Boybo‘ta Do‘stqorayev, Nilufar Namozova. Behbudiyning munosib shogirdi

O‘tgan asrning boshida Vatan ozodligi, xalqning ma’rifati, millatning taraqqiysi uchun kurashgan ilg‘or ma’rifatparvar ziyolilarning safida Hoji Muin Shukrullo o‘g‘li ham bor edi. Hoji Muin 1883 yil 19 martda Samarqandda tug‘ilgan. Otasi Shukrullo savdogar bo‘lib, 32 yoshida vafot etadi. O‘n ikki yoshida ham ota, ham onasidan ayrilgan Hoji Muin Ruhobod guzarining masjid imomi bo‘lgan bobosi Mirsaid Sharif o‘g‘li tarbiyasida qoladi. Bu davrda uning xat-savodi chiqib bo‘lgan, bobosi tarbiyasida arab tili qoidalarini va diniy ilmlarni o‘rgana boshlagan edi.

O‘z davrining taniqli ziyolilaridan bo‘lgan Sayidahmad Vasliy bilan tanishgandan (1900 yili) keyin bu bilimlarni mukammallashtirishga imkoniyat tug‘ildi. Vasliy unga arab tili qoidalarini o‘rgatibgina qolmay, balki she’riyatga bo‘lgan muhabbatini ham kuchaytirdi, shu bilan birga, uni o‘z davrining ma’rifatparvarlari davrasiga olib kirdi. Hoji Muin 1901 yili eski maktabda muallimlik faoliyatini boshlaydi. Bu sohadagi muayyan tajribalar natijasida va, albatta, Abduqodir Shakuriyning maktabi ta’sirida 1903 yili Xo‘ja Nisbatdor mahallasida o‘zi yangi usuldagi maktab ochadi. Xuddi ana shu yili Vasliyning uyida Mahmudxo‘ja Behbudiy bilan tanishuvi uning hayotida yangi davrni boshlab berdi. Ayniqsa, Behbudiyning «Muxtasari jug‘rofiyai umumiy» nomli asari Hoji Muinda juda katta taassurot qoldiradi. Keyinchalik bir maqolasida bu haqda shunday xotirlaydi: «Shuni ham unutmaymanki, mazkur jug‘rofiya kitobining «Tatbiqoti diniya» faslinda «Ba’zi eski xurofot va isroiliyat so‘zlari bizning tafsir kitoblarimizgacha kirib ketgan» mazmunindaga jumlalar o‘shal vaktda manim fikrimda zo‘r o‘zgarishlar yasadi. Ya’ni, o‘shal jumla meni birinchi daf’a fikriy inqilobg‘a uchratdi. Men o‘shal qundan e’tiboran har bir eski va yangi kitoblarni diqqat bilan, muhokama ilan o‘quyturg‘on bo‘ldim. Mana shuning uchun men ayta olamankim, mening tavsi’i ma’lumotimga turk-totor matbuoti sabab bo‘lg‘onidek, meni birinchi marta fikriy inqilobg‘a uchratgan ham Behbudiy hazratlarining mazkur bir jumla so‘zidir. Men mazkur tarihan e’tiboran Behbudiy afandig‘a chin ko‘ngil ila muxlis bo‘ldig‘imdek, o‘shal vaqtdan boshlab mavqei kelganda har yerda oni mudofaa etaturg‘on bo‘ldim». Hoji Muin shu tariqa Behbudiyni o‘ziga ustoz deb bildi va uning haqiqiy izdoshiga aylandi. Turk-tatar matbuoti va ada-biyotini muntazam o‘qib borishi hamda Behbudiy boshchiligidagi Samarqand ma’rifatparvarlari ta’sirida taraqqiyparvar inson bo‘lib shakllangan Hoji Muin o‘z zamondoshlari orasida, eng avvalo, usuli jadid maktabining muallimi sifatida tanildi. Boshqa jadid muallimlari kabi Hoji Muin ham yangi usuldagi maktabini o‘z hisobidan ochgan. Behbudiy, Shakuriy, Ajziylarning maktabdorlik faoliyati Hoji Muinga katta saboq vazifasini o‘tagan. Chunki o‘sha davrda o‘z hisobidan maktab ochish, undan moddiy foyda ko‘rish uchun qilinadigan ish emas edi. Uning zamondoshlari bilan suhbatda bo‘lgan adabiyotshunos Rahim Muqimovning yozishicha, «Hoji Muin maktabda bolalarni savodxon qilish uchun sarflanadigan mablag‘ni xalqdan yig‘magan, balki o‘zining Devoli ko‘ndalang qishlog‘idagi bog‘chasida yetishtirgan shirin-shakar mevalarni bozorga chiqarib sotish evaziga to‘plagan. Maktabdorlikdan daromad olishni sira o‘ylamagan»[1].

Asrlar davomida qotib qolgan eski ta’lim tizimi, uning vositalaridan voz kechib, omma uchun yangilik bo‘lgan yangi ta’lim usulini tatbiq qilish, ular uchun darsliklar yaratish, albatta, katta mehnat va yana ma’lum bir ma’noda jasoratni ham talab etar edi. Jadid muallimlari qatorida Hoji Muin ham darsliklar yozib, chop ettirdi. U 1908 yili fors tilida «Rahnamoi savod», I. Rahmatullazoda bilan hamkorlikda o‘zbek tilida «O‘qituvchi» nomli alifbo kitoblarini yozadi. 1926 yili chop etilgan «Forscha alifbolar tarixi» maqolasida Hoji Muin «Rahnamoi savod» haqida shunday ma’lumot beradi: «Muning yozg‘uvchisi Hoji Muin va noshiri muallim Abduqodir Shakuriydir. 1908nchi yilda tosh bosmada faqat bir qatla 2 ming besh yuz dona bosildi. Yuzi 36 sahifalikdir. Bu alifboning boshida harflar tadrijiy suratda ko‘rsatilib, so‘z va jumlalar mad usuli (cho‘zg‘i) bilan yozilg‘on. Munda eng avval forscha harflar tadrijiy yo‘l bilan ko‘rsatilganligi uchun o‘sha vaktda usuli jadid dushmanlari: «Jadidlar o‘z kitoblaridan arabcha harflarni chiqarib tashlabdirlar» deb xalq orasida ig‘vo tarqatqon edilar».

Yangi maktab muallimlari bolalarga nafaqat ta’lim, balki tarbiya berishni ham o‘z oldilariga maqsad qilib qo‘ygan edilar. Hoji Muin mashhur ma’rifatparvar A. Shakuriyning iltimosi bilan bolalar uchun tarbiyaviy ahamiyatga ega bo‘lgan bir qancha she’rlarni turkiydan forsiyga tarjima qiladi. Keyinchalik M. Behbudiy ko‘magida ularni «Guldastai adabiyot» nomi bilan to‘plam holida chop ettiradi. Bu to‘plamga u o‘z she’rlarini ham kiritgan. «Guldastai adabiyot» haqida S. imzo bilan yozgan muallif shunday fikr bildirgan:

«Hoji Muin bundan o‘n yillar ilgari, umumiy fikr qorong‘uligi zamonasida bir adabiyot kitobi yozgon. Ul vaqtlarda bunday yangi kitoblarning xalq orasida tarqalib o‘qulmog‘i juda qiyin edi. Fikri uyg‘ona boshlag‘on yosh quvvatlarimiz o‘z tushuncha va hissiyotlarini tarqatmoq uchun o‘z xalqining ruhiga muvofiq turlik yo‘llar izlar edilar. Ish qiyin. Bir «bismillo»sizlik bilan kofir va mal’un bo‘lmoq juda qulay edi»[2].

«Guldastai adabiyot» Hoji Muin tomonidan tuzilgan yagona she’riy to‘plam bo‘lib, undagi «Xitob va go‘daki beilm», «Nasihat», «Muxammas», «Ittifoq», «Shikoyat», «E’tirof» kabi she’rlar o‘ziniki, qolganlari esa tarjima she’rlardir. Bolaligidan Ahmad Yassaviy va Boborahim Mashrab g‘azallarini sevib o‘qigan Hoji Muin o‘zi ham o‘n bir yoshidan she’rlar yoza boshlaganini ta’kidlaydi. Biroq zamonning keyingi qizg‘in jarayonlari uning shoir emas, balki mohir dramaturg, qalami o‘tkir publitsist bo‘lib yetishishini talab qildi.

Mahmudxo‘ja Behbudiyning «Padarkush» pesasini matbuotda olqishlab chiqqan Hoji Muin tez orada o‘zi ham sahna asarlari yoza boshladi. Bu haqda o‘z kundaligida shunday deydi: «Behbudiyning 1914nchi yilda sahnada o‘ynalgan «Padarkush» pesasi menda zo‘r ta’sir qoldirdi. Shundan keyin men shoirlikni bir chekkada yig‘ib qo‘yib, sahna adabiyoti yoritish fikriga tushdim. Boshlab Qudratulla o‘g‘li bilan birga 1914nchi yilda «To‘y» pesasini yozib bosdirdik». Mana shundan keyin dramaturgning «Eski maktab, yangi maktab», «Mazluma xotin» kabi pesalari, «Ko‘knori» intermediyasi dunyoga keddi.

Dramaturgning «Eski maktab, yangi maktab» pesasida eski usul maktabi bilan yangi usul maktabi o‘quv tizimidagi farq tasvirlanib, «usuli jadid» maktabi olqishlansa, «To‘y», «Ko‘knori», «Mazluma xotin» kabi sahna asarlarida xalq orasida urfga kirib qolgan yomon odatlar qoralanadi. Bulardan tashqari, Hoji Muin «Maorif qurbonlari», «Juvonbozlik qurbonlari», «Boy ila xizmatkor», «Qozi ila muallim» kabi pesalar ham yozgan. Ularning ayrimlari o‘sha davrda sahnalashtirilgan bo‘lsa-da, muallifning chop etilmay yo‘qolgan asarlari qatoriga kiradi. Prof. Naim Karimov «…baxmal pardasi ilk bor ko‘tarilgan o‘zbek teatrining M. Behbudiydan keyingi ikkinchi tashkilotchisi Hoji Muindir», deb yozadi. Haqiqatan ham, Hoji Muin jadid dramaturglari orasida eng samarali ijod qilgan adibdir.

Ma’lumki, XX asr boshlarida milliy matbuotimizda chop etilgan maqolalarda jaholatdan qutilishdek ezgu bir maqsad, intilish «yarq» etib ko‘zga tashlanadi. Ushbu maqsadni amalga oshirishda matbuotni suv va havodek zarur ehtiyoj deb bilgan Hoji Muin ham shunday zaruriyat bilan qo‘liga qalam oldi. O‘sha davr vaqtli matbuotida faol ishtirok etgan Hoji Muin o‘z kundaligida yozishicha, 1907-37 yillar davomida 23 xil gazeta va jurnallarda 200 tacha maqola, 400 tacha xabar hamda o‘zbek va tojik tillaridagi 1500 misraga yaqin she’rlari bilan qatnashgan. Uning dastlabki xabarlari yangi chop etilgan kitoblar haqida bo‘lsa, «Turkiston viloyatining gazeti»da e’lon qilingan «O‘zbekka javob», «Intihodot voqeaga bir nazar» kabi ilk maqolalari orqali usuli jadid maktablariga qaratilgan asossiz tanqidlar, noto‘g‘ri fikrlarni fosh qiladi. Hoji Muin 1913 yili M. Behbudiyning «Samarqand» gazetasi, hamda «Oyna» jurnali chiqquniga qadar «Turkigton viloyatining gazeti»da muntazam qatnashib turdi. «Gazeta o‘qimoq manfaati» (1911 yil, 11 noyabr), «Adabsizlik sababi va uning chorasi» (1913 yil, 1 avgust), «Teatrning ahamiyati» (1912 yil, 25 mart) kabi qator maqolalari yuqoridagi maqsad yo‘lida yuzaga kelgan. «Sadoyi Turkiston», «Samarqand» gazetalari, «Oyna» jurnalida chop etilgan maqolalari ham asosan, xalqning ma’naviyatini shakllantirish, maorif, ta’lim-tarbiya haqida bo‘lib, ular publitsistning yoniq qalbidan dalolat beradi.

1917 yil fevral voqealaridan keyin Hoji Muin ham o‘z ustozlari va safdoshlari kabi yurtning ozodligi, millatning erki uchun kurashish mavridi kelganini his qildi, matbuotdagi faoliyati yanada kuchaydi. Endi publitsist ma’rifiy masalalardan ko‘ra siyosiy voqealar haqida ko‘proq yozadigan bo‘ldi. Turkiston Muxtoriyatini sidqidildan qo‘llab-quvvatladi. «Hurriyat» gazetasida uning xalqni uyg‘onishga, erk va ozodlik uchun kurashga chorlaydigan, shu bilan birga, bolsheviklarga qarshi keskin munosabati ifodalangan «Yurt qayg‘usi», «Sho‘roi islomiya va saylov», «Bolsheviklar va biz», «Namoyish to‘g‘risida» kabi maqolalari chop etildi. Jumladan, «Bolsheviklar va biz» sarlavhali maqolasida u bolsheviklarning butun kirdikorlarini fosh etib, shunday deydi: «Biz kichik millatlarga tamom hurriyat va istiqlol beramiz» deb xitobnomalar vositasi-la va’da qilg‘on bo‘lsalar ham, bu quruq so‘zlari qog‘oz ustidagina qoldi. Bular hozirgacha hech bir millatning muxtoriyat va istiqlolini tasdiq etmadilar, balki, bil’aks, shunday muxtoriyat va istiqloliyat e’lon etgan millatlarg‘a to‘p va pulimut bilan muqobala etdilar va etmakdadirlar…Chunonchi, Toshkand shahar dumasini tarqatdilar. Turkiston Muxtoriyatini «mulla va burjuazlar qarori» deb tasdiq etmadilar va Toshkantda Muxtoriyat shodlig‘i uchun namoyish yasag‘on minglarcha musulmonlarg‘a bir bahona bilan miltiq va pulimut otib, bir necha gunohsiz musulmon va ruslarni o‘ldurdilar» (1918 yil, 1 yanvar).

Hoji Muin sho‘rolar hokimiyati o‘rnatilgandan so‘ng uning nashri bo‘lgan «Mehnatkashlar tovushi» gazetasida faoliyat yuritsa-da, yangi tuzumni madh etishga butunlay kirishib ketmadi. Uning mehnatkashlar hokimiyati deb atalgan yangi tuzumga ishonch va uni quvvatlash hollari ifodalangan maqolalari ham xolislik va haqqoniylik mezonlaridan uzoqlashmagan. Publitsist xalqning turmushini, hukumatning ishlarini har doim kuzatib bordi. Xalqning og‘ir ahvolidan hukumatni xabardor etishga, hukumatning esa ayrim qarorlarini xalqqa tushuntirib berishga harakat qildi. Hukumat idoralaridagi boshboshdoqliklar, faoliyatsizliklarni tankid qildi. Tanqidiy maqolalari tufayli maxsus xizmat muassasalarining «qora ro‘yxat»iga tushdi.

Hoji Muinning publitsistik faoliyatiga nazar tashlar ekanmiz, Mahmudxo‘ja Behbudiyning hayoti va faoliyatini, uning xotirasini Hoji Muinchalik yodga olgan boshqa bir kishini uchratmadik.

1919 yilda Behbudiyning sirli ravishda g‘oyib bo‘lganligi haqidagi xabardan larzaga tushgan Hoji Muin surishtiruv ishlari olib boradi. Uning mazkur masala bo‘yicha yozgan maqolalari «Mehnatkashlar tovushi» va «Ishtirokiyun» gazetalarida chop etildi. Unda Hoji Muin Behbudiy va yo‘ldoshlarining daraksiz ketganliklarini, xalq orasida ularning Qarshi begi tomonidan o‘ldirilganligi haqida gap yurganligini, bu «to‘g‘rida xabar olaturgon bir kishi ham yo‘q»ligini yozar ekan, barchani oyoqqa turishga undaydi: «Akobir afandining hibs etilganini bilib g‘alayonga kelgan va oni hibsdan chiqarmoq uchun birgalashub bo‘kirgan Samarqand yoshlari o‘z millatig‘a 25 yil xizmat etgan muhtaram Mahmudxo‘ja ila oning rafiqlarini zolim Buxoro hukumatining qo‘lidan qutqarib olmoq va alarning bor-yo‘qlaridan xabardor bo‘lmoq uchun harakat etmadilar va etmaylar. Mana shunday taraqqiyparvar yoshlarni «qadrnoshunos» demay nima deyluk?» Bu Behbudiy vafotidan keyin yozilgan dastlabki maqola edi.

Hoji Muin har yili 25 mart – Behbudiy vafot etgan kun munosabati bilan ustozi xotirasini yod etib maqolalar yozadi. Jumladan, «Mehnatkashlar tovushi», «Turkiston», «Zarafshon» gazetalari va «Uchqun» jurnalida uning «Buyuk ustozimiz Behbudiy afandi», «Marhum Behbudiy va rafiqlarining qanday shahid bo‘lg‘onliqlari va alar tomonidan yozilgan vasiyatnoma», «25 mart Samarqand xalqi uchun motam kunidir», «Behbudiy muxlislariga ochiq xat», «Mahmudxo‘ja Behbudiy» deb nomlangan uch maqola, «Behbudiy, Mardonquli va Muhammadqul», «Behbudiyni unutmaylik» kabi maqola va xabarlarini sanab o‘tish mumkin. Ularning ba’zilari Behbudiy biografiyasiga tegishli muhim ma’lumotlarga boy bo‘lsa, ayrimlari mazmunan takrorlanadi, ularda publitsist maorif va madaniyatga yigirma yilcha xizmat qilgan ulug‘ bir insonning xotirasini yolg‘iz duoi fotiha bilan xotirlash emas, balki madaniy millatlar kabi abadiylashtirish lozimligi, buning uchun esa Behbudiyning mufassal tarjimai holini yozish, unga haykallar qo‘yish, katta-katta madaniy, ilmiy muassasalarga nomini berish lozimligini takror-takror eslatadi.

Hoji Muin 1922 yili Behbudiyning tarjimai holini yozishga kirishadi. Uning xabar berishicha, «1921 yilda Samarqand taraqqiyparvarlari orasida bu tashabbus ko‘rilgan bo‘lsa-da, oxiri natijasiz qolg‘on edi». «Turkiston» va «Zarafshon» gazetalarida esa shunday e’lon beradi: «Behbudiy afandi kerak matbuot vositasi bilan va kerak Turkiston o‘lkasining kattarak shaharlarida kilg‘on sayohatlari bilan xalqimizga yangi fikrlar bergan va shuning bilan o‘ziga ancha muxlislar paydo qilgan edi. O‘z vaqtida uning bilan ko‘rishib, uning fikr va qalamidan istifoda qilib turg‘on kishilar ko‘p bo‘lsa kerak. Mana shunday kishilar Behbudiy haqidagi o‘z xotiralarini yozib yuborsalar, tarjimai hol risolasining oxirig‘a ilova qilar edim. Xotiralarning 1923 yil yanvar oxirig‘acha menga yetishmagi tegishdur».

Xabardan ko‘rinadiki, Hoji Muin Behbudiyning tarjimai holi bilan birga, uning zamondoshlari tomonidan yezilgan xotiralarni to‘plab kitob shaklida chop etish niyatida bo‘lgan. U tarjimai holning ma’lum bir qismini «Zarafshon» gazetasida chop ettiradi. Xuddi shu yili tarjimai hol «Uchqun» jurnalida ham bosiladi, biroq u gazetadagi variantidan bir oz farq qiladi. Gazetadagi tarjimai hol «Nasabi, valodati, tahsili», «Mirzoliq, muftilik davri, haj safari va fikrining ochilishi», «Xizmati qalamiyasi» deb nomlangan kichik qismlardan iborat bo‘lsa, jurnaldagi esa «Behbudiyning ota-bobolari va o‘zining valodoti», «Behbudiyning ibtidoiy tahsili, qoriliq va darsxonliq chog‘lari», «Behbudiyning mirzoliq ham muftilik davri», «Haj safari va fikrining ochilishi» sarlavhali qismlarga bo‘lingan. Gazetadagiga nisbatan jurnaldagi tarjimai hol mufassalroq yozilgan. Gazetada uch qism ixchamroq berilgan bo‘lib, «Xidmati qalamiyasi» haqida ham so‘z yuritiladi. Albatga, jurnalning keyingi sonlarida uning davomi chop etilishi nazarda tutilgan edi. Afsuski, tarjimai holning dayumi gazetada ham, jurnalda ham chop etilmadi. Bu tarjimai hol behbudiyshunoslar tomonidan ko‘p bor tilga olingani uchun uning mazmuni ustida to‘xtalmaymiz. Prof. Begali Qosimovning ta’kidlashicha, «Behbudiy haqida 70-yillardan bugungi kungacha e’lon qilinib kelayotgan Solih Qosimov, Ahmad Aliyev, Naim Karimov, Sirojiddin Ahmedov, Sherali Turdiyev va bugungi yosh tadqiqotchilar Halim Sayid, Normurod Avazov, Zebo Ahrorova ishlarining barchasida mana shu Hoji Muin ma’lumotlari asos qilib olinadi». Hoji Muinning yo‘qolgan asarlari ro‘yxatida «Behbudiyning tarjimai holiga doir materiallar»i ham borligini ta’kidlab o‘tishimiz lozim. Bu «yo‘qolish» bejiz emas edi. Behbudiy tarjimai holiga doir Hoji Muin to‘plagan materiallar 1920 yili «Mehnatkashlar tovushi», 1923 yili «Zarafshon» gazetalarining to‘la bir sonida e’lon qilingan bo‘lsa, 1924-25 yillar davomida esa matbuotda Hoji Muinning kichik bir maqolasidan boshqa narsa chop etilmadi. Zamonning keyingi evrilishlari Hoji Muinni ham ustozi haqida yozishdan to‘xtatdi. Aslida, Hoji Muinga 1921 yildan turli tahtsidlar qilina boshlagan, «maqolangizda Behbudiyning oti ko‘p zikr qiling‘on» deya yozgan narsalari chop etilmaydigan bo‘ldi. Hatto, u millatchilikda ayblana boshlandi. Begali Qosimovning ma’lumot berishicha, «Maorif qurbonlari» pesasi ham unga shunday ayb taqalishiga sabab bo‘lgan.

Bu pesa 1923-1925 yillarda yozilgan bo‘lib, unda Behbudiy va hamrohlarining Amir jallodlari tomonidan o‘ldirilganligi tasvir etilgan. 1925 yillarda Samarqand, Buxoro va Kattaqo‘rg‘on shaharlarida u takror-takror sahnaga qo‘yilgan. Hoji Muin kundaliklarida: «Bu pesani boshda Hoji Murod Xudoyberdi o‘g‘lining uch pardali va 22 betli kitobchasidan bir muncha foydalanib yozgan edim», – deydi. Hojimurod Xudoyberdi o‘g‘lining nomi Behbudiy «Vasiyatnoma»si orqali bizga tanish. Ushbu «Vasiyatnoma» matbuotda Hoji Muin tomonidan chop etilgan bo‘lib, uni Hoji Murod keltirib berganligi yozilgan[3]. «Vasiyatnoma» haqida adabiyotshunoslar orasida turli qarashlar mavjud. Chunonchi, professor B. Qosimov: «H. Sayid va N. Karimov «Vasiyatnoma»ning asl mazmuniga, uni yetkazuvchi Hojimurod Xudoyberdi o‘g‘lining samimiyatiga asosli ravishda shubha bildiradilar», – deb yozadi.

N. Karimov: «O‘z hayotidan umid uzib, «yig‘lay-yig‘lay» yozgan vasiyatnomasida Behbudiyning bunday tantanavor so‘zlarni tilga olishi mumkin emas. Bu vasiyat «Ma’rifat qurbonlari» pesasidagi bosh qahramon tilidan aytilgan tashviqotnamo so‘zlar yig‘indisindan iborat!», — deb yozadi. Filologiya fanlari nomzodi H. Saidov «Behbudiyni qatl etgan kim?» maqolasida bu vasiyatnomaning bolsheviklar tomonidan uyushtirilgan bo‘lishi mumkinligi xususida mulohaza biddirib, «vasiyatnomadagi «Buxoro tuprog‘iga tezlik ila yo‘l boshlangizlar!» degan chaqiriq o‘sha vaziyatda faqatgina bolsheviklar siyosatiga xizmat qilar edi», deydi. Ajablanarlisi shuki, vasiyatnomada Hoji Muin nomi tilga olinmagan. Mahmudxo‘ja Behbudiy Samarqand ijtimoiy-adabiy muxitida birga faoliyat yuritgan ziyolilarga murojaat qilar ekan, negadir 1903 yildan o‘ziga safdosh, ko‘makdosh bo‘lib kelgan Hoji Muinni unutgan. Zero, ular o‘rtasidagi do‘stona munosabat, ayniqsa, Hoji Muinning shogirdlik sadoqati tahsinga loyiqdir. Behbudiy faqat asarlari bilan emas, balki insoniy fazilatlari bilan ham Hoji Muinning ixlosiga sabab bo‘lgan.

Hoji Muin «Buyuk ustozimiz Behbudiy afandi» maqolasida ustozining ajoyib fazilatlari haqida shunday yozadi: «Behbudiy afandi halim, ziyrak, g‘oyat zakovatli, quvvai hofizasi zo‘r bo‘ldig‘idan so‘zga-da nihoyat darajada usta edi. Ul har so‘zig‘a qanoatlantirmak uchun turli misollar keltura, mavqeyi kelganda oyat va hadisdan dalillar ko‘rsata edi. Shuning uchun aning suhbati g‘oyat lazzatli va istifodali bo‘lur edi…Aning suhbatinda bo‘lg‘on kishi ruhlana, shodlana va aning oddindan aslo turg‘usi kelmas edi…Behbudiy afandi shaxsiy dushmanliqni xohlamas va hech kimning shaxsig‘a va shaxsiy ishlariga til yetkuzmas edi. O‘shandoq o‘zini takfir va tahqir etaturg‘on xasmlarig‘a-da qarshi yomon va haqoratomuz so‘zlar so‘zlamas edi. Balki shunday so‘zlarni eshitganda, «zotan munday din va dunyodan xabarsiz kishilardan yaxshi so‘zlar kutmak-da abas, munday takfirlarni yolg‘uz men ko‘rgan emas, balki o‘tgan olimu ulug‘ kishilar ham o‘z muosirlarindan shunday takfirlarni ko‘rib kelganlar», deb kula edilar. Behbudiy afandida yana bir xususiyat bor ediki, xasm va dushmanlari aning ketidan har qancha g‘iybat va haqorat etsalar-da, aning huzurig‘a o‘turg‘onda hech bir behuda so‘z aytolmasdan anga tamliq va madora etarga majbur bo‘lalar edi». Aytish joizki, Mahmudxo‘ja Behbudiy nafaqat amalga oshirgan ishlari, balki insoniy fazilatlari bilan ham barchaga o‘rnak shaxs bo‘lgan. Behbudiy yozgan maqolalarda Hoji Muin, eng avvalo, muallim sifatida tilga olingan. Masalan, «Munozara» haqida» maqolasida Behbudiy Abdurauf Fitratning shu nomli asari xususida so‘z yuritib, uning tarjimoni bo‘lgan Hoji Muin to‘g‘risida shunday deydi: «Val-on bu risola turkiy tilinda janob muallim hamshahrimiz Hoji Muin afandi tarafidan tarjima va ushbu gazit ila nashr bo‘lub turubdur». Shuningdek, Behbudiy sayohatga chiqish oldidan yozgan «Qasdi safar» maqolasida «Oyna»ning keyingi taqdiri haqida so‘z yuritib, «muvvaqqat muharrirligi muallim Hoji Muin janoblariga havola etildi»[4], deb yozadi. Sevimli jurnaliga muharrir etib tayinlashi, albatta, uning muallim Hoji Muinga bo‘lgan ishonchini ifodalaydi. Bu esa «muallim» ning jurnalistik faoliyatiga ham berilgan bahodir. Jadid adabiyotini yaxshi o‘rgangan nemis olimasi Ingeborg Baldauf uning jurnaldagi faoliyatiga baho berib, «Mahmudxo‘janing istagidan bir oz chetlashib, «Oyna»ni sof turkiy jurnalga aylantirib ham qo‘ydi…Bilmadim, shu hol sabab bo‘lganmi, har holda shundan keyin Mahmudxo‘ja bilan Hoji Muin o‘rtalariga sovuqchilik tushib, ularning jurnal tahririyatidagi hamkorligiga darz ketdi»[5], deb yozadi. Biz qo‘limizda «Oyna» jurnalining 1915 yilgi sonlari yo‘qligi sababli, ularning jurnal «tahririyatidagi hamkorligiga darz» ketganligini tasdiq yoki inkor eta olmaymiz. Biroq, agar ular o‘rtasiga sovuqchilik tushgan bo‘lsa ham bizningcha, bu ko‘pga cho‘zilmagan. Negaki, Hoji Muinning tez orada boshlangan dramaturglik faoliyatida Behbudiyning ta’siri katta bo‘lgan. Chunonchi, Hoji Muin bir maqolasida «Mazluma xotun» dramasini yozish vaqtida Behbudiyning oldiga borib, «taaddudi zavjot» haqidagi fikrini so‘raganini, Behbudiy «Men birdan ortiq xotun olishg‘a butun muqobilman. Zotan, ikkinchi xotun olish uchun qo‘yilg‘on shart (adolat)ni hech kim rioya qila olmaydi», deya javob berganini yozadi. Bundan ko‘rinadiki, Hoji Muin dramalarini yozishda Behbudiyning fikrlari bilan qiziqqan, Behbudiy ham undan maslahatlarini ayamagan. Ularning hamkorlikdagi faoliyatini «Hurriyat» gazetasida ham kuzatish mumkin. Bu hamkorlik 1918 yildan keyin ham davom etgan. «Mehnatkashlar tovushi» gazetasida chop etilgan materiallar maorif komissari etib tayinlangan Behbudiyning Hoji Muin o‘ng qo‘li bo‘lganidan dalolat beradi. Xullas, bu ikki hammaslak do‘st o‘rtasidagi o‘zaro hurmatga darz yetmaganligiga ishonamiz. Nima bo‘lganda ham, Hoji Muin hayotining oxirigacha ustoziga shogirdlik sadoqati bilan yashadi. Bu sadoqat Behbudiy nomini yod etish, uning

xotirasini abadiylashtirish uchun yelib-yugurishdangina iborat bo‘lmadi, balki u ustozi hayotini baxshida etgan ishlarni davom ettirib, o‘z xalqiga, Vataniga bo‘lgan fidoyilikni har qanday tuzumda ham saqlab qoldi. Vatan ravnaqi, millat taraqqiysi yo‘lida xoh publitsistika, xoh dramaturgiya, xoh boshqa amaliy ishlari bilan bo‘lsin, Behbudiyning izdoshiga aylandi. Uning Behbudiy haqidagi maqolalari esa bugun ham qimmatli manba sifatida qadrlidir.

Hoji Muin publitsistikasida matbuot haqidagi maqolalar salmog‘i anchagina. Publitsistning bu mavzuga oid «Hajviy jurnal», «Samarqandda bosmaxona va yerli matbuot ishlari», «Samarqandda matbuot ahvoli», «Bir yashar «Zarafshon», «Samarqand qizil o‘zbek matbuoti», «Samarqand matbuoti tarixi», «Tugallanish yo‘lida», «Samarqandda matbuot ishlari», «Xidmatga tuhmat» singari maqolalarini ko‘rsatish mumkin. Bu maqolalarning aksariyatida o‘sha davr matbuotida mavjud muammolar dadillik bilan ko‘tarib chiqilgan bo‘lsa, ayrimlarida milliy matbuotimiz tarixiga oid qimmatli ma’lumotlar berilgan.

«Xalqning ahvoli ruhiyasi»ni yaxshi anglab yetgan Hoji Muin o‘z davrida hajviy maqolalari bilan ham tanildi. Hajv va kulgining o‘tkir tig‘i bilan xalq orasidagi qoloqlik va nochorlik, hukumat idoralaridagi boshboshdoklik va talonchilik kabi illatlarni fosh qildi. Adib hajv, kulgining ta’siri katta bo‘lishini yaxshi tushunar edi. Bu haqda bir maqolasida: «Har yerda, ayniqsa, bizning Turkiston xalqig‘a jiddiy so‘zlardan ko‘ra hajviy va kulgili so‘zlarning ko‘brak ta’sir etishi ko‘rinib turadir. Bizning xalq har vaqt to‘g‘ri va jiddiy so‘zlarga iltifot etmay, balki uning teskarisicha kulgilik, hangomalik gaplarga ahamiyat beradir»[6], deb yozadi. Uning hajviy maqolalari Boturbek, Mashrab, Ezma, A’rofiy, Chaqimchi, Mug‘ombir kabi qator yashirin imzolar bilan e’lon qilingan.

Uning jurnalistik faoliyatida muharrirlik davri alohida ahamiyatga ega. Hoji Muin «Oyna» jurnalining 1914 yil 33-43-sonlariga, shuningdek, «Hurriyat» gazeta-sining 1917-18 yillarda chop etilgan 75-81 sonlariga vaqtincha muharrir bo‘lgan.

Hoji Muinning nomi «Mehnatkashlar tovushi» gazetasi hamda «Tayoq», «Mashrab» kabi jurnallarning birinchi muharriri va tashkilotchisi sifatida ham tarixda qoldi. Shu o‘rinda Hoji Muinning tarjimonlik faoliyati haqida ham ikki og‘iz so‘z. U Abdurauf Fitratning 1911 yilda yozilgan «Hindistonda bir farangi bilan buxoroli bir mudarrisning jadid maktablari xususinda qilg‘on munozarasi» nomli asarini fors tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilib, 1912 yili «Turkiston viloyatining gazeti»da chop ettiradi. Keyinchalik alohida kitob holida nashr qiladi. Duriyning «Aqidai islomiya» asarini o‘zbek tilidan tojik tiliga tarjima qilgan.

Hoji Muinning taqdiri boshqa safdoshlari kabi fojiali kechdi. 1929 yil boshlangan qatag‘onda birinchilardan bo‘lib u ham qamaladi. 1932 yilgacha qamoqda yotadi. Hoji Muin Shukrullayev 1938 yil yanvarda yana qamoqqa olinib, 1942 yil Solikamsk qamoq lagerlaridan birida olamdan o‘tdi.

O‘zbekistonning milliy istiqloli uchun jon fido etgan adib va jurnalistning hayot yo‘li yoshlarimiz uchun hamisha ibrat maktabi xizmatini o‘tamog‘i lozim.

Boybo‘ta Do‘stqorayev,
filologiya fanlari nomzodi, dotsent

Nilufar Namozova,
tadqiqotchi


[1] R. Muqimov. Hoji Muin kim edi?// Muloqot. 1994. 5-6-son.

[2] S. Yangi gap. // Turkiston, 1923, 7 fevral.

[3] Hoji Muin. Marhum Behbudiy va rafiqlarining shahid bo‘lg‘onliqlari va alar tomonidan yozilgan vasiyatnoma. // Mehnatkashlar tovushi. 1921, 28 mart. Yana:// Inqilob. 1922, 1-son.

[4] Mahmudxo‘ja Behbudiy. Tanlangan asarlar. T.: Ma’naviyat, 1997, 211-6. 2Mahmudxo‘ja Behbudiy. Qasdi safar. // Oyna. 1914, 34-son

[5] Ingeborg Baddauf. XX asr o‘zbek adabiyotiga chizgilar. T.: Ma’naviyat, 2001, 44-6.

[6] Hoji Muin. Anglashilmasliq yoki «Tayoq»ning ta’siri. // Zarafshon, 1923,18 fev.