Hindiston, Dehli, 1974 yil 23 noyabr
Ko‘hna sanskrit maqolida shunday deyiladi: «Ayol bu — oila, oila esa jamiyatning asosidir». Biz o‘zimizga ro‘zg‘or quribgina jamiyatni barpo eta olamiz. Agar uyda har bir bolaning durkun o‘sishi va kamolga yetishi uchun zarur bo‘lgan mehr-muhabbat muhiti va eng kerakli narsalar, shu jumladan, shart-sharoit yetarli bo‘lmasa, mamlakatda ham uyg‘unlik, hamjihatlik bo‘lmaydi. Hamjihatlik bo‘lmagan joyda esa mamlakatning biron-bir yo‘nalishda taraqqiy etishini tasavvur qilish mumkin emas.
Mana, nima uchun xotin-qizlarning ta’lim olishi o‘g‘il bolalar va erkaklar ta’limiga qaraganda muhimroq ekan. Biz — men «biz» deganda nafaqat Hindiston aholisini, balki butun dunyodagi odamlarni nazarda tutayapman — shu paytgacha xotin-qizlar ta’limiga e’tiborsizlik bilan qarab keldik. Uning keng tarqala boshlaganiga hali ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Albatta, siz buni eslay olmaysiz, masalan, men yosh bola paytim Angliyada xotin-qizlar ta’limiga endigina e’tibor qaratish boshlangan edi. Hammasi nimadan boshlanganini odamlar yaxshi bilardi.
Hozir bizda ta’lim olish imkoniyati paydo bo‘lgan va butun mamlakatda ushbu ta’lim jamiyatning yoki bizning yoshlarimizning ehtiyojlariga mosmi yo yo‘qmi degan mavzuda bahs-munozaralar davom etmoqda. Men hamisha ta’lim sohasi tub islohotlarga muhtoj deb bilganlarning biriman. Lekin, shu bilan birga, men bizda ta’lim sohasidagi ahvol unchalik yomon emas deb hisoblayman. Bizdagi ta’lim tizimi sababli, garchi uning bugungi ahvoli unchalik qoniqarli bo‘lmasa ham, Hindistonda ajoyib erkak va ayollar, ayniqsa, butun dunyoda, hatto eng boy davlatlarda ham tanqislik sezilayotgan turli sohalarning juda ko‘p ajoyib olim va mutaxassislari yetishib chiqmoqda. Yoshlarimizning ko‘pchiligi chet davlatlarda rizqini terishni ixtiyor etayapti, chunki u diyorlarda mehnatga ko‘proq haq to‘lashadi, sharoiti ham yaxshi.
Bizning qadimiy an’analarimiz va boqiy qadriyatlarimizni hozirgi zamon ilm-fani yutuqlari bilan uyg‘unlashtira olish zamonaviy ilmli ayolning asosiy majburiyatlaridan biri deb bilaman. Eskidan qolgan narsalarning hammasi birday yaxshi yoki birday yomon bo‘lmagani singari, yangi chiqqan narsalarning hammasi ham yaxshi bo‘lavermaydi. Bir marta va birdaniga, uzil-kesil emas, muntazamlik bilan, deyarli har hafta, har oy dunyoda bizning mamlakatimiz uchun foydali va yaxshi nimalar paydo bo‘layotganini aniqlashtirib borishimiz zarur, shuningdek, jamiyatimizning ko‘hna merosidan nimalarni ko‘z qorachig‘iday avaylab-asrashimiz lozimligini bilishimiz shart. Ko‘pchilik odamlar zamonaviy ko‘rinish uchun yangi urf bo‘lgan kiyimlarni kiyish yoki moda bo‘lgan so‘zlarni ishlatish yoxud muayyan narsalarga odatlanish shart deb o‘ylaydi. Ammo bularning o‘zi yetarli emas. Bular zamonaviy insonning zohiriy belgilari, xolos.
Hindiston biz orzu qilganday jamiyatga aylanishi uchun – qadimiy an’analarimiz va tabarruk zaminimiz poydevor bo‘lgan zamonaviy, maqbul jamiyatga aylanishi uchun fikrlaydigan odamlarimiz, tafakkur qiladigan qiz-juvonlarimiz bo‘lishi kerak. Ular xorijdan keladigan hamma narsani ko‘r-ko‘rona qabul qilmasligi, balki ularning tagiga yetib, nimani olish mumkinu nimani olib bo‘lmasligini o‘zlari hal qilishlari lozim. Mana, ilm bizga nima uchun kerak! Ilm yoshlarga doimo o‘zgarib turadigan dunyoga moslashish va uning taraqqiyotiga hissa qo‘shish imkonini beradi.
Ba’zi birovlar faqat yuqori lavozimlarni egallabgina muhim bir ishni amalga oshirishing yoki o‘z yurtingga xizmat qilishing mumkin deb o‘ylaydi. Biroq hammamiz yaxshi bilamizki, hatto bitta kichkinagina murvati ko‘ngildagidek ishlamasa, eng murakkab mexanizmlar ham keraksiz matohga aylanadi. Ko‘rayapsizmi, bu murvatchaning ahamiyati har qanday yirik detalnikidan kam emas. Davlatning hayoti haqida ham shunday deyish mumkin. Kasblarning ahamiyatsizi bo‘lmagani kabi, odamlarning kichkinasi bo‘lmaydi. Hammaning o‘z vazifasi bor. Er yo ayol kishi bo‘lishidan qat’i nazar, hamma o‘z ishini yaxshi bajarsa, butun mamlakat gullab-yashnaydi.
Bizda qora ish, notoza ish degan asossiz tushunchalar bor. Masalan, ko‘cha supurish notoza ish hisoblanadi. Juda kam odamgina bu ishning boshidan tutadi, ko‘pchilikning bunga bo‘yni yor bermaydi. Holbuki, go‘ng bugungi kunda dunyodagi eng qimmat narsalardan biridir. Ko‘p davlatlar iqtisodiy inqiroz domiga tushishining birgina sababi shuki, ularda o‘g‘it yetishmaydi, kimyoviy o‘g‘it emas, oddiygina go‘ng, supurindi taqchil. Boshqacha aytganda, ilgarilari iflos sanalgan narsa bugungi kunda kamyob bo‘lib turibdi.
Hozir ayon bo‘lmoqdaki, dunyo shunday ajoyib yaralgan ekanki, unda hamma narsaning o‘z o‘rni bor, hamma narsa umumiy mexanizmga tutash. Qora ishmi, kichkina narsami, hamma narsaning o‘z vazifasi mavjud.
Xullas, ilm sohibi sifatida ulkan ustunlikka ega bo‘lgan yurtdoshlarim, barchangiz nafaqat o‘z ishingizni, milliy manfaatlarimizni bir dam ham yodingizdan chiqarmagan holda bajarasiz, balki totuvlik, birdamlik, hamjihatlik muhitini yaratishga hissa qo‘shasiz, odamlarimiz va diyorimiz hayotiga chiroy baxsh etasiz deb umid qilaman. Menimcha, Hindiston xotin-qizlarining burchi, alohida vazifasi mana shu! Biz o‘z yurtimiz uchun juda ko‘p ish qilishni xohlaymiz, lekin hech qachon Hindiston tashqi olamdan uzilib qolgan deb hisoblamaganmiz. Bizning istagimiz dunyoni yana ham yaxshiroq qilishdir. Shu bois biz Hindistonning muammolariga global muammolar nuqtai nazaridan baho berishimiz shart.
Hasan Karvonli tarjimasi