Roja brahmanga dedi: – Mumkin bo‘lsa, shunday bir hikoya so‘zlab bersangki, unda birov bir narsani qo‘lga kiritmoq uchun harakat qilsa-yu, lekin maqsadga yetgandan keyin beg‘amlik qilib uni qo‘ldan berib qo‘ygan bo‘lsa.
Brahman dedi: – Bir narsani qo‘lga kiritmoq uni saqlamoqdan osondir, chunki qimmatli, nafis va nodir narsalar ba’zan baxtli tasodif tufayli hech bir mehnatsiz qo‘lga kirib qoladi, lekin miyani ishlatmasang, uni saqlamoq juda qiyindir. Masalan, toshbaqa mehnat sarf qilmasdan mehribon va fidokor bir maymunga oshna bo‘lib qoldi-yu, lekin aqlsizligi va nodonligi tufayli undan ayrilib, pushaymon bo‘ldi.
Roja so‘radi: – Qanday qilib?
Hikoyat: Brahman dedi: – Bir orolda maymunlar ko‘p edi. Ularning Kordon nomli bir podshohlari bor bo‘lib, siyosat va rayosat bobida tengi yo‘q, odil va aqli komil edi. Umrning bahori o‘tib, qarilik uni iskanjasiga ola boshladi. Ko‘zining nuri, belining quvvati ketib, unga zaiflik yuzlandi…
Bechora qari maymun qayg‘u-hasratga to‘lib-toshib yo‘lga ravona bo‘ldi, yura-yura bir dengiz qirg‘og‘idagi qalin o‘rmonga keldi. U yerda bir anjir daraxtini topib oldi-yu, uning mevalarini yeb, kun kechira boshladi. Bir kuni maymun anjir daraxtining ustida o‘tirib uning mevalarini maza qilib yeyayotganida bir anjir suvga tushib ketdi. Anjirning shopillab suvga tushgan ovozi maymunga juda yoqib tushdi. Maymun dam-badam suvga anjir tashlar va bundan katta zavq olar edi. O‘sha suvda bir toshbaqa yashar edi, suvga tushgan anjirlarni ishtaha bilan yer va “maymun bularni atayin men uchun tashlamoqda, tanish bo‘lmagani holda menga shuncha mehribonlik ko‘rsatmoqda, do‘stlashsam menga nimalar qilishi mumkin”, deb o‘ylar edi. Maymunning yaxshiligini qaytarish orzusida toshbaqa qirg‘oqqa chiqib, u bilan salomlashdi. Ular suhbatlashib o‘tirib, bir-birlariga mehribon do‘st bo‘lib qoldilar, go‘yo ikki tanda bir jon va bir ko‘krakda ikki yurak kabi…
Maymun o‘z mamlakati va davlati qo‘ldan ketganligini so‘zlab berdi. Toshbaqa uning gapiga mahliyo bo‘lib o‘z uyi va oilasiga qaytishni unutib qo‘ydi. Toshbaqaning xotini uning uzoq muddat yo‘q bo‘lib ketganidan xavotirlanib, nima qilishini bilmay qo‘shnisiga hasrat qildi.
Qo‘shnisi dedi: Xafa bo‘lma, uning qayerda ekanligini senga aytib berishim mumkin.
Toshbaqaning xotini dedi: – Egachi, tezroq ayting, u qayerda?
Qo‘shnisi dedi: – Men eshitdimki, ering bir maymun bilan do‘stlashib, unga maftun bo‘libdi, uning vaslini sening hijroningdan ustun tutib, sening firoqing olovini uning visoli suvi bilan o‘chirib yuribdi. Endi g‘am chekishning foydasi yo‘q. Bir tadbir ko‘rish kerakki, ering uyga qaytsin. Ular ikkalasi bir bo‘lib maslahatlasha boshladilar. Oxirida maymunni o‘ldirishdan boshqa chora yo‘q, degan qarorga keldilar. Toshbaqaning xotini o‘zini kasalga solib, qo‘shnisidan eriga xabar yubordi. Toshbaqa xotinining kasal bo‘lganini eshitgach, maymundan uyiga borib kelish uchun ijozat so‘radi va yo‘lga tushdi.
Uyga kelib qarasa, xotini ko‘rpa-yostiq qilib yotibdi. Uning atrofida parvona bo‘lib hol-ahvol so‘radi, lekin xotini bir so‘z aytmadi.
Toshbaqa xotinining xastaligi va nima uchun gapirmasligi sababini qo‘shnisidan so‘radi.
Qo‘shnisi javob berdi: – Bemorning dardi og‘ir bo‘lib, sog‘ayishdan umidi uzilgan bo‘lsa, qanday qilib gapira olsin.
Toshbaqa dedi: – Uning dardining davosi nima ekan? Agar bu yerlarda bo‘lmasa, boshqa joylardan axtaray, do‘stlardan iltimos qilay, dushmanlarga yolvoray.
Qo‘shnisi dedi: – Bu biz xotinlarga xos kasallikdirki, uni maymunning yuragidan boshqa hech narsa bilan muolaja etib bo‘lmaydi.
Toshbaqa dedi: – Maymun yuragini qayerdan topsam bo‘larkin?
U g‘amga botdi. O‘ylab-o‘ylab hech bir chora topa olmagach, do‘sti maymun yodiga tushib, o‘z-o‘ziga dedi: “Agar oramizda bo‘lgan do‘stlik va sadoqatga qaramay unga xiyonat qilsam, bu nomardlik va insofsizlik bo‘ladi; agar ahdga vafo qilaman desam, uyimning tayanchi, hayotimning bezagi, farzandlarimning panohi bo‘lgan xotinimdan ajralib qolaman”.
Anchagina vaqt bu haqda o‘ylab iztirob chekdi, shubha va taraddud ichida qolib, nihoyat, xotinining ishqi g‘alaba qildi. Shunday qilib, u vafodorliqdan voz kechish qaroriga keldi… Lekin yaxshi bilardiki, maymunni bu yerga keltirmaguncha maqsadiga erisha olmaydi. Shular haqida o‘ylab-o‘ylab maymunning huzuriga bordi. Ayriliq vaqtlarida muhabbati yanada kuchayib ketgan maymun toshbaqani zo‘r quvonch bilan kutib oldi va uning kasal xotinining ahvoli, bolalarining, qavm-qarindoshlarining sog‘liq-salomatliklari haqida so‘rab-surishtirdi.
Toshbaqa dedi: – Sening firoqing o‘ti shunday yondirdiki, ularni ko‘rishdan biron lazzat ololmadim. Yolg‘izliging esimga tushganda tinchligim buzilib, dunyo ko‘zimga qorong‘i bo‘lib ko‘rinardi. Mana endi yoningga keldim. Marhamat qilib mening uyimga borsang, farzandlarimni ko‘rib, xotinimni sevintirsang, qavm-qarindoshlarim, do‘st-oshnolarim oldida boshim osmonga yetardi. Ular tayyorlab qo‘ygan ovqatlarini oldingga qo‘yib, o‘z mehmondo‘stlik burchlarini bajaradilar. Shu bilan yaxshiliklaringni, biroz bo‘lsa ham qaytargan bo‘lar edim.
Maymun dedi: – Qo‘y, bu haqda o‘ylab ko‘p aziyat chekma. Sen do‘stlik va ahd-vafoda meni o‘zingdan ustun qo‘yma, chunki oramizdagi do‘stlik ipini boshlab sen mustahkamlading. Endi men o‘z ko‘nglimning xoqoniman. Baxt-saodat ichida yashamoqdaman. Agar bu ozodlik va rohat shamoli mening dimog‘imga avval yetganida edi, bunday tinch, baxtli yashashning shunday shirin ekanligini avvalroq bilsaydim, foydasi oz, g‘ami ko‘p hukmdorlikdan allaqachon voz kechgan bo‘lardim. Lekin shu bilan birga men vatandan, qavm-qarindosh, do‘st-oshnolarimdan uzoqqa tushgan bir bechora maxluqman. Men shunday ayriliq azobida mahv bo‘lib ketayotganimda sen menga do‘stlik qo‘lini uzatding. Saxovat ahli nazarida do‘stlik g‘oyat bebaho narsadir. Haqiqiy do‘stlik beg‘araz bo‘lur. Ot va eshak birga xashak yesalar ham, oralarida do‘stlik paydo bo‘lmaydi. Ammo haqiqiy do‘stlarning biri mashriqda, boshqasi mag‘ribda bo‘lsa ham, baribir, bir birlarini eslab va shundan tasalli topib yashayveradilar…
Dengiz safariga chiqqan odam o‘ziga hamroh axtaradi, lekin do‘stlari bunday safarga borishga rozi bo‘lmasalar, buni dushmanlik deb hisoblamaslik kerak. Sen menga oilangni borib ko‘rishni taklif qilyapsan, mayli, qabul qilay, lekin mening daryodan o‘ta olmasligimni bilasanmi?
Toshbaqa dedi: – Xotiring jam bo‘lsin, seni o‘z orqamda ko‘tarib, manzilimga olib boraman. U yerda rohat va farog‘atda yashaysan.
Xullas, toshbaqa turgan joyini shu qadar maqtadiki, nihoyat, maymun borishga rozilik berdi va o‘z muqaddarotini unga topshirdi. Toshbaqa uni o‘z orqasiga mindirib uyi tomon ravona bo‘ldi. Suvning o‘rtasiga yetganda o‘ylab qoldi va o‘z-o‘ziga dedi: – “Olimlar vafosizlik va xiyonat, ayniqsa, e’tiborsiz xotinlar uchun qilingan xiyonat eng katta gunohdir, deydilar. Ulug‘larning yana shunday gapi bor: “Oltinning sofligini o‘tda, hayvoning kuchini og‘ir yuk ortilganda, insonning to‘g‘riligini omonatga xiyonat etmasligida bilsa bo‘ladi”. Har holda, donolar xotinlarning makr-hiylalariga aldanmaslikni maslahat ko‘radi”.
U shunday bir-biriga zid muhokamalar yuritib, suvning o‘rtasida to‘xtab qoldi… Uning taraddudga tushganligini va qandaydir jiddiy bir narsa haqida o‘ylayotganini sezgan maymun, shubhalanib toshbaqadan so‘radi: – Nima bo‘ldi, nima uchun fikr daryosiga g‘arq bo‘lding, balki meni ko‘tarish senga og‘irlik qilayotgandir?
Toshbaqa dedi: – Sen nimaga asoslanib bunday savol beryapsan? Yo men biror harakatim bilan buni oshkor qilib qo‘ydimmi?
Maymun dedi: – Men ko‘rib turibman: sen vijdon azobini chekmoqdasan, o‘z nafsing bilan kurashmoqdasan, taraddud va iztirob o‘tida yonmoqdasan.
Toshbaqa dedi: – To‘g‘ri aytasan. Sen birinchi marta biznikiga ketyapsan, xotinim esa kasal, uylar ostin-ustin bo‘lib yotgandir. Ko‘nglim istaganidek seni yaxshi qabul eta olmasam, mehmondorchilikni joyiga qo‘ya olmasam, hammaning oldida rasvo bo‘laman, deb qo‘rqayotirman.
Maymun dedi: – Sening nomusli va to‘g‘ri bo‘lganliging, meni dildan do‘st hisoblab yaxshi niyat bilan uyingga olib borayotganing ma’lum. O‘tirishimiz qanchalik sodda, dasturxon qanchalik faqirona bo‘lsa, suhbatimiz shunchalik samimiy va shirin bo‘ladi. Sening toza yurakli ekaningni bilganligim uchun aytishim mumkinki, sen bekorga tashvish tortyapsan, mehmonni yaxshi kutib olmasam nima bo‘ladi, deb iztirob chekishga asos yo‘qdir; bu jihatdan xotirjam bo‘l, o‘zingni bekorga xafa qilma.
Toshbaqa biroz suzib borib, yana to‘xtab qoldi, yana avvalgidek o‘y-xayolga toldi.
Maymunning shubhalari orta boshladi va o‘z-o‘ziga dedi: “Do‘stidan shubha qilgan odam o‘sha soat tadbir ko‘rib, unga nisbatan ehtiyotli munosabatda bo‘lishi, o‘zini saqlashi kerak. Agar shubhalari to‘g‘ri chiqsa, muqarrar bo‘lgan falokatdan o‘z jonini saqlab qolgan bo‘ladi, gumoni xato bo‘lib chiqsa, ehtiyotkorlik qilgani uchun uni koyimaydilar. Yurak tez-tez o‘zgarib turgani uchun uni qalb, deb ataganlar. Har daqiqada u nima xayolga tushadi, niyati yaxshimi, yomonmi, bilib bo‘lmaydi”. So‘ngra toshbaqaga dedi: –Yana nima bo‘ldi, xayol daryosiga sho‘ng‘ib ketding?
Toshbaqa dedi: – Nima qilay, xotinimning kasalligi, uning sihatining yomonligi xayolimni parishon qilmoqda.
Maymun dedi: – Do‘stlik hurmati uchun bu narsani menga ochiq aytib berding. Endi uni nima bilan sog‘aytirish, dardiga nima davo topish mumkin, ayta olasanmi?
Toshbaqa dedi: – Tabiblar shunday darmon belgiladilarki, uni hech qayerdan topish mumkin emas.
Maymun so‘radi: – U qanday darmon ekan?
Toshbaqa dedi: – Maymunning yuragi.
Buni eshitib daryo o‘rtasida turgan maymunning quti o‘chib ketdi, ko‘z o‘ngi qorong‘ilashdi va o‘z-o‘ziga dedi: “Meni bu dahshatli falokatga sudragan narsa badnafslik va ochko‘zlik bo‘ldi; meni bu qo‘rqinchli girdobga shuhratparastlik va harislik soldi. Endi esa meni hiyla va tadbirdan boshqa hech narsa xalos eta olmaydi. Agar orolga borsam, o‘lishim muqarrar, o‘zimni bu yerda suvga tashlab qochmoqchi bo‘lsam, cho‘kib halok bo‘lishim aniq”. Maymun bu fikrlarini xayolidan kechirib, toshbaqaga dedi: – Olimlar aytibdurlarki, xalqqa zarur bo‘lgan ozuqani yashirgan shoh, do‘stlarning baxtli bo‘lishi uchun kerak narsani bermagan do‘st, shoh va do‘st degan nomlarga noloyiqdurlar. Men xotiningni qanchalik sevishingni bilaman, uning sog‘ayib ketishi uchun zarur bo‘lgan darmonni bermaslik do‘stlikka xiyonat qilish demakdir. Men xotiningni dardini bilaman, chunki bizning maymun xotinlarda ham shunday xastalik bor. Biz yuraklarimizni berib, ularni muolaja etar edik. O‘zimiz esa yuraksiz yashay berar edik. Agar sen buni sohilda aytganingda, men yuragimni o‘zim bilan birga olib chiqar edim. Qarigan vaqtimda menga yurakning ehtiyoji yo‘q. Menga yuragimni ko‘tarib yurish juda og‘ir, chunki unga qo‘ngan g‘am-anduh haddan tashqari ko‘p va og‘irdir. Shuning uchun yuragimning dardi biroz kamaysin, deb olib qo‘ygan edim.
Toshbaqa dedi: – Nima uchun yuragingni uyda qoldirding?
Maymun dedi: – Maymunlarda bir odat bor: yaqin do‘stlarining uyiga ketayotganlarida, mehmondorchilik yaxshi va shirin o‘tsin deb, yuraklarini o‘zlari bilan olib bormaydilar, chunki yurak g‘am va alam maskanidir. Sening aqlli va iffatli xotiningni xastaligini eshitgach, yuragimni olib yursam ezilib ketadi, deb o‘yladim. Albatta, sen mening do‘stligimni sinagansan, shuning uchun so‘zlarimga ishonasan. Lekin sening qavmu qarindoshing, qalin do‘st bo‘lsa ham, o‘ziga uncha zarur bo‘lmagan bir narsasini bizga berishdan bo‘yin tovladi, deb badgumon bo‘lishlari mumkin. Yaxshisi, orqaga qaytsak, yuragimni olib kelaman.
Toshbaqa suyunib darhol orqasiga qaytdi. Qirg‘oq bo‘yiga yetgach, maymun sakrab bir daraxt ustiga chiqib oldi.
Toshbaqa bir soatcha kutdi, so‘ngra maymunni chaqirdi va dedi: – Ey, aziz do‘stim, yuragingni olib tush, fursat o‘tmasin. – Maymun kulib dedi: – Men uzoq yashab, ko‘p narsalarni boshimdan kechirgan, dunyoning issiq-sovug‘ini ko‘rgan, achchiq-chuchugini totganman. Endi kelib-kelib sendan pand yeymi? U xom xayolingdan voz kech va bundan so‘ng hech kimga ahdu vafodan so‘z ochma. Sening bevafo ekanligingni ilgariroq payqagan edim. Meni, tulki aytgan “yuragi va qulog‘i yo‘q eshak”, deb gumon qilmagin.
Toshbaqa so‘radi: – Tulki nima degan ekan?
Hikoyat: Maymun dedi: – Bir sher qo‘tir kasaliga mubtalo bo‘lgandan keyin quvvati ketib, ov qilolmay qoldi. Uning xizmatida bir tulki bor edi. U sherdan qolgan taom bilan kunini o‘tkazardi. Sher ovga yaramay qolgandan keyin, tulkining rizqi kesildi. U bir kun sherga dedi: – Shohim, dardlarini muolaja qilish fikrida emasmilar?
Sher dedi: – Ey tulki, agar darmoni topilsa, bu azobga bir zum ham chidab o‘tirmas edim. Eshitishimcha, eshakning qulog‘i bilan yuragi dardimga davo emish.
Tulki dedi: – Agar ijozat bersangiz, eshakni topib keltirsam. Bu yaqinlikdagi buloqqa bir odam har kuni kir yuvgani keladi. Uning bir eshagi bor, har kelganida buloq atrofida o‘tlab yuradi. Zora o‘shani hiyla bilan olib kelsam. Shohim, uning yuragi va quloqlarini yeb, qolganlarini o‘z xizmatchisiga bersa.
Sher rozi bo‘ldi. Tulki buloq tarafiga jo‘nab ketdi. Uzoqdan bir eshakni ko‘rib qoldi. Uning yoniga kelib salom berdi, mehribonlik ko‘rsatib, u yoq-bu yoqdan so‘z boshladi, so‘ngra so‘radi: – Nima uchun sen juda charchagan, xafa va oriq ko‘rinasan?
Eshak dedi: – Xo‘jayinim borgan sari ko‘proq yuk ortib, kamroq ovqat beryapti. Nima qilishimni bilmayman.
Tulki dedi: – Sen sodda va go‘l bo‘lmasang, qochib bu azob-uqubatdan qutulgan bo‘lar eding.
Eshak dedi: – Qayerga bormayin, men bu azobdan qutulolmayman.
Tulki dedi: – Xo‘p desang, seni shunday bir chamanzorga olib borib qo‘yayki, u joyning havosi juda musaffo, ko‘m-ko‘k o‘t belingdan keladi… Bundan ilgariroq bir urg‘ochi eshakka nasihat qilib edim, u hozir o‘sha chamanzorga borib, yuk ham tashimasdan, yeb-ichib, maza qilib yurgan emish…
Bu so‘zlardan eshakning og‘ziga suv keldi va xursand bo‘lib tulkiga dedi: – Sening maslahatingga kirmasdan bo‘lmaydi, chunki sen buni do‘stlik, shafqat va xayrixohlik yuzasidan aytmoqdasan.
Tulki eshakni sherning huzuriga keltirdi. Sher ochko‘zlik qilib bo‘kirganicha eshakka tashlandi, lekin zaifligi tufayli uni ushlay olmadi. Eshak esa qochib qutuldi.
Tulki sherning zaifligidan taajjub qilib dedi: – Baxtsizligingizni qarang, bir oriq eshakni ham tutib yeya olmadingiz-a!
Bu so‘z sherga og‘ir tuyuldi, u o‘z-o‘ziga dedi: “Agar, o‘zim jo‘rttaga tutmadim desam, uni taajjublantirgan bo‘laman, agar zaifligim tufayli tuta olmadim desam, ojizligimni e’tirof etgan bo‘laman”.
So‘ngra tulkiga qarab dedi: – Shohlarning qilayotgan ishlari sababini raiyatning bilishi shart emas. Sen bu savolni menga bermasliging kerak edi. Endilikda bu fikringdan kech. Yana bir hiyla ishlatib, eshakni qaytarib kelsang, sening sadoqating hamda fidokor ekanliging yana bir karra isbot etilgan bo‘lar edi.
Tulki o‘rnidan turib eshakning yoniga keldi. Eshak uni ko‘rib koyib dedi: – Sen meni qayerga olib borgan eding?
Tulki dedi: – Sening odamlardan ko‘rgan azob-uqubatlaring hali ham yodingdan chiqmaganga o‘xshaydi. Shuning uchun har narsadan ko‘rqaverasan. Aslida, u yerda tahlikali hech narsa yo‘q edi. Sening ko‘rganing men senga aytgan urg‘ochi eshak edi. U ehtirosi shiddatidan o‘zini unutib qo‘yib senga tashlandi. Agar biroz sabr qilsang edi, uning qanchalik mehribon va yumshoq muomalali ekanligini ko‘rar eding.
Tulki urg‘ochi eshakni shunday maqtab ketdiki, oxiri bu eshak uning gapiga ishondi (shu vaqtga qadar sherni ko‘rmagan edi) va tulkining oldiga tushib, sherning huzuriga ravona bo‘ldi. Tulki oldinroq borib sherni ogohlantirib qo‘ydi. To eshak sherga yaqinlashmaguncha hamla etmasligini iltimos qildi.
Sher tulkining aytganini qilib, eshakni mehribonlik bilan qarshi oldi, bir necha shirin so‘z aytdi. Eshak tap tortmay sherning oldiga juda yaqin keldi. Shunda sher sakrab turib eshakni pora-pora qilib tashladi, so‘ng tulkiga dedi:
– Men buloqqa borib cho‘milib kelgunimcha buni poylab tur, kelganimdan so‘ng uning yuragi va quloqlarini yeyman. – To sher cho‘milib kelguncha tulki eshakning yuragi va quloqlarini yeb to‘yib oldi.
Sher kelib eshakning yurak va qulog‘ini topmagach, tulkiga dedi: –Buning yuragi va quloqlari qani?
Tulki dedi: – Shohim salomat bo‘lsinlar. Bu eshakning qulog‘i ham, yuragi ham yo‘q edi. Agar uning yuragi bo‘lsa edi, xavf-xatarni sezgan, qulog‘i bo‘lsa, birinchi hujumingizdan so‘ng mening yolg‘onlarimga quloq solmagan va o‘z oyog‘i bilan go‘rga kirmagan bo‘lur edi.
Bu masalni shuning uchun keltirdimki, sen bilgin: men eshak kabi qalbsiz va quloqsiz emasman. Sen hiyla va makrlaringning hammasini ishlatding, men esa ularni o‘z aql-idrokim bilan tushunib oldim. Endi sen yana orqaga qaytishni xohlaysan, yo‘q, bu hiylangdan endi ish chiqmaydi.
Toshbaqa dedi: – To‘g‘ri aytasan, senga e’tiroz etishga o‘rin qolmadi. Endi sening qalbingga shunday dog‘ tushdiki, uni hech narsa yuvib tashlay olmaydi. Mening ham betimga bir razolat tamg‘asi bosildiki, uni ham hech narsa yo‘qotolmaydi… Endi firoq zahrini qatra-qatra yutib, hijron qamchilariga yelkani tutib berishdan bo‘lak iloj qolmadi…
Toshbaqa bu so‘zlarni degandan so‘ng ming pushaymon bo‘lib uyiga qaytib ketdi. Bir qimmat narsani yoki bir do‘stni qo‘lga kiritib, nodonlik va g‘aflat tufayli undan ayrilish haqidagi hikoyat mana shundan iboratdir. Aql va tajriba egalari bu qissadan ibrat olib, qo‘lga kiritgan davlat, orttirgan do‘st va boshqa ne’matlarini ehtiyot qilib saqlashga intilishlari va ularni qo‘ldan boy bermasliklari lozim. Chunki qo‘ldan ketgan narsani qaytarmoq mumkin bo‘lmaydi, bir so‘z bilan aytganda, oxirgi pushaymon – o‘zingga dushman.
Fors tilidan Suyima G‘aniyeva tarjimasi