Bir amirning juda chiroyli oti bor edi. Hatto podshohning otlari ichida ham uning tengi yo‘q edi. Amir bir kun bu otiga minib Xorazmshoh tashkil qilgan marosimga qo‘shildi. Podshohning ko‘zi beixtiyor bu otga tushdi. Otning turishi, xatti-harakatlari, rangi sultonning aqli hushini oldi. Otning qayerga qaramasin go‘zal va jozibador edi.
Podshoh safardan qaytgach, darhol bu otni olib kelishlarini amr etdi. A’yonlar amirning uyiga borib shohning amrini yetkazdilar. Amir parishon bo‘ldi. Axir, podshohning amriga qarshi chiqib bo‘ladimi?
Nochor, vazir Imodulmulkning huzuriga yugurdi. Uning yoniga borib
Dedi: olsinlar bisotim beshu kam,
Men beray borimni ham, yo‘g‘imni ham.
Lek o‘limdir menga otdan ayriliq,
Olsalar otimni, o‘lgaymen aniq.
Men bilarmenkim, qo‘limdan ketsa ot,
Qolmagay jismimda so‘ngaydir hayot…
Ketsa yorim, sabr etarmen har qalay,
Ketsa ot, sabru qarorim qolmagay.
Imodulmulk amirning yelkasini siladi, unga tasalli berdi:
– Sen tashvishlanma, men senga otingni qaytarib olib keltiraman, – deya turib podshohning huzuriga ketdi.
U podshoh huzurida ovoz chiqarmay, tek turar, biroq ichidan duolar qilardi. Xuddi shu payt xizmatkorlar otni olib keldilar. Podshoh taxtidan tushdi. Imodulmulkka otni ko‘rsatib:
– Naqadar go‘zal, naqadar tengsiz bir ot! Hamma a’zolari naqadar nuqsonsiz! – dedi. Imodulmulk:
– To‘g‘ri aytayapsizku-ya, hazrati oliylari, lekin menga otning boshi nihoyatda xunuk ko‘rinmoqda, – dedi.
Podshoh diqqat bilan qaradi. Haqiqatan bu otning boshi ho‘kizning boshiga o‘xshardi. Shu on otga bo‘lgan butun sevgisi yo‘q bo‘ldi; otni egasiga qaytarib berilishini buyurdi. Aslida:
Bu bir bahona erdi, chunki Tangri, Hay,
Shoh dilin otdan sovutdi har qalay.
Ko‘rmasin, deb yopdi eshikni Xudo,
Ul suxan erdi eshikdin bir sado…
Ul eshik har gal g‘ichirlar shul yo‘sin,
Bongini tinglab, ko‘rolmassan o‘zin.
Yangrasa hikmat ila gar xushovoz,
Lang ochilgay bir eshik jannatda boz.
To‘lsa g‘iybatga quloqning teshigi,
Lang ochilgaydir jahannam eshigi.
Tingla bongin, gar yiroqdirsen bu dam,
Baxtiyor ulkim, ko‘rar eshikni ham.
(Masnaviy, VI-jild, 3485 – 3493 – baytlar)
ShARH
Xorazmshohlar Mavlono Rumiy tug‘ilgan hudud va atrofda 1100 – 1230 yillarda hukm surgan bir suloladir. Hukmdorligi davrida ko‘plab din, adabiyot va tasavvuf olimlari yetishib chiqqan.
Hikoyada bo‘lisholmagan bir otdan so‘z yuritilmoqda. Ajdodlarimizning otga bo‘lgan sevgisi bu hikoyada ham namoyon bo‘lmoqda. Islomiyatdan avval qadimiy turkiylar otning ko‘kdan tushganiga ishonishar (“Osmondan yashinday engan bedovsan”. “Qunduz va yulduz” dostonidan. – A.T.), bu hayvon totem (muqaddaslashtirilgan) hayvonlar orasida edi. Hatto turkiylarda bir kishi o‘lsa uni oti, otning egar-jabduqlari bilan ko‘mish odati, qabr toshlarga, gilamlarga, qoya toshlarga ot rasmlarini solish kabi odatlar mavjud ediki, bu ham otga bo‘lgan hurmat-ehtiromning ko‘rinishi edi.
“Ot – yigitning qanoti”, “Oti borning qanoti bor”, “Ot tegdi – qanot tegdi”, “Ot do‘sti – ota do‘sti”, “Yaxshi ot – yarim rizq”, “Ot ushlagan – azobidan qutular” (ushlagan – bu o‘rinda “boqqan, asragan” ma’nosida ishlatilgan), “Otli yigit – baxtli yigit”, “Boshsiz bo‘ri bo‘lmas, Totusiz turk bo‘lmas” (burk – qalpoq, telpak; totu, toti – kichik, mo‘jaz ot.) kabi o‘zbek xalq maqollari ham bejizga aytilmagan.
Otga bo‘lgan bunday munosabat islomiyatdan keyin ham qaysidir ma’noda davom etgan bo‘lishi kerakki, Xorazmshoh chiroyli otni qanday bo‘lmasin qo‘lga kiritmoq istar. Biroq, shu narsani alohida ta’kidlash kerakki, islomiyat otga bo‘lgan munosabatni ham izga soldi, darajasini belgilab berdi, bu borada haddan oshmaslikni ta’kidladi. Otning ham Yaratuvchining bir mo‘jaz ne’mati ekanini, uning foydalarini aytdi.
Qur’oni karim otni Alloh tomonidan insonga berilgan ulug‘ ne’mat ekanini aytdi: “U zot yana sizlar minishingiz uchun ziynat qilib otlar, xachirlar va eshaklarni (yaratdi). Yana sizlar hali bilmaydigan narsalarni ham yaratur” (Nahl, 8)
Biroq boshqa dunyo mollari, zeb-ziynatlari kabi “qimmat baholi” otlar ham sinov-imtihon uchun berilganini ta’kidladi:
“Odamlarga ayollar, bolalar, tuganmas oltin-kumush boyliklar, (qimmat) baholi otlar, chorva va ekin-tikinlar kabi istak-xohishlarga ko‘ngil qo‘yish chiroyli qilindi. Holbuki, bu narsalar hayoti dunyoning (o‘tkinchi) narsalardir. Allohning huzurida esa eng go‘zal qaytadigan joy – jannat bordir. Ya’ni, o‘tkinchi narsalarga ko‘ngil bermay, haqiqiy go‘zallikni sevmoq lozim” (Oli Imron, 14).
Payg‘ambarimizning (s.a.v) bir rivoyatga ko‘ra, o‘n besh (Ibn Moja. “Muxtasar us-siyar”), boshqa rivoyatga ko‘ra, yettita (Ibn Guzay al Qalbiy. “Kitobul xayl”) otlari bo‘lgan.
Navaviy “At-taqrib va-t-taysir” asarida (Bayrut–1400–1980) quyidagilarni yozadi: “Alloh Rasulining (s.a.v.) otlari bor edi. Birinchi mingan otlari Saqbdir. Peshonasi va oyog‘ida oqi bor edi. Sabxa ismli yana bir otlari bo‘lgan. Bu ayni paytda o‘zlari bilan g‘azotga chiqqan ilk ot edi. Boshqa bir otlari esa Murtajazdir. Rasuli Akram bu otlarini bir badaviydan sotib olganlar. Saxb bin Sa’d shunday deydi: “Rasulullohning Lizoz (Lazoz), Zarib va Luxayf (Laxif) ismli uch nafar otlari bo‘lgan. Lizozni u zotga Muqovqis hadya qilgan. Luxayf (Laxif) esa Robia bin Abil Baroning sovg‘asidir”.
Rasululloh unga bir necha tuya berganlar. Ma’lumotlarga qaraganda, Payg‘ambarimiz ko‘proq qora rangli, peshonasida va oldingi oyog‘idan boshqa oyoqlarida oqi bo‘lgan otlarni yaxshi otlar deya ta’riflaganlar.
As-Sa’dus-Samarqandiy “Jonzotlarning tibbiy xosiyatlari” asarida yana bir e’tiborli ma’lumotni keltiradi: “Rasuli Akramning otlari bor edi. Va hadisda kelibdurkim, “Hech oqshom yo‘qki, magar ot bu duoni o‘qimagay: “Robbi, innaka saxxoratani li-ibni Adama va ja’altu rizqi fi-yadihi (Parvardigorim, meni Odam farzandiga bo‘ysundirding va rizqimni unga bog‘lading. Ey Xudovando, bas meni unga sevimli qil!)”
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bir hadislarida marhamat qildilar: “Ot uch xil ish uchundir. Biri savob, biri – parda va yana biri gunohdir. Savob – shuki, kishi uni Tangri yo‘lida o‘tloqda yoki uyida boqsa, unga savob yozilur. O‘tlashi uchun uni yaylovga yoki o‘z bog‘chasiga bog‘lab qo‘ysa, arqoni yetgan joygacha savob yozilaveradi…
Boylik va zoriqmaslik uchun boqib, parvarish qilib, minib Tangrining haqqini unutmagan bo‘lsa, unga shu ot do‘zaxdan parda bo‘ladi. Agar kishi ulovini faxr va riyo yoxud mo‘minlarga qarshi harakat uchun boqsa, bu bilan unga gunoh yoziladi”.
* * *
Hikoyamizda amir va hukmdor orasida otga sohib bo‘lish borasida tortishuv bayon etilmoqda. Vaholanki, buning chorasi tasavvuf tushunchasida mavjuddir. Mashhur tasavvuf ta’riflaridan biri shunday: “Na sen bir narsaga molik bo‘lgaysan, na bir narsa senga molik bo‘lgay”.
Hikoyatda esa buning teskarisini ko‘rmoqdamiz. O‘rtada qimmatbaho bir ot bor, asl sohibi uni juda yaxshi ko‘radi. Ya’ni, otga molik, ot uning mulki. Ammo otga bo‘lgan sevgisi shu darajada ziyodaki, go‘yo ot unga molik, ot sevgisining asiri – mubtalosiga aylangan. Otdan ayrilib qolish uning uchun o‘lim bilan barobar. Ayni tarzda hukmdor ham shunga o‘xshash tuyg‘uning asiri o‘laroq majburan bo‘lsa-da birovning otiga egalik qilmoqchi. Bu ham hatni qiyinlashtirishdan boshqa narsa emas. Xo‘sh, chora nimada? Chora – har narsaga loyiq, me’yorida baho bermoq. Allohdan o‘zga har narsa foniydir, mosuvodir, ortidan jon-jahd bilan yelib-yugurishga arzimaydi.
Noto‘g‘ri anglashilmasin – harakat qilmaylik, mol-mulk sohibi bo‘lmaylik demayapmiz. Ammo sohib bo‘lgan narsalarga topinadigan darajada bog‘lanib qolmaylik. Aks holda hafsalamiz pir bo‘ladi. Pul cho‘ntagimizda bo‘lsin, qalbimizda emas. Ot ham tablasida yashashi kerak, ko‘nglimizda emas.
* * *
Filologiya fanlari doktori, professor Najmiddin Komilov yozadilar: “Al-faqru faxriy” hadisi tasavvuf ahlining bayrog‘iga aylangan edi, chunki “faqr” tushunchasi tasavvufda maxsus mavqega ega. U maqomotning alohida bosqichini anglatishdan tashqari, umuman, darveshlikning mohiyatini ham belgilab keladi. Tasavvuf lug‘atlarida qayd etilishicha, faqr “ulug‘ bir mohiyat, insonning ilohiy aslidir; faqrlik – dunyoning moli va ahvolidan hech narsaga ega bo‘lmaslik. Xoja Bahouddin Naqshband aytganlaridek:
Hechi mo neyu hech kam ne,
Az hech – hech hech g‘am ne,
Janda dar pushtu push go‘riston,
Ro‘ze ki miram, hech motam ne.
Hech narsamiz yo‘q, shuning uchun hech kamimiz yo‘q. Hech – hech, ya’ni u – bu narsa deyishdan hech bir g‘amimiz yo‘q. Egnimizda janda-yu orqada qabriston, o‘lgan kunimiz motam ham yo‘q. (N. Komilov. “Tasavvuf” Toshkent “Movorounnahr” – “O‘zbekiston”, 2009, 89-bet)
Tasavvuf ahlining ushbu shiori ham bu boradagi fikrlarimizni oydinlatadi: “La ma’buda illalloh. La mavjuda illalloh. La maqsuda illalloh”
* * *
“Dunyoni ko‘r, sayr qil, ichiga kir, ammo ehtiyot bo‘l – dunyo sening ichingga kirmasin” (Muhammad Nurulloh saydo al-Jazariy) qoidasiga amal qilish eng to‘g‘ri yo‘l.
Ha, hayot atalmish dangizdan o‘tayotganda qayiq ichiga suv kirgizmasdan, ya’ni dunyo sevgisini qalbimizga olmay sog‘-salomat ro‘paradagi bandargohga yetib olsak marra bizniki.
So‘fi Olloyor aytadilar:
Haris uldur, agar dunyoyi fani,
Yig‘ay desa muhabbat birla oni.
Agar bo‘lsa kishida moli sahli,
Ko‘ngul bersa erur dunyoning ahli.
Bisotida bir arpa qursi bo‘lsa,
Ani dun ahli bil, gar hirsi bo‘lsa.
* * *
Alloh taolo insonga turli ne’matlar berib imtihon qilish haqiqat. “Sad” surasida Sulaymon payg‘ambar va uchqur otlar bilan bog‘liq qissa shu jihatdan ibratlidir: “Biz Dovudga Sulaymonni hadya etdik. (Sulaymon) naqadar yaxshi bandadir. Darhaqiqat, u (Alloh rozi bo‘ladigan yo‘lga) qaytguvchidir. Eslang, unga (bir kuni) kechki payt gijinglab turguvchi uchqur otlar ro‘baro‘ qilingan edi. Bas, u (o‘sha otlarga mahliyo bo‘lib, kun botish oldidan o‘qiydigan namozi qazo bo‘lgach), dedi: “Darhaqiqat, men Parvardigorimni eslashdan (ya’ni, o‘qiydigan namozimdan qolib) bu suyukli otlarni suyub erkalashga berilib ketibman!
Hatto (quyosh ham) parda ortiga berkinibdi (ya’ni botib ketibdi)! U (ot)larni menga qaytaringlar-chi! Bas, U (qilich bilan otlarning) oyoq va bo‘yinlarini “silash”ga kirishdi (va ularni Alloh yo‘lida qurbonlik qilib yubordi)” (30-33 – oyatlar)
Ulug‘ olimimiz Oltinxonto‘ra Sog‘uniy bu oyatlarni tafsir qila turib, jumladan, shunday yozadilar: “Bularning (ya’ni otlarning. – A. T.) adadi 1000 erdi. Alarning namoyishig‘a mashg‘ul bo‘lib asr namozini unutib qo‘ydilar. Qasddan tark etmadilar. Keyin mahzun bo‘lib, alarni so‘yib sadaqa qildilar”.
* * *
Hikoyamizdagi Imodulmulkning o‘sha davrda yashagan aqlli, tajribali, hammaning hurmatiga sazovor donishmand zot ekani ma’lum bo‘lmoqda. Bunday insonlarning borligi jamiyat uchun omaddir. Hukmdorlar, podshohlar bilan xalq o‘rtasida bu kabi zotlar ko‘prik, yaxshi munosabatga vositachi bo‘lishgan. Birovning moliga nohaq ko‘z tikilgan paytlarda bular oraga kirib nohaqlikning oldini olishgan, o‘rtani isloh qilishgan.
Imodulmulk amrning otini olib qolish uchun qo‘llagan tadbiri diqqatni tortadi: “Sultonim, ot juda go‘zal, biroq boshi bir oz g‘alati, ho‘kiz boshiga o‘xshaydi”.
Bu – talqinning kuchi va biz katta ahamiyat bergan bir necha narsaga munosabatimizning o‘tkinchi ekaniga yorqin misoldir. Ko‘pchiligimizning hayotimizda sodir bo‘lgandir: bir paytlar nihoyatda yoqtirgan bir ashyoni, vaqt o‘tib yoqtirmay qolamiz. Ayniqsa, bir tashqi omil, ta’sir etuvchi bo‘lsa, bu holat yanada o‘nni namoyon etadi.
Mavlono Rumiy mansub bo‘lgan tasavvuf tushunchasida ham bu izofiyliklarga, kelib-ketuvchi havaslarga chiroyli javob bor. Ma’ruf Karxiy (815 yilda vafot etgan) deydiki: “Tasavvuf haqiqatlarni olmoq, insonlarning qo‘lidagilardan umid uzmoqdir”.
Ha, haqiqatlarni, haqiqiy bo‘lganni, qoluvchi bo‘lganni olmoq. Ya’ni, o‘shanga baho bermoq, uni xush ko‘rmoq! Undan boshqalariga faqat loyiq bo‘lgan qiymat bermoq kerak. Haqiqatlarning haqiqati (Haqiqatyo‘l Haqoyiq) Alloh taolodir. Yagona haqiqiy borliq Udir. Unga oid bo‘lgan, U tomondan tavsiya etilgan haqiqatlar asl yo‘nalmog‘imiz kerak bo‘lganlardir. Mashru yo‘ldan sohib bo‘lganimiz mol, mulk, maqom, mavqe, ot, arava, avtomobil, ko‘shk, saroy, umr yo‘ldosh, farzand – bularning hammasi xush narsalardir, ko‘z quvonchidir – hayotga rang va chiroy qo‘shadi. Bularsiz bir dunyo tasavvurga sig‘ishi qiyin. Biroq, ularning hech biriga topinadigan darajada bog‘lanmasligimiz lozim. Bularning bari kemaning suzishiga yaraydigan suv misolidir. Kema tashida qolsalar, go‘zaldirlar. Kemaning ichiga kirib qolishsa, ya’ni qalbimizda joy olsalar, kemamiz ma’nan g‘arq bo‘ladi.
* * *
Jaloliddin Rumiy tasvirlayotgan Imodulmulk qalbi dunyo sevgisidan holi, mol-dunyoga rag‘bati yo‘q muhtaram zotdir. U
Gar g‘ariblikda amir erdi mudom,
Lek amirlikda faqir erdi mudom.
Barcha muhtojlarga erdi chun padar,
Daf etardi har ziyonu har zarar.
Ko‘rsa ayb, yolguvchi mardi Huv edi,
Fe’li xalqning fe’lidin ayru edi.
Bu komil insonga xos belgilarki, shohga uning gaplari shuning uchun ham o‘z ta’sirini darhol o‘tkazdi, shoh fikridan qaytdi.
Rumiy shohning holatini tasvirlar ekan, har narsa Haq taoloning qudrat qo‘li ostida, u bandalarini xohlagan yo‘l bilan sinashi mumkinligi haqidagi haqiqatni eslatadi:
Bir nima ko‘rsatsa ko‘zga, xohishi,
Bir nima berkitsa ko‘zdin, xohishi.
Bildikim, g‘oyibdin ermish bul sabaq,
Har nafas bir imtihon aylaydi Haq.
Shuning uchun bo‘lsa Rumiy ushbu hikoyaning sarlavha ostiga yana bir nigin sarlavhacha qo‘yadi: “Qanchalar go‘zal bo‘lmasin Yusuf og‘alarining hasadi tufayli mushtariylarga xunuk ko‘rina boshladi”. “Yusufga u qadar rag‘batlari yo‘q edi” (Yusuf surasi, 20-oyatga ishora).
Rumiy hikoya so‘ngida qalbning ham egasi Alloh taolo ekani, uni xohlaganidek burishi mumkinligi haqidagi qudsiy hadis mazmunini iqtibos san’atining o‘ziga xos badiiy talqini tarzda o‘quvchisiga eslatadi:
Dil ko‘zdin ochgay, bekitgay Zuljalol,
Damba-dam aylab necha sehri halol.
Ul sababdinkim demishdi Mustafo:
Pastni pastu haqni haq ko‘rsat Xudo…
To yetib oxirga, ag‘darsang varaq,
Etmagay afsus, nadomatdin saboq.
Ul Imodkim makr bunyod ayladi,
Haq uni aylarga irshod ayladi.
Makri Haqdir aslida sarchashma ul,
Ikki barmog‘i arosinda ko‘ngul.
Ha, Jaloliddin Rumiy hikoya bahonasida o‘quvchisini ma’naviyat osmonining bir necha burjlariga sayohat qildiradiki, bu sayohatga qo‘shilgan siz – biz yo‘lovchilar naqadar baxtlimiz!
Turk tilidan Abdumurod Xolmurodov tarjimasi,
“Masnaviy hikoyatlaridan darslar” kitobidan olindi