Kekirdakdan o‘tganiga rozimisiz?

O‘tgan asrning o‘ttizinchi yillarida marg‘ilonlik Mir­hoji­boyning ikki yosh nabirasi Oltiariqqa yonilg‘i olgani borishibdi. Qaytishda Oqbo‘yra qishlog‘iga kelganda qorong‘i tushib qolibdi. Qayerga borishlarini bilmay, qo‘rqib o‘tirishsa, bir ayol ularni ko‘rib, ahvol so‘rabdi. Qishloqdagi bemor otasini ko‘rgani kelayotgan ayol bolalarni ota hovlisiga olib borib, joylashtiribdi.

Ertalab nonushta payti hovli egasi bolalardan so‘rabdi:

– O‘g‘illarim, sizlar qayerdansiz?

– Marg‘ilonning Shovva  mahal­­lasi­danmiz.

– Kimning o‘g‘illarisiz, – deydi uy egasi. “Otamizni aytsak, tanimasa kerak”, deb o‘ylab, “Mirhojiboyning nabiralarimiz”, deyishibdi bolalar. Boyning nomini eshitishi bilan uy egasi o‘rnidan turib ketibdi va bolalar bilan boshqatdan ko‘rishib, birov birovga bitta nonni ham o‘ylab beradigan vaqt bo‘lishiga qaramay, tezda qatlama pishirtirib, mehmon qilibdi. Keyin bolalardan ota-onalari, amaki-tog‘alarining hol-ahvolini so‘rab, ularga: “Kekirdakdan o‘tganiga rozi bo‘ling”, degan odam salom aytdi, deb qo‘yinglar debdi.

Bolalar Marg‘ilonga qaytib, mezbonning gapi va salomini bobolariga yetkazishadi.

…Mirhojiboyning Zohidon, Oqbo‘yra, Chimyon qishloqlarida yerlari bo‘lib, bir yili Oqbo‘yra qishlog‘iga hosilni olish uchun boradi. O‘shanda boyning yerida ota-onasi bilan bir yosh bola ham xizmat qilar edi. Boyning nabiralari toy minib yurishganini ko‘rib, havasi kelgan bolakay toy olish uchun bir hiyla qiladi. Xirmonda bir o‘ra kavlab, ustini suvab, molning kekirdagini kishi bilmas tarzda o‘rnashtirib, bir qismini ustidan chiqarib qo‘yadi. G‘allani xirmonga to‘kish barobari unga ham to‘kib, to‘ldirib boradi.

Hosil yig‘ishtirilib, hammani rozi qilish chog‘i bola o‘rnidan turib: «“Hoji dada, kekirdakdan o‘tganiga rozi bo‘ling”, debdi. Boy bolaga qarab turib: “Sening kekirdagingdan o‘tganiga roziman”, debdi. Bola buni eshitib g‘alati bo‘lib, uyiga borib kechasi bilan uxlolmay, to‘lg‘onib chiqibdi, oxiri yig‘lab yuboribdi. Bundan xabar topgan otasi: “Yaxshi qilmabsan, axir shu kishining qo‘lida ishlasak, bizga haq to‘lasa, yana shunday xiyonat qilasanmi”, debdi. Ota boshi qotib, bu haqda oqsoqollarga maslahat solibdi.

Ular yashirin “ombor”dagi donni aravaga yuklab, Marg‘ilonga boyning huzuriga kelibdilar. Voqeani bildirib, bolaning nomidan uzr aytishadi. Boy bolani chaqirib, nima uchun bunday qilganini so‘raydi. “Nabiralaringizni ko‘rib, ot mingim kelib, shunday qilgan edim”, deydi bolakay. Boy: “Bo‘lmasa, bug‘doyni bozorga olib borib soting, yetmasa, mana bu yerdan olib soting, qo‘shib, bolaga toy olib bering”, deb kuzatib qo‘yadi.

Rahmatulloh Fayzullayev,

Marg‘ilon shahridagi “Robiyaxon hoji ona” jome masjidi imom-xatibi