammad mansub madaniy kontekstdan o‘sib chiquvchi “qo‘shilmaslik”dan boshlanadi. Sirasini aytganda, D.Butstsati hikoyasida qo‘llangan model yangilik ham emas – yetti qavatlilik (jarayon, yo‘l, makon va b.) jahon folklori va adabiyotida juda keng tarqalgan. Ital­yan adibining badiiy kashfiyoti – almisoqdan qolgan o‘sha qolipdan foydalanib o‘zi mansub jamiyatdagi zamondosh inson mohiyatini ochib berishga erishganida. Modelning shu mohiyatga mos tarzda o‘zgartirilgani, ya’ni an’anadagi yuksalib borishning chappasiga aylantirilgani – yangilik, bu yangilik esa adib badiiy idrok etishga chog‘langan hayot materiali – G‘arb kishisi tabiatidagi uni qoniqtirmayotgan o‘zgarishlar bilan bog‘liq.

Mutaxassislar Butstsatining ruhan Kafkaga yaqinligini bejiz ta’kidlamaydilar, Kamyu esa uning ayrim asarlarini farangiga o‘girganki, bu ham, tabiiyki, ruhiy yaqinlik tufaylidir. Yaqinlik esa eng avval fik­riy jihatdan, zamonasi va undagi odamni anglashda kuzatiluvchi mushtaraklikda namoyon bo‘ladi. Har uchala adib ham individualizmni bayroq qilgan jamiyatdagi insonni, uning anglash mushkul olamdagi o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan shart-sharoitlar izmida yolg‘izlikka mahkumligida namoyon bo‘luvchi fojiasini qalamga oladi. Ma’lumki, bu holat – G‘arb kishisi o‘z taqdirini o‘zi yaratishiga va shu tufayli Yaratganga muhtojligi yo‘qligiga beshak inongan holda olamni aqlga, ya’ni o‘z talab-ehtiyojlariga muvofiq tubdan o‘zgartirish yo‘lidagi chiranishlari zoye ketib, aro yo‘lda qolgan vaqt mahsuli. Shu bois ham u yolg‘izlikdan qiynalib, umidsizlikka butkul taslim holda umrguzaronlik qiladi, ko‘ngilni tamom boy berganidan molparastga, shunchaki moddiy boyliklar yaratuvchi va iste’mol qiluvchiga aylana boradi. Har uchala adib ham mazkur holat inson tabiatiga muvofiq emas deb biladi, iztirob chekadi, yaratgan asarlarida uni yengib o‘tish choralarini izlashadi, turli ijodiy eksperimentlarga qo‘l urishadi. Xususan, “Etti qavat” ham shunday izlanishlar natijasi.

Hikoya qahramoni Juzeppe Korte – deyarli sog‘lom odam, kasalxonada o‘rnatilgan tartiblarga beixtiyor bo‘ynisungan, o‘zi istamagan va negaligini anglamagan holda qavatdan-qavatga muttasil pasayib boradi. Qizig‘i, garchi pasayib borishga ich-ichidan qarshilik qilsa-da, bu jarayon aksar go‘yo uning roziligi bilan yoki boshqacha bo‘lishi mumkin emasdek yo‘sinda amalga oshadi, aniqrog‘i, o‘ziga (o‘quvchiga ham) shunday tuyuladi. Anglash qiyin emaski, yaxlit olib qaraganda, kasalxona – ramz, yuqorida muxtasar ta’riflaganimiz shaxsni ixtiyoridan ayirib komiga tortib ketayotgan jamiyat ramzi o‘laroq yaratilgan. Shu jihatdan qaralsa, hikoyadagi detallar qatidagi ma’no ochilib boradi. Avvalo, kasalxona binosining muhtashamligi: ruscha tarjimada uning “mehmonxonalarga o‘xshash” ekanini aytish bilan kifoyalanilgan bo‘lsa, erkin tarjima qilgan X.Do‘stmuhammad ushbu detalni birmuncha bo‘rttirgan: “…kasalxona emas, naq mehmonxona deysiz! Palatalari ham besh yulduzli musofirxonalardan kam bo‘lmasa kerak!” Palataning jihozlanishi ham shu hashamatga yarasha: “… hamshira ayol uni yettinchi qavatga boshlab chiqdi. Yop-yorug‘ palataga olib kirdi, xona shu qadar ozoda ediki, devorlari, anjomlari-yu jihozlaridan tortib, choyshabu deraza pardalarigacha bimisoli nurga chayilgandek oppoq edi. Pastak oromkursilarga kiydirilgan momiq g‘iloflarning oqligi odamning ko‘nglini qitiqlaydigan darajada musaffo ko‘rindi. Dino Kortening[4] ruhi, ruhiga qo‘shilib butun vujudi huzurlandi”. Mazkur detallar komfortni har nedan ustun va a’lo biluvchi iste’molchilik jamiyatini xarakterlaydi. O‘zbekcha tarjimada bu yanada bo‘rtiq ko‘rinadi: palatadagi qulayliklarni ko‘rgan bemorning ruhi ham, vujudi ham birdek huzurlanadi, ya’ni ruh va vujud ozig‘i bitta – komfort va uni ta’minlovchi buyum-ashyolar. Ruscha tarjimada palatadagi jihozlar sanab-ta’riflangach, “Vse zdes dыshalo spokoystviyem, gostepriimstvom i vselyalo nadejdu” deyilganki, bu bilan iste’molchi insonning umidi ham tamom komfortga bog‘liqligi ta’kidlanadi. Qahramonning boshiga tushgan tashvish – faqat o‘ziniki, kasalxonaga kelganidan boshlab to so‘nggi damiga qadar yonida biron-bir yaqin kishisi – na xotini, na bola-chaqasi, na bir do‘sti ko‘rinadi. Ushbu minus-detal Juzeppe Korte mahkum yolg‘izlik, mehr-oqibat badar ketgan jamiyatdagi insonning bosh fojiasini ko‘rsatishga xizmat qiladi. Aytilganlardan nima uchun hikoyani o‘qigan o‘zbek adibi “qo‘shilmaslik” mavqeini egallaganini anglab olish qiyin emas: u G‘arb kishisining yuqorida muxtasar ta’riflangan yashash tarzi, a’mollarini, uning tushunchasidagi hayot mazmunini qabul qilolmaydi – u o‘zga madaniyat, o‘zga dunyoqarash bag‘rida shakllangan. Shu bois adib italyan hamkasbining badiiy ifoda bobidagi mahoratu kashfiga haq bergani holda, bamisoli uning ko‘zgudagi aksi kabi butkul ters talqinni yaratadi. Zohid Yaqin bosib o‘tgan yo‘l Dino Korte yo‘liga ters yo‘nalishda ekani – buning yuzada ko‘rinib turadigan asosi. Zohid Yaqinning kasalxonadagi yo‘li birinchi qavatdan boshlanadi – yettinchi qavat tomon ko‘tarilib boradi. Dino Kortedan farq qilaroq, u o‘zining taqdiriga befarq bo‘lmagan yaqinlari qurshovida – xotini, o‘g‘li, qaynisi – hammalari uning salomatligi tashvishida. Agar qavatdan-qavatga ko‘chilganda Dino Korte yuragini aksar vahima, qo‘rquv egallasa, Zohid Yaqin ko‘chishni shukronalik bilan qabul qiladi, unga keyingi qavat avvalgisidan-da shinamroq, qulayroq ko‘rinaveradi. O‘lim oldidan Dino Korte dahshat va jazavaga tushsa, Zohid Yaqin o‘zini jalb etayotgan nedir yoqimli narsani tuyadi – shukronalar keltiradi. Negaki, Dino Korte uchun o‘lim – dunyoning nihoyasi, Zohid Yaqin uchun esa u – boqiy dunyoning boshlanishi, xolos.

Shu o‘rinda yana adibning “bir qadar erkin tarjima qildim” degan iqroriga qaytish, tarjimadagi, ta’bir joiz bo‘lsa, erkinlik darajasini ko‘rib o‘tish maqsadga muvofiq. Hikoya rus tilidan o‘girilgani uchun, tabiiy, ruscha matnni asliyat deb qabul qilishga to‘g‘ri keladi. Asliyatda Juzeppe Korte so‘ng damlarda dahshatli jimlik va qorong‘ilikni his qilgani aytiladi-da, hikoya mana bu jumla bilan yakunlanadi: “On povernul golovu k oknu i uvidel, kak shtorы, povinuyas chemu-to tainstvennomu prikazu, medlenno opuskayutsya, pregrajdaya dostup dnevnomu svetu”. Ya’ni bunda qahramon o‘zi vahima ichida his etib turgani “dahshatli jimlik va qorong‘iliq” qa’riga cho‘kib ketayotganini biroz boshqacha yo‘sinda aytish bilan kifoyalanilgan. Aslida, hikoyadagi islomiy e’tiqod kishisining e’tirozini qo‘zg‘aydigan nuqtalardan biri ham – shu, o‘limdan keyingi dahriyona yo‘qlik. Xuddi shu talqin hikoyani o‘qigan o‘zbek adibida “qo‘shilmaslik” hissini hosil qilgan yana bir jiddiy omil deb tushunilishi kerak. Zero, mazkur talqinga mutlaq “qo‘shilmasligi” sababli ham yozuvchi Zohid Yaqinning so‘nggi damlarini buning tamom aksicha, ya’ni nurga chulg‘ab, jozib va umidbaxsh ohanglarda tasvirlagan.

“Jimjitxonaga yo‘l” – Dino Butstsati hikoyasining erkin tarjimasi bilan unga yozilgan nazira hikoyaning qo‘shilishidan hosil bo‘lgan asar, ya’ni yangidan tarkiblangan butunlik. Shu butunlikni ta’minlash talabi bilan asliyatning yuqorida keltirilgan finali o‘zgartirilgan, shundayki, erkin tarjimada Dino Korte yorug‘ dunyoni tark etdi degan fikr kelib chiqmaydi, bunda qahramon qo‘rqinch jimlikni (qorong‘ilikni emas) his qilib dahshatga tushadi: “Dino Kortening tili kalimaga kelmadi, qo‘lini bazo‘r qimirlatib ko‘ziga ishora qildi. Enaga xalatining cho‘ntagidan ko‘zoynak olib, uning qanshariga qo‘ndirdi. Bemor betini deraza tomonga burdi. Najot istab mayda sim to‘r qoplangan derazadan tashqaridagi daraxtzorga chiranib qaradi, ammo ko‘z oldi chaplashib ketdi.

– Tunmi?.. – deb so‘radi u arang pichirlab. – Soat nech…

Enaga kampir aldamadi:

– Kunduz, uka… soat uch… – dedi og‘ir uf tortib..”.

Avvalo, ruscha asliyatda mazkur epizod dialog shaklida berilgan emas, uni tarjimon “sahnalashtirgan”; matnning yuqorida keltirilgan oxirgi qismi esa tushirib qoldirilgan. Shundan keyin nazira hikoyaning so‘nggi epizodi beriladi-da, ikkisi uchun umumiy, ya’ni “Jimjitxonaga yo‘l” hikoyasining alohida qism sifatida ajratilgan mo‘jaz xotimasi beriladi: “O‘sha kuni bir-biridan olis Mag‘rib va Mashriq shahrida bir paytning o‘zida ikki bemor bandalikni bajo keltirdi..”. Ko‘ryapmizki, agar asliyat o‘zgartirilmasa, hikoya oxiridagi mazkur xotima mutlaqo ortiqcha bo‘lib qolur edi. Holbuki, hozirgi ko‘rinishida u hikoyadagi ikkita mustaqil va bir-biriga zidlangan qismni ham shaklan, ham mazmunan umumlashtirib, bir butunlikka mansub etuvchi kompozitsiya birligidir. Ya’ni Dino Butstsatining “Etti qavat” hikoyasi X.Do‘stmuhammadning “Jimjitlikka yo‘l” hikoyasiga qism o‘laroq singdirib yuborilgan. Qism esa butun tarkibiga mexanik tarzda emas, balki butun nuqtai nazaridan, unga har jihatdan muvofiqlashtirib kiritiladi. Shu bois ham asliyatdagi qahramonning yo‘qlik, mangu zulumot bag‘riga singib ketgani (ya’ni jon bergani)ni aniq anglatuvchi “kimningdir sirli amri bilan kun yorug‘ini to‘sib asta-sekin tushib borayotgan pardalar” tushirib qoldiriladi-da, biroz mavhumlashtirilib, tun yo kun ekanligini anglab bo‘lmaydigan holatga aylantiriladi. Negaki, agar shunday qilinmasa, birinchidan, hikoyada yuqoridagicha xotima mutlaqo ortiqcha bo‘lib qolur edi. Ikkinchidan, mazkur o‘zgartirish tufayli qiyoslanayotgan tomonlar bir xil vaziyatga – hayot va o‘lim chegarasiga qo‘yiladi, ularning jon berardagi holatlarini qiyoslash orqali har birining hayoti, a’mollarini taftish va mushohada qilinadi, o‘quvchini ham shunga undaladi.

Yuqorida aytdikki, individualizm kasali asorati bo‘lmish yolg‘izlikka mubtalo G‘arb kishisining fojiasi Dino Butstsati ijodida keng qalamga olingan. Jumladan, xasta Juzeppe Kortening yonida yaqinlarining yo‘qligi ham individualizm asosiga qurilgan jamiyatda shaxsning yolg‘izligi, bas, boshiga tushgan har qanday kulfat faqat uning o‘ziniki bo‘lishini ko‘rsatadigan detal. Biroq yolg‘izlik qahramon yon-atrofida yaqinlarining yo‘qligidagina emas, atrofidagilarning unga, uning esa atrofidagilarga yo bir buyum, yo bir funktsiya o‘laroq qaraganlarida ham ko‘rinadi. Masalan, kasalxonadagi enagani olaylik. Ruscha tarjimada u atigi uch bora tilga olinadi:

  1. Hikoyaning boshlanishida, Juzeppe Korte o‘zi bilmagan holda oltinchi qavatga tushishga rozilik berib qo‘yganinga pushaymon bo‘lib turgan vaqtida: “a tam, mojet, yeщe sidelka budet pokrasivee” deya o‘zini ovutadi.
  2. Hikoyaning oxirida, o‘lim vahimasiga bo‘y bergan Juzeppe Korte o‘z ko‘zlariga ishonmay ko‘zoynak so‘raydi: “on vыzval sidelku i poprosil silnыe ochki”.
  3. Enaganing ko‘zoynakni olib kelgani haqida hech gap yo‘q, Juzeppe Korte ko‘zoynak yordamida daraxt barglari qimirlayotganini ko‘rib, ularning haqiqiyligiga ishonch hosil qilgani aytilgach, “Sidelka vыshla” deyiladi.

E’tibor berilsa, adib enaga haqida ham xuddi palatadagi jihozlar haqida gapirgancha vaqt ajratayotgani, ya’ni unga ham o‘sha jihozlarcha qiymat berayotganini ko‘rish qiyin emas. Hikoyada na Juzeppe Kortening enagaga, na enaganing Juzeppe Kortega munosabati aks etgan – go‘yo ikkisining orasida insoniy aloqa-munosabat rishtalari mutlaqo bog‘langan emasdek. Aniqrog‘i, Juzeppe Korte enagaga bir buyum, bir funktsiya o‘laroq qaraydi, enaganing unga qarashi ham shunga monand. Mazkur hol insoniylikka shu qadar zidki, qabul qilish qiyinligidan bo‘lsa kerak, erkin tarjimada (yuqorida keltirilgan ko‘chirma) enaganing munosabati biroz ilitiladi: jon berish oldida alahlay boshlagan Dino Kortega qarab turib enaga “og‘ir uf tortib” qo‘yadi. Nazira hikoyadagi enaga kampir esa bulardan tamoman boshqacha, uning bemorga munosabati keskin farq qiladi:

  1. Oltinchi qavatdagi enaga kampirning muloyim, bemorni bezovta qilib qo‘ymaslikka tirishib muomala qilishida, “baraka toping, uka” degan xitobida, butun xatti-harakatida insoniy mehr ufurib turadi:

“Zohid Yaqin mijjalarini arang yirib ochdi-yu, xonaning yorug‘ligidan ko‘zlari qamashdi. Enaga kampirni izladi.

– Men shu yerdaman, hech qayoqqa ketmayman, – dedi kampir bemorning muddaosini anglab”. E’tibor bering, enaga go‘yo bemor go‘dagi ustida bedor ona kabi: bolasining bezovtalanganini nafas olishidanoq sezadi, seziboq uni tinchlantirishga shoshadi. Bu endi aslo funktsiya emas, bu – mehr, inson tiynatiga xos xususiyat.

  1. “Enaga kampir shitob yurib palatadan chiqib ketdi. Kampir sho‘rlik bemorning ahvolida bu qadar keskin o‘zgarish yuz berishini kutmagan ekan, zum o‘tmay ikki erkak kishini boshlab kirdi”. Bunday qaraganda, enaga shunchaki o‘zining funktsiyasi – xizmat vazifasi nuqtai nazaridan qilishi kerak bo‘lgan ishni bajarayotgandek: o‘sallab qolgan bemor qoshiga vrachlarni boshlab kirdi – shu xolos. Faqat shunisi borki, o‘zbek o‘quvchisi holatni bu tarz jo‘nlashtirib qabul qilmaydi. Negaki, u – insoniy munosabatlar hali tamom siyqalashib, odamiylik, rahm-shafqat, mehr-oqibat tuyg‘ulari butkul yitib ketmagan muhit kishisi. Albatta, uning milliy tiynatiga xos mazkur sifatlar tilida zuhur etadi, bas, shu til vositasida tasvirlangan hayotiy holatda ham ular albatta aks etadi. Yuqoridagi jumlada qo‘llangan birgina “sho‘rlik” so‘zi tasvirlangan holatni rahm-shafqat, mehr-oqibat tuyg‘ulariga yo‘g‘iradi. Jumla qurilishi shundayki, “sho‘rlik” aniqlovchisi “kampir” so‘ziga ham, “bemor” so‘ziga ham bog‘lanaverishi mumkin, har ikki holda ham hissiy bo‘yoq o‘zgarmaydi. Zero, birinchi holda – “kampir sho‘rlik” deyilganida, yozuvchi nigohi bilan enaganing yaxshi bir inson yorug‘ dunyoni tark etayotgan mahali ojizligidan shoshib qolgan holatini ko‘ramiz, ko‘z oldimizda “o‘lim haq” yo “hammamiz ham o‘lamiz” tarzida o‘ylab xotirjam tura olmaydigan ayol gavdalanadi. Ikkinchi holda – “sho‘rlik bemor” deyilganida, holat kampir nigohi bilan ko‘riladi, uning bemorga onalarcha, cheksiz rahm-shafqat bilan qarayotganini his etiladi.
  2. Zohid Yaqin jon beryapti va “… shu payt o‘zi yotgan karavot havoda muallaq suzib borayotganini sezib qoldi.

– Karavotimning g‘ildiragi bormi? – deb shoshib so‘radi u hamon tepasida girgitton bo‘layotgan enaga kampirdan.

– Bor, – dedi kampir, shunday dedi-yu, keng yengini og‘ziga bosgancha shovqin solmay yig‘lab yubordi”. Enaga kampirda onalarga xos beg‘araz mehr borligi bemor “ustida girgitton” bo‘layotganida ko‘zga tashlanadi. Shu mehr tufayli ham u o‘zganing taqdiriga befarq bo‘lolmaydi, unga faqat “vazifa” nuqtai nazaridan qaray olmaydi. Enaganing “keng yengini og‘ziga bosgancha shovqin solmay yig‘lashi” ham o‘lim haq ekanligiga imon keltirgan, turfa o‘limlarni ko‘raverib ko‘zi pishgan, biroq hanuz yaxshilar o‘limiga ko‘nika olmagan odamning yig‘isi – alam-iztirob yo isyon emas, mehr izhoridir.

Ko‘rib turganimizdek, “Etti qavat”dagi enaga bilan nazira hikoyadagi enaga kampir bir-birining mutlaq ziddi sifatida yaratilgan. Avvalo, ularning ikkisida ham badiiy shartlilik darajasi yuqori, ikkisi ham muayyan bir mazmunni – biri insonlar orasida mehr-oqibat yo‘qligi, boshqasi esa mavjudligini ifodalash uchun maxsus yaratilgan. Shu bois bormi-yo‘q oralig‘ida tasvirlangan “Etti qavat”dagi enaga ham, mehrning tirik tajassumi bo‘lgan enaga kampir ham haqiqatdan yiroq – ikkisida ham ifoda maqsadi bilan mubolag‘alashtirish bor. Ya’ni birining vazifasini jonsiz robot misoli, boshqasining esa insoniy mehrga yo‘g‘rib bajarishi bo‘rttirilgan, natijada har ikkisi ham o‘zi mansub tibbiy jamoaga xos eng muhim xususiyatni quyuqlashtirib ifoda etadi. “Etti qavat”dagi barcha tibbiy xodimlarning – sanitaridan tortib professor Dattiga qadar – xushmuomaliklari ortida befarqlik bor, hammalari o‘z funktsiyalarini bekamu ko‘st bajarganlari holda Juzeppening qavatdan qavatga enishini hissiz kuzatishadi, hatto, tilyog‘lamaliklari bilan bunga ko‘maklashishadi ham. Nazira hikoyada esa aksincha, Zohid Yaqinga befarq tibbiy xodimning o‘zi yo‘q – biri achinib, boshqasi havaslanib, tag‘in birisi ibrat ko‘zi bilan qaraydi unga, hammalari uning zimmasidagi yo‘l azobini yengillashtirishga intiladi.

Dino Butstsati talqinida absurdga moyillik bor: inson dunyoga keladi, o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan shart-sharoitlar izmida, kelib-ketishidan matlab neligini ham durust anglolmagani holda muqarrar ravishda intiho tomon boradi – uning hayoti ma’nidan mosuvo. Bu XVIII asrdan boshlab ziyolilari yaksara moddiyunchiligu daxriylikka berilgan G‘arb kishisining XX asrning birinchi yarmiga kelgandagi holati. Unda endi jamiyatni o‘zi istaganidek qayta qura olishiyu tabiatni butkul o‘z izmiga sola bilishiga ishonolmay qolgan, biroq shu holida ham Xoliqning borligini tan olishga bo‘yni yor bermayotgan odamning abgor ruhiyati aks etadi. Undagi tushkunligu qo‘rquv, umidsizligu sarosimaga yo‘g‘rilgan absurd kayfiyati o‘limni oxirgi nuqta deb bilganlikdan oziqlanadi. Undan farq qilaroq, “tsivilizatsiyadan ortda qolgan”, ko‘pchiligi hatto dahriy tuzum zug‘umi ostida ham qo‘lidan kelganicha ibodatini qo‘ymagan, loaqal taomdan keyin shukrona aytishu qabriston yonidan o‘tarda duoni kanda qilmagan, o‘lmoq intiho emas – boqiy dunyoga o‘tish deb biluvchi kishilar jamiyatida absurd kayfiyatga o‘rin yo‘q. O‘limni shunday anglagani uchun ham bu jamiyat kishisi hayotni imtihon deb, boqiy dunyo saodatiga erishmoq uchun ezgu amallar qilib va mudom komillikka intilib yashashim kerak deb biladi. To‘g‘ri, hamma ham birdek amal qilmas-ku, biroq aksariyat kishilar ongida har bir nafasim nomai a’molimga yozib borilayotir, Mashhar kuni Sarhisob qilinadi degan ishonch hali butkul yitib ketmagani ham bor gap. Zohid Yaqin – shu jamiyat kishisi, shu bois ham uning safari tepadan pastga emas, pastdan tepaga yo‘nalgan.

Zohid Yaqin “shifoxonada qavatdan-qavatga ko‘chib-ko‘tarilish dardiga mubtalo bo‘lganini ko‘proq o‘ylayotgani” aytiladi, ya’ni bu bilan uning o‘tgan umrini sarhisob etayotganiga ishora qilinadi. Injiq qaysarlik bilan zinapoyadan o‘zi ko‘tarilarkan, u butun hayotini ko‘z oldidan o‘tkazadi:

“U suyanchiqqa tirsagini qo‘yganicha uzoq o‘yga cho‘mdi. Bolaligini, o‘smirligini, sho‘x-sha’n yoshligini ko‘z o‘ngidan o‘tkazdi.

Bir pog‘ona ko‘tarildi.

Uylandi. To‘ng‘ichi tug‘ilgan yillari kasb-korini topolmay obdon qiynaldi. Neki mashaqqat cheksa, ichiga yutdi.

Zohid Yaqin ikki pog‘ona ko‘tarildi.

Keyin, tinim bilmadi, ishi xo‘p yurishdi. Yegani – oldida, yemagani – ortida, izzat-hurmati joyida…

Zohid Yaqin ikki-uch pog‘ona ko‘tarilganini o‘zi ham sezmadi”.

Zohid Yaqinning zinapoyadan ko‘tarilishida umumlashma ramziy ma’no kasb etadi: ko‘pchiligimizga turmush tashvishlari bilan yelib-yugurib “ikki-uch pog‘ona ko‘tarilganini sezmay qolish” xosligi sir emas. Ya’ni umrning yeldek esib o‘tishi yoki daryo misol oqib ketishi haqidagi gaplar shunchaki tashbeh emas. Ayni fikr qavatdan-qavatga ko‘chishda yana bor ta’kidlanadi: bemor o‘zi sezib-sezmagan holatda uchinchi qavatdan oltinchi qavatga ko‘chadi. Qavatlardagi hamshiralarning ismi ham ramziy ma’no kasb etib, qahramon umri bosqichlarini ifodalaydi: Shavqiya – zavqu shavqqa to‘la yoshlikni, Mujohida – hayotdagi muqim o‘rnini topishu turmush tashvishlarini aritish yo‘lidagi tinimsiz harakatda kechgan yillarni, Mushohida – o‘tgan umrini mushohada qilish davri, foniy dunyoni tark etish arafasini. Qahramon Shavqiyaning zavqli suhbatidan uch kunlab bahramand bo‘lsa, Mujohida bilan qavatlar orasida yo‘l-yo‘lakaygina gaplashadi va shu ondayoq Mushohidaning qo‘liga o‘tadi. Xuddi shu vaziyatda o‘tib borayotgan Shavqiya bularga gap qotadi:

“Zohid yaqin boshini ko‘tarib qizchaga qaradi.

– Qaqildoqmi?.. – dedi kulimsirab. Bir ko‘ngli Shavqiya bilan suhbatlashgisi keldi, biroq shu topda uning ko‘ziga Qaqildoq emas, hatto, hozirgina bir ko‘rishda ma’qul ko‘rib qolgan Mujohida ham emas, Mushohida go‘zalroq, ko‘rkamroq ko‘rinib ketdi…”

Zohid Yaqinning bu holati – o‘limini bo‘yniga olgan, taqdiriga taslim odamga xos: Shavqiya bilan gaplashgisi keladi, Mujohidaga ham befarq emas, biroq ko‘ngli endi Mushohidaga moyil bo‘lib boradi.

Juzeppe Korte zulumotga – yo‘qlikka ketib borsa, Zohid Yaqin “sutdek nur og‘ushida yastanib yotgan keng va yam-yashil sayxonlik”, professor aytmoqchi, “Zohid Yaqindek insonlargagina nasib etadigan joziba” tomon boradi. Holbuki, Zohid Yaqinning hayotida bunday ajratib, ibrat etib ko‘rsatgudek hech narsa yo‘q – ko‘p qatori umrguzaronlik qilgan odamdek. Unda nega, enaga kampir aytganidek, “kamdan kam odamga nasib qiladigan oltinchi qavatga ko‘tariladi?” Javobni ham enaga kampirning gapidan izlash kerakka o‘xshaydi: “Ota-onangiz ismingizni bilib qo‘yishgan ekan, Zohid Yaqinboy”. Aslida, ilgariroq Shavqiyaning “nega ism-sharifingiz g‘alati”, deya Zohid Yaqinni savolga tutishi bilan o‘quvchi e’tibori shu masalaga – qahramonning ismi-sharifiga qaratilgan edi. Shavqiya uning ismi-sharifiga o‘zicha ma’ni berali: “Zohid”ni bilaman, eshitganman, “Yaqin” degani… Odamga, ko‘ngilga yaqinliknii anglatsa kerak-da, topdimmi?!” Enaga kampir tanlov to‘g‘ri bo‘lgan deganida Haqqa yaqinlikni nazarda tutadi, hushyor-xushsiz holatdagi Zohid Yaqin ongida esa uning gapidagi “ota-ona” va “Yaqin” so‘zlari aks sado beradi: “Ota-yu onamga… yaqinman..”. O‘ylashimizcha, aytilganlar el-qatori yashagan Zohid Yaqinning “oltinchi qavatga ko‘tarilishi” sabablariga ishora qiladi. Avvalo, Zohid Yaqin odamga yaqin bo‘ldi – Alloh mukarram qilganga mehr ko‘zi bilan qaradi; odamning ko‘ngliga yaqin bo‘ldi – mashoyixlarning ko‘ngilni Ka’baga mengzashlari bejiz emas. Ikkinchidan, Zohid Yaqin ota-onasiga yaqin bo‘ldi – teran tomirlaridan uzilmadi, shu bois-da hayot so‘qmoqlarida og‘ib-uloqib ketmadi. Nihoyat, uchinchidan, aytilganlar va ismiga monand zohidona – haromdan hazar qilib yashagani Zohid Yaqinni qalban Haqqa yaqin qildi: hamisha Uning shafqat va marhamatidan umidvor, taqdiriga taslim bo‘lib, berganiga shukrona aytib yashadi…

* * *

Yuqorida aytganlarimiz va tahlil davomida xotirga kelgan o‘ylarni umumlashtirib keladigan birinchi xulosamiz shuki, “Jimjitxonaga yo‘l” hikoyasi, bir tomondan, X.Do‘stmuhammadning Dino Butstsati bilan ijodiy musobaqasi, ikkinchi tomondan, inson hayotining mohiyati haqida ikki turli madaniyat vakili orasida kechgan g‘oyaviy bahs o‘laroq qabul qilinishi kerak. Aslida, ijodiy ta’sir natijasi o‘laroq yaralgan, hatto “G‘arbga ko‘r-ko‘rona taqlid” deb yozg‘irilayotgan har qanday asarda ham musobaqa va bahs ruhi kurtak holida mavjud, faqat ularning qay darajada rivoj olishi iste’dod kuchi bilan bog‘liqdir. Demak, o‘tgan asrning 90-yillaridan boshlab “G‘arbga taqlid” tamg‘asi urib kelinayotgan asarlarga qaytadan xolis nazar tashlash va munosib bahosini berish zarur. Ikkinchisi shuki, Dino Butstsati qalamiga mansub “Etti qavat” hikoyasining X.Do‘stmuhammad amalga oshirgan erkin tarjimasi “Jimjitxonaga yo‘l” hikoyasining tarkibiy qismiga aylangan, ya’ni yangi badiiy butunlikning mazmuni va ruhiga muvofiq jiddiy o‘zgarishlarga uchragan. Shu bois “Jimjitxonaga yo‘l” hikoyasining mazmun-mohiyatini anglash, italyan va o‘zbek adibi orasida kechgan g‘oyaviy-ma’naviy bahsni kuzatish uchun yo X.Do‘stmuhammaddagi kuchli taassurotga asos bo‘lgan “Etti qavat” hikoyasining ruscha tarjimasi, yo italyancha asli, yo uning o‘zbek tiliga asliga monand tarjimasi (K.Baxriyev)ni qiyos asosi qilib olish lozim bo‘ladi.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2019 yil 6-son

____________________

[1] Qarang: Quronov D., Usmonov H. “Ideal va badiiy yaxlitlik” // Tafakkur.- 1996.- № 4.- B.

[2] Baxtin M. Estetika slovesnogo tvorchestva.- M.: Iskusstvo, 1986.- S.268

[3] Durov A.A. Kontseptsiya “bolshogo dialoga” M.M.Baxtina kak metodologicheskaya osnova issledovaniya narodnoy kulturы // Vestnik Stavropolskogo gosudarstvennogo universiteta.- 2009.- № 60.- S.45 – 51

[4] Ruscha asliyatda qahramonning ismi Juzeppe, erkin tarjimada esa Dino deb berilgan. Shuning uchun biz “Etti qavat” hikoyasining ruscha tarjimasi haqida gap borganida Juzeppe, “Jimjitxonaga yo‘l” haqida so‘z borganida esa Dino ismini qo‘llaymiz.