Adabiyot yo‘nalishi bo‘yicha Nobel mukofotiga loyiq topilganimni ilk bor eshitib hayron qoldim. Qo‘shiqlarimning adabiyotga qanday daxli bor ekan, deb o‘yladim. E’tiroz bildirgim keldi, chunki bog‘liqlikni bilishni istardim va sizga bu haqda so‘zlashga azmu qaror qildim. So‘zimni ibtidosidan boshlaydigan bo‘lsam, Baddi Xollini xotiramga olishim kerak. Kamina o‘shanda o‘n sakkiz bahorni qarshilagan, Baddi esa yigirma ikkiga qadam qo‘ygandi. Ovozini tinglaganimdayoq qadrdonim ekanligini anglaganman. Baddi «rok-n-roll», «ritm» va «blyuz»ni birlashtirib, yangi yo‘nalishga asos soldi. U arxetip (g‘ayritabiiylik orqali idrokka ta’sir o‘tkazish) edi. Baddining ijrosini tomosha qilish uchun olis yo‘l bosib keldim, musofirchilik meni sira tashvishga solgan emas. Jasoratli qo‘shiqchining dadilligi yaqqol sezilib turardi. O‘sha kun undan olti qadam narida yuzidan nigohimni uzmay turardim. Yigirma ikki yoshli yigitga aslo o‘xshamasdi. Keyin kutilmagan hodisa sodir bo‘ldi. Ko‘z-ko‘zga tushdi va nimadir etimni junjiktirib yubordi. U qo‘limga «Paxta maydoni» qo‘shig‘i yozilgan Leadbelly albomini tutqazdi. Ikki kundan so‘ng uning halokatga uchrab vafot etganini eshitdim.
O‘sha albom hayotimni o‘zgartirib yubordi va meni butkul noma’lum olamga olib kirdi. Hayotimdagi mazkur yangilikni portlashga mengzayman. Zulmat qa’rida yashayapman-u, qo‘qqisdan paydo bo‘lgan gulxan nuri umrimni yoritib yuborganday edi. Kimdir yelkamni tutib, yozilgan o‘sha qo‘shiqlarni yuz martalab ijro etishim shart-ligini uqtirardi. Unda bir talay san’atkorlarning ismi yozilgan: «Yo‘qolgan shaharning yangi darbadarlari»: Sonni Terri va Brauni Makki, Jan Richi. Bu nomlarni ilgari sira eshitmagandim. Ismi albomda qayd etilibdimi, demak, tinglash kerak.
Musiqa olamiga shu darajada mukkasidan ketdimki, alal-oqibat jonajon xonadonimni tashlab, qo‘shiq iziga tushdim. O‘sha kuylar radiodagiga nisbatan ta’sirliroq va realroq yangrardi. Qadimiy balladayu, blyuzini qalban his qilishga qodir edim, biroq qolganini boshidan o‘rganishga to‘g‘ri keldi. Avvaliga kichik davralarda kuy chaldim. Ko‘cha-kuyda ijro etganimda to‘rt-besh yo‘lovchini aytmasa, tinglovchi topilmasdi. Ayrim qo‘shiqlar samimiy yangrar, ayrimlarini muxlis qalbiga yetkazish uchun ovozim boricha baqirardim.
Ulg‘ayganim sari xatolarimni anglay boshladim. Ilk folklor qo‘shiqlar qo‘shiqchiga ona tilini yaxshiroq o‘rganish imkonini beradi. Til hamma so‘zlarniyu tuyg‘ularni birlashtirgan. Yurakdan his qilib, tasavvur doirasini kengaytiradi. Masalan, mehnatga oid qo‘shiqlar, Jorjiya dengiz qo‘shiqlari, Appalakchiya balladalari va kovboycha taronalarni reg-taym blyuzda xirgoyi qilsangiz, yangi g‘oyalar tug‘iladi. Nafis kuylar nafis fikrlar bulog‘ining otilib chiqishini ta’minlaydi. Xullas, borliqni kuyga soldim. Ritorikani angladim. Ilm-fan, taraqqiyot, insoniyatu sirli olamlar bularning hammasini uyg‘unlashtirib, o‘tayotgan kunga bog‘lay olardim. Folklor — menga lug‘at sifatida xizmat qildi.
Hissiyotlarni anglashni, hayotga o‘z nigohim bilan boqishni, inson tabiatiga xos xislatlarni taroziga solishni, har bir hodisadan mohiyat izlashni kitobdan o‘rganganman. «Don Kixot», «Ayvengo», «Robinzon Kruzo», «Gulliverning sayohatlari», «Ikki shahar haqida ertak» — odatiy maktab gimnaziyasida tahsil oluvchi har bir bolakay o‘qiydigan asarlar. Biroq men uchun ular hayot mazmuni. Kitoblarning hech biri hayotimdan izsiz o‘tib ketgan emas. Ijod olamiga sho‘ng‘ib, qalam tebratishni boshlaganimdayoq asarlardagi so‘zlarning ta’sirini payqaganman. O‘qiganlarim she’rlarimning g‘oyasidagi qusurni anglashimga yordam berardi.
Bolaligimda bo‘yinga osilgan tumorday aziz bo‘lgan uch asarni juda yaxshi eslayman. Bular: «Mobi Dik», «G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q» va «Odisseya»dir.
«Mobi Dik» yuqori drama va dramatik sahnalarga boy, ajoyib kitob. «Pekod» kemasining sirli kapitani — Axav o‘zining dushmani, katta oq kit Mobi Dikning ortidan quvayotgan yasama ilmoqli oyog‘i bor, xudbin odam. Kitni Atlantikadan Afrikaning yuqori qismi, Hind okeaniga qadar ta’qib qilib borardi. Uni yer yuzining har ikki tomonidan kuzatib sira tolmasdi. Maqsadi ma’nisiz edi. Mobining iziga tushgan yana bir kapitan Bumer bor edi. U garchand qo‘lsiz qolganiga qaramay sabr qildi. Biroq Axavning qasos o‘tini sira hazm qilolmasdi. Xullas, asar turli odamlarning bir masalaga turlicha yondashuvi haqida. Biz yuzani ko‘ramiz, xolos. Tubda yotganlarini tasavvurga sig‘dirishni istamaymiz va uni keraksiz deb o‘ylaymiz. Mobi kapitanning ustidan g‘alaba qozondi.
«G‘arbiy frontda o‘zgarish yo‘q» kitobidan dahshatga tushganman. Yo‘qotilgan yoshlik, inson qalbining dunyoga bog‘lanishiyu oqibatli bo‘lish xususida. Kitobni mutolaa qilayotganda bosh qahramon bilan ko‘plab iztirobni boshdan kechirasiz. Zulmatga mixlanganga o‘xshaysiz. Siz suygan jahon xayolingizda ming bir bo‘lakka ajralib ketadi. Dunyoga sig‘may qolasiz. Insoniyatga achinayotgan osmon ko‘z yosh to‘kadi. Yomg‘ir bir maromda quyadi. Siz esa yolg‘izsiz. Frontda otilgan o‘qning biri kelib naq yuragingizga tegadi. Siz adoyi tamomsiz. Tiriklikka keragingiz yo‘q. Urush haqidagi roman meni go‘yo telbaga aylantirib qo‘ydi. Shimoliy karolinalik Charli Puul «Nechun menga so‘zlamaysan?» qo‘shig‘ini aynan shu mavzuga bag‘ishlab kuylagani yodimda.
Odissey — ko‘plab bastakorlar balladasiga g‘oyaviy asos. «Uy cheklovlari», «Xonadonning yam-yashil o‘ti» singari qo‘shiqlarim shu asar ta’sirida yaratilgan. Odissey g‘aroyib asotir. Urushda jang qilgan jasur shoh faqat uyi-ga talpinadi. Bu yo‘lda qancha mashaqqatlar, sinovlar, tuzog‘u g‘ovlardan o‘tdi. Sho‘rlik umr bo‘yi sarson-sargardon hayot kechirishi taqdiriga bitilgan, to‘g‘rirog‘i, shunday la’natlangan edi. Bir kimsasiz oroldagi devlar g‘oridan omon chiqdi, uyiga yetay deganda, shamol iskanjasida qoldi. Keyin qarshisidan ikki yo‘l chiqdi. Ular xavfli edi. Birida cho‘kib ketadi, ikkinchisida och qoladi. Peshonasiga yashash bitilgan ekan, tag‘in Xudo jonini saqladi. So‘ng sakkiz boshli mahluqqa uchradi. Tegirmonga tushsa ham butun chiqadigan Odissey o‘quvchisini hayajonga solib, maxluq ta’qibidan qochib, chaqmoq qamchisiga tutildi. Holdan toyib uxlab qolganida, kulgi ovozidan uyg‘ondi. Boyaqishning ayol makridan qutulib, uyiga qaytishi oson kechmadi.
Bular haqida bekorga so‘zlayotganim yo‘q. Bunday hodisalar har birimizning hayotimizda ham sodir bo‘lishi mumkin. Sehrli so‘zlar, shirali ovozu ajabtovur ohangda la’natlangandirsiz, ehtimol. Menga va boshqa bastakorlarga aynan shu mavzular o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. Bular har xil ma’no kasb etishi mumkin. Qo‘shiqning yurakni larzaga solishi juda muhim, buning uchun har bir tinglovchiga tanish dard bo‘lishi kerak. Bu dardning bulog‘i esa hanuz folkor adabiyot tubida mavjud va u g‘oyat nafis yangraydi.
Shekspir davrida yashagan shoir-ruhoniy Jon Donn-ning shunday so‘zlari bor: «Sesto va Abidos — ular ikki sevishgan qalb. Ikki yurak emas, undagi muhabbat bebaho». So‘zlarining ma’nosini izohlash uchun butun kun kamlik qiladi. Ularni mayda-chuydasigacha tahlil qilishni bilmayman ham. Biroq bu so‘zlar g‘oyat go‘zal jaranglaydi. Shubham yo‘qki, siz ham hayot qo‘shig‘ingiz nafis yangrashini istaysiz…
2017 yil
Ingliz tilidan Zilola Jalolova tarjimasi
“Kitob dunyosi” gazetasi, 2018 yil, 20 yanvar