Rustamjon Ummatov. Qanday qilib tez o‘qish mumkin?

Agarda, kishi kuniga 50 sahifadan o‘qisa, 50 yilda 300 betli kitobdan 3 mingta mutolaa qilarkan. Xo‘sh, bu ozmi, ko‘pmi? Albatta, kam, juda-juda oz!

Onore de Balzak har qanday romanni yarim soatda tugatgan. Napoleon Bonapart bir daqiqada 2000 so‘zni o‘qiy olgan. Pushkin, Chernishevskiy kabi ko‘pgina daholar ham ayni “bellashuv”da bag‘oyat chapdast edilar.

E’tibor bersangiz, ayrim kishilar ovoz chiqarib o‘qishadi, lablari, hatto yuzdagi muskullarigacha harakatlanib turadi. Bu holda odamning ko‘rish sezgisidan ko‘ra eshitishi faol bo‘ladi, vaholanki, mutolaa tabiatan ko‘z bilan amalga oshiriladi. Ovoz chiqarib o‘qiydiganlardagi jarayon esa ko‘rish-so‘zlash-eshitish zanjiriga aylanadi-da, miya qabul qiladigan daqiqalik so‘zlar adadi 120-150 taga kamayadi…

Tez o‘qishga qanday erishish mumkin? Bu savolga muayyan javob va tavsiyanoma tayyorlash mushkul. Buning bahsli jihati ham borki, mutolaa mutlaqo xususiy mashg‘ulot: birovning usuli boshqa birovga xil kelavermaydi…

Ikki yilcha burun bir oliy maktabdagi anjumanda ayni xususda gap ochildi.

– Ilm va ijod ahli uchun hajmidan qat’iy nazar, bitta kitobning bir necha kunlab o‘qilishi nihoyatda sustkashlik, – dedi notiqlardan bittasi. – Shunday bo‘lsinki, kuniga bir necha adabiyot qo‘limizdan o‘tsin, ko‘z va miyani shunga moslashtirsa bo‘ladi. Hatto, satr bo‘ylab o‘ng tarafgamas, yuqoridan pastga qarata butun sahifani yoki abzatsni ko‘z doirasiga qamrab olish mumkin…

So‘ngra u misollar keltirdi, Napoleonni, Balzakni aytdi. Lekin keyin so‘zga chiqqanlar ma’qullashgani yo‘q:

– Men bunday mutolaani umuman tan olmayman, – dedi olimlardan biri.

Rektor esa shartta kesdi:

– Tez o‘qishning nima keragi bor? Kitobning so‘nggi sahifasigacha ko‘zdan o‘tsin, to tirajiniyam qarab qo‘yaylik. Ayniqsa, talabalarga bunaqa tavsiya koni zarardir…

Bugun anchagina odamlar kitobdan foydalanishadi. Bu ham an’anaviy o‘qish jarayoni, faqat ko‘z va sezgi o‘zi shunga moslashganki, kerakli o‘rinni topadi, o‘sha satrlarni (so‘zlarni) ko‘radi va qabul qiladi.

Xo‘sh, tez o‘qish shunchalar zarurmi o‘zi? Keling, mantiqliroq fikr yuritish uchun biror aniq mavzuga murojaat qila qolamiz. Sohibqiron Amir Temur va Zahiriddin Muhammad Bobur haqida kimlar yozmagan deysiz: ularga zamondosh muarrixlar, adiblar, shoirlar, keyingi asrlardagi mualliflar, ajnabiy olimlar. Fikrimiz quruq bo‘lmasin: “Zaxiriddin Muxammad Babur, Baburidы, bibliografiya” (Moskva, “Vostochnaya literatura”, 2016, 1183 str.) kitobida Bobur haqidagi 7000 asar birma-bir qayd etilgan. Bu minglab mualliflar turli makon va zamonga mansub, bir-birini taniydi yo tanimaydi. Ikki buyuk tarixiy shaxs haqida bunchalar mo‘l-ko‘l kitoblarda takrorning va badiiy to‘qimalarning son-sanog‘i yo‘q. Tez o‘qish malakasi shu o‘rinda zarurki, “ixtisoslashgan” ko‘z o‘sha to‘qimayu takrorlardan hatlab o‘ta olsin-da. Yoki Temur va Bobur mustaqillik yillarida ilmiy va badiiy ijodda yetakchi obraz bo‘lib qolishdi. Ularni ham saralab (tezroq) o‘qishning ziyoni yo‘q bizningcha.

O‘ttiz yildan oshibdiki, Stalin haqida aytilmagan-deyilmagan gap qolgani yo‘q. Beriyani qo‘lga olish tafsiloti esa mualliflarda turlicha talqin etiladi. Endi bularni vaqtni zoye qilmay o‘qiy olish faqat kitobxonga, undagi mutolaa san’atiga bog‘liq.

Xotirjam o‘qish fazilatdan xolimas, albatta. Bunga zinhor-bazinhor qarshiligimiz yo‘q. Ammo yana statistikaga murojaat qilamiz: haftada bitta kitob desak, bir yilda 52 ta, o‘n yilda 520 ta bo‘ladi. Ta’kidlaymizki, Aleksandr Dyuma, Jyul Vern va Lev Tolstoy qalamiga mansub jildlarning o‘zi 520 tadan ortiq. Chunonchi, A. Dyumaning to‘liq asarlar to‘plami 1864–1884 yillarda chop etilib, 301 ta kitobdan iborat edi. Yoxud Tolstoyning 1928–1958 yillari nashr etilgan 90 tomligi bor. Jahonda, respublikamizda, yo muayyan nashriyotda yiliga qanchalab kitob chiqishini aytsak, so‘zimiz chuvalashib ketardi. Lekin shunday bo‘lsa-da, mamlakatimizning bosh ma’rifatxonasi – Milliy kutubxona fondi 7,3 million ekanini ta’kidlashimiz joiz, jadal harakat qilib, kuniga o‘ntadan kitobni ko‘zdan kechirdik deylik: 7,3 millionlik Milliy kutubxonamizda 2000 (ikki ming!) yil muttasil shug‘ullanishimiz zarur.

Alqissa, kitobni tez o‘qimasak iloji yo‘q. Hali gazeta-jurnallar, umid bilan internetga “sensatsiya” tashlagan blogerlar turibdi, saytlar va hokazolar ham bor. Hammasiga nazar solish uchun faqat tez o‘qish kerak, boshqa yo‘l yo‘q-da.

«Hurriyat» gazetasi, 2020 yil 5 avgust