Jemil Merich. So‘zlar abadiy, so‘zlar o‘tkinchi…

Falsafa, til, adabiyot, tarix va madaniyat bilan bog‘liq o‘nlab asarlar muallifi, usta tarjimon Huseyin Jemil Merich 1916 yilda Turkiyaning Rayhonli tumanida dunyoga kelgan. Boshlang‘ich ta’limni o‘z qishlog‘ida tamomlagan. O‘rta ta’limni fransuz tiliga ixtisoslashgan Antakya Sultoniy maktabida olgan. Shundan keyin Istanbul universitetining chet tillar fakultetida frantsuz tili ixtisosligi bo‘yicha o‘qigan.
1946 yildan 1974 yilgacha Istanbul universitetida ishlab, talabalarga frantsuz tilidan dars bergan. Jamil Merichning ko‘zi bolaligidan beri yaxshi ko‘rmas edi. Shu bois 1955 yilda Parijga borib operatsiya qildiradi. Ammo operatsiyadan keyin butunlay ko‘rishdan mahrum bo‘ladi. Asarlarini xotini Fevziya xonimga aytib turib yozdirgan.
Jemil Merich 1987 yilning 13 iyunida vafot etgan. Undan, “Hind adabiyoti”, “Nur sharqdan taraladi”, “Madaniyatdan irfonga” kabi ilmiy risolalar, “G‘ordagilar”, “Bu o‘lka”, “Qirq ombor”, “Bir fojianing hikoyasi”, “Kundalik” kabi badiiy va publisistik asarlar qoldi. Quyidagi hikmatlar uning asarlaridan terib olingan:

• Ilm nihoyasiz kurash demakdir.
• O‘zni tanimoq, eng buyuk ma’rifatdir.
• Quyosh dunyoni nurafshon qiladi, so‘zlar esa xalqni.
• Mutolaa ikki ruh orasidagi oshiqona muloqotdir.
• Daholar – tabiatning eng xavfli armug‘onlari.
• Kitobdan emas, kitobsizlikdan qo‘rqing.
• Tuyg‘ularning asolati, ta’sir kuchi va aniqligi bilan belgilanadi.
• Tarixni omma bilan shaxs orasidagi muntazam kurash yaratadi.
• Har bir buyuk inson bag‘rida yashagan jamiyatning o‘gay o‘g‘lidir.
• Tarjimon “mukammal”ni qidirgan telba, “falsafa toshi”ni topishga bel bog‘lagan kimyogardir.
• O‘z haqiqatini o‘z so‘zlari bilan anglatmoq har bir nomusli qalamkashning vijdoniy burchidir.
• Din – tashnalik, abadiyat sog‘inchi… Bilim emas, ishq…
• Kitob istiqbolga yo‘llangan maktubdir… Bashang kiyingan hayajon, mo‘miyolangan tafakkur…
• Sevgi g‘alati bir olov. So‘nmasin desang, bor budingni unga tashlashing kerak: vaqtingni, g‘ururingni, shuuringni…
• Yorug‘likni qanchalik qidirmaylik, zehnimizdagidan ortig‘ini topishimiz mahol.
• O‘rmonni ko‘rmading, daraxtni ko‘rmading, shamol uchirib oyog‘ing ostiga tashlagan bir hovuch qurigan yaproqni inson tafakkurining jami deb o‘ylading…
• Tushuncha shubha bilan boshlanadi.
• Tushuncha ziddi bilan butundir. Zid fikrlarga quloqni berkitmoq, o‘zni xatolarga mahkum etmoqdir.
• Odamzod yomon o‘yinchoqlar peshidan yugurishni tark etmagan bolaga o‘xshaydi..
• Majhulga ochilgan eshiklardir, kitoblar: ertaklarga, sirlarga, abadiyatga…
• Tarix – muhri buzilmagan xazina.
• Tarixning me’moridir isyon: taqdirga, zamonga, insonga…
• Qomus millatning nomusidir.
• Ehtimol, madaniyat uxlab yotgandir, balki tush ham ko‘rayotgandir…
• Raskolnikov buhron qarshisidagi jamiyatda yolg‘iz edi, Dostoyevskiy kabi.
• Irfon kamolot sari ochilgan eshik, mehnat bilan erishilgan ilm.
• Irfon tafakkurning barcha qutblarini bag‘riga sig‘dira oladigan so‘zdir.
• Sharqning butun daholari orasidan g‘arbning yoqtirgani Zardusht bo‘ldi.
• Buyuk yozuvchi ichidan kelgan ovozni taroshlamay, qanday bo‘lsa shunday hayqirgan insondir. Buyuk yozuvchilar so‘z qo‘llashda avom saviyasi bilan hisoblashmaydilar.
• Yashamoq yaralanmoqdir. Yaralanmoq ham go‘zal.
• Bir-birini to‘liq takrorlaydigan ikki so‘zni na bir tilda, na ikki farqli tilda uchratish mumkin.
• So‘zlar sening yulduzlaringdir. So‘zlar… So‘yla, xirom aylasin, olov sochlarin yoyib xayollarning beadoq bog‘ida. So‘z o‘rmonda uxlab yotgan dilbar. Shoir olislardan kelgan shahzoda. Shunday sevginki, so‘zlarni. Senga yetsin ular. Yulduzlar Tangriga yetganmikan? So‘zlar mening suvdagi soyam, silolmayman ularni, o‘polmayman. Davlatdir so‘zlar, muhtasham va muhtaram. Ko‘ngildan ko‘ngilga ko‘prik, asrdan asrga zina. O‘z aksimga maskan daryodir so‘zlar. So‘zlar abadiy, so‘zlar o‘tkinchi.

Turk tilidan Ma’rufjon Yo‘ldoshev tarjimasi