Adhambek Alimbekov. Xalqona kuylagan shoir

Sa’dulla akadagi samimiylik do‘stlar ko‘nglidan hech ketmasa kerak. Men Sa’dulla aka bilan 20 yillar oldin Andijonga ijodiy safarga borganimizda yaqindan tanishgandim. U vaqtda ustoz “Mohiyat” gazetasining bosh muharriri edi. Shundan so‘ng biz ko‘p safarlarda bo‘ldik, umumiy do‘stlarimiz bilan birga adabiy davralarda ko‘rishib turdik. Sa’dulla akaning 60 yilligida ustoz Abdulla Oripov boshchiligida Garasha qishlog‘iga borganimiz, qalin qorda tog‘dan o‘tganimiz huzur qilib eslanadigan voqealardan bo‘lgan edi.

Sa’dulla akadagi odamoxunlik doimo o‘ziga tortib turardi. Shunday suhbatlardan birida she’riyatdagi xalqchillik haqida suhbatlashgandik. Shuning uchun bugun Sa’dulla Hakim ijodining keng ko‘lamligini ta’kidlagan holda, asarlaridagi xalqchillik haqida qisqacha fikr yuritmoqchiman.

Sa’dulla Hakim she’riyatining yorqin qirralaridan biri uning she’rlarida xalqona ruhning ustuvorligi, xalq qo‘shiqlariga hamohang she’rlar bitganidir. “Hamal tong­lari”, “Sen kutgan bahor”, “Yoz oqshomi”, “Ona so‘z” kabi she’riy to‘plamlarida bu ruhdagi she’rlarni ko‘plab uchratasiz.

Shoir bolaligini eslab shunday yozadi: “Onam uzun qish kechalari hammamizni sandal atrofiga yig‘ib “Orzugul”, “Ravshan”, “Intizor” dostonlarini o‘qitishni yaxshi ko‘rardi. Asosan men o‘qirdim, xalqona qo‘shiq yo‘lida”. Mana shu o‘qish­larda xalqona ohang shoir xotirasida bir umrga saqlanib qoladi va keyinchalik she’rlarida o‘z ifodasini topadi.

“Har kim o‘z qo‘shig‘in aytishi kerak” degan xalq iborasini o‘ziga shior qilib olgan shoir doimo originallikka intiladi. O‘z qo‘shig‘ining yo‘llarini kengaytirishni, rang-barang qilishni istaydi. Ijodkorlar fikrini ta’sirchan aytish uchun xalq og‘zaki ijodi, turli rivoyatlardan foydalanish an’anasi azaldan bor. “Sodiq it rivoyati” she’rida shoir bundan ustalik bilan foydalangan. “Kimning uzumi shirin”, “Uylanish”, “Uddaburro Sattorboy siri”, “Rajabboyning belgisi”, “Rivoyat” kabi voqeaband she’r­lar xalq yumoridan foydalanib o‘qishli qilib yozilgan asarlardir. “Choponim”da esa, yor qo‘li tekkan vaqtda choponi ichida bo‘lmaganidan afsuslanadi. Bu she’rlarda muhimi – inson tiynati bor.

Sa’dulla Hakim latifalar, rivoyatlar, afsonalar asosida she’rlar yozarkan, shunchaki eshitganini qiziqarli qilib so‘zlab beribgina qolmaydi, o‘z mushohadalarini, aytmoqchi bo‘lgan fikri­ni shu tarzda ifodalab kitobxonga singdirishga harakat qiladi. Xalqona yo‘lda yozilgan bu singari she’rlaridagi yana bir jihat – shoirning o‘zini taftish qilishi. Ayniqsa, “Sharhi hol” she’ri xarakterli: “Ochsa yurak ko‘zini, Ko‘ngliga nam kelarmi? Har bandasi o‘zining, Kimligini bilarmi?”

Sa’dulla Hakim xalq maqol va matallaridan ta’sirlanib o‘zi ham purhikmat mis­ra­lar bitadi.

Echintirgan dim ko‘klamdan
Kiyintirgan kuz yaxshi.
Minnatli nomard oshidan,
Mard bergan non-tuz yaxshi.

( “Xalqona” )

Shoirning xalq qo‘shiqlari yo‘lida yozilgan she’rlari ham anchagina. “Uzum ta’rifida” bunga yaxshi namunalardan biri.

Chilgi go‘yo qahrabo zar,
Tok zangini nurday bezar.
Tengini topsam so‘zgina
Erta yetilgan qizgina.

Yoki “Bolalik yodi” she’rini o‘qib xalq qo‘shig‘ini tinglagandek bo‘lasiz:

Tor ko‘chani to‘ldirib
Oqadi olma isi.
Olmazordan ko‘chaga
To‘kilar qiz kulgisi.

Ushbu misralar, bandlardagi ohang o‘quvchida she’r zavqini uyg‘otadi. Uning “Ot hurmati”, “Ko‘hna naql”, “Choshtepada yoz”, “Afandi”, “Uch gulim, uch chechagim”, “Boybichcha”, “Qo‘shiq” she’rlari ham xalqona ruhning ustuvorligi bilan ajralib turadi. Umuman, bu ruhni shoirning har bir she’rida sezish mumkin. Chunki shoir ko‘ng­li xalqi bilan, uning kuy-qo‘shig‘i, borlig‘i bilan chambarchas bog‘liq edi.

Sa’dulla Hakimning she’rlari uzoq yillar o‘quvchilar ko‘ngliga surur bag‘ish­lashiga aminman. O‘zidan go‘zal asarlar meros qoldirgan ustoz shoirning oxiratlari obod bo‘lsin.

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2023 yil 17-son