Malala Yusufzay 1997 yil 12 iyulda Pokistonda tug‘ilgan.
Otasi Ziyovuddin Yusufzay – shoir, davlat maktablari tizimida ishlaydi. Toliblar ular yashaydigan Svat vodiysida hukmronlik o‘rnatgach, qizlarning maktabga qatnashini taqiqlab qo‘yadi. Shu bois 2009 yildan Malala VVS uchun «Gul Makay» (Bo‘tako‘z) taxallusi bilan blog yurita boshlaydi. Unda bolalarning ta’lim olishga bo‘lgan huquqlarini himoya qilib, toliblarning johilligini fosh etadi.
2012 yilning 9 oktyabrida toliblar uning joniga qasd qiladi. Toliblarning maktab avtobusiga uyushtirgan hujumi natijasida Malala va uning yonida o‘tirgan ikki qiz jarohatlanadi. Og‘ir ahvoldagi yarador qiz Peshovardagi shifoxonaga olib boriladi. 15 oktyabrda esa Malala Buyukbritaniyaning Birmingem shahridagi harbiy gospitalga ko‘chiriladi.
Malalaga qilingan suiqasd butun dunyoda qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Pokistonda ikki milliondan ziyod kishi Malala bilan birdamlik ramzi sifatida hukumat nomiga yozilgan «Ta’lim olish huquqi» degan iltimosnomaga qo‘l qo‘ydi.
2013 yili oktyabr oyida Buyukbritaniyada Malala Yusufzayning ingliz jurnalisti Kristina Lemb bilan hammualliflikda yozilgan «Men Malalaman» nomli avtobiografik kitobi chop etildi.
Malala Yusufzay 2014 yil 10 oktyabrda Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan. Shuningdek, Malala yana bir nechta xalqaro mukofotlar bilan ham taqdirlangan. U butun dunyo bolalarining ta’lim olishiga ko‘maklashuvchi «Malala fondi»ning asoschisidir.
Malala tug‘ilgan kun – 12 iyul BMT qarori bilan «Malala kuni – bolalarning ta’lim olishi uchun kurash kuni» deb belgilangan.
* * *
2013 yilning 12 iyulida BMT Yoshlar assambleyasida so‘zlangan nutq
Bismillahir rohmanir rohiym.
Muhtaram Bosh kotib Pan Gi Mun janoblari, hurmatli Bosh assambleya raisi Vuk Jeremik, Global ta’lim bo‘yicha BMTning faxriy elchisi janob Gordon Braun, hurmatli ustozlar va mening qadrdon aka-ukalarim, opa-singillarim, assalomu alaykum!
Uzoq vaqtdan so‘ng siz bilan yana uchrashib turganimdan g‘oyat xursandman. Bu dargohda sizdek ulug‘ odamlar davrasida bo‘lish xotiramda umrbod saqlanib qoladigan farahbaxsh hodisa. Huzuringizga marhuma Benazir Bxuttoning ro‘molini boshimga o‘rab kelish sharafiga musharraf bo‘lganim ham menga cheksiz quvonch bag‘ishlaydi. Azbaroyi hayajonlanganimdan gapimni nimadan boshlashni ham bilmayapman. Odamlar mendan qanday gap kutayotganini bilmayman, avvalo, hammamizni inson qilib yaratgani uchun Ollohga beadad shukur, mening tezda oyoqqa turib yangi hayot boshlashimni so‘rab duo qilganlarga mingdan-ming rahmat. Odamlar meni shunchalik yaxshi ko‘rishini tasavvurimga sig‘dira olmaganman. Men butun dunyodan yaxshi tilaklar bildirilgan minglab maktublar va sovg‘alar oldim. Ularning barchasi uchun barcha do‘stlarga tashakkur aytaman. Beg‘ubor tilaklari og‘ir damlarimda qalbimga dalda bo‘lgan bolajonlardan minnatdorman. Duolari bilan menga umr tilab turgan yoshi ulug‘larga qulluq. Yana oyoqqa turishim va kuchga to‘lishimga yordam bergan Pokiston va Buyukbritaniyadagi shifoxonalarning qo‘li yengil vrachlari, farishtamonand hamshiralari va barcha xodimlariga hamda Birlashgan arab amirliklari hukumatiga minnatdorlik bildirmoqchiman.
Men Bosh kotib Pan Gi Mun janoblarining, BMTning global ta’lim bo‘yicha faxriy elchisi Gordon Braun va BMT Bosh assambleyasi raisi Vuk Jeremikning global ta’limga oid tashabbus va sa’y-harakatlarini jonu dilim bilan qo‘llab-quvvatlayman. Ular bizni tinmay harakat qilishga undamoqda. «Intilganga tole yor» deb bejiz aytmaganlar axir. Qadrli aka-ukalar, opa-singillar, shuni doim yodda tuting: Malala kuni faqat mening kunim emas. Bu kun o‘z huquqini talab qilayotgan har bir ayolning, har bir o‘g‘il-qizning kunidir. O‘z huquqlarini nafaqat talab qiluvchi, balki ezgu maqsadi – tinchlik va tenglikka erishishga, ma’rifatga bor kuchi bilan intiluvchi, inson huquqlari uchun kurashuvchi yuzlab fidoyilar bor.
Terrorchilar minglab kishilarni o‘ldirdi, millionlab kishilarni yaraladi. Men jabrlanuvchilardan bittasiman, xolos. Mana qarshingizda turibman. Mana qoshingizdaman: ko‘pchilik orasidagi yolg‘iz bir qizcha. Men o‘zim haqimda gapirayotganim yo‘q, mening ovozim tinch yashash huquqi uchun, insoniy haqlari uchun – ularga odamdek munosabatda bo‘lishlari uchun, hammaga teng imkoniyat berilishi uchun, ta’lim olish huquqi uchun kurashganlarning ovozidir.
Qadrli do‘stlar, 2012 yilning 9 oktyabrida toliblar menga qarata o‘q uzdi. Do‘stlarimni ham o‘qqa tutdi. Ular bizning ovozimizni o‘q bilan o‘chirmoqchi bo‘ldi, biroq bu niyatiga erisha olmadi. Ularning kutganining aksi bo‘lib, ovozimizga minglab ovozlar qo‘shildi. Terrorchilar bu qizning maqsadini o‘zgartiramiz, intilishlarini to‘xtatamiz deb o‘ylashdi. Ammo mendagi zaiflik, qo‘rquv va umidsizlik o‘rnini kuch, jasorat va iroda egalladi. Hayotimda bundan boshqa o‘zgarish bo‘lgani yo‘q. Men o‘sha Malalaman, niyatlarim, umidlarim, orzularim ham o‘sha-o‘sha. Qadrli aka-ukalar, opa-singillar, men hech kimga qarshi emasman. Bu yerda toliblarga yoki boshqa har qanday terrorchilik guruhiga yomonlik tilamoqchi emasman. Men bu yerda har bir bola ilm olish huquqiga egaligi haqida gapirmoqchiman. Men toliblarning va barcha terrorchi-yu ekstremistlarning ham farzandlari ilm olishini, ma’rifatli bo‘lishini xohlayman. Men hatto o‘zimga o‘q otgan tolibga ham yomonlikni istamayman. Hatto qo‘limda qurolim bo‘lganda ham uni otmagan bo‘lardim. Bu tuyg‘u men rahmdillikda tengi yo‘q hazrati payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomdan, Iso Masihdan, Buddadan o‘rgangan rahm-shafqat tuyg‘usidir. Bunday qarash kaminaga Martin Lyuter King, Nelson Mandela va Muhammad Ali Jinnadan merosdir.
Ana shu kuch ishlatishdan voz kechish falsafasini men Gandidan, Bacha Xondan, Tereza onadan o‘rganganman. Bu – kechirimlilikdir, u menga ota-onamdan o‘tgan. Qalbim menga mudom hammani yaxshi ko‘r, hammaga yaxshilik sog‘in deya amr qiladi.
Qadrli aka-ukalar, opa-singillar, zulmatda yorug‘lik qadri ortgani kabi jim bo‘lishga majbur etilganimizda ovozimizning ahamiyatini yaxshi anglaymiz. Shunga o‘xshash, biz Pokistonning shimolida, Svat vodiysida bo‘lganimizda qurol-yarog‘lar uyumini ko‘rib kitob va qalamning naqadar ahamiyatli ekanini yanada teranroq his etdik. «Qalam qilichdan qudratlidir» deydi ulug‘lar. Haq gap. Ekstremistlar kitobu qalamdan qo‘rqadi. Ilmning qudrati ularni cho‘chitadi. Ular ayollardan qo‘rqadi. Ayol ovozining qudrati ularni vahimaga soladi. Ular yaqinda Kvettada o‘n to‘rt nafar begunoh talaba qonini to‘kkanining sababi shu. Aynan shuning uchun ular ayol muallimlarni o‘ldirmoqda, har kuni maktablarni portlatmoqda. Chunki ular biz intilayotgan hodisa yuz berishidan – jamiyatda jiddiy o‘zgarishlar amalga oshirilib tenglik qaror topishidan qo‘rqadi. Maktabimizdagi bir boladan jurnalist «Toliblar nima uchun bolalarning ilm olishiga qarshi?» deb so‘ragani yodimda. Bola unga kitobini ko‘rsatib, lo‘nda qilib: «Tolib bu kitobda nima yozilganini bilmaydi», – deb javob bergan edi.
Ular bolalarga maktabga borgani uchungina qurol o‘qtalar ekan, Ollohning amri bilan shunday qilayapman deb ko‘r-ko‘rona o‘ylaydi. Terrorchilar o‘z manfaatlari yo‘lida tinchlik dini bo‘lgan muqaddas islom dinini niqob qilib olgan. Pokiston tinchliksevar mamlakat. Pushtunlar o‘g‘il-qizlarining ma’rifatli insonlar bo‘lib voyaga yetishini orzu qiladi. Islom – tinchlik, insonparvarlik va birodarlik dini. Unda har bir muslim va muslimaga ilm olish farz qilib qo‘yilgan. O‘g‘ilmi-qizmi, farzandining ilm olishi uchun sharoit yaratish ota-onalarning burchidir. Ko‘p mamlakatlarda, ayniqsa, Pokiston va Afg‘onistonda terrorchilik, urush va nizolarlarning avj olgani bolalarning maktabga borishiga to‘siq bo‘lmoqda. Biz birodarkushlik urushlaridan juda charchadik. Ayniqsa, bema’ni ixtiloflardan ayollar va bolalar jabr chekmoqda.
Hindistonda begunoh va nimjon bolalar non topish uchun og‘ir yumushlarni bajarishga majbur bo‘layapti. Nigeriyada aksar maktablar vayron etilgan. Afg‘onistonda odamlar ekstremizm vahimasidan jon hovuchlab yashayotir. Ona suti og‘zidan ketmagan qizlar turmushga chiqishga majbur qilinayotir. Qashshoqlik, savodsizlik, adolatsizlik, irqchilik hamda eng muhim huquqlardan mahrumlik erkaklar ham, ayollar ham birday duch kelayotgan o‘ta og‘ir muammolardandir. Bugun men ayollar va qizlar huquqlariga ko‘proq to‘xtalmoqchiman. Chunki ular hammadan ko‘p jabr chekmoqda. Ayollar fidoyi erkaklardan ularning huquqlarini himoya qilishlarini so‘ragan vaqtlar ham bo‘ldi. Endi bu ishni o‘zimiz qilamiz. Men odamlarga ayollar huquqlarini himoya qilishdan to‘xtang demoqchi emasman, faqat ayollarning o‘zlariga e’tibor qaratmoqchiman, ular o‘zlari uchun o‘zlari kurashishga o‘rganishi kerak. Ha, qadrli aka-ukalar, opa-singillar, bu haqda baralla gapirish vaqti yetdi. Shu bois bugun biz barcha mamlakatlar rahbarlarini tinchlik va taraqqiyotni ta’minlash uchun o‘z strategik siyosatlarini o‘zgartirishga chaqiramiz. Barcha bitimlarda ayollar va bolalar huquqlari himoyasi ifodalanishi kerak. Birorta ham bitim ayollar huquqlariga zid bo‘lmasligi darkor.
Biz barcha davlatlarni dunyodagi har bir bola uchun bepul majburiy ta’limni kafolatlashga chaqiramiz. Barcha hukumatlarni terrorchilik va zo‘ravonlikka qarshi kurashishga, bolalarni shafqatsizlik va yovuzlikdan himoya qilishga da’vat etamiz. Mutaraqqiy mamlakatlardan rivojlanayotgan mamlakatlardagi qizlar uchun ta’lim olish imkoniyatini kengaytirishga ko‘maklashishni so‘raymiz. Biz dunyodagi barcha jamiyatlarni bag‘rikenglikka, tabaqasi, maslagi, dini, mazhabi, rangiga qarab odam ajratmaslikka, ayollar uchun erkinlik va tenglikni kafolatlashga chaqiramiz. Shundagina ular komillikka erishishi mumkin bo‘ladi. Ayollarning yarmi asosiy huquqlaridan mahrumligicha qolar ekan, davlat va jamiyat muvaffaqiyatga erisha olmaydi. Biz butun dunyodagi opa-singillarimizni jasur bo‘lishga, o‘zida kuch topib, iqtidorlarini to‘la ro‘yobga chiqarishga chorlaymiz.
Qadrli aka-ukalar, opa-singillar, biz kelajagi porloq bo‘lishi uchun har bir bola maktabda ta’lim olishi zarur deb hisoblaymiz. Ushbu maqsadimizga erishish yo‘lida tinmay harakat qilamiz. Bizni hech kim to‘xtata olmaydi. Hamisha, hamma joyda o‘z huquqlarimiz haqida gapirishdan tolmaymiz. Biz so‘zlarimizning kuchi va qudratiga ishonamiz, bizning so‘zlarimiz butun dunyoni o‘zgartira oladi. Maqsadga erishishni xohlar ekanmiz, keling, ilmu ma’rifatga oshno bo‘laylik, qo‘lni qo‘lga berib yanada jipslashaylik.
Qadrli aka-ukalar, opa-singillar, biz millionlab odamlar qashshoqlik, adolatsizlik va bilimsizlikdan aziyat chekayotganini unutmasligimiz kerak. Biz millionlab bolalar maktabda o‘qish baxtidan mosuvo ekanini yodda tutishimiz darkor. Aka-ukalarimiz, opa-singillarimiz ertasi porloq bo‘lishini, tinch zamonda baxtiyor yashashni orzu qilishini har lahzada his etib turishimiz zarur.
Shunday ekan, bizga ishlab pul topishga, savodsizlikka, qashshoqlik va terrorizmga qarshi shonli kurash olib borishga imkon bering. Bizga kitoblarimiz va qalamlarimizni bering, ular bizning eng zo‘r qurolimizdir. Bitta bola, bitta muallim, bitta kitob va bitta qalam dunyoni o‘zgartirishga qodir. Muammoning yagona yechimi ma’rifatdir. Eng avvalo ma’rifatdir. Tashakkur.
Hasan Karvonli tarjimasi