Atoqli adib Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romani shu paytgacha avlodlar uchun o‘ziga xos adabiy-estetik maktab vazifasini o‘tadi va o‘tamoqda. Bu jarayon uzluksiz davom etaveradi. Zotan, badiiy jihatdan yuksak asarning hamisha insoniyatga adabiy saboq bo‘lishdek xosiyati bor. Taassufki, sho‘rolar zamonida badiiy asarning mafkurasiga asosiy e’tibor qaratilib, badiiyatiga unchalik ahamiyat berilmasdi. Buni adabiyotshunoslarning deyarli hammasi yaxshi biladi.
Zikr etilgan nuqtai nazar asosida asarlar tadqiq qilinganda, munaqqidlar ko‘proq g‘oyaviy-badiiy tahlil usulini qo‘llashar, bunda ham uning mafkuraviy jihatini kengroq tushuntirish maqsadida aksari hollarda bayonchilikka, adabiy asar mazmunini qayta “hikoya etish”ga berilib ketishardi. Sho‘rolar hokimiyati tugagach, uning adabiy-estetik talablari ham o‘z-o‘zidan barham topdi. Pirovardida adabiyotshunoslikda germenevtika, ya’ni matn asosida ish ko‘rish yo‘li keng tarqalmoqda. Bu esa, ilgarilari matn “ho‘jayra”sidagi e’tibor berilmagan xususiyatlarga diqqat qaratilib, yuksak badiiy asarlarning “mo‘jiza”lari kashf etilmoqda. Kamina ham quyida “O‘tgan kunlar” romanidan bir parchani shu usulda tahlil qilishga jazm etdim. Zora, yosh munaqqid do‘stlarimga zig‘irdek bo‘lsa ham foydasi tegsa, degan niyat bu ishga turtki bo‘ldi.
“O‘tkan kunlar”da Otabekning Marg‘ilon savdogarlari bilan tanishishi Ziyo shohichining uyida sodir bo‘lgan. Toshkentlik mehmon sharafiga maxsus chaqirilgan o‘tirishga bir necha obro‘li kishilar, asosan, savdo ahli keladi. Bular qatorida Mirzakarim qutidor ham bor edi. Yozuvchi bu mehmondorchilikda Otabekni marg‘ilonlik savdogarlar, jumladan, bo‘lg‘usi qaynotasi Mirzakarim qutidor bilan ilk bor tanishtiradi. “Tanishdirishdan so‘ng Otabek bilan Qutidorning ko‘zlari bir-birlariga tez-tez uchrasha boshladilar. Qutidor nimanidir Otabekdan so‘ramoqqa og‘zini juplab tursa ham, Akram hoji bilan Ziyo shohichining allanarsa to‘g‘risidag‘i gaplari keti uzilmay davom etar edi. Ularning ko‘zi uchinchi to‘qnashishda qutidor kulimsirab qo‘yib so‘radi:
— Meni eslay olasizmi, bek?
Otabek diqqat va e’tibor bilan qutidorni kuzatib, javob berdi:
— Yo‘q, amak.
— Necha yoshg‘a bordingiz?
— Yigirma to‘rt yoshg‘a…
Qutidor o‘zicha nima to‘g‘risidadir hisob yuritdi-da:
— Voqe’an, siz meni eslay olmassiz, — dedi. — Men Toshkandda qutidorliq qilg‘an vaqtimda taxminan siz besh-olti yoshliq bola edingiz… Go‘yoki men Toshkandda kechagina turg‘andek va kechagina sizning havlingizda mehmon bo‘lg‘andekman… Ammo haqiqatda oradan o‘n besh-yigirma yil o‘tib, siz ham katta yigit bo‘lg‘ansiz, umr — otilg‘an o‘q emish.
— Siz bizning havlida bo‘lg‘anmisiz?
— Ko‘b martabalab mehmon bo‘ldim, — dedi qutidor, — ul vaqtda bobongiz ham hayotda edilar.
Bu ikkisining so‘zlariga quloq solib chetda o‘lturgan Hasanali ham gapga aralashdi:
— Amakingiz bizning havlig‘a kelib turadirgan vaqtlarida siz yosh bola edingiz, bek, — dedi. — Amakingiz sizni saroylarga ham olib tushar edilar”.
Keling, mana shu matnning “ichi”ga kirishga urinaylik. Yozuvchi, eng avvalo, bo‘lajak qudalar — Yusufbek hoji bilan Mirzakarim qutidor xonadoni ijtimoiy mavqe nuqtai nazaridan teng ekanligini ta’kidlamoqchi. Bordi-yu, nasl-nasab, ijtimoiy mavqe nuqtai nazaridan qutidor xonadoni Yusufbek hojinikidan past turganda, Otabekning uncha-muncha to‘yu azalarga “kavshim ko‘chada qolg‘an emas”, deb bormaydigan onasi O‘zbek oyim Mirzakarim qutidorlarning “tagi past”ligini o‘rni kelganda necha bor ta’na qilgan bo‘lardi. Negaki, Toshkent begining maslahatchisi (mushoviri) lavozimida bo‘lgan Yusufbek hojining zavjasi O‘zbek oyimning nasl-nasab, mansabga qarab baho berish odati romanda juda yaxshi ochib berilgan.
Nimaga asoslanib biz Mirzakarim qutidor xonadoni ijtimoiy jihatdan yuqori mavqeda deyapmiz? Bunda Mirzakarimning qutidor bo‘lganligi nazarda tutilayapti. Xon yoki bek saroyida mamlakat savdogarlarining faoliyatini nazorat qilib turadigan, ular orasidagi turli nizo va kelishmovchiliklarni bartaraf etuvchi oqsoqol maqomidagi lavozim sohibiga “qutidor” deyilgan. 1800 yili Toshkent Olimxon tomonidan Qo‘qon xonligiga qo‘shib olingach, bu shaharga poytaxtdan bek va uning amaldorlari tayinlangan. Shu tariqa, Mirzakarim bir paytlar Marg‘ilondan Toshkentga borib, bu yerdagi bek saroyida qutidorlik mansabida ishlagan. Yo‘qsa, uncha-muncha odam darvozasini taqillatishga jur’at etolmaydigan Yusufbek hoji xonadonida bir necha bor mehmon bo‘lish unga nasib qilmagan bo‘lardi. Hasanalining Otabekka “Amakingiz sizni saroylarga ham olib tushar edilar”, degan gapi ham buni tasdiqlaydi. Yusufbek hoji honadonida bemalol bo‘lish maqomida turgan Mirzakarim qutidor besh-olti yoshli bola — Otabekni o‘zi ishlaydigan saroyga ham olib borib, u yerni ko‘rsata olishi mantiqan asoslidir. Ayni paytda, bu Yusufbek hoji va Mirzakarim qutidorning o‘zaro to‘la ishonch va yaqinlik holatida bo‘lishganini ham ko‘rsatadi.
Ikkinchidan, mazkur matndan Mirzakarim qutidorning Otabekni kuyov qilishga rozi bo‘lishi uchun “zamin” hozirlangani anglashiladi. Otabek ulg‘aygan oila qutidorga “begona” bo‘lmagan, bu xonadonning anchagina tuz-namagini totgan, Yusufbek hoji bilan bir dasturxon atrofida ko‘p marta suhbatlar qurgan. Buning ustiga, qutidor va Otabek orasida ilk ko‘rishishdayoq paydo bo‘lgan qandaydir ichki yaqinlik, ruhiy moyillik keyinchalik har ikkisining taqdirida muayyan ahamiyat kasb etgan.
Hasanalining Yusufbek hoji xonadonini “bizning havli” degan gapiga ham muayyan ma’no yuklangan. Garchi Hasanali aslan bu xonadonning quli bo‘lsa-da, yozuvchi uning qul emas, Otabekka padar, maslahatgo‘y, yordam berguvchi yaqin kishisi, Yusufbek hoji oilasining teng huquqli a’zosi bo‘lganini qayd etmoqda. Hasanalining bunday maqomini yozuvchi uning ozod odamlar bilan bir dasturxon atrofida o‘tirishi, kerak bo‘lganda, suhbatga bemalol aralasha olishi asnosida ham ta’kidlamoqchi bo‘lgan.
Matndagi yana bir jihat: qutidor Otabek kimning o‘g‘li ekanini bilgach, unga dabdurustdan “Men sizlarnikida bir necha bor mehmon bo‘lganman, otangiz bilan yaqindan tanishman”, demaydi. Voqeaga Otabekni ham aloqador qilib ”Meni eslay olasizmi, bek?”, degan savol beradi. Demak, bu so‘roqda ham qandaydir nazokat bor. Qutidorning Otabekdan necha yoshga kirganini bilish uchun bergan savoli zaminida ham mulohaza, o‘ylash seziladi. “Nech yoshg‘a bordingiz?” gapida so‘zlovchining Otabek umrining davom eta borish asnosida qaysi nuqtaga yetganini bilish uchun berganligi anglashiladi, ya’ni bu gapda yigit umri davom etib borishini istash ohangi ham joy olgandek. Aytaylik, “bordingiz” so‘zi o‘rniga “kirdingiz” so‘zi ishlatilganda bunday effekt yo‘qolgan bo‘lardi. Nihoyat, Hasanalining “Amakingiz sizni saroylarga olib tushar edilar” gapi qutidor tilidan “Men sizni o‘zim ishlagan saroyga ham olib borganman” deyilganda, bir oz nokamtarlik ohangida aytilgani bilinardi. Bu gapni muallif Hasanali tilidan ayttirgani ham Abdulla Qodiriy uslubiga xos badiiy mahorat nishonasidir.
Xulosa tariqasida aytish mumkinki, “O‘tkan kunlar” romani germenevtika talablari asosida tahlil etilsa, uning hozircha “ko‘zdan pana” talaygina fazilatlari yuz ochgan bo‘lardi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 15-sonidan olindi.