Xabaringiz bor, Ziyouz portali jahon va o‘zbek adabiyotining eng sara asarlari haqida o‘zbek ziyolilarining fikrlarini o‘rganmoqda. Ushbu so‘rovnoma uchun ilk javoblarni yozuvchi Qudrat Do‘stmuhammaddan oldik.
Qudrat Do‘stmuhammad 1941 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent Politexnika institutining mexanika fakultetini tugatgan (1963). Iqtisod fanlari nomzodi, professor. Dastlabki kitobi M. Rahmonovning «Tungi telepatiya» nomli kitobi bilan bir muqova ostida nashr etilgan (1981). Shundan so‘ng yozuvchining «Temirtanlar» (1987), «Noljon va Birjon» (1991), «Nobel mukofoti olgan adiblar» (2002), «Bil sayyorasi» (2007) kabi kitoblari nashr etilgan. Rey Bredberi, («Momoqaymoq» qissasi (2012) va bir qancha hikoyatlari), Yasunari Kavabata, Syugoro Yamamoto, Akutagava Ryuneske, Kobo Abe, Genrix Byolldan tarjimalar qilgan.
Ziyouz so‘rovi: 1. Sizningcha, jahon adabiyotining eng sara 10 ta asari qaysi?
1. Aleksandr Dyuma. Qirolicha Margo (roman)
2. Fyodor Dostoyevskiy. Jinoyat va jazo (roman)
4. Lev Tolstoy. Urush va tinchlik (epopeya)
4. Mark Tven. Tom Soyer. Geklberri Fin (qissalar)
5. Mixail Sholoxov. Tinch Don (trilogiya).
6. Boris Pasternak. Doktor Jivago (roman).
7. Chingiz Aytmatov. Asrga tatigulik kun (roman).
8. Gabriel Garsia Markes. Yolg‘izlikning yuz yili (Yuz yil tanholik; roman).
9. Husayn Nihol Otsiz. Ko‘kbo‘rilarning o‘limi. Ko‘kbo‘rilarning
tirilishi (tarixiy romanlar).
10. Ahmad Lutfiy Qozonchi. Saodat asri qissalari.
Qo‘shimcha ro‘yxat:
1. Stefan Sveyg. Mariya Styuart (biografik roman).
2. Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman).
3. Fyodor Dostoyevskiy. Aka-uka Karamazovlar (roman)
4. Gabriel Garsia Markes. Buzrukning kuzi (Qabilaboshining shomi; roman).
2. Jahon adabiyotining eng sara 10 ta hikoyasi sifatida qaysi asarlarni e’tirof etasiz?
1. Ernest Xeminguey. Chol va dengiz.
2. Rey Bredberi. Armageddon.
3. Rey Bredberi. Bahor sehrgari.
4. Rey Bredberi. Shamol.
5. Robert Shekli hikoyalari.
6. Genrix Byoll. Mening g‘amgin yuzim.
7. Stefan Sveyg. Noma’lum ayolning xati.
8. Akutagava Ryunoske. O‘rgimchak ipi.
9. Yasunari Kavabata. Xol.
10. Syugoro Yamomoto. Qurigan daraxt.
3. O‘zbek adabiyotining eng sara 10 asarlari ro‘yxatiga qaysi kitoblarni kiritgan bo‘lardingiz?
Mumtoz adabiyot namunalarini qo‘shadigan bo‘lsak, Alisher Navoiy asarlarining o‘ziyoq o‘ndan oshib ketadi. Shuning uchun XX asr va undan keyingi davr adabiyotini qamrab olishga harakat qildim.
1. Abdulla Qodiriy. O‘tgan kunlar (roman).
2. Cho‘lpon. Kecha va kunduz (roman).
3. Oybek. Navoiy (roman).
4. Odil Yoqubov. Ulug‘bek hazinasi (roman).
5. Pirimqul Qodirov. Yulduzli tunlar (roman).
6. G‘afur G‘ulom. Shum bola (qissa).
7. Erkin Vohidov. Oltin devor (pesa).
8. Tohir Malik. Shaytanat (roman).
9. Tog‘ay Murod. Otamdan qolgan dalalar (roman).
10. Xurshid Do‘stmuhammad. Bozor (roman).
Katta janr bo‘yicha keltirilgan 10 ta asardan birinchi yettitasi sotsialistik realizm deb atalgan soxta uslub hukm surgan vaqtlarda bitilgan bo‘lishiga qaramay, o‘z qadr-qimmatiga ega. Ular haqida ko‘plab fikr-mulohazalar bildirilgan. Hozirgi kunlarda bu asarlar “klassik” maqomiga yetib qolgan, deb aytish mumkin.
Ro‘yxatning so‘ngidagi uchta asarni mustaqillik davri boshlaridagi sara asarlar, deb hisoblayman. “Shaytanat” va “Otamdan qolgan dalalar” realistik (lekin sotsialistik emas!) uslubda, “Bozor” esa, modern usulida bitilgan birinchi o‘zbek romanidir.
4. O‘zbek adabiyotidagi eng o‘qishli bo‘lgan 10 ta hikoya qaysi?
1. Abdulla Qodiriy. Jinlar bazmi.
2. Abdulla Qahhor. Ming bir jon.
3. G‘afur G‘ulom. Mening o‘g‘rigina bolam.
4. O‘tkir Hoshimov. Urushning so‘nggi qurboni.
5. Normurod Norqobilov. Quvonchli kun.
6. Shukur Xolmirzayev. O‘zbek xarakteri.
7. Abduqayyum Yo‘ldoshev. Quduq.
8. Shahodat Isaxonova. Katta “A”, kichkina “a”.
9. Olim Otaxonov. To‘rtinchi qavatdagi sarg‘ish deraza.
10. Xurshid Do‘stmuhammad. Qichqiriq.
Qo‘shimcha ro‘yxat:
1. Normurod Norqobilov: Qiz o‘g‘irlash; Olim o‘g‘il.
2. Shukur Xolmirzayev: Cho‘loq turna; Bandi burgut.
3. Abduqayum Yo‘ldoshev: Aybdor; Yolg‘on va haqiqat.
4. Xurshid Do‘stmuhammad: Jajman; Jodi.
Hikoyalardan dastlabki 4 tasi sho‘rolar davrida, keyingi 4 tasi, asosan mustaqillik davrida, realistik uslubda, oxiridagi 2 tasi modern usulida yozilgan.
“Quvonchli kun” hikoyasi, birinchi kitobi nashr bo‘lgan shoir yigitcha haqida. U kitobini “Muhabbatim sizga, odamlar!” deb atabdi. Mana, u kitobchasidan ellik-oltmishini papkasiga joylab, qishlog‘iga ketayapti. Bu kun unga eng quvonchli kunlardan biri! Bir necha soatlardan keyin ota-onasining bag‘riga yetib boradiyu, kitobini ko‘rsatadi, ular xursand bo‘lishadi. Keyin qo‘ni-qo‘shnilar yugurib kelishadi: “Qani-qani, bizlar ham ko‘raylik!” – deyishadi. Shoir hammasiga bittadan kitob beradi, keyin butun qishloqqa tarqatadi. Odamlarga mehr-muhabbati qanaqa ekanligini bir ko‘rib qo‘yishsin!
Bu gaplar shoirning ko‘nglidan o‘tdi, xolos. Muallif ham bularni yozib o‘tirmadi.
Shoir yigitcha qishlog‘iga qanot chiqargudek uchib borarkan, rayon markazida avtobus kutib, sarg‘ayib o‘tirgan odamlarga bir yaxshilik qiladi. Allamahalda yetib kelgan avtobus shopiri shoir qilgan yaxshilik uchun, uni do‘pposlaydi, lekin hech kim uni himoya qilmaydi, aksincha, ustidan kulishadi. Bu ham yetmagandek, boyagina undan kitob sovg‘a olgan odam, bir varag‘ini yirtib, og‘zidagi nosini tuflab, tashlaydi.
Mana, senga, odamlarning javob “muhabbati”!
Shoir “quvonchli” deb xayol qilgan kun, amalda eng qorong‘i kun bo‘lib chiqdi.
Olomon psixologiyasi qiziq: yaxshilikni bilmaydi, yaxshilik qilgan odamga minnatdorlik izhor qilishni, qo‘lidan kelsa, shunga munosib javob qaytarish lozimligini ham bilmaydi. Bu, afsuski, umumbashariy muammolardan biri ekan. Shunday bo‘lmaganda, “Quvonchli kun” hikoyasi ham, “Don Kixot” degan buyuk asar ham yozilmagan bo‘lar edi.
“O‘zbek xarakteri” avom odamlar haqida. Avom odam yaxshilikka yaxshilik qaytarishi mumkin, lekin olomon ichida bo‘lsa, olomonning salbiy xislati beshbattar, deyavering!
“Quduq” hikoyasi yuqoridagi ikki hikoyaga hamohang. Avom olomon yaxshilikni bilmagani – bilmagan, boshiga tushayotgan ko‘rguliklarning asosiy sababchisini mushohada qilishdan ham ojiz. Natijada, kuchi yetgan bir bechorani topib olib, o‘shani bulg‘alayveradi. “G‘at-g‘at qilgan karnaychi, baloga qolgan surnaychi”- degani kabi.
Odamlar qanchalik avom bo‘lsa, qaysidir amaldorlar uchun shunchalik yaxshi!
Modern usulida yozilgan asar boshqalaridan keskin farq qilib turadi. Bunda asosiy gap timsollar orqali, “kosa tagida nimkosa” qabilida bayon etiladi. Timsollar hayotda hech uchramaydigan narsa yoki hodisa bo‘lishi mumkin. Makon va zamon tushunchalari ham o‘z ahamiyatini yo‘qotib qo‘yadi, ba’zan. Asar voqealari esa bir-biriga bog‘lanmayotgandek, mantiqsiz tuyulishi mumkin. Har bir gapni turlicha talqin qilish imkoniyatlari bo‘ladi…
Mana shunday tamoyillarga tayangan holda qishloq hayotini badiiy so‘z bilan tasvirlab ko‘ring-chi! Qanaqa bo‘larkin?
Bir vaqtlar Shukur Xolmirzayev gazetada “Modern usuli kerakmi?” degan ma’noda maqola e’lon qilgan edi. O‘shanda men uning fikrlariga qo‘shilmagan edim. Endi, o‘ylab qarasam, u, o‘zicha haq ekan! Chunki u, asosan, qishloq hayoti haqida yozgan.
Shahar hayoti esa, butkul boshqacha! Aholining ko‘pligi, dunyoqarashlar, manfaatlar, ziddiyatlar, shaxslar va guruhlar o‘rtasidagi mangu kurashlar, makonlar qamrovi, eh-he, yana minglab omillar birvarakayiga yopirilib, adibning yelkasidan bosib turganda gapning to‘ppa-to‘g‘risini lo‘ndagina aytib bo‘lar ekanmi?! Ko‘ngildagini aytish esa, adib uchun ma’naviy ehtiyoj! Natijada adib, beixtiyor, o‘z-o‘zidan san’atkor bo‘lib ketadi!
Modern usuli shu tarzda dunyoga kelgan bo‘lsa, ajab emas!