Faraz qiling: siz sershovqin shaharda yashaysiz – ko‘p qavatli uylardan birida, yana deng, uning eng tepa qismidagi xonadonda yashaysiz. Ertalab uyqudan uyg‘ongach, boshpanangizni shamollatmoqchi bo‘lib derazani ochasiz. Shu asno beixtiyor o‘zingiznikidan pastroq uylar tomiga birrov nazar tashlaysiz. Nazar tashlaysizu, ilkis hushyor tortasiz. Keyin tomlarda gurkirab-yashnab o‘sayotgan anvoyi gullarga, ko‘m-ko‘k maysalarga, turfa xil buta va daraxtlarga boqib, dilingiz yayraydi. Yeru osmon oralig‘idagi yashillikdan ko‘zingiz quvnaydi…
E, yo‘q, e’tiroz bildirishga andak shoshmang, bu shunchaki xomxayol emas, balki dunyoning ayrim mintaqalarida allaqachon amalga oshgan haqiqatdir!
Zero, hozirga kelib, shaharlarning ekologik holatini yaxshilash eng dolzarb masalalardan biri sifatida jumlai jahonning e’tiborini o‘ziga jalb etmoqda. Bir guruh mutaxassislar bu boradagi muammolarni ijobiy hal etishning samarali choralaridan biri sifatida odamlar yashaydigan ko‘pqavatli uylar, katta-kichik korxona-tashkilotlar va muassasalar joylashgan binolar tomlarini ko‘kalamzorlashtirish darkor degan fikrni dadil olg‘a surmoqdalar.
Ularning taklifiga ko‘ra, tomlarda ham xuddi yerdagidek chog‘roqqina maysazor, gulzor, ihotazor barpo etiladi. Bu shahar xo‘jaligiga oid qator muammolarni ijobiy hal etish imkonini beradi. Avvalo, chang-g‘uborlarni yutib, ekologik musaffolikni ta’minlaydi. Ikkinchidan, kuchli qor-yomg‘ir yoki jala yog‘ishi tufayli hosil bo‘ladigan oqova suvlarni kamaytirib, mahalliy kanalizatsiya tizimi va suv tozalash inshootlarini zo‘riqib ishlashdan xalos etadi. Uchinchidan, yoz kezlari ko‘pqavatli uylarning tomlari, past-baland binolardan iborat daha-mavzelar havosi haddan ziyod ziyod isib ketishining oldini oladi.
Mana, o‘zingiz bir qiyoslab ko‘ring: havo harorati Seltsiy shkalasi bo‘yicha 27 darajaga ko‘tarilgan, quyosh kun bo‘yi nur sochib turgan paytda bitumlangan va oqqa bo‘yalgan tom 49 darajagacha, qora bo‘yoq bilan bo‘yalgani 82 darajagacha qiziydi. Agar u o‘simliklar bilan burkangan bo‘lsa, harorati 29-30 darajadan oshmaydi. Demak, jazirama paytlari ko‘pqavatli binolar xonalarini elektr asbob-uskunalar vositasida salqinlatishga hojat qolmaydi. Bu ayni maqsadda ishlatiladigan bebaho energiyani tejash, ortiqcha sarf-xarajatlar oldini olish imkonini beradi, binobarin, elektr stantsiyalarining tig‘iz damlarda ham zo‘riqmasdan, bir maromda ishlashiga muayyan darajada hissa qo‘shadi.
Evropa shaharlarida tomlarni ko‘kalamzorlashtirish o‘n-o‘n besh yildan buyon amalga oshirib kelinayapti. Tokioda esa shaharda mavjud o‘rtacha kattalikdagi va yirik binolarning har beshtadan bittasining ustki qismi albatta yashillikka burkangan bo‘lishi kerak, degan talab o‘rtaga qo‘yilayapti. AQShda bu borada Chikago shahri peshqadamlik qilayapti. Ushbu shaharda, birinchi navbatda, yangi qurilayotgan, so‘ngra eski uylar tomlariga turli-tuman o‘simliklar ekilayapti.
Hozirga qadar o‘tkazilgan sinov natijalariga qaraganda, yashil tomlarda parvarishlash uchun eng maqbul o‘simliklardan biri semizak hisoblanadi. Negaki, u issiqqa va zaxga chidamli bo‘lib, sekin o‘sadi va barglarida namlikni ko‘p to‘playdi.
Eng muhimi, qanday o‘simlik ekilishidan qat’i nazar, yuzasi yirik tomlarni qisman yoki to‘liq ko‘kalamzorlashtirish foydadan xoli bo‘lmaydi. Buning uchun esa, birinchi navbatda, tuproq tanlashga alohida e’tibor qaratish kerak. Iloji bo‘lsa, tabiiy tuproqdan foydalanmagan ma’qul. Chunki u nisbatan og‘ir va yog‘ingarchilik ta’sirida zichlashishi tayin. Oqibatda uning o‘zida namlikni saqlash va o‘simlik ildiziga havoni yetkazib berish xususiyati kamayadi. Shu bois oddiy tuproq o‘rniga sun’iy materiallar, jumladan, gil yoki gilsimon slanets, ya’ni kuydirib sovitilgan, organik aralashmalar va o‘g‘itlar bilan boyitilgan tog‘ jinslarini ishlatish o‘rinli bo‘ladi.
Tomlarni ko‘kalamzorlashtirishda tuproqning qay tarzda, qanday qalinlikda va necha qavat qilib to‘shalishi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bordi-yu, uning qalinligi 75 millimetr atrofida bo‘lsa, namlikka to‘yinganda va past bo‘yli o‘simliklar ekilganda har kvadrat metr yuzaga 70 kilogrammdan 120 kilogrammgacha og‘irlik tushishi mumkin. Tuproq qalinlashsa, bu vazn o‘z-o‘zidan oshadi. Shu bilan birga, tomda turli maysazor va gulzorlar yaratish, butalar va baland bo‘yli daraxtlar o‘stirish imkoniyati kengayadi. Faqat buning uchun ko‘proq mablag‘ sarflanadi. Ayni chog‘da, o‘simliklar rivojlanib kattargani, obihayot va havoga talabi oshgani sayin tuproq qatlamini mustahkamlab borishga, qor-yomg‘ir suvlarining tomda to‘planib qolmay, maxsus tarnovlardan pastga oqib tushishini ta’minlashga to‘g‘ri keladi.
Jonli tomyopqichlarni barpo etish uchun har birining hajmi 1 kvadrat metrga teng, bir xil qalinlikdagi tayyor modullardan foydalanish mumkin. Ularni bir-biriga ulasangiz, tomga qoplanadigan va ustiga tuproq to‘shaladigan yaxlit shaklga keladi. O‘ta zich birikkani uchun binoning usti qismiga yoki xonalar shiftiga suv sizishining oldini oladi.
Turgan gap, tomlarni ko‘kalamzorlashtirishning o‘ziga xos tashvish-kamchiliklari ham bor. Aytaylik, ba’zi uylarning, ayniqsa, ancha yillar burun qurilgan imoratlarning tomlari yetarli darajada mustahkam bo‘lmasligi, demakki, yashil yopqichlar og‘irligiga dosh berolmasligi ehtimoldan xoli emas. Lekin bu muammoni ijobiy hal etish, har qanday tomni bemalol qahva ichadigan, tushlik qiladigan, quyoshda toblanadigan, jilla qursa, toza havodan to‘yib nafas oladigan bahavo va xushmanzara joyga aylantirsa bo‘ladi.
Abdunabi Haydarov