Qadimgi yunon faylasufi, mohir notiq Protagor Abdera shahrida tug‘ilgan. U sofistlardan bo‘lib, talabalarga falsafa, notiqlik va bahs san’ati (eristika)dan saboq bergan. «Sofist» — qadimiy yunoncha so‘z bo‘lib, usta, yaratuvchi, ixtirochi, donishmand degan ma’nolarni anglatadi. Ammo m.a. V asrning ikkinchi yarmidan bu so‘z alohida ma’no kasb eta boshladi. Ya’ni falsafa, notiqlik va bahs san’atidan pullik saboq beruvchilar sofistlar deb atala boshladi.
Protagorni 411 yilda dahriylikda ayblashdi, uning «Tangrilar haqida» deb nomlanuvchi kitobi yoqib yuborildi, o‘zi o‘lim jazosiga hukm etildi. Ammo hukm bekor qilinib, Protagor avf etildi va Afinadan badarg‘a qilindi. Protagor 410 yilda Janubiy Italiyadan Sitsiliyaga ketayotib, Messin bo‘g‘ozida suvga cho‘kib halok bo‘ldi.
Uning quyidagi asarlari ma’lum: «Tangrilar haqida», «Bahs ilmi», «Narsalarning ibtidoiy tartibi to‘g‘risida», «Davlat to‘g‘risida», «Buyuk so‘z», «Mohiyat haqida» va boshqalar.
* * *
Irlandiyaning «Xeyn end sone» deb ataluvchi kema qatnovi birlashmasining tamg‘asida qo‘l panjasi va uch tomchi qon suvrati tasvirlangan.
Bu belgi zamirida Protagor uchun muammo hisoblangan «masala»ning mohiyati aks etgan tarixiy voqea yotadi.
Aytishlaricha, bir odamning ikki o‘g‘li va bisotida bittagina kemasi bo‘lgan. U ana shu kemani qaysi o‘g‘liga meros qilib qoldirishini bilmay boshi qotadi. O‘ylay-o‘ylay oxir-oqibat, ikki o‘g‘liga bir xil shart qo‘yadi. Ya’ni, qaysi biri kemaning yon chekkasiga birinchi bo‘lib qo‘lini tekkizsa, kema o‘shanga nasib etishini ma’lum qiladi. Belgilangan kuni ikki o‘g‘il ikki qayiqqa o‘tirib, kema tomon zo‘r berib eshkak esha boshlaydilar… Akasi ancha ilgarilab ketganini ko‘rgan kenja o‘g‘il boltani olib, bir qo‘lining panjasini chopadi. So‘ng kesilgan panjani kema tomon uloqtiradi. Natijada kema zukko kenja o‘g‘ilga nasib etadi…
* * *
Inson barcha narsalarning: mavjud narsalarning mavjudligini va nomavjud narsalarning nomavjudligini belgilovchi omildir.
* * *
Mana bu naql faylasuf Protagor tafakkurining mevasidir: «Timsoh bir ayolning bolasini o‘g‘irlab ketdi. Onaizor timsohdan jigarbandini qaytarib berishini o‘tinib so‘radi.
Shunda timsoh:
— Mayli, bolangni qaytarib beraman. Faqat bir shartim bor. Sen menga haqiqatni aytishing kerak! — dedi.
Ayol bir oz o‘ylanib, dedi:
— Lekin, baribir, sen menga bolamni qaytarmaysan.
— Demak, so‘zingdan ko‘rinadiki, haqiqatni aytish-aytmasligingdan qat’i nazar, bolangni qaytarolmayman. Negaki, agar sening hozirgina og‘zingdan chiqqan so‘zlar haqiqat bo‘lsa, unga muvofiq bolangni senga qaytarmasligim kerak. Bordi-yu, so‘zlaring haqiqatligini inkor etsang ham farzandingni qaytarib berolmayman. Chunki sen mening shartimni bajarmagan bo‘lasan!»
* * *
Protagor shogirdi Evatl bilan shartnoma tuzadi. Bu shartnomaga muvofiq Evatl o‘zi olib borgan sud jarayonida g‘olib chiqsa, Protagorga pul berishi lozim edi. Lekin shogird biror sud jarayonini boshlashga shoshilmaydi. Toqati toq bo‘lgan ustoz shogirdiga: «Seni sudga beraman», — deb po‘pisa qiladi. Evatl esa hali bitta ham sud jarayonida g‘olib chiqmaganini ro‘kach qilib, pul berishdan bosh tortadi.
Shunda Protagor:
— U holda sudga murojaat qilamiz. Agar ajrim mening foydamga hal bo‘lsa, sen menga pul berasan. Bordi-yu, sen g‘olib chiqqan taqdiringda ham mendan qarzdor bo‘lib qolasan. Chunki avval shunday shartlashganmiz, — deydi.
O‘z ustoziga munosib shogird bo‘lgan Evatl Protagorni mana bu javob bilan lol qoldiradi:
— Agar sudda men mag‘lub bo‘lsam, sizga pul bermasligim aniq. Chunki kelishuvimizga muvofiq men g‘olib bo‘lsamgina to‘lov to‘lashim lozim. Sud jarayonida g‘olib chiqsam ham pul bermayman. Chunki men g‘alaba qozongan bo‘laman.
(Ustoz va shogird o‘rtasidagi bu muammoli munozara jahon tarixi sahifalarida «Evatl safsatasi» nomi bilan muhrlanib qolgan).