Tibbiyotning Eynshteyni

Tarixda o‘zidan ana shunday sharafli nom qoldirgan bu zahmatkash insonning to‘liq ism-sharifi Gans Gugo Bruno Sele edi. U 1907 yil 29 yanvarda Venada tug‘ilgandi. Onasi avstriyalik, otasi esa venger millatiga mansub bo‘lib, harbiy shifokor sifatida xizmat qilar, shuningdek, Komarno shahridagi xususiy klinika sohibi hisoblanardi.

Gans dastlab Yevropadagi eng ko‘hna – 1348 yili tashkil topgan, XX asr arafasida ikkiga bo‘lingan Praga oliy o‘quv yurtining Nemis universiteti tibbiyot fakultetida tahsil ko‘rdi, so‘ngra Rim va Parijda o‘qidi. 22 yoshidan e’tiboran Nemis universitetining patologiya – kasallik jarayonlarini va organizm faoliyatining buzilishi sabablarini o‘rganuvchi ilmiy tajriba kafedrasida assistentlik qildi. Ikki yil o‘tar-o‘tmas, Rokfeller stipendiyasiga loyiq ko‘rilgach, AQShdagi Jon Xopkins, Kanadadagi MakGill universitetlarida ishladi.

Gansni talabalik chog‘laridanoq tirik mavjudotning har qanday jiddiy zo‘riqishga bir taxlitdagi javobi bilan bog‘liq muammolar o‘ziga rom etgandi. Aniqrog‘i, u turli dardlardan azob chekayotganlar vujudida nima uchun o‘zaro mushtarak bir qancha botiniy va zohiriy alomatlar paydo bo‘lishiga qiziqardi. Qiziqardi-yu, yuqumli kasalliklarda ham, ko‘p qon yo‘qotish-u saraton o‘tkazib yuborilganda ham sirqovlanish, lohaslik, ishtahasizlik, hafsalasizlik, tajanglik, ruhiy tushkunlik, madorsizlanish, vazn yo‘qotish kabi noxushliklar kuzatilishidan hayratlanardi. Boz ustiga, o‘sha davr shifokorlari bunday egizak belgilarning tub ildiziga e’tibor bermay, faqat ayrim xastaliklarga xos qusurlarni aniqlashni va dori-darmonlar vositasida davolashni afzal ko‘rishlaridan ajablanardi.

Shunga ko‘ra, u Kanadada ishlayotgan kezlari odam va hayvonlar organizmida behad kuchli yoki patologik ta’sirlar natijasida ro‘y beradigan asabiylik omillarini, ular doyalik qiladigan kasalliklarning urchishi, rivojlanishi, kechish bosqichlari va asoratlarini jiddiy o‘rganishga kirishdi. Pirovardida o‘ta hayajonlanishni stress, unga turtki bo‘luvchi, kishini qattiq junbishga keltirib, ruhiy zarba beruvchi omillarni stressorlar deb atadi. Stressorlar sharofati o‘laroq kelib chiqadigan vujudiy o‘zgarishlarni esa moslashish (adaptatsiya) sindromi – muayyan dard bilan birgalikda namoyon bo‘luvchi alomatlar majmui deb nomladi. 1936 yili stressning universal kontseptsiyasini tuzib, o‘z fikr-mulohazalarini ilmiy nuqtai nazardan asoslab berdi. Ana shu zayl bizning tilimizda “bosim”, “zo‘riqish”, “tanglik” ma’nolarini anglatuvchi inglizcha stress so‘zini maxsus atama sifatida birinchi bo‘lib tibbiyotga kiritdi.

Yosh olim stressorlarni issiqqa, sovuqqa, jarohatlanishga va boshqa ta’sirlarga taalluqli fizik hamda qo‘rquv, qattiq tovush va o‘ta xursandchilikka aloqador psixik guruhlarga ajratdi. Zero, organizmda stressorlar hamlasini daf etishga xizmat qiluvchi moslashuvchan biokimyoviy va fiziologik o‘zgarishlar shakllanadi. Bu jarayon stressorning kuchi, ta’sir etish muddati, odam yoki hayvonning fiziologik tizimi va ruhiy holatiga uyg‘un ravishda amalga oshadi. Asab tizimi yuqori darajada rivojlangan odam va maxluqotda stressor vazifasini ko‘pincha his-tuyg‘u o‘taydi va fizik stressor xurujiga zamin hozirlaydi.

Insonda bir xil kuchdagi stress ham xavfli, ham foydali bo‘lishi mumkin. Shu bois muayyan darajadagi stresslarsiz faol yashash dargumon, G.Selening uqtirishicha, ularning bo‘lmasligi o‘lim bilan barobardir. Zero, foydali stresslar organizm imkoniyatlarini ishga solib, uning infektsiyalarga, qon yo‘qotish va boshqa salbiy ta’sirotlarga chidamliligini oshiradi, allergiya, yara va yurak kasalliklarini yengillashtiradi yoki bemorning ulardan forig‘ bo‘lishiga ko‘maklashadi. Zararli stress (distress)lar esa vujudning shikastlovchi unsurlarga barqarorligini pasaytirib, talay dardlarni og‘irlashtiradi.

Kasalliklarning stress tufayli nish urishida organizmning dastlabki holati katta ahamiyatga ega. Masalan, arterial qon bosimi ko‘tarilishi tarzida zuhurlanuvchi yurak-tomir xastaligi – gipertoniyaga chalingan kishida stress og‘irroq o‘tishi, bemorning ahvoli qo‘qqisdan og‘irlashib qolishi ehtimoldan xoli emas.

Gans Sele stress sababli rivojlanadigan kasalliklar yo stressorning kuchli hujumiga, yoki gormonal tizimning “noto‘g‘ri” reaktsiya berishiga bog‘liq deb hisoblagan. Negaki, ba’zan distress kuchsizgina stressor ta’sirida chuqur ildiz otadi. Stressning ijobiy yoki salbiy xususiyatga egaligi organizmning o‘sha stressorga nisbatan javobi bilan baholanadi.

Stressni faol o‘zgartirishga yo‘naltirilgan choralar organizmning turg‘unligini mustahkamlaydi. Inchunin, kasallik ulg‘aymaydi. Mabodo, stressga qarshi fursat g‘animatida keskin kurash olib borilmasa, moslashish sindromi susayib, tahlikali damlarda tirik jon nobud bo‘lishi ham mumkin. Tana a’zolaridagi jamiki o‘zgarishlarni nazorat qilishda miyadagi katexolaminlar – ikki atomli fenol pirokatexinning alkilamin mahsulotlari miqdori muhim o‘rin tutadi. Demak, asab tizimi vujudning stressga reaktsiya berish salohiyatini belgilaydi.

Amerikalik shifokorlar T.Xolms va R.Rey yuzlab bemorlar bilan o‘tkazgan so‘rovlar yakunida ulardagi xastaliklar ham yoqimli, ham yoqimsiz hissiyotlar mahsuli ekanligi yana bir karra isbotlandi. Eng achinarlisi, odam ba’zan shodlikdan o‘lishi ham mumkin. Bunga miloddan avvalgi 496-406 yillarda yashagan, 123 ta sahna asari yozgan yunon dramaturgi, shoir, siyosiy va harbiy arbob Sofokol o‘z pesalari tomoshabinlarga g‘oyat manzur bo‘lganidan quvonchini ichiga sig‘dirolmay vafot etgani, Bobilni vayronaga aylantirgan Fors podshohi Kserks jazavaga tushib, beto‘xtov kulish oqibati o‘laroq, tutqanog‘i tutib jon bergani yaqqol misol bo‘la oladi. Yoki boshqa bir voqea: suvda o‘ynaladigan to‘p o‘yini bo‘yicha Yevropa chempionati kubogining uch karra sohibi – Germaniyaning “Shpandau – 04” jamoasi 1986 yil nihoyasida o‘tkazilgan musobaqada yana g‘oliblikni qo‘lga kiritadi. Bundan boshi ko‘kka yetgan jamoa murabbiyi A.Balen shodon qiyqiradi-yu, loaqal kiyimlarini yechmay turib, basseynga sakraydi va shu zahotiyoq hushidan ketadi. Uch soat davomida tanasining ayrim qismlariga qon yetarli bormasligi va bosh miyasiga qon quyilishi sababli o‘ziga kelmay, 56 yoshida hayot bilan vidolashadi. Shifokorlar u biryo‘la infarkt va insultga uchragan degan to‘xtamga kelishadi.

Ushbu dalillar G.Sele yaratgan umumiy moslashish sindromi ta’limotidagi ijobiy va salbiy his-tuyg‘ular biologik jihatdan aynan bir xil stresslarni keltirib chiqaradi degan boshlang‘ich ta’rif to‘g‘riligini tasdiqlaydi. Lekin bundan cho‘chimaslik kerak. Negaki, boya eslatganimizdek, stress organizmning bardoshliligini faqat susaytirmaydi, balki oshiradi ham. Insonga zavq-shavq bag‘ishlab, kayfiyatini ko‘taruvchi turli yo‘nalishdagi ijodkorlik va sevgi-muhabbat ham stressga kiradi. Xursandchilik favqulodda vaziyatlardagina fojiali xotima topadi, aksariyat hollarda esa, tananing yashovchanligi kuchayishiga dalda bo‘ladi.

Stressning mohiyatini o‘rganish asnosi G.Selega gormonlar, ya’ni ichki sekretsiya bezlari ishlab chiqaradigan biologik faol moddalarning organizm stressorlardan ta’sirlanishidagi ahamiyati va bu bezlarga daxli yo‘q noendokrin kasalliklardagi ishtiroki ayonlashdi. Shifokorning diqqatga sazovor yutuqlaridan biri “moslashish gormonlari” – katexolamin, adrenokortikotrop va somatotrop (bosh miyaning pastki ortig‘i va uning old bo‘lagi) gormonlari hamda yallig‘lantiruvchi va yallig‘lanishga qarshi guruhlarga bo‘linadigan kortikosteroidlar (buyrak usti bezining po‘st qavatida adrenokortikotrop ta’sirida sintezlanadigan gormonlarning muhim bir turkumi) muammoni bartaraf etishini aniqlagani bo‘ldi. Uning ta’kidlashicha, har qaysi organizm moslashish quvvatining qarshilik ko‘rsatish susayishi va vujudni halokatga giriftor qilishi bilan belgilanadigan hamda irsiy xususiyatlarga monand cheklangan zaxirasiga ega bo‘ladi. Bu ta’limot noendokrin kasalliklarda kortikosteroid terapiya samaradorligini teranroq anglashda dastlabki nazariy asoslar vazifasini o‘tay boshladi.

Asabiylik natijasida turli jismoniy xastaliklarning paydo bo‘lishi yoki zo‘rayishiga aloqador holat va alomatlarni qamrab oluvchi psixosomatik yo‘nalishdagi izlanishlar, eng avvalo, o‘sha illat yoki og‘riqlarning kelib chiqishi va rivojlanishida ruhiy omillar muhim ahamiyat kasb etishini aniqlash imkonini berdi. Shu bois tadqiqotchilar asosiy e’tiborni yashirin kechadigan ruhiy tushkunlik, o‘z qobiliyatiga ishonmaslik, g‘amg‘inlik, umidsizlik, tasavvurlarning qotib qolishi, istaklarning so‘nishi, harakatlarning cheklanishi, ishtahaning yo‘qolishi, ozib ketish, yurak faoliyatining o‘zgarishi va boshqa ko‘rinishlarda ifodalanadigan, shuningdek, o‘ziga xos psixosomatik va psixogen shartlari o‘zgargan kasalliklarga, asabiy-ruhiy dardlar tizimidagi vegetativ o‘zgarishlar va surunkali jismoniy azob-uqubatga yo‘liqqan bemor tanasi funktsiyalarining ikkilamchi psixogen buzilishlariga qaratishdi.

Psixosomatik tibbiyot taraqqiyotiga amerikalik taniqli shifokor va ruhshunos Frants Gabriel Aleksander ham beqiyos hissa qo‘shdi. U insonning ruhiy holati, chunonchi, hissiy tuyg‘ulari yarali xastaliklar hamda gipertoniya avj olishida qanday o‘rin tutishini oydinlashtirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi. Izlanishlari natijalariga tayanib, bularga o‘xshash betobliklar zamirida bemor ichki dunyosidagi quyidagi ixtiloflar yotadi degan xulosaga keldi: birinchisi – bo‘ysunish talabi va orzu-umidning ustunligi o‘rtasidagi to‘qnashuv; ikkinchisi – tobelik va mustaqil bo‘lish istagi orasidagi nizo; uchinchisi – omadlarga ehtiyoj va muvaffaqiyatsizliklardan vahimaga tushish o‘rtasidagi qarama-qarshilik; to‘rtinchisi – talab-intilishlar bilan erishilgan yutuqlar-u kutilgan natijalararo tafovut.

Binobarin, psixosomatik kasalliklar jismoniy sustlik chog‘ida stressning o‘ta zo‘rayishi va asab tizimining buzilishi oqibatlaridir. Chunki ruhiy tanglik yetarli darajada yumshatilmagan taqdirda uzluksiz ravishda aqlan qattiq charchash ro‘y beradi va asab tizimiga putur yetkazib, u orqali ichki og‘riqlarni qo‘zg‘atadi. Hissiy zo‘riqishning uzoq davom etishi va yashirin kechishi arterial bosimning oshishiga olib keladi.

Gans Sele boshlab bergan ish naqadar dolzarbligini yana shundan ham bilish mumkinki, Internatsional institut kutubxonasida hozirga qadar stressga bag‘ishlangan 150 mingdan ziyod manba jamlangan. Hamkasblari esa bu olimni buyuk fizik, nisbiylik nazariyasi kashfiyotchisi Albert Eynshteynga mengzab,Tibbiyot Eynshteyni” deyishadi. Albatta, bu bejiz emas. G.Sele stress sir-asrorlarini o‘rganish borasida ko‘plab tadqiqotlar o‘tkazdi. Sohaga oid 30 ta monografiya va o‘quv qo‘llanmasi yozdi. Qolaversa, fiziologiya, falsafa, ruhiyatshunoslik, jamiyatshunoslik, ilmiy-ijodiy tajriba, hayot tarzi va boshqa masalalarga bag‘ishlangan kitoblar bitib, matbuotda 1500 dan ziyod chiqishlar qildi. 843 ta maqola va 14 ta risoladan iborat “Moslashish (adaptatsiya) sindromi haqida ocherklar” nomli ilmiy asarini chop ettirdi. Bundan tashqari, adaptatsiya energiyasi, yallig‘lantiruvchi va yallig‘lanishga qarshi gormonlar, elektrolitnosteroidli kardiopatiya, kaltsifilaksiya, sintaktik va katatonik tuzilishlar, adaptatsiya va geterostaz singari xastaliklar xususida betakror ta’limotlar yaratib, amaliyotga tatbiq etdi. Shuning barobarida 1945-1976 yillarda Monreal universiteti qoshidagi Xalqaro ilmiy tibbiyot va jarrohlik instituti professori hamda direktori vazifalarini bajardi. 1979 yili Alvin Tofler bilan hamkorlikda Kanadadagi Xalqaro stress institutiga asos soldi. Alqissa, olam ahliga stress va gipofizar-adrenal tizim haqidagi g‘oyalar asoschisi, mashhur biolog, endikrinolog, patofiziolog sifatida tanildi. Qator universitetlarning faxriy doktori, xalqaro va milliy ilmiy tibbiyot jamiyatlari a’zosi bo‘ldi.

Faqat bitta taajjublanarli jihati – salkam yarim asr mobaynida organizmning kuchli hayajonlash oqibatida sodir bo‘ladigan o‘zgarishlarga moslashish sindromi va stress jumboqlariga yechim topish ustida uzluksiz izlanib, insoniyat salomatligi yo‘lida qayg‘urgan Gans Selening o‘zi ham 79 yoshida shu kasallik qurboniga aylandi. U 1986 yilning avji kuzida Monreal shahrida dunyodan o‘tdi. Keyinchalik Chexiyadagi Brno universiteti umumiy patologiya ravnaqiga munosib ulush qo‘shganlar taqdirlanadigan Sele nomidagi medalni ta’sis etdi.

“100 velikix vrachey” kitobi va boshqa manbalar asosida Abdunabi Haydarov tayyorladi.