Men-Szi (m.a. 372-289)

«Men Koinot fuqarolaridanman», degan ekan Men-tszi. U Xitoyning hozirgi Shandun viloyati hududida joylashgan Lu xonligida tug‘ilib o‘sdi. Men-tszi Konfutsiyning nevarasi Szi Si qo‘lida tahsil olgan. Bu faylasuf mamlakatni muvaffaqiyatli idora etishning 12 qoidasini ishlab chiqqan.

O‘zining ana shu g‘oyalarini amalga tatbiq etish niyatida u hukumat tizimiga ishga kirish uchun Xitoyning turli xonliklarini kezib, qisqa muddat Si xonligida maslahatchi bo‘lib ishlagan. Insonparvarlikka tayangan holda davlatni boshqarish g‘oyalarini hayotga tatbiq etish yo‘lidagi behuda urinishlardan so‘ng Men-tszi vatani Luga qaytadi va g‘oyaviy qarashlarini o‘zi tashkil etgan maktab, shogirdlari, kitoblari orqali targ‘ib va tashviq qiladi.

Men-tszining asosiy asari «Men-tszi» deb ataladi. Lyudvig Feyerbax: «Men-tszi Xitoyning Konfutsiydan keyingi eng buyuk faylasufidir», — deb yozgandi.

MAMLAKATNI MUVAFFAQIYaTLI IDORA ETIShNING 12 QOIDASI

1-qoida. Ezgulik va olijanoblikka tayanish.

Insonparvar hukmdorning muxolifi bo‘lmaydi.

* * *

Fuqarolarni kuch bilan bo‘ysunishga majbur etish mumkin. Ammo qalblarini bo‘ysundirib bo‘lmaydi. Odamlar davlat kuch jihatidan ustun bo‘lgani bois bo‘ysunishdan o‘zga iloj topolmaydilar. Ezgulik va olijanoblik vositasida fuqarolarni bo‘ysundirish esa qalblarda quvonch tuyg‘ularini uyg‘otadi va odamlar haqiqiy itoatgo‘ylikni namoyish etadilar.

* * *

Donishmandlikda kamolga yetgan hukmdorlar dukkakli donlar va tariqni xuddi olov va suv kabi mo‘l bo‘lishini ta’minlaydilar. Ana shunda fuqarolar orasida insonparvarlikni o‘ziga kasb etmagan bitta ham odam qolmaydi.

* * *

Olijanob er o‘z burchini, pastkash esa o‘z foydasini yaxshi tushunadi.

Rivoyat qilishlaricha, Lyan xonligi hukmdori Men-tszini huzuriga chorlab: «Ota! Siz hoynahoy oradagi ming li masofani mening saltanatimga biron foyda yetkazish maqsadida bosib o‘tib kelgandirsiz?» — deydi.

Shunda Men-tszi quyidagicha javob qaytaradi: «Eh, van! Nima uchun gapni albatta foydaga burasiz? Hukmdor saltanatga qanday foyda keltirish kerak, deb qayg‘ursa, dafu oilaga qay yo‘l bilan naf yetkazish mumkin, deb bosh qotirsa, oddiy fuqarolar va shi esa qayerdan va qanday yo‘l bilan o‘zim uchun foyda orttirsam ekan, deya g‘am cheksalar… Axir, oliy va quyi tabaqalari foyda uchun o‘zaro kurashga kirishgan davlat halokatga mahkum bo‘ladi-ku!.. Agar foyda birinchi o‘ringa chiqib, burch keyinda qolib ketsa, bu kurash hech qachon tugamaydi. Agar jen bo‘lmasa, hamma o‘z qadrdon yerini tashlab ketadi. Burch bo‘lmasa, hamma o‘z hukmdorini unutishi aniq. Eh, van! Nima uchun albatta foyda haqida gapirish kerak?

* * *

2-qoida. Fuqarolarni doimiy mulk bilan ta’minlash.

Doimiy mulkka ega bo‘lmagan fuqarolar doimiy tuyg‘ulardan ham mahrum bo‘ladilar. Doimiy tuyg‘ulardan mahrum fuqarolar esa parokandalikka uchrab, tubanlashadilar va xohlagan ishlarini qiladilar.

* * *

3-qoida. Donishmandlarni hurmatlash va qobiliyat egalaridan foydalana bilish.

Ahli donishlar hurmatlanib, qobiliyat va iste’dod egalaridan foydalana bilingan hukumatda nodir shaxslar faoliyat ko‘rsatadilar.

* * *

4-qoida. Soliq va o‘lponlarni kamaytirish.

Fuqarolardan matolar va arqonlar, tariq va guruch, muddatli og‘ir jismoniy mehnatga majburlash kabi turli ko‘rinishdagi soliqlar undirib olinadi. Sanab o‘tilgan og‘ir soliqlarning faqat bittasidan foydalanish mumkin. Ikkinchisini bir oz yumshatish lozim. Bir vaqtning o‘zida ikkinchi turdagi o‘lpondan ham foydalanmaslik darkor. Uchinchi tur soliqlar haqida esa gapirmasa ham bo‘ladi. Chunki u ochlikdan o‘lish hamda ota va bolaning ayriliqqa mahkum bo‘lishi kabi og‘ir oqibatlarga olib keladi.

* * *

Toki oliy va quyi tabaqalar haddan ortiq foydaga intilaverar ekanlar, davlat halokatga uchraydi.

* * *

5-qoida. Fuqarodan foydalanish, ammo uni bajarayotgan ishidan chalg‘itmaslik.

Agar fuqarodan bajarayotgan ishidan chalg‘itmay foydalanilsa, u mehnat bilan band bo‘lishiga qaramay, norozilik bildirmaydi; o‘zgalarning hayotini saqlab qolish uchun odamlar qatl etilganda ham xalq norozilik e’lon qilmaydi.

* * *

Omborxonalar to‘lib-toshgan taqdirdagina xatti-harakat qoidalari va burch nima ekanligini anglab yetish mumkin; kiyim-kechak va oziq-ovqatlar yetarli bo‘lganda, obro‘-e’tibor va sharmandalikning mohiyatini tushuna olish mumkin.

* * *

6-qoida. Fuqaroning ko‘nglini olmoqlik.

Fuqaroni qo‘lga olmoqlik osmoni falakni egallash bilan teng. Fuqaroni qo‘lga olish uning qalbini zabt etish demakdir. Fuqaroning ko‘nglini olish uchun uning istagan narsasini muhayyo etish hamda unga ma’qul bo‘lmagan ishlarni bajarishdan tiyilmoq lozim.

* * *

7-qoida. Xalqni qadrlay bilish.

Mamlakatning asosiy boyligi uning xalqidir. Yer va don-dun xalqdan keyingi mavqeni egallaydi.

* * *

Hukmdorlar uchta qimmatbaho boylikka egadirlar. Bular yer, fuqaro va boshqaruv ishlari.

* * *

8-qoida. Hurmatli kishilarga e’tibor ko‘rsatish.

Nufuzli zotlarga qahr-g‘azab ko‘rsatilmasa, mamlakatni boshqarish oson bo‘ladi.

* * *

Aql bilan ish yurituvchilar odamlarni boshqaradilar, kuch bilan ish ko‘ruvchilar esa o‘zgalar tomonidan boshqariladilar. Fuqarolar o‘z boshqaruvchilarini boqadilar. Fuqarolarni boshqaruvchilar fuqarolar tomonidan ta’minlanadilar.

* * *

9-qoida. Inson tabiatidagi ezgulikning yo‘qolishiga yo‘l qo‘ymaslik.

Hosil mo‘l bo‘lmagan yil ko‘plab o‘g‘il farzandlar va ukalar bag‘ritosh bo‘lib qoladilar. Bu bag‘ritoshlik Koinot tomonidan ularga berilgan tabiiy sifatlarga bog‘liq emas. Balki ochlik ularning qalblarida yovuzlikning uyg‘onishiga sabab bo‘ladi.

* * *

10-qoida. Fuqaroni ezgulikka yo‘llash.

Inson tomonidan sodir etilgan yovuzlik uning tabiiy sifatlariga bog‘liq emas.

* * *

Qadimgi Xitoy faylasuflaridan yana biri Gao-tszi: «Inson tabiati jo‘sh urgan suv oqimiga o‘xshaydi. Unga sharqdan yo‘l ochsang — sharqqa tomon oqadi, g‘arbga bursang, g‘arb tomon shoshadi. Suv oqimi sharq va g‘arbning farqiga bormaganidek, inson tabiatini ham ezgulik va yorug‘lik kabi sifatlarga ajratib bo‘lmaydi», — degandi.

Men-tszi bu fikrga shunday e’tiroz bildiradi: «Chindan ham suv sharq va g‘arbni ajratolmaydi. Ammo u past-balandning farqiga boradi-ku! Suv pastga qarab oqqanidek, inson ham tabiatan ezgulikka intiladi.

Quyiga tomon oqishni istamaydigan suv bo‘lmaganidek, insonlar orasidan ham ezgulik tilamaydigan odamni topish mumkin emas. Agar suvni urib, harakatga keltirsangiz, u boshingiz uzra ko‘tariladi. Bordi-yu, yo‘lini to‘sib harakatga keltirsangiz, u tog‘lar qadar yuksaladi. Bu holatlar suvning tabiatiga bog‘liq holda sodir bo‘ladimi? Yo‘q. Ular tashqi kuch ta’siri ostida, sun’iy ravishda yuz beradi. Insonni ham ta’sir o‘tkazib, yovuzlikka undash mumkin. Chunki uning tabiati ham suvga o‘xshaydi.

* * *

Inson tabiatan olijanobdir.

* * *

11-qoida. Boy berilgan narsalarni idrok orqali izlash.

Ma’rifatning yo‘li bitta. U ham bo‘lsa yo‘qotilgan narsalarni idrok ila qidirishdan iboratdir. Ichki idrok amriga bo‘ysunsang, katta inson bo‘lasan, ikkinchi darajali (ya’ni ko‘z va quloq sezgilari) tuyg‘ularga amal qilsang, mayda odamga aylanasan.

* * *

12-qoida. Adolatni yodda tutmoqlik.

Men-tszidan so‘radilar:

— Adolat tuyg‘usining zamirida nima yotadi?

Faylasuf dedi:

— Bu haqda gapirish mushkul. U juda ulug‘ va favqulodda mustahkam tuyg‘udir. Bu tuyg‘uni tarbiyalab, to‘siq qo‘yilmasa, yerdan osmon qadar yuksaladi… Tafakkuringiz bu tuyg‘uni unutmasin. Ammo uning o‘sishiga sun’iy ravishda yordam bermang. Ya’ni Sun saltanatining fuqarosiga o‘xshab yo‘l tutmang. Bu odam maysalarim yaxshi o‘smayapti, degan o‘yda ularni bir-bir cho‘zg‘ilab chiqadi. Va uyga kelib: «Bugun juda charchadim. Maysalarga o‘sishlari uchun yordamlashdim», — deydi. Uning o‘g‘li darhol maysalar tomon chopadi va ularning so‘lib yotganini ko‘radi:

«Er yuzida maysalarning o‘sishiga yordamlashmaydiganlar ozchilikni tashkil etadi. Adolat tuyg‘ularini tarbiyalashni keraksiz hisoblab, undan bo‘yin tovlovchilar maysalarga ishlov bermaydigan kimsalarga, maysalarning bo‘y cho‘zishiga yordamlashuvchilar esa, ularni cho‘zg‘ilagan sunlik fuqaroga o‘xshaydi».