Mo‘ysafid darveshlardan biri hech ehtiyojlarini qoplay olmas edi; juda tang ahvolda qoldi. Uning bu holini ko‘rganlardan biri:
–Falonchi juda boy, hisobsiz mol-mulki bor. Agar ahvolingni bilsa, jim qarab turmas deb o‘ylayman, – dedi.
Darvesh:
–Men uni tanimayman; manzilini ham bilmayman, – dedi.
Odam:
–Tanish tanimasliging muhimmas. Men senga yo‘l ko‘rsataman, – deya uni boyning uyiga olib bordi.
Darvesh eshikni taqillatib ichkariga kirdi. Uni lablari burishgan, qoshlari chimirilgan, aftidan badqavoq bir odamning yoniga etdilar. O‘ta kibrli ekanligi har bir harakatidan ma’lum edi. Darvesh uning basharasini ko‘riboq, hech nima demasdan tashqariga chiqib ketdi. Tashqarida kutib turgan hamrohining oldiga keldi. Odam:
–Xo‘sh, nima bo‘ldi? – deb so‘radi. Darvesh:
–Uning lutfini yuziga bag‘ishladim! – dedi. Hamrohi:
–Nima deganing bu? – dedi. Darvesh javob berdi:
–Badqavoqdan bir narsa istama, yo‘qsa uning yomon tabiatidan zahar ichasan. “Ko‘nglingdagini shunday odamga aytginki, yuzini ko‘rar ko‘rmas shodlinsin!”
Hikmat
Insonning yuzi ichining oynasidir. Ichida yomonlik yoki yaxshilik yotgan kishining tuyg‘ulari yuzida aks etadi. Chehrasini ochiq va go‘zal qilganning tabiati ham go‘zal, chirkin qilganning tabiati ham chirkindir.
“Guliston”dan
Kavsar Shodiyeva tarjimasi