• Daryoni to‘xtatib, quduqni ko‘mib bo‘ladi, lekin xalq og‘zini yopib bo‘lmaydi.
• Chaynamasdan yutma, o‘ylamasdan gapirma.
• Inson umri bir qarichdan ham uzun emas, kim ko‘p uxlasa yarim qarichini yo‘qotibdi.
• Buqaga gitara chalib bermaydilar, katta miltiq bilan chumchuq otmaydilar, qilich bilan pashshaning boshini olmaydilar.
• It yotishdan oldin uch marta atrofni tekshirib chiqadi; inson gapirishdan avval o‘ttiz besh marta o‘ylashi lozim.
• O‘tga uni alangalatish uchun puflaydilar, og‘izni kuydirib olish uchun emas.
• Yuzta maslahat bir juft mohir qo‘lga teng kelmaydi.
• Mastga so‘z aytish qaytarib berilmaydigan qarzga o‘xshaydi.
• Qimor qashshoqlikka olib keladi: hamma kiyimingni sotsang, yalang‘och qolasan.
• Qo‘shinsiz qo‘mondon boshsiz yo‘lbarsga o‘xshaydi.
• Batatni istagan joyingga ek, guruchni tanlab ek.
• G‘am ketsa baxt keladi.
• Erkaksiz uy yetim, ayolsiz — oshxona.
• Fil bo‘lmasa buqa ham yirik.
• Uquvsiz aql yo‘q.
• Besunaqay go‘zal bo‘lishga harakat qiladi, ahmoq aqlli gaplar gapirmoqchi bo‘ladi.
• Bugun tunda boy, ertaga tushlikda — kambag‘al.
• Boyni yangi yil arafasida bilasan (Vetnam odatlariga ko‘ra, yangi yilga yaqin barcha ishlar tartibga solinadi, shuningdek, olingan qarzlar qaytariladi).
• Erning boyligi — xotinning mehnati.
• Boyning qulog‘i kar, zodagonning ko‘zi ko‘r.
• Chaqimchini tili boqadi.
• Katta baliq kichigini yutib yuboradi.
• Ko‘p yesang — ko‘p to‘laysan.
• Katta kemaga — katta to‘lqinlar.
• Yovvoyi buqani so‘kib boshqarasan.
• Dengizga tuz tashlash (foydasiz ish haqida).
• Qorin och — quloq kar.
• Qorin to‘q, ko‘z och.
• Bosh omon bo‘lsa, soch o‘sadi.
• Qishloqda qishloq odatlariga amal qil, o‘zga yurtda qonunlarga bo‘ysun.
• G‘azab payti aql ketadi, musibatda — ishtaha.
• Osmonda — qush, suvda — baliq, tutsang — yeysan.
• Ishda — eng orqada, yeyishda — qishloqda birinchi.
• Sodiqlik fitna payti bilinadi.
• Sharob kirdi — sirlar chiqdi.
• Soydagi suv loyqa bo‘lmaydi.
• Har qayg‘u unutiladi, har musibat o‘tadi.
• Har ishning boshlanishi qiyin.
• Yuqoridagi chiroq uzoqni yoritadi.
• Aql tugagan joyda ahmoqlik boshlanadi.
• Yerni chuqur kovlash — yaxshi, o‘g‘it va yomg‘ir — yana yaxshi.
• Bir daqiqalik nodonlik uch soatlik donolikni yo‘q qiladi.
• Ahmoqni to‘ydirib bo‘lmaydi.
• Och yig‘laydi — to‘q kuladi.
• Achchiq dori kasalni davolaydi — haq so‘z yurakka zarba beradi.
• Tog‘ baland bo‘lsa ham tirmashib chiqish mumkin, kasallik xavfli bo‘lsa ham dori topsa bo‘ladi.
• Uzoqdagi suv yong‘indan asramaydi.
• Uyda ikki xo‘jayin bo‘lsa — murosa yo‘q, yurtning ikki qiroli bo‘lsa — tinchlik yo‘q.
• Ersiz ayol — eshkaksiz qayiq, xotinsiz yigit — yugansiz ot.
• Qiz bola aqlli erni tanlaydi, yigit chiroyli xotin xohlaydi.
• Pul — axlat, adolat — oltin.
• Ekilmagan daraxtga achinmaydilar, tug‘ilmagan bolani sevmaydilar.
• Yaxshi nom qimmat libosdan afzal.
• Qarz o‘ldiradi, bolalar o‘saveradi.
• Xo‘jayinsiz uy — qulfsiz sandiq.
• Toza uy — salqin, toza piyolada suv — shirin.
• Arzon go‘shtdan qimmat baliq yaxshi.
• Ovqatning shirinini, ishning yengilini tanlaydilar.
• Yoshligingda och bo‘lsang — tashvish chekma, yoshligingda boy bo‘lsang — hali suyunma.
• Bosh siqqan joyga dum bemalol sig‘adi.
• Bolalar bo‘lsa, bir soat ham ishsiz qolmaysan.
• Ko‘p yesang, mazani bilmay qolasan, ko‘p gapirsang aqlli so‘zlarni yo‘qotasan.
• Erning jahli chiqsa, xotin kamroq gapirishi kerak, ovqat qaynasa olovni pastlatish kerak.
• Temirni yo‘naversang oxiri ignaga aylanadi.
• Otasi arslon bo‘lsa, bolasi sher bo‘ladi.
• Shirin vinoni ham ichsang mast bo‘lasan, yaxshi so‘zni ham ko‘p gapirsang — zeriktiradi.
• Hovuz qurisa, beo suvo‘tlari ham hovuz qa’rida qoladi (beo — suv ustida suzib yuradigan suvo‘tlar).
• Kunduzi uxlasang — boy bo‘lolmaysan, vino ichaversang — mashhur bo‘lolmaysan.
• Qora qiz qancha bo‘yangani bilan qoraligicha qolaveradi.
• Suv bo‘lsa baliq ham bo‘ladi.
• Qopqonni qo‘ymasdan go‘sht haqida o‘ylama.
• Er-xotin ovqat tayoqchasi kabi — doim birga.
• Qurbaqa baqani ayblaydi, baqa — boshqasini.
• Uylangan yigit — usti yopilgan savat.
• Ersiz xotin — tomsiz uy.
• So‘zni pulga sotmaydilar, bas, yaxshi so‘zni ayama.
• O‘n yilda qabrdagi yozuv ham o‘chib ketadi, aytilgan so‘z ming yil yashaydi.
• Tashvish soqolni oqartiradi, musibat — sochni.
• Baxt va qayg‘u senga qachon yo‘liqishini oldindan bilolmaysan.
• Opa-ukalar nafrati — butun qishloq nafrati.
• Qurigan daraxt suvda ham ko‘karmaydi, inson bir umr kambag‘alligicha qolmaydi.
• Charchagan joy tanlamaydi.
• Bilsang — gapir, bilmasang — boshqalarni tinglay bil.
• Qayerim qichishini bilganimda oldinroq qashib olardim.
• Oltin — sariq, lekin yurakni qoraytiradi.
• Oltin xazina ilm xazinasi bilan tenglasholmaydi.
• Ahmoq ayol ham aqlli bola tug‘ishi mumkin.
• Qirollar ham adashadi.
• Hatto mayin yomg‘ir ham tinmay yog‘aversa toshqinga olib keladi.
• Eng yaxshi nefritning ham dog‘i bo‘ladi.
• Hatto ruhoniylar ham pulni sevadi.
• Pichoq bilan o‘ynashgan bir kuni qo‘lini kesib oladi.
• Sotib olishga borsang — do‘stlaring yoningda, sotishga kelganda — hech kim yo‘q.
• Kasal erdan ajrab, urong‘ich erga uchradi.
• To‘rdan qochib, qarmoqqa ilindi.
• Boy o‘rmonda yashasa ham mehmoni ko‘p, kambag‘al bozorda yashasa ham hech kimning ishi yo‘q.
• Achchiqsiz qalampir bormi, qaysi qiz rashk qilmaydi?
• Mevani yeganda bog‘bonni ham eslab qo‘y.
• Ona bolani boqqanda — dengizdan ham, ummondan ham saxiy, bola onani boqqanda — har bir kunni sanaydi.
• Bonza ko‘p bo‘lsa, mayyit sasib qoladi (ya’ni, janoza cho‘ziladi. Bonza — Budda dinining ruhoniysi).
• Bolalarni sevsang uying bolaga to‘ladi, qariyalarni hurmat qilsang, sen ham uzoq yashaysan.
• Sovchi ko‘p bo‘lsa, kechqurun yolg‘iz uxlashingga to‘g‘ri keladi.
• Ko‘rning yo‘lboshlovchisi ko‘r bo‘lsa, ikkisi ham chohga qulaydi.
• Yaxshi marvarid sotsang, maqtashdan uyalma.
• Bola uchga kirganda unga butun oila gapirishni o‘rgatadi.
• Hazilni hadeb qaytaraversang rostga o‘xshab qoladi.
• Agar haqqa rioya qilib yashasang har musibat o‘tadi.
• Agar yoshlikda o‘qimasang, qarilikda nima qilasan?
• Darddan qutulib — tabibni unutdi.
• Tuvakni sindirgan — mushuk, kaltak yegan — it.
• Yo‘lbarsdan qo‘rqqan uning go‘ngidan ham cho‘chiydi.
• Qattiq kulgan qattiq yig‘laydi.
• Kim ham oltin to‘g‘nog‘ichdan baliqqa qarmoq yasardi?
• Tortinchoqning qorni och qoladi.
• Kech qolgan suyak g‘ajiydi.
• Osmonning ko‘zi yo‘q deb kim aytdi?
• Qayga borsang, o‘sha yer — uy, qayda yotib qolsang, o‘sha yer — yotoq.
• Temirchiga — sandon, olimga — qalam.
• Chigirtka filni uribdi.
• Shuhratni sotib olish — o‘ttiz ming, uni sotish — uch dong (dong — Vetnam pul birligi).
• Tovuq — bir tiyen, doni — uch tiyen (tiyen — Qadimgi Vetnamda pul birligi).
• Inson qalbini o‘lchashdan daryo, dengizni o‘lchash oson.
• Ortiqcha so‘z — ortiqcha tashvish.
• Kechasi uxlolmagangina tunning uzunligini his qiladi.
• Otaning bitta do‘qida onaning yuz marta shapatilagani afzal.
• Odamlar yaxshi ko‘radigan it bo‘lgandan ular qo‘rqadigan sher bo‘lgan afzal.
• Ahmoq xo‘jayin bo‘lgandan aqlli xizmatkor bo‘lgan afzal.
• Begona qishloqdagi boyga tekkandan o‘z qishlog‘ingdagi kambag‘alga xotin bo‘lgan afzal.
• Qarz olgandan bir kun och qolgan afzal.
• Ro‘za tutib yolg‘on gapirgandan yaxshi yeb, rost so‘zlagan afzal.
• Baliq do‘konidagi yumshoq karavotda yotgandan, attor do‘konining polida uxlagan afzal.
• Tildan qoqilgandan oyoqda qoqilgan afzal.
• Yolg‘iz yashagandan hamma bilan o‘lgan afzal.
• Fosiqqa ikkinchi xotin bo‘lgandan yoshlikda o‘lgan afzal.
• Sevgini qaytarish oson emas.
• Odamlar — yerning gullari.
• Kichkina mushuk kichik sichqonni ovlaydi.
• Kichik qayiqqa katta yuk ortib bo‘lmaydi.
• Oz yesang — uzoq vaqt qorning to‘q yuradi, ko‘p yesang — qorning tez ochadi.
• Yer oz bo‘lsa — kokos palmasi ek, ko‘p bo‘lsa — areka (areka palmasi bir necha yildan so‘nggina meva beradi.)
• Kichik shamollar birlashib tayfunga aylanadi.
• Mandarin uzoqda, uning xizmatkorlari yaqinda (mandarin — davlat amaldori).
• Mandarinning mandarinligi vaqtincha, xalq o‘n ming yilda ham xalqligicha qoladi.
• Mandarin mashhur bo‘lishni xohlaydi, savdogar — molini qimmatroq sotishni.
• Bir ona o‘n bolani boqadi, o‘n bola bir onani boqolmaydi.
• Ona tarbiyalasa — bolalar chaqqon, ota tarbiyalasa — bolalar aqlli.
• Mis qozonning quloqlari ham misdan.
• Asal oz, pashsha ko‘p.
• Kiyim ko‘p bo‘lsa — issiq, xalq ko‘p bo‘lsa — xursandchilik.
• Kasallikdan qutulish mumkin, taqdirdan qochib bo‘lmaydi.
• Yaxshi qush parini ayaydi, dono odam — so‘zini.
• Qassob baliqchini ko‘rolmaydi.
• Bir otga ikki egar o‘rnatib bo‘lmaydi.
• Bazmga kelishga shoshil, janjaldan — qochishga.
• Har bozorning o‘z qoidasi bor, har qishloqning — o‘z odati.
• Tilida — Budda, qalbida — ilon.
• Kambag‘alning ustidan kulma, boydan najot kutma.
• Tut bargi ipakka aylanishi uchun ko‘p vaqt kerak.
• Haqiqiy oltin olovdan qo‘rqmaydi.
• Uying torligidan qo‘rqma, qalbing torayishidan qo‘rq.
• Musibat bo‘lmaganda qahramonlar ham bo‘lmas edi.
• Yo‘lbars uyasiga kirmasdan yo‘lbarschalarni tutolmaysan.
• Oyoqni ho‘llamasdan baliq tutolmaysan.
• Uxlayotgan sherning mo‘ylovini burama, uyg‘onib qolsa, boshsiz qolasan.
• O‘tirgan qushni tutolmaydiyu, uchayogan qushni quvlaydi.
• Xato qilmasdan aqlli bo‘lolmaysan.
• Chuqur daryodan kechib o‘tma, cho‘kayotgan qayiqqa o‘tirma.
• Soqov gapirishni yaxshi ko‘radi, qiyshiq — yurishni.
• O‘gay nabiralar bobolar qabrini obod qilmaydi.
• Askar yo‘q, lekin qo‘mondonlar bor.
• Hech qaysi baqa go‘shtning o‘rnini bosolmaydi.
• Qaynona kelinni maqtamaydi, kelin — qaynonani.
• Xushbo‘y gulni hech kim yerga tashlamaydi, aqlli odamni hech kim so‘kmaydi.
• Budda haqida ibodatxona qo‘ng‘irog‘i chalingandagina eslanadi.
• Tabibning mahorati haqida tuzlgandan keyin bahs etadilar.
• Tabibga uchrasang o‘n xil dard topib beradi.
• Orqaga qaytadigan yo‘l doim qisqa tuyuladi.
• Bir yil uy qurish — uch yil guruchsiz yashash.
• Qishloq ahli oldida yeyilgan bir luqma oshxona burchagida yeyilgan bir tovoq ovqatdan afzal.
• Bir kun aldasang yetti kun pushaymon bo‘lasan.
• Bitta guvoh — guvoh emas.
• Bitta oqil o‘nta nodonga qarshi turolmaydi.
• Bitta do‘q uchta zarbaga teng.
• Eshak og‘irlikni xush ko‘radi.
• Itning tishi va otning tuyog‘idan ehtiyot bo‘l.
• Baland daraxtning soyasi ham katta.
• Kal rohibdan taroq kutma.
• Birinchi marta yiqilsang, ikkinchisida ehtiyot bo‘lasan.
• Itni urishdan avval egasini bilib ol.
• Daryodan o‘tsang qayiqchiga quloq sol.
• Harf egri bo‘lsa ham undan to‘g‘ri so‘zlar yasash mumkin.
• Yomon raqqosga yer ham notekis.
• Daryoda suzsang — muyulishlariga e’tibor qil, uyga kirsang — odatlarga amal qil.
• Odamning yuziga qarab nom beradilar.
• Ko‘r mushuk qovurilgan baliq tutib oldi (ya’ni, omad kulib boqdi).
• Ho‘kiz olsang tuyog‘iga qarab ol, xotin olsang — nasabiga.
• Baliq olsang oyqulog‘iga boq, oshqovoq olsang — poyasiga.
• O‘g‘itsiz dala — boyliksiz odam.
• Yaxshiga musibat yetsa, muttaham xursand bo‘ladi.
• Nordon mevali daraxt esang nordon meva olasan, shirin mevali daraxt eksang shirin meva olasan.
• Qonib suv ichilganida quduqni kim qazigani tez unutiladi.
• Oshxonaga qarab bekaning yuzini tasavvur qilasan.
• Tovuqlar xo‘rozning qichqirishidan janjallashishibdi.
• Avlodlar ajdodlardan aqlli emish.
• Katta sevgining iztirobi ham katta.
• Mijg‘ov kelin dastidan qarindoshlarni yo‘qotasan, yomon it dastidan — qo‘shnilarni.
• Xira yorug‘da boyqush ham farishtadek ko‘rinadi.
• Xursandchilik payti aqlli bo‘lish oson.
• Ochlik uchun guruch g‘amla, sovuq uchun — kiyim.
• Mol sotsang narhini oshirasan, mol olsang arzonga olging keladi.
• To‘kilgan suvni qayta yig‘ish mushkul.
• To‘g‘ri daraxt tikka turib o‘lishdan qo‘rqmaydi.
• To‘g‘ri so‘z quloqqa yoqmaydi.
• Qush uyasini unutmaydi, inson — ajdodlarini.
• Bir qarich yer — bir yombi oltin.
• Yo‘lga chiqdingmi, yarim yo‘ldan qaytma.
• Va’da berdingmi, bajar — guldan gulga qo‘nadigan kapalak kabi bo‘lma.
• Qush qafasdan chiqdimi, uning qaytishidan umid qilma.
• Sholini uch oy yetishtirib, bir kunda yig‘ib olasan.
• Bola hali tug‘ilmadi-yu, ismini qo‘yib bo‘lishdi.
• Otasi bor bola — tomi butun uy.
• Keng daryoning to‘lqinlari ham katta bo‘ladi.
• Qo‘lingni kirlasang, yuzing ham iflos bo‘ladi.
• Qo‘llar qisqa, qancha cho‘zma — osmonga yetmaydi.
• Qo‘llar ishlaydi — tishlar chaynaydi, qo‘l dam olsa — tishlarga ish yo‘q.
• Bozor hali qurilmadi-yu, lekin allaqochon o‘g‘ri paydo bo‘ldi.
• Bir tiyin bilan bozorga bormaydilar.
• O‘zi o‘qimagan, lekin o‘qigan xotinni xohlaydi.
• Kuch ayyorlik bilan teng kelmaydi.
• Qattiq tortsang istalgan arqon uziladi.
• Po‘lat qoziqqa qancha chumoli chiqsa ham u qilt etmaydi.
• Kalta kiyimni qancha cho‘zsang ham uzayib qolmaydi.
• Fil qoziqtishi uchun, qush pati uchun halok bo‘ladi.
• O‘zi geomant bo‘lib ishlaydi-yu, otasining qabrini bilmaydi (geomant — qabristonda yer taqsimlovchi).
• Aravaga o‘zini tashlagan chigirtkaning holi g‘alat: hamma chigirtkaning qulashiga ishonadi, arava ag‘dariladi deb hech kim o‘ylamaydi.
• Idishlar har xil bo‘lsa ham ichidagi suv ayni.
• Ilonni gapirsang inidan chiqadi.
• Qari mushuk tulkiga aylanadi.
• Qarilarning sog‘ligi — yoshlarning boyligi.
• Yerni o‘t qoplagani kabi qarilik dardlarni yetaklab keladi.
• To‘ng‘ich qiz — kichiklariga enaga.
• Yuzta yulduz bir Oyga teng kelmaydi.
• Yuz yo‘l — ming xil adashuv.
• Yuz odam — yuz xil fikr.
• Baxt boy otadan afzal.
• G‘ildiraksiz arava — qanotsiz qush.
• Yo‘lbars yovuz, lekin u ham o‘z bolasini yeb qo‘ymaydi.
• Yo‘lbars va kiyik bir adirda sayr qilolmaydi.
• Bir teshikdan kirgan ikkinchi teshikdan chiqadi.
• Ko‘rpaga o‘ranganingdan so‘nggina unda burga borligini bilasan.
• Askarning qandayligini qo‘mondoni biladi, ayolning qandayligini — eri.
• Ustozni hurmat qilsanggina sen ham ustoz bo‘lasan.
• Qarzini bermagan boyimaydi.
• Baland sholining boshog‘i bo‘sh bo‘ladi.
• Temirchining pichog‘i yo‘q.
• Pichoqning tig‘i bitta, tilniki — yuzta.
• Qushning qanoti bor, baliqning — tangachalari.
• So‘zning qanoti yo‘q, lekin uchadi.
• Urf-odatlarni hurmat qilish oson, amal qilish qiyin.
• Kechqurun ovqatlanayotib ertangi ovqat g‘amini ye.
• Ota o‘lsa — tog‘a qoladi, ona o‘lsa xola emizadi.
• Kir joyda yashagandan toza joyda o‘lib qolgan afzal.
• Aqlli qush amaldorning uyiga in quradi.
• Aqlli it bekorga tishlamaydi, olovsiz tutun chiqmaydi.
• Aqlli odam tez qariydi.
• O‘tni yulmoqchi bo‘lsang ildizi bilan yul.
• Cho‘kayotgan ko‘pikka ham osiladi.
• Daraxtni niholligida parvarishla — qariganingda sen boqadi.
• O‘qib — kitobdan dalil keltir, xushxabar aytsang — isboti bilan ayt.
• Yaxshi taom uzoq eslanadi, alamli so‘z bir umr esdan chiqmaydi.
• Yaxshi kelin o‘z qizingdan afzal, yaxshi kuyov — o‘g‘lingdan.
• Yaxshi dorining ta’mi achchiq bo‘ladi.
• Yaxshi urug‘ — yaxshi ko‘chat, yaxshi ko‘chat — yaxshi guruch.
• Yaxshi qo‘ng‘iroq yengil turtganda ham yaxshi jaranglaydi.
• Yaxshi farzand ota-onasini kambag‘alligi uchun koyimaydi, yaxshi it egasini tashlab ketmaydi.
• Pichoqning tig‘i o‘tkir bo‘lsa ham o‘z sopini kesmaydi.
• Xushbo‘y sham yonib bo‘lgan bo‘lsa ham hidi qoladi.
• O‘g‘ling olim bo‘lishini xohlasang, muallimga turmushga chiq.
• Opa-ukasiz odam — yolg‘iz daraxt.
• Ota-onasiz odam — torsiz ud.
• Odam guruch bilan yashaydi, baliq — suv bilan.
• Ajdodlari bor odam — ildizi bor daraxt.
• Boylikni odam yaratadi, boylik odamni yaratmaydi.
• Odam o‘ladi, lekin yaxshi so‘zi qoladi.
• Odamning zahri o‘nta ilon zahriga teng.
• Bosh qancha kal bo‘lsa, unga shuncha shabada tegadi.
• O‘g‘ri kambag‘alni ayab o‘tirmaydi.
• Birovning otasiga boshqalar yig‘lamaydi.
• Filni chizish uchun avval ko‘rish kerak.
• Bir piyola guruch olish uchun bir piyola ter to‘kish kerak.
Davronbek Tojialiyev tarjima qildi.
Vetnamlar (o‘zlarini kin, vet deb ataydilar) — Vetnamning asosiy aholisi (73,5 mln. kishi, 2009) bo‘lgan xalq. Shuningdek, AQSh (1,6 mln. kishi), Kamboja (600 ming kishi), Tailand (200 ming kishi), Laos (100 ming kishi) va boshqa mamlakatlarda ham yashaydilar. Umumiy soni — 77 mln. kishi (2009). Vetnam tilida so‘zlashadi. Dindorlari — asosan buddaviylar, daochilar, konfutsiychilar; bir qismi katoliklar va ajdodlar ruhiga hamda sinkretik (aralash) dinlarga e’tiqod qiladi.