Shayx Fariduddin Attor bashariyat adabiy-ilmiy, ma’naviy-ma’rifiy tafakkuri rivojida bemisl rol o‘ynagan allomalardan biri hisoblanadi. Attor tavalludi bo‘yicha bir to‘xtamga kelinmagani bois olimlarimiz tadqiqotlarida turfa ma’lumotlarga duch kelamiz. U kishi 1145 yillar chamasida Nishopur biqinidagi Kadkana qishlog‘ida tug‘ilgan. Asli oti Muhammad bo‘lib, otasi Abubakr ibn Ibrohimdan qolgan do‘konda attorlik, goho tabiblik ham qilgan. Manbalarda uning 114 yil yashagani qayd etiladi. Bu ma’lumot manqabaviy xarakterga ega. Attor 1220 yildagi mo‘g‘ullar isyoni chog‘ida vahshiylarcha o‘ldirilgan. Shunda u 75 yosh atrofida umr ko‘rgan bo‘ladi. Professor Najmiddin Komilov allomaning vafoti haqida quyidagilarni yozgan: “Attorning o‘limi fojiali sodir bo‘lgan. U o‘z ajali bilan o‘lgan emas, balki la’nati mo‘g‘ullar qo‘lida halok bo‘lgan. Mo‘g‘ullar balo-qazoday Eron yerlarini talaydilar, shaharlarni yondiradilar, kitoblarni kuydiradilar, ulamolarni qator qilib so‘yadilar. Har bir mo‘g‘ul askari qo‘liga tushgan narsani o‘marib ketar, istagan odamni asir qilib, qul sifatida sotar yoki qilich bilan chopib tashlar edi.
Rivoyat qiladilarkim, bir mo‘g‘ul askari Attorni asir olib, bog‘lab, sudrab borardi. Yo‘lda shoirni taniydigan bir odam uchrab qoladi. U shoirga rahmi kelib, mo‘g‘ulga qarab, qulingni menga sot, ming dinor beraman, deydi. Mo‘g‘ul rozi bo‘lib turganda, Attor, bu kam, sotma, men juda qimmatman, deb aytadi. Mo‘g‘ul ming dinorga bermay, yana sudrab ketaveradi. Yo‘lda boshqa bir odam uchrab qoladi. Mo‘g‘ul o‘z “moli”ni unga taklif qiladi. U odam: mayli, roziman, bir qop somon beraman, deydi. Shunda Attor mo‘g‘ulga qarab, tezda rozi bo‘lgin, men bundan ortiqqa arzimayman, degan ekan. Jahli chiqqan badbaxt mo‘g‘ul shu zahotiyoq Attorni qilich bilan chopib tashlaydi… Uni Nishopurga dafn etadilar. O‘n beshinchi asrga kelib, uning maqbarasi xarobaga aylanadi, buni eshitgan Alisher Navoiy Attorning sag‘anasini yangidan tiklab, salobatli maqbara qurdiradi”. Maqbara o‘shandan beri ulug‘ ziyoratgohga aylangan.
Alisher Navoiyning ustodi Attorga ehtiromi nihoyatda baland bo‘lgan. Bu bejiz emas, albatta. Odatda Navoiyni Attorning “Mantiqut tayr” dostoni bolaligidayoq rom qilgani, shoir butun umri davomida ushbu asar ta’sirida bo‘lib turganligi tilga olinadi. Bu fikrda jon bor. Biroq Navoiy buyuk shayx qalamiga mansub boshqa asarlardan ham yaxshi xabardor bo‘lgan, ulardan ham katta zavq va ilohiy rag‘bat olgan. Shoir «Lisonut tayr» dostonida Attorning bir necha asarlarini tilga oladi, ba’zilariga qisqacha sharh beradi. Jumladan «Ilohiynoma” xususida “ilohiy sirlar sharhidin iboratdur” degan e’tirofni qayd etadi. Davlatshoh Samarqandiy esa “Tazkirat ush shuaro”da Attorning Navoiy tilga olgan asarlaridan tashqari «Asrornoma”, “Haydarnoma”, “Mazharul ajoyib”, “Javohiruz zot”, “Hayloj”, “Muxtornoma», “Xusravnoma”, “Sharhul qalb”, “Bulbulnoma” singari dostonlar yozganini, nazmiy merosining umumiy hajmi 250 ming baytga yaqin ekanligini yozib qoldirgan. Davlatshohning mana bu e’tirofi ham diqqatni tortadi:”Attor shariatu tariqatda yagona, shavq va niyozmandlik, o‘rtanish-yonishdan sham’i zamona, irfon dengiziga cho‘mgan va haqiqat daryosiga sho‘ng‘ib, durlar tergan kishidur”.
Attorning mashhur «Ilohiynoma” asarini yaqinda O‘zbekiston Xalq shoiri Jamol Kamol o‘zbek tiliga tarjima qildi. 2007 yil “Musiqa” nashriyoti mazkur tarjimani nashrdan chiqardi. Tarjimaga nodir kitobning eronlik sharqshunos Fuod Ruhoniy tomonidan fors tilida nashr etilgan Tehron (2006) nusxasi asos bo‘lgan. Ta’kidlash joizki, Jamol Kamol yirik irfoniy asar tarjimasiga kirishar ekan, imkon qadar asliyat ruhini ta’minlashga harakat qilgan va bunga erishgan ham. Go‘yo mutarjim noyob asar tarjimasiga “bismilloh” deb kirishar ekan, avvalo Yaratgandan, undan so‘ng ulug‘ shayxning pokiza arvohidan imdod tilaydi. Aftidan tarjimonni ulug‘ shayx hazratlarining ruhi poklari himoyatiga olgan, go‘yo olis va mashaqqatli safarga chiqqan yo‘lovchiga yo‘l ko‘rsatgan kabi shoirni qo‘llab-quvvatlab turganga o‘xshaydi. Bo‘lmasa, Attor bilan bizning davrimizni qariyb ming yillik tarix ajratib turadi. Shuncha vaqt o‘tib, ulug‘ shayxning bizga “o‘zbekcha so‘zlagani”, garchi bu ish zamondosh shoirimizning shaxsiy iqtidori va mahorati hosilasi bo‘lsa-da, qip-qizil mo‘jiza, nozik aql va tab’ egalari uchun oliy saodat deb baholashga arzigulik noyob adabiy va madaniy hodisadir.
Kitob taniqli olim Ibrohim Haqqulning “Ko‘ngil kimyosi” nomli salmoqdor maqolasi bilan ochiladi. Unda domla buyuk alloma shaxsiyati, shayxlik martabasi, asarlarining, ayniqsa, ushbu asarning irfoniy nazokatidan so‘z ochar ekan, ma’naviyatga tashna zamondoshlarimizni “Ilohiynoma” mutolaasiga hozirlaydi.
Attorning «Ilohiynoma”si insoniyat ichki ma’naviy-ruhiy olamidan bahs etuvchi ikki yuz ellikdan ortiq naql, hikoyat, rivoyat va nazmiy qissalardan iborat. Uni o‘qib XI asr odamining badiiy-irfoniy olami behad keng, naqadar yuksak bo‘lganiga tasannolar aytgingiz keladi. Tarjimaning til va badiiy nafosati haqidagi mulohazalarni tarjimashunos do‘stlarimizga qoldirib, biz “Ilohiynoma” tarkibidagi ba’zi hikoyatlar bilan sizni yaqindan tanishtirish istagidamiz. Zero, bu asar hazrat Navoiy aytmoqchi “ilohiy sirlarning tuganmas xazinasi”dan tarkib topgan noyob durdona asardir.
Ko‘rishni ko‘rdan o‘rgan
“Ilohiynoma”da saxovat, himmat va jasorat ishqiy kamolotning muhim bosqichlaridan ekanligini ko‘rsatuvchi bir necha hikoyatlar bor. Shulardan biri Sulaymon alayhissalomning chumoli bilan qilgan o‘zaro muloqoti xususida.
Bir kuni Sulaymon alayhissalom qayergadir shoshib borayotgan ekan, yo‘lda bir gala chumoliga duch kelibdi. Chumolilar jam bo‘lib payg‘ambarga ta’zim qilishibdi. Payg‘ambar qarasa, minglab chumoli unga peshvoz chiqqan, ular orasida faqat bittasi unga e’tibor bermay, katta bir tepalikni qo‘liga siqqancha olib, misqollab tashir, uni yer bilan bir tekis qilishga urinardi. Buni ko‘rgan payg‘ambar: “Agar senda Nuhning umri, Ayubning sabri bo‘lganda ham bu ishni uddalay olmas eding. Shunday ekan, behuda urinishning ma’nisi nima?” deb so‘rasa, chumoli: “Sen mening fitnat (o‘ziga tortish, urinish)imga e’tibor berma, niyatimga boq. Niyat xolis va to‘kis bo‘lsa, Xudoning o‘zi madad beradi. Mening niyatim shu tepalikni yer ila yakson qilish. Chunki men bir chumolini sevib qoldim, u esa menga tegish uchun shu shartni qo‘ydi. Men bu yo‘lda qurbon bo‘lsam ham niyatimdan chekinmayman”, degan ekan. So‘ng Attor qissadan hissa sifatida o‘quvchiga murojaat qiladi:
Azizim, ishqni sen shu mo‘rdan o‘rgan,
Ko‘rishni ko‘zi ojiz, ko‘rdan o‘rgan.
Shahzodaga oshiq bir ayol
“Ilohiynoma” da Attor ayol kishining shaxsiy fe’l-atvoridan bahs etuvchi hikoyatlarga ko‘p o‘rin ajratadi. Ko‘pincha oqila va fozila ayollarning aqlu zakovatiga tahsinlar o‘qiydi, ularni hatto erkaklarga ham ibrat qilib tasvirlaydi. Bir yurt podshohining g‘oyat aqlli va ko‘rkam o‘g‘li bo‘lgan ekan. Uni shu yurt ayollaridan biri sevib qolibdi:
Yonib ul ishq aro sargashta bo‘ldi,
Kuyib jonu tani otashda bo‘ldi.
Shahzoda qayerga borsa, ayol ham o‘sha yerga chopar, hatto uni so‘rab saroyga borishdan ham hayiqmas ekan. Nihoyat, shahzoda otasiga: «Meni bu bedavodan qutqaring”, deb shikoyat qilibdi. Shoh amr etibdiki, ayolni otning dumiga bog‘lab, sudrasinlar, toki bu kabi yengiltaklik boshqa ayollarga ibrat bo‘lsin. Hukm ijrosi chog‘ida hamma yig‘ilgan, ayol esa:
Menga, ey podshoh, bir himmat ayla,
Sochimni sevgilim otiga boyla.
Uning oti oyog‘i ostida jon
Berar bo‘lsam, dilimda qolmas armon.
Uning yo‘lida o‘lmoq menga pesha,
Uning ko‘yida qolgaymen hamisha…
– deya nola qilibdi. Bu so‘zdan shohning dili yumshab, o‘g‘li bilan o‘sha ayol o‘rtasidagi nikohga rozilik bergan ekan.
Hikoyatda shoir ayol emas, balki uning pokiza muhabbati va uni himoya qilishdagi jasorati haqida so‘zlamoqda.
Ta’magirlik – yomon illat
Bir odam ibodat qilish uchun xufton chog‘ida masjidga boribdi. Qorong‘u tushgach, endi ketaman deb tursa, masjidga kimdir kirgandek bir sharpa sezibdi. Xayolidan kechibdiki, kelgan kishi taqvodor yo shariat peshvolaridan bo‘lsa kerak, shuning uchun ibodatni davom ettirganim ma’qul. Shu o‘y bilan haligi odam ko‘zini yumgancha tuni bilan ibodat qilibdi. Tong yorishgach:
Ochib ko‘z, boqdi ul atrofga uyg‘oq,
Chu ko‘rdi it edi bir chetda uxloq.
Tushib joniga o‘t, jismini yoqdi,
Ko‘zidin qatra-qatra yoshi oqdi.
Xijolat otashida yondi joni,
Dili o‘rtandi, chun kuydi zaboni.
Hikoyatda alloma Allohdan bo‘lak biror zotning e’tiborini qozonishga urinish va bu yo‘ldagi har qanday yumush – ta’ma, buning evaziga bandadan nimadir umid qilish tama’girlikdir, degan g‘oyani ilgari surgan.
Matonatning dilrabo qo‘shig‘i
“Ilohiynoma” tarkibida ishq va oshiqlik sifatlarini ulug‘lovchi katta-kichik hikoyatlar bisyor. Ular orasida “Pokiza ayol sadoqati” nomli bir asar borki, u hajman va mazmunan juda salmoqdor bo‘lgani bois tadqiqotchilar uni “ayol sadoqatining betimsol durdonasi” deya yuqori baholaydilar. Chindan ham Attorning ushbu hikoyatini ayol kishining sabru bardoshi, vafodorlik fazilatini tarannum etuvchi noyob asarlardan biri desa bo‘ladi. Alqissa, sohibjamol ayollardan birining eri hajga ketayotib, ayolini yot ko‘zlardan himoya qilishni ukasidan iltimos qiladi. Ukasi esa, afsus, omonatga sadoqat ko‘rsatolmaydi. Yangasiga siymu zarlar in’om etib, “uylanmoqchi” bo‘ladi. Ayol taklifga rozi bo‘lmaydi. Yigit esa yangasini zinokorlikda ayblab, qoziga shikoyat qiladi. Uni sahroga chiqarib, toshbo‘ron qiladilar. Joni uzilmagan ayolni bir arab sayyohi olib ketadi va davolaydi. Ko‘rsa, bu topib olingan ayol chunonam chiroyli ekanki, esi bor erkak unga oshiq bo‘lib qolishi tayin ekan. Biroq ayol shar’iy eri borligini aytib, uning taklifini ham inkor qiladi. Ular aka-singil tutinadilar. Ammo arab sayyohining bir quli bor edi. U ham pokiza ayol bilan hech bo‘lmasa bir marotaba birga bo‘lishni juda istab qoladi. Taklifi rad etilgan qul tun pallasida arabning beshikda yotgan chaqalog‘ini pichoqlaydi va qonli yarog‘ni begunoh ayolning yostig‘i ostiga qo‘yadi. Arab esa qotillikni bu ayol qilmaganini, shunga qaramay, uni uyida olib turish nojoizligini bilib, qo‘liga uch yuz dirham beradi va tong qorong‘usida kuzatib qo‘yadi. Ayol bir manzilga yetib, qarasa, ko‘p odam yig‘ilgan, o‘rtada dor, odamlar kimnidir osishga hozirlik ko‘rishyapti. Ayol surishtirsa, bir odam boj to‘lamagan, yurt egasi boshqalarga turtki bo‘lsin uchun shunday jazo qo‘llayotgan ekan. Ayol uning bojini to‘lab, o‘zini olib ketadi. Endi uning yo‘lida navbatdagi oshiq paydo bo‘lgan edi. Gunohkor yigit “senga mubtalo bo‘lib, yetolmagandan ko‘ra boya osilib o‘lib ketganim yaxshi edi” deb gina qiladi. So‘ng yo‘lda to‘g‘ri kelgan savdogarlarga ayolni sotib yuboradi. Savdogarlar bir dengizdan o‘tishlari lozim edi. Ular kemada suzayotib, pokiza ayol bilan navbatma navbat ishrat qilmoqchi bo‘ladilar. Ayol esa: ey Xudo, meni bu ko‘rguliklardan o‘zing qutqar, najotkorim yolg‘iz Sensan, deya Yaratganga iltijo qiladi. Shunda kutilmagan qiyomat qo‘padi. Avval to‘fon, so‘ng alanga paydo bo‘ladi. Savdogarlar shu alangada yonib kul bo‘ladilar. Ayol kemadagi barcha buyumlarni olib, erkaklar libosida yurt podshosining huzuriga boradi va undan ibodatxona qurib berishini iltimos qiladi. Endi u ibodat qilish bilan birga tabiblik ham qila boshlaydi. Ittifoqo ayolning eri hajdan qaytsa, ukasining ko‘zi ko‘r, oyoq-qo‘li shol bo‘lib yotgan emish. Hoji ukasini davolatish uchun qo‘shni yurtlardan birida ovozasi chiqqan tabibga olib boradi. Qarasa, tabib huzurida shunga o‘xshagan dardga yo‘liqqan uch-to‘rt bemor bor emish. Tabib ularni chorlab, qilgan gunohlari haqida surishtiribdi. Kasallar o‘z ayblarini bo‘ynilariga olishga majbur bo‘libdilar va tabib oldida Allohga tavba-tazarru qilibdilar. Xuddi shu paytlarda yurt podshohining qazosi yetib, vasiyat qilgan ekanki, o‘rnimga tabib yigitni podshoh etib saylanglar. Endi ayolning “sir”ni oshkor etishdan o‘zga chorasi qolmaydi. Erini podshoh qilib ko‘taradi, uch yuz dirham berib, kuzatib qo‘ygan arab akasini vazir qilib saylaydi. O‘zi esa ibodatni davom ettiradi.
Attorning bu kabi hikoyatlarining ildizi folklordan ozuq olgan va bu haqda olimlarimizning e’tiroflari oz emas. Biroq Attor tayyor asarni shunchaki bayon qilmaydi, uni bo‘yab, bezaydi, pardozlaydi, badiiy-mantiqiy jihatdan takomiliga yetkazadi. Shoirning bosh maqsadi ayol kishining sevgisi va sadoqatini ulug‘lashga qaratilgani ko‘rinib turibdi. Biroq mutafakkir ayol sadoqati haqidagi fikrini shunchaki bayon qilib qo‘ya qolmaydi, balki pokiza va dilbar ayolni bir emas, bir necha jismoniy va ruhiy qiynoqlarga giriftor qiladi. Bu esa ishq yo‘lidagi sinov bosqichlari edi. Bu bosqichlarning ramziy-tafsiliy vositasini ta’minlash uchun Attorga hayotiy zamin zarur edi. Xuddi shu zaminni ta’minlamoq uchun shoir bir necha erkaklarning nafsga tobeligini, bu esa ularni kutilmagan ko‘rgiliklarga yetaklashi mumkinligini badiiy tasvirlab beradi. Bundoq qaraganda chiroyli ayolning oshig‘i ko‘p bo‘ladi. Attor buni inkor qilmaydi. Biroq Attorning suyukli qahramoni birovning shar’iy xotini. Unga ko‘z olaytirish esa shahvoniy hirsni jilovlay olmaslik, bu esa katta gunohdir. Shu bilan birga ojizaga bir emas, bir necha kishining shahvoniy hirs ila yondoshishga harakat qilishi umuman kechirib bo‘lmashdigan katta gunoh ekan. Shuning uchun ham kemadagi savdogarlar Allohning qudrati bilan kuyib kul bo‘ladilar. Binobarin Attor tarannum etgan ishq takomiliga yetgan, endi ilohiy qudrat kasb etgan edi.
Shunday qilib Attorning ushbu hikoyati ayol kishining ishqi, sadoqati, jasorati va matonatini yaqqol namoyish etuvchi ko‘zgu, mardlik madhiyasi, matonatning dilrabo qo‘shig‘i sifatida mudom qalblarga farah bag‘ishlab kelmoqda.
Attorni anglash mashaqqatli jarayon. Uning mutolaasiga kirishish yo shunga intilish kishi qalbida tozarishga, poklikka mayl qo‘yishning ibtidosidir. Alloma asarlarida, ayniqsa, “Ilohiynoma” bag‘rida irfoniy va ilohiy haqiqatlar mash’alasi tinimsiz porlab turadi. Biroq bu nur tafti saviyasi nochor, dunyoqarashi tang, fikru o‘yi boylik to‘plash, shaxsiy manfaatga qaratilgan xudbin va g‘ofil bandalarning toshga aylangan yuragini ilitmaydi. Uni o‘qish, o‘rganish, o‘zgalarga targ‘ib qilish uchun kishi qalbida Attor shaxsiyatiga chinakam ixlos tuyg‘usi, sof muhabbat hissi bo‘lishi kerak. Shunda Attor nazarda tutgan sirlar xazinasi noziktab’ o‘quvchilarga oz bo‘lsa-da yuz ko‘rsatadi. Attor asarlarini o‘qish, uqish, hayotda unga sidqidildan amal qilish ma’naviy-ruhiy kamolotning muhim, tayanch belgilaridan biri bo‘lib, bunga erishmoq biz va bizdan keyingi avlod uchun chinakam omad, oliy saodatdir.
“Yoshlik” jurnali, 2015 yil, 1-son.