Abdulla Qahhorning istarasi issiq edi: uning siyrak, mayin, oppoq sochlari, qosh-ko‘zi, sersoqol mardona yuzi o‘ziga nihoyatda yarashardi. Yozuvchining ko‘zlari «gapirardi», yupqa lablariga zumda qo‘nib, uchib turadigan kulgu, tabassum, jilmayish, istehzo, misoli, qat-qat ma’noli matn edi. Qachon, qayerda Abdulla Qahhorga so‘z berilsa, tinglovchilar bir qalqib olardi. Hamma darhol hushyor tortar, minbarda ijro etiladigan g‘aroyib dramani ko‘rish, mag‘zini chaqishga chog‘lanardi. Yozuvchilar uyushmasida Abdulla Qahhor bilan yosh yozuvchilar uchrashuvi bo‘lyapti. Beg‘ubor savollar. Samimiy javoblar. Zalda xush kayfiyat hukmron. Kimdir savol berib qoldi:
— Ustoz, asarlaringizda cholu kampirlar obrazi ko‘p. Nega yoshlar haqida kam yozasiz?
Yozuvchi savol bergichga bir qur nazar soldi. Biroz sukut saqladi. Lablariga tabassum qo‘ndi, ko‘zlarida quv sho‘xlik jilvalandi:
— Yoshlar obrazini sizlar yaratyapsizlar. Menga o‘xshaganlarga, na iloj, qari-qartanglar qolyapti…
Javob ma’qul bo‘ldi, sho‘x kulgi ko‘tarildi. Hamma yanada ochilib-sochilib ketdi.
Abdulla Qahhor hech qachon shoshmasdi, gapni sekin, salmoqlab boshlardi. Uning nima demoqchiligini, kayfiyatini ko‘z qarashlari, yuz ifodasi bildirib qo‘yardi. Jiddiy gapni aytmoqqa chog‘lansa, bilinar-bilinmas xo‘rsinib olardi. Hazil qilmoqchi bo‘lsa, yuziga tabassum qalqirdi, lab-lunjini bot-bot siypalab qo‘yardi.
Abdulla Qahhor yoshlar davrasini sevardi. Hozirgi Milliy universitet talabalari bilan necha bor uchrashgan bo‘lsa, har gal yoshlar xotirasiga mixlanib qoladigan fikrlarni aytgan.
Abdulla Qahhor o‘ziga xos murabbiy — ustoz edi. Qayerda iste’dod uchquni chaqnasa, ziyrak tortar, umidli yosh bilan uchrashmaguncha, unga maktub yo‘llamaguncha tinchimasdi.
Yozuvchi yoshlarga alohida mehr bilan boqar, ularning xarakterini yorqin tasvirlashga intilardi.
«Ijodingizda yoshlar timsoli kam»-deguvchini Abdulla Qahhor ikki og‘iz gap bilan joyiga mixlab qo‘yishi mumkin edi. Ustoz, aksincha, yengil hazil-mutoyiba bilan javob qaytarardi.
Boshlovchi yozuvchilar anglashlari zarur qoidalardan biri shuki, yoshlar xarakteri, timsolini yaratish nihoyatda muhim. O‘sib kelayotgan avlod san’atkorning suyanch tog‘i: yoshlar ruhiyati, tanlagan yo‘li, kayfiyati istiqbol siyratini aniqlaydi. San’at, badiiy adabiyot tabiatida hamisha oldga intilish, noma’lum hududlarga kirib borish, futurologiya bor:
«Chakkamga bir tomchi iliq yosh tomdi. Stantsiyada parovozlar bir-biriga navbat bermay qichqirar edi. Savriniso o‘ychan, lekin beixtiyor tovush chiqarib gapira boshladi:
— Poyezd meni chaqiryapti… Chaqir! Qattiqroq chaqir, boraman. Meni uzoq-uzoq yurtlarga olib ket!» («O‘tmishdan ertaklar» qissasidan).
Yoshlik — go‘zallik. San’at go‘zallikni tasvirlashi joiz. Qaysi asarda yoshlar obrazi maromida tasvirlangan bo‘lsa, unda go‘zallik aks etishi aniq. Musulmonchilikda ko‘z zinosi degan gap bor. Qarangki, din ham go‘zallikka to‘yib qarashga ruxsat berarkan. Ixcham hikoyat bor. Talabalar «Ko‘z zinosi» mavzuida va’z tinglab ko‘chaga chiqiptilar. Voiz — domla ham uyiga shoshilipti. Ittifoqo, mullavachchalar-u, domla oldidan bir ofatijon go‘zal o‘tib qolibdi. Toliblar go‘zalga boqqanlaricha qotib qolibdilar. Ustoz yo‘lida davom etibdi, lekin bot-bot shogirdlariga qarab qo‘yarmish. Ular o‘sha-o‘sha, mahliyomish. Domla ikki-uch bor tomoq qiripti. Ziyrak mullavachcha Ustoz avzoyini ko‘ripti-yu:
— Taqsir, aybga buyurmaysiz. Anovi malakka bir boqqanimizcha hanuz ko‘zimizni uzmadik… Bir bor qarashga haqlimiz-ku, — depti…
Nihoyat, yoshlik — hamisha yangilanib turadigan holat. Yil davomida oy o‘n ikki bor «tug‘adi». Nozik qizning ipday qoshi monand hilolga boqib insonlar yaxshi niyat qiladilar, yuzlariga fotiha tortadilar. Har ko‘klamda boychechak ochiladi, ignaning uchiday yalpiz bosh ko‘taradi. Bu yangilik ham inson qalbini ko‘taradi, yoshartiradi. San’at, adabiyotning vazifasi ana shunday ohori to‘kilmagan yangilikni kashf etish, manguga muhrlashdir.
Abdulla Qahor asarlarida Abdulla, Kulala, Xayri, Xoliq («O‘tmishdan ertaklar»), Hamida («Adabiyot muallimi»), O‘sar («O‘jar»), O‘lmas («Yillar»), Omon («Shohi so‘zana»), O‘quvchi qiz («Mayiz yemagan xotin»), Nasiba («Og‘riq tishlar») singari o‘smirlar obrazi bor. Ular asosan kattalar soyasida yashaydilar, o‘zlarini mustaqil kuch hisoblamaydilar. Lekin yozuvchi bu o‘smirlarning o‘zligi, «yarq» etib ko‘ringan holatlarini darhol, harorati pasaymasdan tasvirlaydi. Xoliq g‘arq pishgan gilos shoxchalarini sindirib-sindirib ariqqa oqizadi. Biladiki, To‘raqul vofurushning bandi xotini — navnihol Xayri ularni tutib oladi, Xoliqni alqab-alqab giloslarni yeydi. Mulla Norqo‘zining oilasidagi jirkanch ishlar fosh bo‘lgach, katta-yu kichik unga nafrat bilan qaraydi. «… o‘n ikki yoshlardagi bir qiz devordan kesak ko‘chirib olib mulla Norqo‘ziga o‘qtaldi.
— Hu, o‘l, turqing qursin! Boshingga solaymi shu bilan! Mahallada sasib, o‘quvchi qizlarga kun bermaysan-u, o‘zing noto‘g‘ri ish qilasan…» O‘sar, O‘lmas, Omon, Kulala ham to‘g‘ri gapni shartta-shartta aytishga o‘rgangan.
Abdulla Qahhor asarlaridagi Turobjon («Anor») Sotiboldi («Bemor»), Unsinoy («Dahshat»), Babar, Azim duduq («O‘tmishdan ertaklar») mute, haq-huquqsiz, nochor kambag‘allar. Ammo ularning qalbida ezgulikka intiqlik, erkka tashnalik, oilaviy baxtga ilinj bor. Uvoq-ushoqqina Unsinoy erk ilinjida uncha-muncha erkakning yuragi dov bermaydigan yumushni uddalashga chog‘lanadi. Babar ham bo‘sh-bayov, qo‘rqoq odam. Ammo uning aniq rejasi bor: pul yig‘adi, xotinini Teshiktoshga olib boradi, quturish balosidan saqlab qoladi…
Yozuvchi ijodida Turobjon, Sotiboldi, Babar, Abdurahmonning («O‘tmishdan ertaklar») xotini, Saidaning onasi («Sinchalak»), Saidiyning opasi («Sarob») singari xok-turob, yer bilan yakson insonlar timsoli ko‘rinadi. Ularning nomi ham, tili ham, huquqi ham, sog‘lig‘i ham yo‘q. Ammo ularda qalb bor. Mana, Turobjon xotinining izhori: «uning Turobjon bilan uy qilganiga uch yil bo‘lib kelayotir, nazarida, bu odam shu yildan beri g‘uldirab kelgan…
Ittifoqo, bu kun nima bo‘ldi-yu, uch so‘zni ravshanroq aytdi: «Jigarlaring ezilib ketsin» dedi. Olamda uning suyangani eri, birdan-bir orzusi — anor edi, birdaniga har ikkisi ham yo‘qqa chiqdi».
Abdulla Qahhor ijodini bog‘ desak, undagi har bir timsol, xarakter, misoli serhosil daraxt. Yozuvchi bu bog‘dagi daraxtlar ta’rifini umumlashtirib aniq aytadi. Eshon («Sinchalak»), Rizamat («Og‘riq tishlar»), Yusuf («Tobutdan tovush») bir xildagi «daraxt», bir palakning «meva»lari. Ularning yashash tarzlari Eshon «falsafasi»da mukammal ifodasini topgan: «Otam… qoziqning uchi ham bo‘lma, boshi ham bo‘lma, o‘rtasi bo‘l; uchi, bo‘lsang yerga kirasan, boshi bo‘lsang to‘qmoq yeysan deganlar».
Abdulla Qahhor asarlarida qiyofadosh, taqdirdosh, maslakdosh, kasbdosh —zamondosh timsollar talaygina. Saida («Sinchalak») va Soraxon («Sarob») — tengdosh, qiyofadosh. Har ikkisi shunchalar oriqki, muallif aytganiday, ana bukilib ketadi, mana sinib tushadi, degan xavotirda qoladi o‘quvchi. Ammo mohiyatan bu ikki qiyofadosh, misoli, yer bilan osmon. Soraxon g‘irt jinni, tantiq, hech narsaga yaroqsiz banda. Makkor Murodxo‘ja, bulbuligo‘yo — shallaqi ona Soraxonni barkashga o‘tqazib, boshlarida ko‘tarib yurishipti. Saidiydek go‘zallik shaydosi Soraxonga yaltoqlanishga ko‘nikib qolgan. Saidaning suyanadigan tog‘i yo‘q: u yoshligidan o‘z aravasini tortishga majbur bo‘lgan. Aqlliligi, ziyrakligi, bag‘ri kengligi tufayli u el-yurtga tanildi, «Bo‘ston»liklarning o‘z odamiga aylandi. «Qo‘shchinor chiroqlari»da Kanizak timsoli bor. Saida sinchalak bo‘lsa, Kanizak ignachidek. Menga sinchalakxon ignachioydan o‘sib-unganday tuyulaveradi. Kanizak «Qo‘shchinor chiroqlari»dagi asosiy qahramonlarni o‘zaro ulaydi, roman g‘oyasining yoritilishidagi asosiy kuchlardan biri hisoblanadi. Kanizakda saxiy qalb, tiniq aql, adoqsiz mehr bor. U o‘zligini tanitayotgan, hayotdagi yo‘li, qadr-qimmatini tiklayotgan xarakter.
Kanizak o‘tgan asrning 30-yillari ayoli. U murakkab, zamonda yo‘l izlayotgan, ijtimoiy hayotdagi o‘rnini belgilayotgan ayol. Saidaning onasi ostona hatlab katta yo‘lga qadam bosar-bosmas eri tomonidan chavaqlab tashlandi. Arslonbek o‘ldim-kuydim deya yosh jamoatchi, o‘qituvchi Hurinisoga uylanib oldi. Qalandarov bitta po‘pisa bilan xotinini uy qafasiga tiqdi-qo‘ydi. Sobiq o‘qituvchi Hurinisoning zehn-aqlini po‘panak bosdi. Bora-bora u ariqqa egilib bir piyola suv ololmaydigan darajaga yetdi, kurortga borishni og‘ir, mashaqqatli ish deb biladigan bo‘ldi…
Saida XX asrning 60yillarida shakllangan rahbar. Kanizak va Saida oralig‘ida Hafiza («Shohi so‘zana») obrazi bor. Bu qiz yolg‘iz onasini, qadrdon qishlog‘ini tashlab, Dehqonboyning etagini mahkam tutib, cho‘lquvar tog‘asi Mavlonni qora tortib Mirzacho‘lga keladi. Hafiza cho‘lning og‘ir sharoitida, murakkab ijtimoiy munosabatlar jabhasida o‘sib-ulg‘ayadi.
Shunday qilib, Kanizak, Hafiza, Saida o‘zbek ayolining ijtimoiy hayotga kirib kelishi, o‘zligini topishi ifodalangan yoshlar timsollari. Mantiqan, mazkur uchlik yana bir timsolni taqozo etadi. Bu — Savriniso. U — uvoqqina personaj. «O‘tmishdan ertaklar»da tasvirlangan ijtimoiy muhit jaholat o‘chog‘i bo‘lsa, Savriniso zulmat ichra nur bo‘lib porlaydi, Abdulla singari o‘smirlar ruhida ezgulik, kelajakka umidni tarbiyalaydi. Abdulla Qahhor ijodida Savriniso, Kanizak, Hanifa va Saida timsoli asos, tayanch, markaz vazifasini o‘taydi.
E’tibor bering, yozuvchining «Sinchalak», «O‘tmishdan ertaklar» qissalari, «Tobutdan tovush», «Ayajonlarim» dramalari, «Dahshat», «Mahalla» hikoyalari 1956-1964 yillar oralig‘ida yaratildi. Sho‘ro davlati hukmronligi, kommunistik mafkura tazyiqi davrida 1956-1964 yillar demokratik tamoyillar bir qadar izga tushgan, insoniy iliqlik shabadalari esib, kishilar ruhida hayotbaxsh tamoyillari qayta uyg‘ona boshlaganligi bilan ajralib turadi. Kompartiyaning XX s’ezdi dahshatli qatag‘on — qirg‘inlar uchun insoniyatdan uzr so‘raganday bo‘ldi, millionlab xorlangan, xo‘rlanganlarning qadrini, sha’nini tikladi, qo‘rqinchli tushdek kechgan umrlar, taqdirlar haqidagi san’at asarlarini yuzaga chiqardi. Irodasi singan, ruhi so‘ngan minglab kishilar qayta hayotga qaytdi. Ana shu ko‘tarinki ruh ta’sirida Abdulla Qahhor eng sara asarlarini yaratdi. «Sinchalak» yangicha ruh, iliq ijtimoiy kayfiyatning samarasi bo‘lib, 1958 yilda yozib tugallandi. 1959 yilning boshlarida qissa «Roman-gazeta», «Zvezda Vostoka» jurnallarida chop etildi, kitob shaklida o‘zbek tilida bosildi. Qissa haqida Homil Yoqubov, Ozod Sharafiddinov, Matyoqub Qo‘shjonov va boshqa tanqidchilar yaxshi maqolalar yozdilar. Qissaning shaxdam qadamini to‘xtatishga harakat qilib, har xil muhokama-yu bahslar uyushtirishga behuda uringanlar ham bo‘ladi.
Ixchamgina qissada surat bilan siyrat o‘rtasidagi nomuvofiqlik ko‘zga darhol tashlanadi. Asarda kommunistik partiya, raykom sekretari, partiya byurosi, partiya majlisi, sotsializm, kommunistik musobaqa singari so‘z, birikmalar talaygina. Ko‘zga tashlanib turadigan qizil so‘zlar 80yillarda ba’zi taftishchi-tanqidchilarni shoshirib qo‘ydi: ular bu «sof partiyaviy qissadan» voz kechib qo‘ya qolishni ma’qul deb bildilar. Yaxshiyamki, o‘sha «donishmand»larning fikri inobatga olinmagan ekan. Aks holda, tikandan cho‘chib, guldan, ilondan qo‘rqib xazinadan voz kechgan odam holatiga tushib qolgan bo‘lardik. «Sinchalak» insonni sevish, anglash haqidagi asardir. Uning har bir sahifasidan insonga mehr, odamni e’zozlash ruhi ufurib barq urib turadi.
Masalan, raykom sekretari Tohirjon Nosirov qamchisidan qon tomgan odamni emas, mehrigiyosi kuchli, nimjongina Saidani «Bo‘ston»ga partbyuro kotibi vazifasiga yo‘llaydi. Raykom sekretari siyosiy masalalarni bayroq qilib ko‘tarmaydi. U xo‘jaliklarni aql-hush bilan boshqarishni, kishilarga jabr qilmaslikni asos deb biladi. Yodingizda bo‘lsa, Saida qo‘rs Qalandarovdan, devday Arslonbek Qalandarov sinchalakdek partiya kotibi ustidan shikoyat qilish uchun raykomga keladilar. Tohirjon Nosirov na Saida, na Qalandarov shikoyatini tinglaydi: suhbat mavzuini jamoa xo‘jaligi hayotiga burib yuboradi.
Qissada nozik bir ishora bor. «Bo‘ston» raisi Qalandarov rahbarlardan Qodirovni, ovqatlardan palovni, dorilardan penitsillinni tan olardi. Raykomning sobiq sekretari Qodirovning tushunchasi, bilimi dongdor, chalasavod raisnikidan unchalik baland emasdi.
Tohirjon Nosirov ta’limini olgan Saida jamoa xo‘jaligida insonlar omilini ko‘tarishni, turmushini yaxshilashni birinchi o‘ringa qo‘yadi. Qishloqning yoshu qarisi Saidani hurmat qiladigan, uni «O‘zimizning Saidaxon» deya e’zozlaydigan bo‘ldi. Xalq Qalandarovning soyasiga ko‘rpacha to‘shar, ammo unga zinhor qalbini ochmasdi. Saida Qalandarovni rosa o‘rgandi, uning yuragida jamoaga, jamoa a’zolariga hurmat kuchliligini angladi. U rais tabiatidagi fazilatlardan o‘rnini topib foydalana boshladi. Rais Saidani «juda pishib qolgan bir kampirnikiga» boshlab keldi:
— Jiyaningizni olib ketgani keldim. Ish topdim.
— O, bolam, — dedi kampir, — ishga yaramaydi! Aqli bo‘lmasa, kuchi bo‘lmasa..
— Men topgan ishga aql ham kerakmas, kuch ham, lekin yarim mehnat kuni oladi. Odamning chiqiti bo‘lmaydi, aytib chiqing!» Kecha Gulag hududida chiqit odamlar son mingta edi. Bugun aqli noqis odamga ham ish topilib turibdi.
«Sinchalak»da Qalandarov va Saida asar g‘oyasini ochishda tayanch, kuch vazifasini o‘taydi; biri — ikkinchisini to‘ldiradi. Muhimi shundaki, Qalandarov bilan Saida o‘t bilan suvday gap. Ular orasidagi bahs har xil vaziyatlarda, har xil shakllarda davom etadi. Saida atrofiga Kozimbek, Umida, Usmonjon, Ismoiljon singari yoshlar uyusha boshlaydi. Kezi keldi, «Sinchalak» qissasi talqini, tahliliga oid bir mulohazani aytib o‘tay. Qissa yozilganiga yarim asr bo‘ldi. Bu davrda asarni rus, o‘zbek hamda xorijiy tanqidchilar tahlil qildilar. Afsuski, qissaning akademik nashri hanuz yaratilmagan. Matn ruhiga kirish, uni sinchik-lab o‘rganish — asarning akademik nashrini tayyorlashni taqozo etadi. «Sinchalak» haqidagi maqolalar jamlansa, qissa hajmidan bir necha barobar ortib ketdi. Lekin hanuzgacha asarda na munaqqidlar, na muharrirlar ko‘rmagan kamchilik-lar mavjud. Yozuvchi Saidani Tojixon va Hamidulla xonadoniga boshlaydi:
«Uning hovlisini, uyini, ro‘zg‘orini ko‘rib, Saidaning og‘zi ochilib qoldi: hovli emas, guliston — bo‘ston, uy emas, kichkina qasr, ro‘zg‘or emas, xazina — muzey! Stolovoyga kirilganda jilvalanib turgan mebellar, hech qayerda ko‘rilmagan kattakon yarqiroq radiopriyomnik, bufetning oynasidan kamalakning hamma rangida tovlanayotgan xrustal va qimmatbaho chinni anjomlar, devorlarga osilgan alomat suratlarning zarhal ramkalari ko‘zni jimirlatib yuborar edi». Abdulla Qahhor asarlarida sifat, sifatdoshlar bunchalik ko‘p qo‘llanishi, o‘zbekcha nomlari aniq «eshitilib» turgan so‘zlarni ajnabiy atamalarda berilishi g‘alati tuyular ekan.
Yana bir parchani o‘kib ko‘raylik. «Tojixon tushuntirib berdi. Eri uning mana shu xilda do‘ppi tikib, Furqat aytmoqchi:
O‘smadin qoshlar qaro, qo‘llar xinodin lola rang,
Durraning og‘ushida peshonaning ahvoli tang…
bo‘lib, o‘tirishini orzu qilar ekan”
Furqatning «Kelinchak» g‘azali aslida: «Surmadin ko‘zlar qaro qo‘llar xinodin lolarang» misrasi bilan boshlanadi. Bu misra Fuzuliyniki bo‘lib, «ustozlardan bir misra yoxud bir baytni olib, shu vaznda she’r yozish» sharq adabiyotida «tazmin» deb ataladi. Furqat tazmin etgan Fuzuliy muxammasining oxirgi bayti bunday boshlanadi:
«Surmadan ko‘zlar qaro, allar xinodan lolarang».
Furqat tazmin qilgan g‘azalning ikkinchi bayti quyidagicha:
Za’faroniy ko‘ylak uzra arg‘uvoniy kamzihul
Ro‘ymol og‘ushidin peshonani ahvoli tang.
Abdulla Qahhor mumtoz g‘azalga ancha erkin yondashgani ko‘rinib turibdi.
Men «Sinchalak»ning Tojixon va Hamidulla oilalari tasviriga bag‘ishlangan XXI bobini o‘qib hayron qoldim. Matnning zanjirday puxta emasligi, so‘z qo‘llashdagi parishonlik g‘alati tuyuldi. Abdulla Qahhor mohir zargar, so‘zlarni chertib-chertib, o‘rniga qo‘yib-qo‘yib tasvirlovchi usta yozuvchi sifatida shuhrat qozongan. Lekin nega Tojixon tarixi qissa ruhiga singib ketmayapti? Keling, yozuvchi — Abdulla Qahhor ruhiga kirishga harakat qilaylik. Jamoa a’zolari amal-taqal qilib kun kechiryaptilar. Oynisaga o‘xshagan ayollar og‘ir mehnatdan ezilib ketgan: uzzu kun dalada, shoir aytganidek, saraton doshqozonida, ayoz bobo quchog‘ida ishlaydilar. Horib-charchab uyga qaytadilar-u, bola-chaqa, er, mol-holga qaraydilar, xamir qoradilar, tandirga o‘t yoqadilar. Ustiga-ustak erga ayolday ko‘rinish tadorigini ko‘radilar. Dahshati shundaki, ular kasalxona, tug‘ruqxonaga tushib qolsalar, garchi qishloqda yashasalar-da, bir piyolagina oqlikka zor bo‘ladilar. Mingdan bir ayolgina Tojixonday obro‘-e’tiborga loyiq topiladi — orden-medallarini siqqanicha ko‘ksiga qadaydi, qolganini ro‘molchaga tugib yuradi. Bunday baxtli ayollar bironta kattaning e’tiborini qozongan bo‘ladi, odatda. Abdulla Qahhor buni juda yaxshi biladi. Demak, Hamidullaning rashklari sarob emasligini his qiladi. Ikkinchidan, yozuvchi Hamidullaning aqlli-hushli, tadbirkorligiga qoyil qoladi. Tojixonning o‘zi aytib turibdi: «Hamidulla durust: ichmaydi, chekmaydi, beyo‘riq ulfatchilik qilmaydi». Shunday aqlli, toparmon er suyukli xotinini bekadek bejab qo‘ysa yomonmi? Abdulla Qahhor o‘zi sevgan ota kasbini Hamidullaga ravo ko‘radi. Tojixonnng eri «avtomobilning elektr uskunasi, mototsikl, ayniqsa, radiopriyomnik tuzatishga rayonda ham tengi kam topiladigan usta bo‘lib, bu ishlarni kechalari ba’zan uyida, ba’zan mijozlarining hovlisiga qatnab qilar ekan». Abdulla Qahhor Zulfiqorov va Mehri tarixini ham qoyillatib yozib qo‘ygan. Hamidulla bunday «tarixlar»dan bexabar deb bo‘ladimi? Qolaversa, Qalandarov, boshqa rais, amaldorlar ham xotinlarini daladagi qullarcha mehnatdan xalos qilganlar. Hamidulla shunday yo‘lni tutgan bo‘lsa, ne ajab? Hamidulla va Tojixon tarixi tasvirida Abdulla Qahhorning yozuvchilik mahorati va inson sifatidagi o‘y-qarashlari to‘qnashdi. U Hamidullani zamonaviy mo‘min-qobil Otelloga aylantiradi. Bunday mohirona tasvirga qoyil qolish mumkin, lekin XX1 asrning zukko kitobxonlari, chin demokratiyani his qilgan kishilar Abdulla Qahhor ruhidan kechgan asl holatni topib oladilar. Abdulla Qahhor komfirqaning XX s’ezdida aytilgan fikr-mulohazalarga tasannolar aytdi. Lekin u sho‘ro hukumati mustahkam, uncha-muncha odamni suyab qolish, lozim bo‘lsa ta’zirini berib qo‘yishga qodirligini chuqur anglaydi. Xullas, Abdulla Qahhor mohir, sezgir san’atkor edi. Ayni vaqtda u sho‘ro davlatining fuqarosi, sotsrealizm adabiyoti namoyandasi ekanligini nozik anglardi.
Abdulla Qahhorning «Sinchalak» (1958), «O‘tmishdan ertaklar» (1964) qissalarida diqqatni jalb qiladigan istiloh, atamalar ko‘p. Badiiy asar unutilayozgan eski so‘zlarni qayta jonlantiradi, ularni faol so‘z, iboralar safiga qaytaradi. Yalangtayoq, tovdon, tutal, bo‘riq, javpakpesa, qamishmushak, sariq so‘piyon, kaklikning qaqquvog‘i, chilon (chlen), zindambir (zemlomer), buvak (ukacha), silov, xayis, vofurush, karnaygul (gromofon), shayton arava (velosiped), bozvon, baranchuk, «qo‘li, oyog‘i kesilib keliga o‘xshab qolganlar», «engiga yig‘lash», «tutxo‘rlikdan sutxo‘rlikka» singari so‘z, iboralar diqqatni jalb etadi.
Xullas, Abdulla Qahhor ijodida yoshlarning pishiq-puxta yaratilgan o‘nlarcha xarakter, timsollari bor. Boshqacha aytganda, yozuvchi hayotda ham, ijodda ham yoshlar ruhidagi o‘sish-o‘zgarishlarni qunt bilan kuzatgan. Hurfikrlilik shabadasi emin-erkin esib qolgan 1956-1964 yilarda Abdulla Qahhor eng yaxshi, pishiq-puxta, badiiy yuksak asarlarini yaratdiki, ular har doim yangi, XX1 asr kitobxonini ma’naviy-estetik didini yuksaltirishga hissa qo‘shadi.
«Jahon adabiyoti» jurnali, 2007 yil, 4-son