Bir posbon — soqchi yigit bor edi, bir go‘zalga oshiqu zor edi. Kechayu kunduz uyqusiz va beqaror edi. Uyqusiz oshiqning hamdami bo‘lgan do‘sti unga hayrixoxlik bilan dedi:
— Ey uyqusiz do‘stim, kechasi biroz uhla. Oshiq posbon aytdiki:
— Posbon kechasini yor ishqi bilan o‘tkazadi. Soqchi ikkidan birini: yo uyquni, yo oshiqlikni tanlashi kerak. Ba’zilar uyquni o‘ziga loyiq deb biladi: Mard posbon esa oshiqlikni tanlaydi. Soqchilikda uxlab qolgan qancha sarbozlar boshidan ayrildi. Agar men ozgina uxlab qolsam, el-yurt (omma) notinch va zaif bo‘lib qoladi.
Har kecha ishq meni imtihon qiladi. Ishq posbonga ham posbonlik qiladi. Goh kelib, meni qamchilaydi. Goh yuzimni g‘am bilan qora qiladi. Agar uyqusiz va hur oshiq bir dam uxlab qolsa, o‘sha zamon ishq undan uzoqlashadi. Butun kecha xalq osoyishini yo‘qotadi, agar posbon uxlab qolsa, xalq ohu fig‘on qiladi.
Oshiq posbonning do‘sti aytdiki:
– Ey ishq otashida kuygan va toblangan yigit, butun kecha bir lahza ko‘zingda uyqu bo‘lmadi.
Oshiqsoqchi dedi:
– Posbon uxlashi yaxshi emas. Oshiqning yuzi ko‘z yoshidan boshqa suv bilan yuvilmaydi. Agar soqchi uyqusiz bo‘lsa, boshqa oshiqlarning ko‘zi yoshli bo‘lmaydi.
Aslida uyqu tashqaridan kelmaydi. Uyqu ichkaridan kelsa (ko‘ngil uxlab qolsa) suv tashqaridan keladi. Oshikdik posbon bilan do‘stdir. U tufayli posbonning ko‘z yoshi daryoday bo‘lsa, uyqu lashkari bu joydan qochadi.
Posbon oshiqlikdan yaxshilik topadi, uyqusizlikdan hayot mag‘zini topadi. Ey mard yigit, agar jo‘yanda (baxt izlovchi) bo‘lsang, o‘ylab ko‘r, ko‘p so‘zlovchi (go‘yanda) bo‘lsang, uxlaganing yaxshi.
Ey oshiq, dil ko‘chasida posbon bo‘l, dilingni turli o‘g‘rilardan ehtiyot qilib, saqla. Agar dil uyiga o‘g‘ri tushsa, yo‘lingni yo‘qotib qo‘yasan. Diling gavharini o‘g‘rilardan saqla.
Agar sen shunday sifatli posbon bo‘lsang, diling ma’rifat chirog‘idan ravshanlashadi. Mard insonlar hayotning qonli daryosidan ma’rifat yordamida sog‘-omon chiqadi. Agar dardli insonlar, uyqusizlar ko‘paysa, dil bedor, hushyor bo‘ladi. Kam uxlasang, diling ishkda vafodor bo‘ladi.
Agar ko‘p gapiraversa, javonmardlik daryoga cho‘kib, yo‘qoladi. Cho‘kkanlarning esa faryodi ham yetib kelmaydi.
Oshiqlar abadiyat yo‘lida boshlovchilardir. Muhabbatdan mast bo‘lganlarning hammasi uyqudadirlar. Oshiq ayollar ham mardlarning mardidir. Ular ishq mayidan yetarlicha ichganlar.
Ishq zavqini topganlarning ko‘ngli ravshan, ular har ikki olamning kalitini topganlar. Oshiq ayol mard erkak kabi ulug‘ insondir. Agar erkak oshiq bo‘lsa, u teran, chuqur daryodir.
Fariduddin Attorning “Mantiqut-tayr”idan.