“Eng ibratli hayotiy hikoyalar” tanloviga
Bu voqea Qur’oni karimning o‘zbekcha ma’nolari “Sharq yulduzi” jurnalida bosilishi tugagan, 1992 yilda sodir bo‘lgan edi. Ma’nolarni o‘qisam ham ichiga kirishga kuchsizlik qiladigan, bo‘yinbog‘ taqib, popka ko‘tarib yuradigan paytlarim. Qish qattiq keldi. Popkani qo‘lqopsiz ko‘tarib yursam, qo‘lim sovuqdan achishadi. Shunday kunlarning birida, qaysidir tashkilotga borib, qo‘lqopimni yo‘qotib chiqibman. Ko‘rgulik ekan, deb boshqasini sotib oldim. Bir qancha vaqt o‘tib, unisini ham, xuddi o‘shandagidek vaziyatlarda yo‘qotdim. Yana sotib olamanmi, qo‘lqopsiz yursam, yura qolay, degan qarorga keldim, lekin bir-ikki kunda sovuq jonimdan o‘tib ketdi. Shunda, beixtiyor nola qilibman: “Ey, Alloh! Ko‘rib turibsan, ikki juft qo‘lqop yo‘qotdim. Men ham hech bo‘lmasa, bir juftini topib olay!”
Bu gap bir onlik hissiyot mahsuli edi, jiddiy aytmagan edim, lekin, qarang-ki, bir necha kun o‘tib, qo‘lqop topib oldim…
Shom vaqti kirgan, avtobusda uyga qaytayapman. Qor hafsala bilan yog‘a boshladi. Yunusoboddagi bekatimga yetib kelganimda qor yer yuzini yupqagina qilib, yopib bo‘lgan edi. Atrofda odamlar siyrak. Ko‘chani kesib o‘tayotganimda, tramvay bekati tugagan joyda, qor ostida bir nima qorayib yotganini payqab qoldim. Olib qarasam, bir juft qo‘lqop ekan. Ka-attakon! Mototsikl haydovchilari taqib yuradigan, boshmoldoq kiradigan uyasi alohida, qolgan barmoqlar esa, bir o‘raga tushgandek bo‘lgulik xalta! Matosi dag‘aldan dag‘al! Hech qanaqa issiqni tutmaydi, faqat shamoldan to‘sishi mumkin, xolos. Shunda Allohga qilgan nolam yodimga tushdi. Tushdiyu, “erkalik” bilan xitob qilibman: “Ey, Alloh! Men bu qo‘lqopni nima qilaman? Mototsikl minmasam! Buni kiyib, popkamning bandini ham ushlolmasam! Manga shu kerakmidi?”
Topilmadan xursand bo‘lmasam-da, uni popkamning cho‘ntagiga, yo‘l-yo‘lakay o‘qiladigan gazeta-jurnallar solib qo‘yiladigan cho‘ntagiga tiqib qo‘ydim-da, yo‘limda davom etdim.
Uy (kvartira)ga kelib, qo‘lqopni popkamdan chiqarib, ish stolimga tashlagan edim, o‘g‘lim qiziqsinib oldi va qo‘llariga kiydi, “Zo‘r-ku! Qayoqdan oldiz?” – dedi. “Nimasi zo‘r ekan?” – deb zarda qildim. Shunda o‘g‘lim qo‘lini “xalta” ichidan chiqarib ko‘rsatdi. Ne ko‘z bilan ko‘ray-ki, uning panjasi jun ipdan to‘qilgan, har bir barmoqning o‘z uyasi bor, chiroyli qo‘lqop ichida edi!
Topib olganim, yo‘qotganim kabi, ikki juft ekan! Alloh — Eshitguvchi va Saxiy!
Jun qo‘lqop ko‘p qishlarda qo‘llarimni sovuqdan asradi, Allohga shukrlar qildim. Endi, oradan shu-uncha vaqtlar o‘tib, xavf qilaman: “Axir, o‘sha qo‘lqoplar menga o‘xshagan bir bandaning buyumlari edi-ku! Demak, birovning zarari hisobiga huzur qilib foydalangan ekanman-da?”
Buyog‘i qandoq bo‘ldi, deyman o‘zimga. Bir narsa ozgina tasalli beradi. O‘sha qo‘lqoplarni Alloh menga atab, xossatan yaratgan bo‘lishi mumkin-ku. Odamlarning ko‘z oldida yotgan xarsangtoshni tuyaga aylantirib, o‘rnidan turg‘izgan Zot uchun ikki juft qo‘lqop nima degan narsa?!
Shunday bo‘lsa ham, hozirgi kunlarda kimdir: “Men o‘shanaqa qo‘lqop yo‘qotgan edim”, desa, evazini qaytarishga tayyorman.
Qo‘lqop – o‘tkinchi bir matoh. Lekin o‘sha voqea menga ibrat bo‘ldi, shekilli, Allohni go‘yo ko‘rib turibmanu, xaloskor do‘stimga murojaat qilgandek, ichimda gapirib qo‘yaman, bironta qiyinchilik yoki ko‘ngilsizlikni yengolmasam, jimgina nola qilaman. Shunda yo sharoit mening foydamga o‘zgarib qoladi, yo xayolimga xaloskorona bir fikr keladi. Bularni “Alloh ijobat qildi”, deyman yoki “Alloh dilimga soldi”, deya qabul qilaman va yana shukronalar aytaman.
Qudrat Do‘stmuhammad
2016 yil, 25 iyun