Chexiyalik musiqachi va adabiyotchi Gustav Yanoux (1903-1968) mashhur avstriyalik adib Frants Kafka bilan 20-yillarda tanishadi. Ular tez-tez uchrashib suhbatlashib turishadi. Ana shu suhbatlarda yozuvchining adabiyot, hayot va boshqa masalalarda aytgan fikrlarini G.Yanoux kundaligiga qayd etib borgan. Keyinchalik bu qaydlarni “Kafka bilan suhbatlar” deb nomlangan kitobida chop etgan.
Quyida G.Yanouxning “Kafka bilan suhbatlar”idan tanlangan ayrim parchalarni e’tiboringizga havola etayapmiz.
G.Yanoux Kafkaga o‘zining do‘sti, shoir Ernst Lederer she’rlarini maxsus och-moviy bo‘yoqda, allaqanday alohida qog‘ozga yozishini aytdi.
— Har qaysi afsungarning o‘zining ishqu amali bo‘ladi. Masalan, Gaydn musiqalarini yuziga upa surib, yasama soch kiyib, xuddi tantanalarga chog‘langanday holatda yaratgan. Yozish — bu o‘ziga xos afsungarlik.
* * *
Kafka “Prager press”ning yakshanba kunlari chiqadigan adabiy ilovasi uchun berilgan adabiyot haqidagi anketa savollarini ko‘rsatdi. Barmog‘i bilan “Siz o‘zingizning kelajakdagi adabiy rejalaringiz haqida nima deya olasiz?” degan savolga ishora qilib, kulimsiradi:
— Ahmoqona savol. Bunga javob berib bo‘lmaydi. Axir, yaqin orada yurak qanday urishini oldindan aytib bo‘ladimi? Qalam, yer qimirlashini qayd etib turadigan maxsus asbob kabi, yurak tebranishlarini beixtiyor qog‘ozga tushiradi, xolos. Uning yordamida silkinishlarni qayd qilish mumkin, biroq ularning qachon ro‘y berishini oldindan aytib bo‘lmaydi.
* * *
Ernst Vatsning “Tanya” dramasi sahnaga qo‘yilishi munosabati bilan:
— Bu asarda eng yaxshi joyi — Tanyaning o‘g‘li tasvirlangan fantastik sahna. Teatr noreal narsalarni real qilib ko‘rsatganda juda kuchli ta’sir qiladi. Shunda sahna qalb durbiniga aylanib, voqelikni ichidan turib kuzatish imkoniyati paydo bo‘ladi.
* * *
G.Yanoux Iogannes R.Bexar bir she’rida uyquni ajalning do‘stona tashrifi, deb ataganini esladi.
— Bu to‘g‘ri. Ehtimol, mening uyqusizligim o‘sha tashrif buyuruvchi oldidagi o‘ziga xos qo‘rquvdir.
* * *
Bodler haqida:
— Poeziya — dard. Isitmani tushirishgan bilan bemor sog‘ayib qolmaydi. Aksincha! Isitma poklaydi va hushga keltiradi.
* * *
— Qanaqa kitob o‘qiyapsiz?
— “Toshkent — non shahri”…
— Ajoyib kitob. Yaqinda men uni bir oqshomda o‘qib chiqdim.
— Menimcha, bu kitob, san’at asaridan ko‘ra ko‘proq hujjatga o‘xshaydi.
— Har qanday chinakam san’at — hujjat, guvohnoma. Bunday bolalari bor xalqni, xuddi bu kitobdagiday, yengib bo‘lmaydi.
— Biroq gap, harqalay, sonda bo‘lmasa kerak.
—— Aksincha! Materiyaning ko‘rinishi atomdagi elektronlar soni bilan belgilanadi. Ommaning saviyasi sanoqli kishilarning ongliligiga bog‘liq.
* * *
Kafka G.Yanoux keltirgan Alfons Pakening “Rus inqilobining ruhi” kitobini varaqladi.
— Rahmat. Hozir vaqtim yo‘q. Afsus. Rossiyada odamlar chinakam adolatli jamiyat qurishmoqchi. Bu, aslida, diniy yumush.
— Biroq bolshevizm dinga qarshi kurashayapti-ku.
— Chunki uning o‘zi — din. Bosqinchilik, isyon va qamallar — nima o‘zi bu? Bu jahon uzra avj oladigan buyuk, qonli diniy muhorabalarning debochasi.
* * *
Qo‘llarida bayroq va plakatlar ko‘tarib mitingga yo‘l olgan ishchilar olomonini ko‘rib Kafka shunday dedi:
— Bu odamlar o‘zlariga juda ishonishadi, ular qat’iyatli va kayfiyatlari baland. Ular ko‘chani to‘ldirib borishayotir va go‘yo dunyoni egallashganday chog‘lashadi o‘zlarini. Biroq ular xato qilishadi. Ularning ortida kotiblar, amaldorlar, usta siyosatchilar — jami hozirgi zamon sultonlari turishibdiki, ishchilar shularning hokimiyatga kelishlariga yo‘l ochishayapti.
— Siz ommaning kuchiga ishonmaysizmi?
— Men ko‘rayapman bu tartibsiz, bir qarashda yengib bo‘lmas, biroq yengishlarini va tartibga solib qo‘yishlarini xohlayotgan ommaning kuchini. Har qanday haqiqiy inqilobiy jarayon so‘ngida allaqanday Napoleon Bonapart paydo bo‘ladi.
— Siz rus inqilobining kengayib ketishiga ishonmaysizmi?
— Suv toshqini qanchalik kengaysa shunchalik sayozlashadi va suv loyqalanadi. Inqilob sayoz suvday bug‘lanib ko‘tarilgach, tagida faqat yangi byurokratiya loyqasi qoladi. Tinkasi qurigan insoniyatning qo‘lidagi kishani kantselyariyaning qog‘ozidan yasalgan.
* * *
G.Yanouxning portfelidagi kitoblar orasida detektiv romanni ko‘rib:
— Hecham uyalmang bu kitobni o‘qiyotganingiz uchun. Dostoyevskiyning “Jinoyat va jazo”si ham, mohiyatan, detektiv roman. Shekspirning “Gamlet”i-chi? Bu ham detektiv piyesa. Voqealar sir asosiga qurilgan, sir tutilgan narsa asta-sekin ochilib boradi. Biroq haqiqatdan ko‘ra kattaroq sir bormikan? San’at hamisha haqiqat sari qilinadigan safardir.
— Haqiqatning o‘zi nima?
— Haqiqat — bu hayotda har bir kishi uchun zarur bo‘lgan narsa va ayni paytda, uni kishi so‘rab yoki sotib ololmaydi. Har bir odam uni o‘zida uzluksiz tug‘diradi, aksincha esa u halok bo‘ladi. Haqiqatsiz hayot yo‘q. Ehtimol, haqiqat hayotning o‘zidir.
* * *
Oskar Uapldning olmon tiliga tarjima qilingan “Rejalar” nomli maqolalar kitobini varaqlab:
— Bu jilva qiladi va havasni keltiradi, xuddi og‘u jilva qilib, qiziqtirganday.
— Sizga bu kitob yoqmaydimi?
— Men bunday demadim. Aksincha, bu kitob juda osongina yoqib qolishi mumkin. Xatarli tomonining bir jihati ham mana shunda. Zotan, haqiqat bilan o‘ynashadigan kitob xatarli. Haqiqat bilan o‘ynashish hamisha hayot bilan o‘ynashganday gap.
— Siz haqiqatdan xoli haqqoniy hayot yo‘q, deb hisoblaysizmi?
— Aksariyat hollarda yolg‘on haqiqat yuki ostida ezilib ketishdan tug‘ilgan qo‘rquvning ifodasi. Bu shaxsiy nochorlik, gunohning aksidir.
* * *
— Siz mendan maslahat olishni xohlaysiz. Biroq men uquvsiz maslahatchiman. Maslahat — kelajak oldidagi mashaqqatlardan chekinish, bizni rostakamiga sinovdan o‘tkazadigan hozirgi kundan qochish. Biroq bu sinovdan vijdoni toza bo‘lmagan odamgina cho‘chiydi. O‘z zamoni zimmasiga yuklagan vazifalarni bajarmagan odam bu. Biroq kim o‘z zimmasidagi vazifani mukammal biladi? Hech kim. Shuning uchun hech qaysimiz vijdonim toza deya olamizmi? Biz bundan qochib — iloji boricha tezroq uyquga ketib qutulmoqchi bo‘lamiz.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2002 yil 30-31-sonidan olindi.