Qon so‘radigan ko‘rshapalaklar vampir deb ataladi, shuning uchun ko‘pchilik odamlar undan qo‘rqishadi. Qachonlardir Sharqiy Yevropada vampirlar to‘g‘risida ko‘p afsonalar to‘qilgan. Ularda tunda vahshiylik qiyofasiga kiruvchi marhumlarning arvohlari vampirlar sifatida ifodalangan. Ular tevarak-atrofda daydib, qon surish niyatida kuzatib yurar emish. 18 asr boshida Janubiy va Markaziy Amerika bo‘ylab sayohatga chiqqan tadqiqotchilar qon bilan oziqlanuvchi ko‘rshaplaklarni aniqlashgan. Ular uylariga qaytib kelgach, qo‘rquvdan bo‘rttirilgan tasavvurlarini oshirib-toshirib so‘zlaydigan bo‘lganlar va shundan so‘ng vampirlar tug‘risidagi eski afsonalar ko‘rshapalaklar bilan bog‘lana boshlagan.
Vampirlar faqat Markaziy va Janubiy Amerikada yashaydi. Yoyilgan qanotlari 30 santimetr, tanasining uzunligi 10 santimetrdir. Ilgarilari vampirlar qonni so‘radi deb hisoblanardi, ammo aslini olganda ular oqayotgan qonni yalaydi. Shunisi ham borki, bu qonxo‘r hayvonlar o‘z qurbonlari qonini u uyquda bo‘lgan paytda yalaydi.
Vampirlarning so‘lagida yaradagi og‘riqni qoldiradigan va qonning qotib qolishiga yo‘l qo‘ymaydigan modda bor deb hisoblanadi. Vampirlar odamga yaqinlashishdan qo‘rqadi. Ular sigir, ot, echki va hatto jo‘jalar qonidan oziq sifatida bemalol foydalanadi. Ba’zi hollarda vampirlar qurbonlari uchun halokatli bo‘lgan kasalliklarni tashuvchilar hisoblanadi.