Bir darvesh bir shahzodaga oshiq bo‘ldi. Kecha-kunduz shahzoda yodida ohu nola chekar, ammo shahzodani hech ko‘rmagan edi. Odamlar darveshga tanbeh berib, nasihat qilardilar:
– Sen qayerdayu podsho qayerda, agar bu ishing podshoning qulog‘iga yetsa, seni qattiq jazolaydi, o‘z xuningga o‘zing zomin bo‘lasan, – der edilar. Ammo darvesh bu gaplarga e’tibor qilmas, shahzodani o‘z qiblasi, ka’basi deb bilar, uning husnu jamolini maqtar, beqarorligini, oshiqligini izhor etar edi.
Podsho bu gapni eshitib, ranjidi va darveshni ushlab, qatl etishga hukm etdi. Darvesh bu gapni eshitib, xafa bo‘lish o‘rniga shod bo‘ldi, na’ra tortib, boshini toshlarga ura boshladi, aql-hushini yo‘qotdi. Shu holda uni qatlgohga olib bordilar. Darvesh qatlni uyushtiruvchi hokimdan bir muddat muxlat so‘radi, bir rakaat namoz o‘qib olayin, dedi. Hokim ijozat berdi.
Darvesh ko‘zidan issiq otashli yoshlarini to‘kib. yuzini tuproqqa qo‘yib dedi:
– Ey Allohi hoziru nozir, ey parvardigori qodiru qahhor, shohimning umrini uzun, davlatini fuzun et, uning hech bir gunohi yo‘q. Ammo jonim tanimdan chiqishdan oldin menga shahzodani jamolini bir bor ko‘rsat, buni menga nasib et. Hech bo‘lmasa, axir bir bor uning yuzini ko‘rayin, keyin o‘lsam mayliga, mayliga uning oldida jon berayin, jonimni unga topshirib, Ismoil singari qurbon bo‘layin. Bir emas, ming jonim bo‘lganda ham unga bag‘ishlagan bo‘lardim. Ey parvadigor, minglab odamlarning hojatini chiqarasan, mening ham hojatimni chiqar…
Parvardigor ul darveshning nolasini eshitdi va podshoh ko‘ngliga rahm soldi. Hokim shoh oldiga odam yubordi va darveshning o‘lim oldidan aytgan iltimosini bildirdi. Faqir darveshning holati va so‘zi shohga ta’sir qildi, shohning qalbida ham dard paydo bo‘ldi. Shoho‘g‘lini chaqirib, dedi:
– Darveshdan yuz o‘girma, uni o‘zingga yaqinlashtir, hozir esa vazir bilan birga o‘sha bechora oshiq oldiga boringlar va uning ko‘nglini ko‘taringlar.
Shahzoda otasining so‘ziga kirib, darvesh oldiga yo‘l oldi. Go‘yo gavhar sadaf tomon, daryo esa qatra tomon yo‘l olganday bo‘ldi. Yo‘q, quyosh tuproq oldiga kelganday bo‘ldi. Shahzoda dor ostiga, darvesh oldiga yetib kelganda, butun yig‘ilgan xaloyiq hayratdan qichqirib yubordilar. Qiyomat qo‘pganday bo‘ldi. Shahzoda gadoni tuproqqa belangan holda ko‘rdi. Darvesh go‘yo mahv bo‘lgan, yo‘qolgan edi. Uning jismi qariybki ko‘rinmas, xalq nazaridan yashiringanday edi. Shahzoda bechora darveshni bu holda ko‘rib, ko‘zlariga yosh oldi, rahmi keldi.
Voqean, kimki ishkda sodiq va sobit bo‘lsa, ma’shuq huzuriga keladi, oshiqu ma’shuq bir-biridan ajralmasdir, ishq bor joyda husn, husn bor joyda ishq mavjud. Darvesh shahzodaning ovozini eshitgan bo‘lsa-da, lekin yuzini ko‘rmagan edi. Shahzoda otdan tushib. gadoning yuzini tuproqdan ko‘tardi va tizzasiga qo‘ydi. Gado shohining yuzini yaqindan ko‘rdi. Gado bir olov, shahzoda esa bir daryoi rahmat edi. Olov nur daryosiga yetgan edi. Gado shahzodaga qarab dedi:
– Ey, shahriyor, muncha zor etding!
So‘ngra bu baxtu saodatni yetkazgan Allohga shukr etdi va bir na’ra tortib, jonini jabborga topshirdi. Go‘yo u olamda yo‘q edi. Bir sham’ lip etib o‘chganday bo‘ldi. Dilbarining visoli ma’lum bo‘lgach, mutlaqfoniy bo‘lib, yo‘qoldi-ketdi. Buni soliklar bilurlar, ishq ne kuylarga solishi, ne-ne mo‘jizalar ko‘rsatishi ularga ma’lumdir.
Mardlarning bari yo‘lda fano bo‘ldilar, Haqqa foniy bo‘lib, Haqdan ogoh bo‘ldilar. Ey vujuding yo‘qlikka yo‘g‘rilgan, sening lazzating alam bilan omuxtadir, bir muddat ostin-ustun bo‘lmaguncha, oromu xotirjamlikni ko‘rmaysan. Ishq — kimyo, seni poklovchi xumdon. Muncha fikrga g‘arqsan. Aql – qo‘rquv keltiradi, aql mardlikni bo‘g‘adi, aqlni qo‘y. Xumdonga kir, men kabi o‘zingdan kechgin, bir nafas o‘z olamingni tark et. Menga qaragin: menki, men emasman, men yo‘qman, mendan boshqa ham qolgan emas. Men istagan narsa aqldan ham, xayru sharrdan – yaxshi va yomondan ham balavdshir. Menga faqr oftobi nurini sochgach, ikki olam ko‘zimga tariqcha qimmatsiz bo‘lib qoldi, ul quyoshning shu’lasin ko‘rganimdan keyin men batamom yo‘qoldim, qatra daryoga qo‘shilganday bo‘ldi. Neki izlagan bo‘lsam, topgan bo‘lsam oqar suvga otdim. Bir qatra edim -yo‘qoldim. Garchi yo‘qolish har kimning qulidan kelmasa ham, ammo menday bir kishining barhaq foniy bo‘lishi yetarlidir.
Fariduddin Attorning “Mantiqut-tayr”idan.