Dunyodagi har bir shoir-yozuvchining serqirra ijodini to‘la namoyon etadigan asarlari bor. Alisher Navoiyning «Xamsa»si, Shota Rustavelining «Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon» dostoni, Vilyam Shekspirning «Qirol Lir» dramasi, Lev Tolstoyning «Urush va tinchlik» epopeyasi, Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar» romani ana shunday asarlar sirasiga kiradi. Shubhasiz, «Mening Dog‘istonim» badiasi ham taniqli avar shoiri Rasul Hamzatov ijodiy barkamolligini to‘la namoyon etadigan benazir asar.
Hassos shoirning Vatan, til, millat, odam, xalq, urf-odat haqidagi falsafiy mushohadalari, purma’no she’rlari, faqat o‘zigagina xos badiiy o‘xshatishlari, topildiq, tashbehlari, ibratomuz ko‘rgan-kechirganlari, avar, umuman, Kavkaz va jahon xalqlari hayotidan olingan rivoyatlar, hikoyatlar va hikmatlar ruhiga yo‘g‘rilib ketgan. Ular kitobxon qalbida Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga sadoqat, urf-odatlarga hurmat tuyg‘ularini uyg‘otadi. Shu bois asarning birinchi kitobi nashr etilishi bilan (1967 yil) kitobxonlar o‘rtasida mashhur bo‘lib ketdi va ko‘plab jahon tillariga tarjima qilindi. 1971 yili asarning ikkinchi kitobi nashr etildi.
Iste’dodli shoir Asror Mo‘min bir necha yillik ijodiy izlanishlardan so‘ng «Mening Dog‘istonim» asarini ona tilimizga to‘liq tarjima qildi va asar «Tafakkur» nashriyoti tomonidan yaxlit kitob holida nashrga tayyorlandi. Tez orada kitobxonlar qo‘liga yetib boradigan ana shu kitobdan saralab olingan ibratli hikmat-iboralarni adabiyot ixlosmandlari e’tiboriga havola qilmoqdamiz.
Odam tilga kirishi uchun ikki yil kifoya, lekin tilini tiyib turishni o‘rganishi uchun oltmish yil kerak bo‘ladi.
* * *
Har bir odam bolaligidan o‘z xalqining vakili bo‘lish uchun dunyoga kelganini bilishi va shu sharafli vazifani zimmaga olishga o‘zini tayyorlashi kerak.
* * *
Hech bir yozuvchi faqat o‘z millati quvonch-tashvishlari bilan chegaralanib qola olmaydi. Uning qalbini hamisha umuminsoniy quvonch-tashvishlar ham bezovta qiladi.
* * *
Ayrimlar o‘ylaydiki, katta mavzularga qo‘l ursam bas, darhol buyuk bo‘laman, deb. Ammo buyuklikning zamini oddiylikda. Axir, bir tomchi yomg‘irda butun bir selning kuchi bor.
* * *
O‘tkir fikrni jo‘n ifoda etish, qo‘zichoqni och bo‘riga ro‘para qilishday bir gap.
* * *
Tilni o‘rganmasdan she’r yozishga uringan odam suzishni bilmasdan o‘zini sarkash daryoga tashlagan telbaga o‘xshaydi.
* * *
Birovning otini qancha minma, baribir egardan tushib otni egasiga qaytarasan.
* * *
Oilada sevgi qancha kuchli bo‘lsa, sog‘lom bola tug‘ilish ehtimoli shuncha ko‘p.
* * *
O‘tmishga to‘pponchadan o‘q uzsang, kelajak seni to‘pga tutadi.
* * *
Burgut tovuqlar orasida bemalol yuraversa, u burgut emas.
* * *
Yaxshi ish qilmagan bo‘lsang ham — yaxshilik qilish niyating bo‘lgani uchun tashakkur!
* * *
Yog‘ochdan qilingan pichoq qancha chiroyli bo‘lmasin, jo‘jani ham so‘ya olmaysan.
* * *
Onam beshigimni tebratib aytgan alla qulog‘im tagida jaranglamagan biron kun, biron daqiqa bo‘lmagan, desam, mubolag‘a emas. Bu alla mening barcha qo‘shiqlarimni allalab ulg‘aytirdi.
* * *
Ba’zan odamlar miyasida fikr bo‘lgani uchun emas, tilining uchi qichib turgani uchun gapirishadi.
* * *
Tog‘lik ona hech qachon qoidasi buzilgan she’rni jigarbandiga o‘qimaydi.
* * *
Odamlarning tillari har xil bo‘lishi mumkin, lekin yuraklari bir xil tepsa bas.
* * *
Biz Vatanni tanlamaymiz, chunki Vatan bizni allaqachon tanlab bo‘lgan.
* * *
O‘zga mamlakatlar, o‘zga xalqlar haqida yozgan yaxshi, agar sen o‘zligingni topib olgan bo‘lsang.
* * *
Qo‘shiq aytishni o‘z uyingda o‘rganmagan bo‘lsang, uyingdan uzoqda qanday o‘rganasan?
* * *
Kerakli narsani umring bo‘yi izlasang ham omad kulgan lahzadagina topasan.
* * *
Yozuvchi biror mavzuning boshini tutar ekan, faqat yurak amriga quloq solishi lozim.
* * *
Dog‘iston — mening muhabbatim, mening kelajagim, mening tavbam, mening ibodatim! Dog‘iston — hayotimning mazmuni, barcha she’rlarimning bosh mavzusi.
* * *
Albatta, qushlar sayrab turishi kerak, lekin ularning asosiy vazifasi uya qurish, ovqat topish, polaponlarini boqishdir.
* * *
Nafosat, yaxshilik, rahmdillik, muhabbat, go‘zallik, vatanparvarlik, iftixor, nafrat kabi tushunchalar tufayli she’riyat paydo bo‘lganiday, bu tushunchalar she’riyat tufayli ulug‘vor. Ular she’riyatsiz, she’riyat ularsiz mavjud emas.
* * *
Kim jangga kirayotgan vaqtda oqibatini o‘ylasa, botirlik ko‘rsata olmaydi.
* * *
She’riyat va safsatabozlik boshqa-boshqa narsa.
* * *
Kitobim, sen tantanali qabul marosimlaridagi kishilarga o‘xshama. Senda taomildagi so‘zlar emas, mayli, faqat mening fe’l-atvorimga xos so‘zlar bo‘lsin.
* * *
Ona yurtni sevish rohati, ona yurtni kuylab zavqlanish rohati Hamzat Sadasa hayotining mazmuni edi.
* * *
Hamzat Sadasa oddiy mehnatkash edi, qalbida avar xalqining sha’ni va qadriyatlari yashardi. U shu fazilatlarni pok saqlashni sharaf deb bildi.
* * *
Shoir — o‘z she’rlarining uyi, shoir yuragi — she’riyat istirohat qiladigan joy. Umrimning yaxshi va yomon kunlarida ham ular menda yashaydi. Men qayda yashayman, bu ular uchun muhim emas.
* * *
Qasr hech qachon tovuqxonani, tovuqxona esa hech qachon qasrni esga solmasligi kerak.
* * *
Dunyoda bir-biriga o‘xshash ikkita iste’dod bo‘lmaydi, agar bir-biriga o‘xshasa iste’dod atalmaydi.
* * *
Urush hech qachon dunyoda odamlar sonini ko‘paytirmaydi, lekin u yerdagi qahramonlar sonini oshiradi.
* * *
Orzular odamzod umr rishtasi uziladigan chegaradan ham o‘tib ketadi va asrlar osha uchaveradi.
* * *
Skripkani sozlash bilan ish bitmaydi, unda kuy chala olish kerak.
* * *
Agar qog‘ozga yozilgan har bir narsa qo‘shiqqa aylanaverganda, odamlar allaqachon oddiy so‘zlarda suhbatlashishmasdi, bir-biriga qarab qo‘shiq aytishardi.
* * *
Shaldiragan jilg‘a dengizga, yalqov Makkaga yetib bormaydi.
* * *
Burgut shamolga qarshi uchadi, baliq oqimga qarshi suzadi. Shoir ham xoh quvonchli, xoh g‘amli bo‘lsin, uyg‘ongan tuyg‘ulari asosida she’r yozadi.
* * *
Yolg‘on har doim yolg‘on, haqiqat har doim haqiqat. Ular hech qachon arzimas va ulkanga ajratilmaydi.
* * *
Yodingda tut, dunyoda sening ovulingdan boshqa joylar ham bor, unutma dunyoda sendan boshqa odamlar ham yashaydi.
* * *
Faqat shoirgina hayotni shunday tasvirlay oladiki, she’rxonlar ularni o‘qiganda o‘zlari ilgari e’tibor bermagan narsalarni ko‘radi, yovuzlikka qarshi turgan dunyo go‘zalligidan, inson qalbi go‘zalligidan hayratga tushadi.
* * *
Til xalqqa bir umrga beriladi, uni o‘zgartirib ham, yo‘qotib ham bo‘lmaydi.
* * *
Kichkina kalit bilan katta sandiqlarni ochish mumkin.
* * *
Bola tug‘ilayotganda o‘ziga Vatan tanlamaydi — peshonasiga yozilgan joyda dunyoga keladi.
* * *
Kichkina og‘iz ham katta gaplarni so‘zlashi mumkin.
* * *
Uyingni sot, dalangni sot, mol-mulkingdan ayril, lekin kimligingni unutma, odamgarchilikdan chiqma.
* * *
Toshni qushga ur, qush o‘ladi, qushni toshga ur, qush o‘ladi.
* * *
Odam — faqat atama emas, — unvon, unvon bo‘lganda ham, juda yuksak unvon. Bu yuksak unvonga munosib bo‘lish uchun bir umr intilish kerak.
* * *
Nomdan ulug‘, hayotdan aziz narsa yo‘q. Ularni qadrla!
* * *
Savol — nimanidir ko‘zlab otilgan o‘q. Javob — nishonga tekkan o‘q.
* * *
O, ona tilida o‘ylayotgan va kuylayotgan odamlar! Sizga ham tashakkur!
* * *
Hamisha onalar go‘zal, onalar aytgan qo‘shiqlar go‘zal.
* * *
Agar belanchaklar uzra allalar aytilmaganda, ehtimol, dunyoda boshqa qo‘shiqlar yaratilmasdi.
* * *
Onalar — dunyoning eng birinchi shoirlari!
* * *
Onalar allasi — odamzod yaratgan qo‘shiqlarning ibtidosi.
* * *
Qo‘shiq yurakda yaraladi, yurak uni tilga beradi, til esa odamlarning yuragiga yetkazadi, odamlarning yuraklarida asrlardan asrlarga o‘tadi.
* * *
She’r shunday bo‘lishi kerakki, uni hech tortinmay onangga, qizingga, singlingga o‘qiy olgin.
* * *
Mardning boshiga qanday sinov tushmasin, u shikoyat qilishga, yo ko‘z yosh to‘kishga haqqi yo‘q.
* * *
O‘zing bilgan narsalar haqida yoz. Bilmagan narsalaringni boshqa kitoblardan o‘qi.