Dunyo tamadduniga ulkan ma’naviy-ma’rifiy ulush qo‘shgan muazzam shaxsiyatlar shunchaki, o‘z-o‘zidan dunyoga kelmaydi. Ildizlari, an’analari, geni, iste’dodi, o‘zlarining mehnat-mashaqqatlari ortidan orttirgan bilim va tajribalari ularni yer yuzida bashariyatning bamisoli zulmatni yorituvchi porloq yulduzlariga aylantiradi. Yaratguvchining qismat qalami bunday insonlar manglayini chin ma’nodagi ziyolilik imzosi bilan ziynatlaydi.
Ko‘pchilik Maxtumquli Firog‘iyni hikmatgo‘y shoir sifatida juda yaxshi biladi; dunyo o‘quvchisi uni taniydi, sevib o‘qiydi. Sozga tushgan so‘zlari – qo‘shiq bo‘lgan she’rlari tinglovchi qalbini larzaga soladi; hikmati o‘yga toldiradi. Shoirning she’rlari jahon xalqlarining o‘nlab tillariga tarjima qilingan. Ammo ba’zilar Maxtumqulining otasi kimligini, dunyoga mashhur shoir ortida tog‘dek tayanchi borligini, o‘sha otaning ulkan ulamo bo‘lganini, qalbidagi tuyg‘ularini she’rga solgani hamda “Va’zi Ozod”, “Behishtnoma”, “Masnaviy” kabi katta hajmli ma’rifiy asarlar yozganini balki eshitmagandir.
Turkman adabiyoti tarixida Maxtumqulining otasi – Davlatmammat Ozodiy (1700–1760) haqida ma’lumotlar ko‘p emas. Zamonaviy turkman adibi Oraz Yag‘murning “Maxtumqulinoma” kitobida otasining ismi Maxtumquli bo‘lib, biroz shoirlikdan boxabarligi, qirq yoshida o‘g‘il ko‘rib, unga Davlatmammat deb ism qo‘ygani yozilgan. O‘n ikki yoshida otasidan yetim qolgan Davlatmammat hayot maktabida tahsil oldi, tajriba orttirdi; Xivada o‘qidi. Keyin dehqonchilik, zargarlik, mudarrislik bilan shug‘ullanadi. Otasining hurmati uchun o‘g‘liga Maxtumquli ismini qo‘yadi. Davlatmammat Ozodiy o‘z davrining bilimdon olimi, taniqli ziyolisi bo‘lgan. Ikki ming baytdan ko‘proq hajmli masnaviy usulida yozilgan “Va’zi Ozod” asarining mazmuni Ozodiyning Qur’oni Karimni, islom dini tarixi, Rasululloh (s.a.v.) hadislari, shariat ahkomlarini juda yaxshi bilganini ko‘rsatadi. Rivoyatlarga ko‘ra, o‘ziga “Ozodiy” deb taxallus tanlashini Davlatmammatning tushi bilan bog‘lashadi. “Tushiga Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) kirib: “Sen do‘zaxdan ozodsan” degan emishlar”[1]. Ozodiy asarlari mustabid sho‘ro zamonida – 80-yillarda turkman o‘quvchilariga taqdim etiladi, ammo nashrdan chiqqan kitob davr mafkurasiga mos kelmagani uchun darhol kutubxona va kitob do‘konlari tokchalaridan yig‘ib olinadi; yo‘q qilinadi.
Davlatmammat Ozodiyning kimligidan darak beradigan eng yaxshi manba – bu shuhbasiz Maxtumqulining she’rlaridir. Shoirning adabiy merosi tarkibida otasiga ehtiromi balqib turgan “Mulla Ozodim”, “Otamning”, “Ozodim qani?” va boshqa bir qancha she’rlari bor.
“Mulla Ozodim” she’rida ota shuhratini “Ovozi jumla jahonga to‘ldi”, deb yozadi. Maxtumquli boshqa bir “O‘g‘lim – Ozodim” aytishuv she’rida otasi bilan savol-javob qiladi. Otasidan ruxsat olib safarga ketishni so‘raydi, otasi o‘z yonida qolishga undaydi. Shunda Maxtumquli ketishining sababi “Qalbimga kiribdir islom havasi”, deb izohlaydi. Buni eshitgan Ozodiy, “Qur’on o‘qib kezgin, yaxshi kalomdir” degach, tevarak-atrofdagi dushmanlar, qolaversa, qiyinchiliklar bor va qayerda o‘lish-qolishing ma’lum emas, mazmunida so‘zlaydi. Bunga javoban Maxtumquli aytadiki:
“Sinayin, ko‘rayin bu kun iqbolim,
Yaxshi kun, xush sihat kelibmi solim,
Qasd etib jonima, yetsa ajalim,
Bu yerda ham bo‘lsa, topar, Ozodim!”
Maxtumquli eslatadiki, qayerda bo‘lmasin – tog‘dami yo jarda, cho‘ldami yoki ummonda, vatanidami yoxud musofirchilikda – qat’i nazar, rizqi uzilgan banda ajal sharbatini totadi. Shundan Ozodiy duo berib, oq yo‘l tilaydi. “Haq yo‘ldoshing bo‘lsin, mayli, bor, o‘g‘lim!” Otaning rizoligi har narsadan ulug‘. Ota-bola o‘rtasidagi bunday munosabatlarda orasta islom odob-axloqi, e’tiqodiy mezonlarga amalning namunasi yaqqol ko‘rinadi.
Maxtumqulining “Odam ota bilan tushdi” degan savol-javobli yana bir she’ri bor. Bunda otasi Maxtumqulidan islom tarixidan – Qobil va Hobil holi, Nuh (a.s.), Yusuf (a.s.)lar, shariat amallari, Payg‘ambarimiz hayoti xususida so‘raydi. Deylik, “Haqning Rasuli Payg‘ambar Haybarda qancha urushdi”, savoliga Maxtumquli “Haybar tog‘ida Payg‘ambar (s.a.v.), chun yetti oylab urushdi”, deya javob beradi. Otasining ma’rifat bulog‘idan suv ichgan shoir “Kuygan jonima” she’rining tuganchida, otasiga hurmat ko‘rsatib: “Duo aylab o‘tarman, ul Ozodiy ustozima”, deydi. Eng muhimi, ustoz sifatida otasining nomi va martabasini tarixda yashab o‘tgan, el-yurtga ezgulik ulashgan ulug‘ insonlar qatoriga qo‘yadi. Tirikligida e’zozlaydi, vafot etganida yana yozadi:
“Oltmish yoshda, Navro‘z kuni, luv yili,
Turdi ajal, yo‘lin to‘sdi otamning.
Bu dunyoning ishi bundayin, belli,
Umrining tanopin kesdi otamning”.
“Otamning” she’ri qaysidir ma’noda Ozodiyning oxirat uchun ozuqa to‘plash g‘amida yashab o‘tganidan, o‘zini abdollar qatoriga qo‘shganidan darak beradi. Maxtumquli ota do‘stlarining jannatga doxil bo‘lishidan umid etadi.
Tasavvur qiling, Maxtumquli safarga ketar mahali otasidan ruxsat so‘rab, duo olib yo‘lga chiqadi. Ta’lim olgandan keyin otasining imtihonidan o‘tadi. Vafot etganida marsiya yozadi. Maxtumquli “ko‘zining nuri” bo‘lmish otasini sog‘inganda yozgan hissiyotli misralari har qanday odamning yuragini titroqqa soladi:
“Imomsiz qolgandir masjid-mehrobim,
Tug‘madi sochib nur ul mohitobim[2],
Yomon qoldim – sel olibdir atrofim,
Ko‘nglimning ummoni – Ozodim qani?!”
Boshqa bandlarda shoir otasiga “shahrimning sultoni”, “minbarim azoni”, “elimning zaboni”, “yuragim oromi”, “Go‘klangning polvoni”, “bog‘imning rayhoni”, “nomusim iymoni” kabi ajoyib sifatlar beradi. Maxtumqulining ushbu she’ridan “Ozodim qani?” degan haybatli nola, ezgin afg‘on, cho‘ng dard eshitiladi. Otasini izlayotgan shoirning alamiga o‘quvchi sherik bo‘ladi; ko‘ngli bo‘shab, ko‘zlariga yosh keladi.
Umuman, Maxtumquli she’rlari ichidan otasi – Davlatmammat Ozodiyga bag‘ishlangan bunday she’rlardan chin musulmon bir insonning tarbiyachi, olim, abdol, ma’lum bir komillik martabalariga erishgan otaning muhtasham, salobatli siymosini tasavvur qilish mumkin.
Shu bilan birga Ozodiyning ijodi namunalari bilan tanishgan o‘quvchi uning oddiy bir inson, oddiy bir ota emasligini anglab yetadi.
“Va’zi Ozod”ni o‘qigan kishi unga butun vujudi bilan kirishib ketadi, Ozodiyning pand-o‘gitlaridan, ko‘rkam ma’naviy olami sirlaridan bahra oladi; u zotning islom ahkomlarini, tasavvuf ilmi va tariqat odoblarini qanchalar chuqur bilishidan hayratga tushadi, to‘g‘risi.
Bizlarda g‘arib bir fikr shakllangan. Bugungi kunning ko‘pgina odamlari o‘zidan nisbatan uzoq moziyda o‘tganlarni gohida kamsavdo, ko‘p narsani bilmaydigan, deylik, o‘sha o‘tgan zamonlar hayotida hali kashf qilinmagan bugunning uchoqlari, temir-tersaklari, nanotexnologiyalarini ko‘rmaganlari uchun qandaydir dunyoqarashi cheklangandek tasavvur qilishadi. Dunyo ilm-faniga o‘z hissasini qo‘shgan sanoqligina allomalarning nomlarini to‘tidek sanashadi, boshqalarini bilmay turib kamsitishadi. Holbuki, insoniyatning Payg‘ambarimiz (s.a.v.) bilan bir davrda yashaganlari, bir dasturxondan oziqlanganlari, u zoti sharifni ko‘rib iymonga kelganlari, sahobalar, tobeinlar, tabatobeinlar – bularning barcha-barchasi bizdan ko‘ra Rasulullohga (s.a.v.) va uning qalb taftiga bugungi, erta keladigan avlodga nisbatan yaqin edi. Asil buloqning suvi toza, totli bo‘ladi. Bu fikr qachonlardir xayolimda kezib yurgan, miyamning qaysidir puchmoqlarida mudrab yotgan ekan. Ammo uni qat’iy fikr tarziga kelishda, Rasulullohning (s.a.v.) shu xususdagi hadislarini eslashimga Maxtumqulining otasi va uning asari sababchi bo‘ldi.
Nima demoqchiman, Maxtumqulining otasi Davlatmammat Ozodiy o‘z zamonasining olimi, ulamosi, odamlarni yaxshilikka chaqirib yomonlikdan qaytargan bir donishmandi edi. Bu qarashni qat’iylashtirgan omil uning “Va’zi Ozod” asaridir.
“Va’zi Ozod” mazmun-mohiyatiga ko‘ra sharq mumtoz adabiyotidagi axloqiy-didaktik uslubda yozilgan asarlar sirasiga kiradi. Kitob hamd, o‘tganlar ruhiga duo bilan boshlangan bo‘lib, unda talqin etilgan adolat, saxovat, ma’rifat, ezgulik, ota-onani rizo qilish, saxiylik, olimning jamiyatdagi o‘rni va boshqa qator masalalar negiziga Qur’oni Karim oyatlari, hadisi sharif mazmuni singdirilgan. Deylik, bir o‘rinda odamlarni g‘aflat uyqusidan uyg‘onishga chaqiradi; “dam bu damdir”, deya vaqt qadrini esga soladi. Xayru saxovat egasi bilan baxil odamni zid qo‘yadi. Baxilning sherigi iblisdir, deydi. Boshqa bir sahifada:
“Kim jahonda xalqqa ehson aylagay,
Haq uning ishlarin oson aylagay”, –
deb ehsonni ulug‘laydi.
Ozodiy chin olimni amali bilan yonma-yon ko‘radi. Amalsiz olim nodondan battar. Bunday kimsani ipsiz ninaga, ish quroli yo‘q ustaga, qo‘lida qalam-siyohi bo‘lmagan kotibga mengzaydi. Zero, uning ta’kidlashicha:
“Ilmdan maqsad – bu amal etmoq turur,
U bilim bilan Haqqa yetmoq zarur.
Gar ilmda maqsad bo‘lmasa amal,
Yuz berar da’vo, takabbur, yuz jadal”.
Oqibatda amalsiz olim zalolat dengiziga g‘arq bo‘lishi mumkin. Ozodiy o‘zgaga nasihat qiladi, ammo o‘z nafsini tergab turishni hech unutmaydi. Shuning uchun gohida: “Jonu dildan Haqqa xizmat etmadim, Yaxshilar yetgan maqomga yetmadim”, deb o‘ziga-o‘zi malomatlar qiladi, tanbehlar beradi.
Ozodiy “Behishtnoma” asarida ham Yaratguvchining qudratidan hayratlanib so‘z ochadi:
Ajab qudrat bilan qudratli Qodir,
Ki tirgaksiz tikibdir turfa chodir.
To‘shamish yerni, mix etmish jaballar[3],
Ki ko‘rki jumla bo‘stonu asallar.
Qilibdir bu jahonni koni ne’mat,
Nazar qil, bormi hech poyoni ne’mat.
Ora-orada o‘quvchiga yuzlanadi, “Ey, Odam farzandi” deb, unga umrining o‘tkinchiligidan, ogoh bo‘lishdan saboq beradi. Asar nomiga mos ravishda jannat vasfini keltirar ekan, uning darajalari va “Dorul jinon”[4], “Dorul salom”, “Ma’vo” , “Xuld”[5], “Naim”, “Firdavs”, “Adn” kabi nomlanishlarini keltirib, ularga go‘zal shoirona ta’riflar beradi. Jannat ahli, undagi og‘ochlari, daryo va oqib turgan suvlar – barcha-barcha betakror jihatlarni o‘quvchi shuuriga yetib boradigan sodda yo‘sinda tushuntiradi.
Haq rizosini, sabr-qanoatni qadrlaydi:
“Kishi Haq yodini sevmak tilasa,
Egasin jon bilan o‘gmak[6] tilasa.
Tutub sunnatni nafsi mone’ bo‘lsin,
Xudoyi har na bersa qone’ bo‘lsin.
Tama’ birla yirtmasinlar yurakni,
Ki uzsin bo‘g‘zidan bu nafsi sakni[7]”.
Yaratguvchiga muhabbati bo‘lgan odam, albatta, Rasululloh (s.a.v.) sunnatlari – hadislarni o‘ziga dastur qilib oladi, nafsini jilovlaydi, tama’dan uzoq bo‘ladi. Zero, ozodiylarga ustoz maqomidagi Hazrat Alisher Navoiy yozganlarki:
“Xorliklar boshi tama’ bilgil,
Doimo azza man qana’ bilgil”.
Ya’ni, tama’girlik odamga xorlik keltiradi, qanoat qilgan odam esa hamisha azizdir. Shu ma’noda Ozodiy, tama’dan uzoq bo‘lishga, nafs itini o‘ldirish lozimligiga urg‘u beradi.
Inson zoti bu dunyoda hech narsaga to‘ymasligi mumkin. Ammo jannatda, abadiy hayot olamida inson uchun huzur-halovatli boshqa bir dunyo bor. Deylik, undagi ozuqa ham aslo tamom bo‘lmaydi:
“Bu uchmoxning taomi foniy bo‘lmas,
Eb-icharlar hargiz poyoni bo‘lmas”.
Bizning tasavvurimizga sig‘maydigan bunday jannat makonni anglash uchun Qur’oni Karimni, Hadisi sharifni, shu barobarda, albatta, “Behishtnoma”ni o‘qish lozim. Muhimi, behishtnomaga doir ta’rif va tavsiflar Ozodiyning ma’naviy xazinasining kaliti bo‘lgan islom dini ahkomlari mazmuniga to‘la mos keladi. Musulmon olami shoirlari, o‘zlarini komil musulmon sanagan qalam egalari so‘zga xiyonat qilgan emas; so‘z vodiylarida adashgan emas, o‘zlari amal qilgan va amal qiladigan so‘zlarni yozishgan, albatta. Bugunga kelibgina aytilayotgan, har qanday ijodkor dunyoqarashi va qalamining siyohiga tegishli bo‘lgan ushbu ulkan haqiqatni hamisha esda tutmoq kerak.
Ozodiyning “Masnaviy”sining mohiyati ham “Va’zi Ozod”, “Behishtnoma” kabi asarlariga mazmunan uyg‘un keladi. Asar an’anaviy Allohga hamd, Rasulullohga (sallollohu alayhi vasallam) salovat aytish bilan boshlanadi.
Tavbaga oid Ozodiy tavsifining bir qismi bu. Aslida Qur’oni Karim oyatlarida xolis tavba qilgan mo‘minlarning najot topishiga doir xitoblar keladi. Xolis Alloh uchun tavba qilgan kishi qaytib gunohlarga qo‘l urmaydi. Tavbadan maqsad poklik. Tavbadan maqsad Allohning rizoligi. “Albatta, Alloh tavba qiluvchilarni va o‘zlarini mudom pok tutuvchilarni sevadi” (Baqara, 222). Ayni mavzuda Rasullulohdan (sollallohu alayhi va sallam) ushbu hadis rivoyat qilingan: “Tavba qilguvchi kishi Allohning suygan qulidir. Gunohdan tavba qilar ekan, go‘yo u gunohi yo‘q kishi kabidir” (Ibn Moja rivoyati). O‘zini anglagan kishi uchun tavbaning ahamiyati katta.
Ozodiy “Masnaviy”sidagi birgina mavzu munosabati bilan bir dunyo mulohazalar paydo bo‘ladi. Bunga o‘xshash tilga olingan har bir mavzu yuzasida ancha chuqur fikr yuritish mumkin. “Masnaviy” dunyo va oxirat, savol-javob, dunyo molining o‘tkinchiligi kabi qator masalalar yuzasidan fikrlashga undaydi. Odamni bu dunyo tashvishlaridan bir muddat ajralib, oxirat ozuqasi tomon yo‘llaydi. “Masnaviy” sharq mumtoz didaktik adabiyotiga hamohang bo‘lib, inson qalbini ma’rifat suvi bilan to‘yintirish uslubida yozilgan asarlar jumlasiga kiradi…
Umuman olganda, Davlatmammat Ozodiyning ijodiy merosi, komil qarashlari, asarlarining umumbashariy mohiyati Maxtumquli suv ichgan zilol buloqlarni, dunyoqarashini shakllantirgan va unga ma’naviy ozuqa bergan muhitni tasavvur qilishga yordam beradi. Ikkinchidan, Maxtumqulidek bir daho islomiy ma’rifat bilan butun vujudi limmo-lim to‘lgan shoirning dunyoga kelishi sabablarini o‘ylaydi odam. Halol luqma, teran ta’lim-tarbiya, haqgo‘y ustozlar, jiddiy mushohada, yuksak odamiylik – bularning barcha-barchasi jamuljam bo‘lgan bir vaziyat Maxtumquli dahosini tarix sahnasiga olib chiqdi. Bu dahoning tayanchi, bu adibning ilhomchisi, bu shoirning tarbiyachisi, albatta, otasi Davlatmammat Ozodiy edi.
Bahodir Karimov, filologiya fanlari doktori, professor
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2020 yil, 10-son
_____________________
[1] Oraz Yag‘mur. Maxtumqulinoma (Turkman tilidan Muzaffar Ahmad va Rustam Jabbor tarjimasi). “O‘zbekiston” nashriyoti. 2016 yil, 13-14-betlar.
[2] Mohitob – oy, oydin;
[3] Jabal – tog‘.
[4] Dorul jinon – jannat uyi.
[5] Xuld – 1. Adabiylik 2. Jannat.
[6] O‘gmak – bilmoq.
[7] Nafsi-sak – nafs iti.