Pokistonlik olimlar Temuriylar davri madaniyatiga katta qiziqish bilan qaramoqdalar. Ular nafaqat xalqlarimiz o‘rtasida bo‘lgan madaniy aloqalar tarixi, balki o‘sha davrdagi madaniy hayot, yirik shoirlar, jahon madaniyati sahifalarida o‘chmas iz qoldirgan buyuk ijodkorlarning merosiga bag‘ishlangan tadqiqot ishlarini olib bormoqdalar. Fikrimizning dalili sifatida taniqli olim doktor Ahmad Hasan Doniyning ingliz tilida chop etilgan “Temur merosi” nomli risolasi (Pokiston Adabiyot Akademiyasi, Islomobod, 1996)ni keltirish mumkin. Unda muallif Amir Temurning hayoti va faoliyati, temuriylar davridagi mashhur ahli qalam, jumladan, Alisher Navoiy ijodiga to‘xtalib o‘tadi. Alisher Navoiy ijodidan saralab olingan guldastaning urdu tilida chop etilishi (Tarjimon: R.Muhammadjonov; Tuzuvchi: T.Xolmirzayev. Pokiston Adabiyot Akademiyasi. Islomobod, 1996) esa pokistonliklarning o‘zbek madaniyati, o‘zbek adabiyotiga bo‘lgan e’tiborining yana bir isbotidir.
Pokistonlik olimlarning Zahiriddin Bobur va umuman, boburiylar davri, ularning ilmiy, adabiy merosi, xususan, “Boburnoma” bo‘yicha olib borayotgan izlanishlari tahsinga sazovor.
“Boburnoma” asari boburiylar avlodidan bo‘lmish Mirzo Nasiriddin Haydar Ko‘ragoniy tomonidan ilk bor urdu tiliga tarjima qilingan. U avval 1924 yili Dehlida, 1962 yili esa Karachi shahrida “Buk lend” nashriyotida chop etilgan. Nashrga “Boburnoma” asosiy nom sifatida, “Tuzuki Boburiy” esa ikkinchi nom o‘rnida keltirilgan. Kitobning boshida alohida-alohida sahifalarda Bobur Mirzo va uning rafiqasi Mohim Begimning rangli surati berilgan.
“So‘zboshi” muallifi Ubaydulla Quddusiy tarjimaga juda yuqori baho beradi: “…tarjima nihoyatda ravon va bironta so‘z ham tushib qolmagan…” Tarjimada bir qator izohlar bor, imlo masalasiga ancha ahamiyat berilgan.
Urdu tilida “Boburnoma”ning yana bir tarjimasi mavjud. U Rashid Axtar Nadviy qalamiga mansub bo‘lib, 1991 yili Laho‘r shahridagi “Sang-e-mil” nashriyotida chiqqan. Asar Bombayda Mirzo Muhammad Sheroziyning “Chitra Prabha Press”da chop etilgan to‘liq bo‘lmagan forscha nusxadan tarjima qilingan.
“So‘zboshi”da mutarjim “…o‘z buyukligi va ulug‘ligi binosini o‘zi bunyod qilgan, buyuklik va shon-shuhrat yo‘lidagi temir tikanlarni o‘z qo‘li bilan tergan” Zahiriddin Bobur shaxsiyatiga iliq munosabat bildirgan. Jaloliddin Akbarshoh (1542-1605) davrida “Boburnoma” Bayram Xonning o‘g‘li Abdurahim Xoni xonon tomonidan turkiydan forsiyga tarjima qilingani haqida yozib, R.A.Nadviy bunday deydi: “…shundan keyin ahli jahon birinchi marta buyuk tojdor (ya’ni Bobur Mirzo — A.I.)ning suxan mulkining ham shahanshohi ekanligidan xabar topti”.
Mazkur tarjima tili asosan ravon va o‘qishli. Juz’iy kamchiliklardan qat’i nazar, “Boburnoma”ning ikkala tarjimasi ham ahamiyatga ega. Ularga taniqli boburshunos Sabohat Azimjonova yuqori baho bergan.
Mirzo Nasiriddin Haydarning tarjimasi avvalo, birinchi to‘liq tarjima sifatida, qolaversa, boburiylar avlodining vakili qalamiga mansubligi bilan ahamiyatlidir. Ikkala tarjima ham Bobur Mirzo va uning shoh asarini urduzabon xalqlar orasida ommalashtirishda xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston Xalq yozuvchisi Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romani, uning asosida suratga olingan videofilm Bobur Mirzo hayoti va ijodini ommalashtirishda katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Mazkur asar bir qancha chet tillarga o‘girilgan, jumladan, urdu tiliga ham tarjima qilinib, bir necha marta chop etilgan.
Roman 1986 yili Toshkentda hindistonlik Manzar Salim tarjimasida urdu tilida nashr qilingan edi. Asar Hindiston, Pokiston kitobxonlariga juda manzur bo‘ldi. O‘sha paytda nashriyotga, O‘zbekiston radiosiga kelgan ko‘plab maktublar shundan dalolat beradi.
Roman bir necha yil burun Laho‘r shahrida chop etilgan edi. Yaqinda Karachidagi “Raktaab Pablikeyshnz” nashriyoti uni nashr etdi. Muqova “Boburnoma”ga ishlangan miniatyura bilan bezatilgan bo‘lib, unda “Doktor Pirimqul Qodirov. Zahiriddin Bobur” deb yozilgan. Nashrga pokistonlik mashhur adib Shavkat Siddiqiy so‘zboshi yozgan.
Hindiston, Pokistonda chiqqan kitoblarda Zahiriddin Bobur asosan sarkarda, fotih, saltanat asoschisi sifatida ta’riflanadi. Sh.Siddiqiy tan olib yozadiki, P.Qodirov bu romanda Bobur Mirzo haqidagi taassurotni to‘ldiradi. Adib o‘z asarida Bobur ulug‘ fotih va hukmdorgina emas, u donish-hikmatdan zavqlanuvchi, she’ru adab shaydosi, ilmu fazl muxlisi ham ekanligini ko‘rsatib bergan.
Pokistonlik mutaxassislar Boburiylar asarlarini tarjima qilish, chop etish bilan cheklanib qolmasdan, Boburiylar davri va boy merosi bo‘yicha keng tadqiqot ishlarini ham olib bormoqdalar. Jamil Yusufning “Boburdan Zafargacha” deb nomlangan urdu tilidagi asari bunga misol bo‘la oladi (3-nashr, Islomobod, 1989).
Asarda Bobur, Humoyun, Akbarshoh, Jahongir, Shoh Jahon, Avrangzeb va so‘nggi boburiylar faoliyati alohida-alohida boblarda yoritilgan. Kitobning birinchi nashri chiqqanda Pokiston matbuoti, adibu davlat arboblari unga yuqori baho bergan edilar. Karachida chiqadigan “Doon” gazetasi, jumladan, bunday deb yozgan edi: “Boburdan Zafargacha” boburiylar davrining to‘liq va batafsil tarixidir. Uning bayon qilish uslubi shu qadar badiiy hamda jozibaliki, uni tarixga oid kitob deb emas, badiiy asar deb hisoblash kerak”.
Yirik turkshunos Muhammad Sobirning “O‘zbek tili va adabiyoti” maqolasida (“Mahe nau” jurnali, aprel, 1966, Karachi) O‘zbekiston va Pokiston xalqlari o‘rtasidagi tarixiy, madaniy, adabiy hamda lisoniy aloqalar batafsil yoritilgan. Tadqiqotning ilova qismida 16-asr o‘zbek adabiyoti va zamonaviy o‘zbek adabiyotining namunalari Bobur Mirzo va Uyg‘un ruboiylari orqali solishtiriladi. Bunday qiyoslashdan maqsad — urdu tilidagi so‘zlar bilan turli tarixiy davrdagi o‘zbek tili leksikasi o‘rtasidagi yaqinlikni ko‘rsatishdan iboratdir.
M.Sobirning “Bobur tilidagi urducha so‘zlar imlosi” (Karachi universiteti, avgust, 1966, 2-jild, 2-son) nomli asariga alohida to‘xtalish zarur deb hisoblaymiz. Ushbu asarda asosan “Boburnoma”dagi urducha so‘zlar o‘rganilgan va 114 ta so‘z jadval shaklida turkcha so‘zlar bilan solishtirilgan. Professor Ozod Shomatov bu jihatni asarning kamchiligi deb hisoblaydi hamda urducha so‘zlarni turkcha bilan emas, balki o‘zbekcha so‘zlar bilan qiyoslash to‘g‘riroq bo‘lardi, deb yozadi. O.Shomatovning fikricha, M.Sobir boy tarixiy-filologik materiallar asosida muhim ilmiy xulosalar chiqarishga muvaffaq bo‘lgan.
Shu o‘rinda bir faktni qayd etish o‘rinlidir — “Boburnoma” eski o‘zbek tili bo‘yicha nihoyatda qimmatli filologik manba vazifasini o‘tashi yaxshi ma’lum. Lekin Bobur Mirzoning shoh asarini o‘rganish orqali 16-asrda Shimoliy Hindistonda muomalada bo‘lgan bir qator tillarning leksik alomatlari haqida ham muhim ma’lumotlarga ega bo‘lish imkoni bor. Gap shundaki, o‘sha davrda ma’lum tarixiy shart-sharoitlar taqozosi bilan adabiy markaz Shimoliy Hindistondan Dakanning shimoliy qismida joylashgan bir qator musulmon davlatlarga ko‘chgan edi. Shu sababli Bobur Mirzo yashagan davrda Shimoliy Hindistondagi tillarda bitilgan yozma manbalar bo‘lmagan.
Pokistonda boburshunoslik xususida so‘z ketganda, Karachi universiteti qoshida tashkil etilgan “Markaziy va G‘arbiy Osiyo tadqiqotlari instituti”ning faoliyati hamda uning ayrim nashrlariga to‘xtamaslikning iloji yo‘q. Shunday nashrlardan biri “Hind — Eron aloqalariga doir hujjatlar xronologiyasi” (1979 y.) deb ataladi va 2 jilddan iborat. Uni doktor Riyoz ul-Islom nashrga tayyorlagan. Birinchi jild Boburdan Avrangzebgacha bo‘lgan davrdagi boburiylar saltanati bilan Eron o‘rtasidagi munosabatlarni aks ettiradigan 276 ta maktubni o‘z ichiga oladi. Ikkinchi jild (1982 y.) esa boburiylarning so‘nggi namoyondalari bilan so‘nggi Safaviylar va Nodirshoh bilan yozishmalaridan iborat bo‘lib, bu xatlarning soni 224 tadir. Mazkur ulkan nashrning boburiylar saltanati tarixini yoritishda naqadar katta ahamiyatga ega ekanligi o‘z-o‘zidan ayon bo‘lib turipti.
“Markaz”ning nashrlaridan yana ingliz tilidagi “Bayram Xon” va urdu tilida chop etilgan “Xon xononnoma” asarlarini qayd etish zarur deb hisoblaymiz. Ma’lumki, Xoni xonon (ya’ni “Xonlar xoni”) boburiylar saltanatidagi yuksak harbiy unvon hisoblangan va Boburshoh Dilovar Xonga shu unvonni bergan. Ingliz tilida nashr etilgan “Islom entsiklopediyasi”da qayd etilishicha, Humoyun Mirzo — Bayram Xonni, Akbarshoh — Mun’im Xonni va Abdurahim Xonni, Jahongirshoh — Mahobat Xonni hamda Avrangzeb Mir Jumlani mana shu oliy unvon bilan taqdirlagan.
Bayram Xon (1504-1561) uchta boburiy hukmdor — Bobur Mirzo, Humoyun Mirzo va Akbarshoh hokimiyatida yuksak martabali davlat arbobi bo‘lgan. Uning o‘g‘li Abdurahim Xon (1556-1627) esa Humoyunshoh, Akbarshoh va Jahongirshoh xizmatida bo‘lgan. U avval “Mirzaxon” unvoniga, 1584 yilda yuksak “Xoni xonon” unvoniga sazovor bo‘lgan. Abdurahim Xon davlat arbobi bo‘lish bilan bir qatorda o‘z davrining taniqli olimi, shoiri va tarjimoni bo‘lgan. U arab, fors, turkiy va braj tillarida she’r yozgan. “Boburnoma”ning forschaga qilingan mukammal tarjimasi uning qalamiga mansubdir.
Ota-bola Xoni xononlarning hayoti va faoliyatini tadqiq qilish to‘rt zabardast boburiy podshohning faoliyati yoki boburiylar saltanatining bir asrlik tarixini tadqiq etish demakdir.
Zikr etilgan oxirgi ikkita risolani doktor Muhammad Hasan Ali Bek nashrga tayyorlagan, tahrir qilgan hamda izoh va sharhlar bilan ta’minlagan. Shunisi diqqatga sazovorki, doktor Bekning kasbi shifokor bo‘lib, tarixga, xususan boburiylar davri tarixiga alohida qiziqish bilan qaraydi. U asli pokistonlik, hozirgi kunda Buyuk Britaniyada istiqomat qiladi va boburiylar tarixi bo‘yicha izlanishlarini davom ettirmoqda. U Bobur Mirzoning salomatligi xususidagi muhim bir maqolaning muallifi hamdir.
Karachi universitetining fors tili sho‘basida yetakchi professor lavozimida xizmat qiladigan doktor Ravshanoro begim boburshunoslikka salmoqli hissa qo‘shgan. U kishi “Boburnoma”ning forscha nusxalari ustida jiddiy izlanishlar olib borgan. 1999 yil avgust oyida Karachi universitetiga xizmat safarim chog‘ida men doktor xonim bilan uchrashganimda boburiylar va “Boburnoma” xususida batafsil suhbatlashgan edik. Doktor Ravshanoro begim 1970 yilda eronlik olim doktor Husayn Minuchehr rahbarligida Tehronda “Tashihe “Boburnoma” va “Muxtasariy” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qiladi. “Boburnoma” sohasidagi mazkur izlanish uchun olima asarning Edinburg nusxasini asos qilib olgan hamda Bombay va Panjob qo‘lyozmalardan ham istifoda etgan.
Ushbu maqolada Pokistonda boburshunoslik sohasida amalga oshirilayotgan diqqatga sazovor ayrim ishlar to‘g‘risida fikr yuritdik, xolos. Aslida esa qilinayotgan ishlarning ko‘lami keng va ular kelgusidagi izlanishlarga manba vazifasini o‘taydi, deb umid qilamiz.
Xulosa qilib aytish mumkinki, pokistonlik mutaxassislar — olimlar, tarjimonlar, noshirlar jahon boburshunosligiga munosib ulush qo‘shmoqdalar.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2003 yil, 8-son