Ramon Gomes de la Serna. Aks-sado bilan bahslashma…

Qalam soyadagi so‘zlarni yorug‘likka olib chiqadi.

* * *

Qurigan favvoralar — obihayotning qabr toshlaridir.

* * *

Daryolar o‘z nomini bilmaydilar.

* * *

Kamalak — cho‘milib chiqqan tabiat sochini bog‘laydigan shoyi tasma.

* * *

G‘or — tog‘larning esnashi.

* * *

Toshlar kutishni biladilar.

* * *

Osmon shunday tusdaki, go‘yo yuzlab musavvir mo‘yqalamini artib olgandek.

* * *

Jirafa — qiziqqonlik qilib qiyofasini o‘zgartirgan ot.

* * *

Ko‘hna oynalar zaharli — ular marhumlar nigohi bilan to‘yingan.

* * *

Dengizlar yer yuzini suv bilan chaygani-chaygan — go‘yo uni hushiga keltirib bo‘ladigandek.

* * *

Ayollar oyog‘i poyafzal do‘konida o‘zini ­baxtli his etadi.

 

* * *

O‘ylash oson. Yozish qiyin.

* * *

Ayollar, barcha erkaklar bir xil, deb o‘ylaydilar va ­ularning kuchi ham ­shunda; erkaklarning esa, ayollar har xil ekaniga ­ishonchlari komil — bu ishonch ularni nobud qiladi.

* * *

Momo Havoning Odam Atoga iqrorini eshitgandan boshlab olmaning yonog‘i qizara boshlagan.

* * *

Qiz uchrashuvga qancha kech chiqsa, ­shunchalik tabassumli.

* * *

Qo‘shnimizning tokka ulangan ­changyutari bizning ­barcha fikrlarimizni so‘rib oladi.

* * *

Kitob — yolg‘izlik ummonida cho‘kib ketayotgan odam uchun ­qutqaruv belbog‘i.

* * *

Soqol qo‘yding va soching to‘kildi — materiyaning saqlanish qonuni bu.

* * *

Og‘ziga emizgich solingan go‘dak trubkada tamaki burqsitayotgan odamga katta akasidek qaraydi.

* * *

Fir’avnlar ehromlar yordamida o‘zlarini targ‘ib etishdi.

* * *

Aks-sado bilan bahslashma: baribir so‘nggi so‘zni u ­aytadi!

 «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 27-son