Shayx San’on Rumni tark etib, Makkaga qaytgandan keyin tarso qizi tush ko‘rdi. Tushida oftob qo‘yniga kirgan emish. Shunda oftob tilga kirib, shayxningorqasidan yo‘lga tush, dedi. Shayx majoz tariqasida sening yo‘lingga kirgan edi, sen esa uning ketidan borsang, haq yo‘liga kirasan.
Sen uni yo‘ldan urgan eding, endi uning yo‘liga kir, shayx qaytib haq yo‘lini topdi, sen ham hamrohi bo‘lgin.
Tarso qizi uyqudan uygongach, qalbida bir nur shu’lalana-yotganini his etdi, go‘yo oftob ichidan porlab turardi. Ko‘nglida ajib bir dard paydo bo‘ldi va qarorini oldi. Endi qizning vujudini ishq otashi qamrab oldi. Ko‘nglidagi otash shunday o‘rtar ediki, hech narsaga qo‘li bormas, hech narsa bilan ovunmas edi. Qizning boshiga ish tushgan edi, bu – muhabbat edi. Bu dardni birovga aytib bo‘lmas, rozdonu hamdami ham yo‘qedi. Ilgarigi holidan asar qolmadi, o‘zini bir ajoyib olam ichra ko‘rdi: bir asror zavqidan sarmastu sarxush bo‘lib, buni tabiiy holat tushunchalari bilan anglatib bo‘lmasdi. Ohurib, kiyimlarini yirtib, tashqariga otildi, sochlarini yozib, devonalardek lahza-lahza bexud bo‘lardi. Qiz toqat qilolmay, shayx va muridlari orqasidan yo‘lga tushdi. Qizning ahvoliga odamlarning rahmi kelar, chunki u ojiz, beqaror edi. Qiz zorlanib derdi:
— Ey, barcha mushkullarni oson etuvchi parvardigor! Bir ayol boshim bilan qayerga boraman. Balolar girdobiga giriftor bo‘ldim. Agar shayxni qiynagan bo‘lsam, meni qahring dengiziga tashlama, uzr so‘rayman, rahmli Allohm. Xato qildim, ammo tavba keltirib, gunohimni bo‘ynimga oldim, menday miskin bechorani qiynama. Dilni qo‘ldan berdim, bedil jonimni azobga qo‘yma. Agar mabodo o‘lsam, birov madadkor bo‘lmas, xoru zorlikdan o‘zga martabam yo‘q mening.
Tarso qizi voqeasini Shayx San’onga yetkazdilar, tarso qizi tarsolikdan chiqibdi, bizningdinga kirib, musulmon bo‘libdi, endi u senga oshiqi beqaror deb aytdilar. Shayx buni eshitib, qizning oldiga bordi va u bilan suhbatlashdi.
Muridlar unga ta’na qilib:
– Yana but oldiga bordingmi, tavbang qayoqda qoddi, azoblaringni unutdingmi? – dedilar.
Shayx San’on qizning ahvolini ularga tushuntirdi, tarso qizi haq yo‘liga kirganligini bildirdi. Muridlar buni eshitib, hayron bo‘ldilar va qizga rahmlari keldi. Bu safar shayx muridlari, suhbatdoshlarini olib qizning oldiga bordi, ular o‘z ko‘zlari bilan ko‘rib, qanoat hosil qilsinlar deb shunday qildi. Ular qizni bir ahvolda ko‘rdilar, uning yaqosi chok, boshi ochiq edi, bir jonsiz jasadday tuproqqa belanib yotardi. Qiz o‘z dardining sababchisi shayxni ko‘rgach, yurakdan ohi otashnok chiqardi. Shayxga nazar tashlar, ko‘zlari esa tinmay yosh to‘kardi. Shayxga qarab dedi:
— Sening ishqing tug‘yonidan jonim quymoqqa, bundan buyon bu dardni yashirolmayman. Bu dardning boisi nima, parda orqasidagi sirni menga tushuntir, pardani ko‘tarib ogoh et, meni islom yo‘liga boshla endi!
Shayx San’on unga shahodat kalimasini o‘rgatdi, qiz imon keltirib musulmon bo‘ldi. Bu voqeadan barcha ashobu yorlar orasida g‘avg‘o ko‘tarildi. Oxir-oqibat, ul sanam haq yo‘lini topib, imon zavqidan xushnud va munavvar bo‘ldi.
Qiz dedi:
— Ey shayx, toqatim toq bo‘ldi, firoq toqatiga chidolmasman. Bir uyum tuproq bo‘lmish bu olami foniydan ketarman tezda, ey olam shayxi, alvido‘u alvido‘!
Ul oy shu gapni aytdiyu jonni jonofaringa topshirdi, yarimta bo‘lgan jonini jononga fido etdi. Bu majoz dengizida bir qatra edi u. Haqiqat daryosi tomon ketdi yana. Hammamiz ham shul sanam kabi olamdan safar etamiz bir-bir. Ishq yo‘li shunday yo‘ldir, buni ishqdan, darddan ogoh kishilar anglagay. Nafs bu asrorni eshitmaydi va anglamay-di, benasiblar bu qo‘yga kirolmaydi. Buni jonu dil qulog‘i bilan eshitib olmoq kerak, botin olami bu sirni biladi, tana-vujud buni qayerdan anglasin!
Qizning o‘limi Shayxga qatgiq ta’sir etdi, joni achidi, yorining yuzi berkilgach, ko‘zini olamdan olib qochdi. G‘amzada va motamzada shayx o‘z do‘stlariga dedi:
— Ey, do‘stlarim, biz oshiqlarning holini ko‘ring, ahvolimizga nazar tashlang. Qushim ovimga ilingan edi, uni qanotim ostiga olgan edim, ammo u uchib ketdi, biling, endi men ham bu dunyoda qolmoqchi emasman. Bu jahondan jannat sari safarga chiqaman, jononim izidan ketmoqchiman.
Agar qiz tongda vafot etgan bo‘lsa, Shayx San’on tush paytida jon berdi. Oshiqu ma’shuqlar tobutini izma-iz ko‘tardilar. Shayxning qabrini qizning qabri yonidan qazidilar, ikkalasini yonma-yon tuproqka qo‘ydilar, oshiq va ma’shuqning piri xutba o‘qidi, jon ila jonon birlashdi-lar, oshiq va ma’shuq birga edilar. Go‘yo ular birga tirik edilar, vasl nashidasini, birlashish lazzatini tatib ko‘rardilar. Go‘yo vasldan behush bir-birlarini og‘ushga olib yotardilar ular. Ikki qabr ustida ikki tik qomat sarv daraxti o‘sdi. Parvardigori bokaram o‘z lutfi bilan ul yerda zilol suvli chashma ato etdi. Bul chashma suvidan necha farsax yerlar obod bo‘lib, yam-yashil ko‘karib turardi. Ahli dillar kelib, qabrlarni ziyorat qilar, oshiq-ma’shuqlar ruhiga fotiha o‘qirdilar. Go‘yo bu yerda to‘rt fasl ham bahor edi, aylanasi bog‘-rog‘lar, chamanzorlar bilan o‘ralgan edi. Har doim daraxtlarning mevasi pishib turar, yer yuzida jannat paydo bo‘lganday edi. Ka’ba yonida edi, ul manzil, xosu avomning ziyoratgohiga aylandi.
Attorning qissasi bir mohchehra qiz uchun emas. Alloh sirridan bandasi ogoh emas.
Bir pokdin inson huzurida muhabbat haqida so‘z borar edi. O‘tirganlardan biri dedi:
— Men oltin oshig‘iman, pulni, boylikni sevaman. Oltin ishki vujudimda jon kabidir. Agar ko‘limda zar gulday ochilib, charaqlab turmasa, men ham gul kabi kulib turolmayman. Dunyo ishqi meni g‘amlardan ozod qildi, odamlar orasida obro‘li-e’tiborli bo‘ldim. Zarparastman, zardir-oltindir mening sig‘inganim, Allohim. Shunda pokdin, Allohparast odam unga qarab dedi:
— Ey, aslga emas, suratga oshufta bo‘lgan, surat bandiga tushgan odam, ko‘nglingdan safo saharining nuri yiroq, sen chumoliga o‘xshaysan, kavaklardan boshqa narsani bilmaysan. Kecha-kunduz deyunaday chopasan, suratga giriftorsan. Ma’noni izla, suratga o‘ralmagin, asl moxiyat ma’nodir, surat arzimas dir, hechdir. Oltin ko‘rinishda bo‘yalgan toshdir, sen yosh bola kabi rang-bo‘yoqlarning oshuftasisan. Sening oltinlaring biror ishga yaramaydi. Qiyomat quni bu oltinlar hech kimga yordam berolmaydi. Sen o‘yinchoqlardan lazzat topasan, nurning nuridan shodsan. Sen aslga intilmaysan, nurning manba’ini istamaysan. Joni pokingni oltin bandidan xalos et, ey jon, axir, mohiyat — mutlakiyat oshig‘i bo‘lmog‘i kerak.
Fariduddin Attorning “Mantiqut-tayr”idan.