Adabiyotga vijdon ishi deb qaragandagina adib barkamol asarlar yaratishi, hayotning yangi-yangi qatlamlarini ochishi, tirik obrazlar kashf etishi mumkin.
* * *
Kitobdan birinchi maqsad – odamni shaxs sifatida shakllantirish.
* * *
Kitob millatning ko‘zini ochishi kerak. Ko‘zi ochiq odam hayotning baland-pastliklarini to‘g‘ri baholay oladi.
* * *
Haqiqiy yozuvchi o‘zini o‘zi baholay oladi.
* * *
Bizda tarixni xalq yaratadi deb odamning ko‘ziga qum sepib kelindi. Tarixni xalq emas, shaxslar yaratadi.
* * *
Mening tushunishimcha, odam bir kasbni egallashga kirishar ekan, uni ipidan ignasigacha bilib, shu ishning ustasi bo‘lishi kerak, professional bo‘lishi kerak. Agarda inson o‘z sohasida professional bo‘lsa, hayotda qoqilmaydi, qayerda bo‘lsa ham, mehnati orqasidan ro‘shnolik ko‘radi.
* * *
Agar yozuvchining o‘zi shaxs bo‘lmasa, u yaratgan asarlar ham biror qiymatga ega bo‘lmaydi.
* * *
Umr mazmuni — o‘zlikni anglab yashash. Ma’rifatli insongina o‘zini anglab yashashga qodir.
* * *
Bolalarni erkin qo‘ying, sizga o‘xshab fikrlamasa ham.
* * *
Aybim shuki, o‘ylaganimni aytish payida bo‘laman.
* * *
Qayerdaki axloqsizlik bo‘lsa, axloq buzilsa, o‘sha yerda ma’naviyat tanazzulga yuz tutadi.
* * *
Kun ko‘rish kerak emas, yashash kerak.
«Yoshlik» jurnali, 2019 yil, 6-son