O‘ttiz yillik urush nima sababdan boshlangan?

Reformatsiya davridan boshlab Yevropani parchalab tashlagan diniy va siyosiy mojarolar, ayniqsa o‘ttiz yillik urush davrida yanada keskinlashdi. Ushbu urush 1618 yilda bogemiyalik (hozirgi Chexiya) protestant dvoryanlar ikki nafar katolik gubernatorni Pragadagi qasrlarning biri derazasidan uloqtirishgach boshlangan edi. Shundan so‘ng dvoryanlar protestant Fridrix Pfalsskiyni Bogemiyaning qiroli etib sayladilar. Ammo Fridrixga toj kiydirish marosimidan keyin oradan 1 yil ham o‘tmasdan Muqaddas Rim imperiyasining imperatori Ferdinand 2 (1619— 1637) bo‘ldi. Ferdinand 2 o‘z imperiyasini butunicha katoliklar diniga o‘tkazishga orzumand edi.

1620-yili Ferdinandning armiyasi Bogemiyani ishg‘ol qildi. Praga ostonalarida mazkur armiya Fridrixning lashkarini tor-mor qilib ulkan zafar bilan shaharga kirib bordi. Fridrix Niderlandga qochib ketdi. Ferdinandning g‘alabasi shu qadar uzil-kesil bo‘ldiki, oqibatda 1627 yilga keliboq butun Bogemiyada katolitsizm qaytadan tiklandi.

Urush tez orada bir necha mamlakatlarni qamrab oldi. Ispaniya Muqaddas Rim imperiyasi tarafdori edi va shu boisdan 1621 yilda Reynlandda ispanlar va gollandlar o‘rtasida janglar avj olib ketdi. Ispanlar armiyasi muvaffaqiyatli harakat qilganligi sababli 1625 yili gollandlar Daniya va Angliyaga yordam so‘rab murojaat qildi. Urush asosan daniyaliklar kuchi bilan olib borilayotgan edi, biroq ular ham 1629 yilda mag‘lubiyatga yuz tutdilar.

Daniya mag‘lubiyatga uchragach shved qiroli Gustav Adolf (1611—1632), ya’ni Shimoliy Sher, protestantlar dini xavf-xatar ostida qolganligini anglab yetdi. Shvedlarning savdo-sotiq ishlariga Ispaniya bosh vaziri Olivaresning Boltiq dengizida ispanlar ta’sirini kuchaytirishni ko‘zlab qilgan harakatlari juda pand berardi. O‘z navbatida bu hol 1630 yilda Gustav Adelfning Ispaniyaga va Muqaddas Rim imperiyasiga qarshi urush ochishiga sabab bo‘ldi. 1635 yilda Frantsiya qirollik kengashining rahnamosi Rishele ham o‘z mamlakatining Ispaniya va Muqaddas Rim imperiyasiga qarshi urushga kirajagi haqidagi qarorni qabul qildi. 1636 yilda Ispaniya armiyasining bir qismi deyarli Parijgacha kirib bordi, ammo 1637 yildan boshlab Frantsiya va uning protestant ittifoqchilari Ispaniya askarlari ustidan birin-ketin g‘alabalarni qo‘lga kirita boshladi. 1643 yil Rokrua yonida bo‘lgan janglarda Ispaniya mag‘lubiyatga uchragach Olivares taxtdan olib tashlandi, biroq hali uzil-kesil tinchlik qaror topishiga yana 5 yil bor edi.